Har kuni bir piyola sut ichish to‘g‘ri ichak saratoni oldini oladi

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Filippa Roksbi
- Role, Salomatlik muxbiri
- O'qilish vaqti: 3 daq
Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqot ko‘rsatishicha, kuniga bir stakan sutga teng miqdorda kaltsiy iste’mol qiladigan odamlar ichak saratoni xavfini kamaytirirar ekan.
Tadqiqotchilar 16 yil davomida yarim milliondan ortiq ayolning ovqatlanishini o‘rganib, to‘q rang bargli ko‘katlar, non va tarkibida kaltsiy bo‘lgan sutsiz ichimliklar ham himoya ta’siriga egaligini aniqladilar.
Shuningdek, ular spirtli ichimliklar va qayta ishlangan go‘shtni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish kasallik xavfini oshirishi haqida ko‘proq dalillar topdilar.
Saraton bo‘yicha xayriya tashkilotlari ta’kidlashicha, sog‘lom va muvozanatli ovqatlanish, sog‘lom vazn saqlash hamda chekishni tashlash ichak saratoni xavfini kamaytirishning eng samarali usullaridir.
Ta’siri qanchalik kuchli?
Yaqinda o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, sut mahsulotlari "ehtimol" kolorektal (ichak) saraton xavfini kamaytiradi.
Oksford universiteti va Buyuk Britaniyadagi Cancer Research hamkorligida olib borilgan ushbu tadqiqot, bu ta’sir sutli yoki sutsiz oziq-ovqatlardan olinadigan kaltsiy bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatmoqda.
• Kunlik ovqatlanishga qo‘shimcha 300 mg kaltsiy yoki bir stakan sut kiritish xavf darajasini 17% ga kamaytiradi
"Bu tadqiqot ichak saratoni rivojlanishida asosan kaltsiy hisobiga sut mahsulotlarining muhim himoya rolini ko‘rsatadi," dedi Oksforddan yetakchi tadqiqotchi doktor Keren Papier.
Nonushta uchun tayyorlangan don mahsulotlari, mevalar, butun donli mahsulotlar, uglevodlar, tolalar va C vitamini ham saraton xavfini biroz kamaytirishini ko‘rsatdi.
Ma’lumki, qayta ishlangan go‘sht va qizil go‘shtni ko‘p iste’mol qilish, alkogol singari, ichak saratoni xavfini oshiradi.
Ushbu tadqiqot bu haqda qo‘shimcha dalillarni taqdim etadi:
• Kuniga qo‘shimcha katta stakanda vino yoki 20 gramm alkogol ichish xavfni 15% ga oshiradi
• Kuniga 1 untsiya (28 gramm) ko‘proq qizil va qayta ishlangan go‘sht iste’mol qilish xavf darajasini 8% ga oshiradi
Bu foizlarning aniq ma’nosini tushuntirish qiyin, chunki har bir kishining ichak saratoni bilan kasallanish xavfi uning turmush tarzi, ovqatlanishi, odatlari va genetikasiga qarab farq qiladi.
Kaltsiy qanday ta’sir ko‘rsatadi? U qaysi oziq-ovqatlarda mavjud?
Spirtli ichimliklarni me’yordan ortiq iste’mol qilish ayollarda yo‘g‘on ichak saratoni xavfini oshiradi, ammo kuniga 250 gramm sut ichish ehtimol himoyaviy ta’sir ko‘rsatadi.
Kaltsiy suyaklarni mustahkamlash va tishlarni sog‘lom saqlash uchun muhim mineral hisoblanadi, ammo u ba’zi saraton turlaridan ham himoya qilishi to‘g‘risida tobora ko‘proq dalillar paydo bo‘lmoqda.
Sut, yogurt va pishloqda kaltsiy ko‘p uchraydi. Sut mahsulotlari Buyuk Britaniya aholisi ovqatlanishida kaltsiyning asosiy manbalaridan biridir.
U shuningdek, soya va guruch ichimliklari, oq non, yong‘oqlar, urug‘lar, quritilgan anjir, karam va konservalangan sardinlarda ham mavjud. Laktozasiz sutda ham kaltsiy bor.
Tadqiqotda ta’kidlanishicha, kaltsiy ichak saratonidan himoya qilishi mumkin, chunki "u yo‘g‘on ichakdagi o‘t kislotalari va erkin yog‘ kislotalariga bog‘lanib, ularning potentsial kantserogen ta’sirini kamaytiradi".
Nima uchun ichak saratoni shunchalik keng tarqalgan?
Buyuk Britaniyada har yili 44 000 ga yaqin ichak saratoni holatlari qayd etiladi, bu esa uni to‘rtinchi eng keng tarqalgan saraton turiga aylantiradi.
Garchi aksariyat holatlar keksa odamlarda kuzatilsa-da, 50 yoshgacha bo‘lganlar orasida saraton ko‘rsatkichlari ortib bormoqda – ammo buning aniq sababi noma’lum.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, noto‘g‘ri ovqatlanish va semizlik bunga sabab bo‘luvchi omillar orasida bo‘lishi mumkin.
Ichak saratoni belgilari quyidagilar bor:
• ich kelishida o‘zgarish, masalan suyuq axlat, tez-tez ich kelishi yoki qabziyat
• orqa teshikdan qon ketishi yoki axlatda qon topilishi
• sababsiz vazn yo‘qotish
• tushuntirib bo‘lmaydigan charchoq yoki nafas qisishi
Agar ushbu belgilardan birortasini sezsangiz, shifokoringizga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.
Boshqa mutaxassislar nima deydi?
Bu kuzatuv tadqiqoti bo‘lib, sinov emas, shuning uchun u kaltsiy yoki boshqa oziq-ovqat mahsulotlari saratondan himoya qilishini yoki uning ehtimolini oshirishini qat’iy isbotlay olmaydi.
Biroq, tadqiqotchilar bu "parhez va ichak saratoni bo‘yicha hozirgacha o‘tkazilgan eng yirik tadqiqot" ekanligini ta’kidlab, to‘g‘ri yo‘nalishda ekanliklariga ishonishmoqda. Olingan natijalar avvalgi tadqiqotlar xulosalariga ham mos keladi.
Tadqiqotda 12000 dan ortiq ayolda ichak saratoni aniqlangan va ularning ovqatlanishidagi 100 ga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari hamda ozuqa moddalari o‘rtasidagi potentsial bog‘liqliklar o‘rganilgan.
Lids universitetining ovqatlanish bo‘yicha mutaxassisi professor Janet Keyd maqolada "umumiy ovqatlanish kolorektal saraton xavfiga ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rsatuvchi muhim dalillar berilganini" ta’kidlaydi.
London gigiena va tropik tibbiyot maktabidan professor Endryu Prentic tadqiqot natijalariga asoslanib, kaltsiy qo‘shimchalari himoya vazifasini bajarishi mumkinligini taxmin qiladi, biroq bu masalada "yakuniy xulosaga kelish erta" ekanligini qo‘shib o‘tadi.
London qirollik kolleji professori Tom Sanders asosiy xulosa sifatida quyidagilarni aytadi: "Spirtli ichimliklarni me’yordan ortiq iste’mol qilish ayollarda yo‘g‘on ichak saratoni xavfini oshiradi, ammo kuniga taxminan 250 gramm sigir suti ichish ehtimol himoyaviy ta’sir ko‘rsatadi".
Britaniya Ichak saratoni xayriya tashkiloti shifokori Liza Uayldning aytishicha, "har 12 daqiqada" kimgadir ichak saratoni tashxisi qo‘yiladi va barcha ichak saratoni holatlarining yarmini sog‘lom turmush tarzi orqali oldini olish mumkin.
"Agar sut ichmasangiz, kaltsiy olishning boshqa usullari ham bor, masalan, brokkoli yoki tofu orqali ham ichak saratoni xavfini kamaytirish mumkin," deydi u.












