Yorga sadoqat: Odamzod nega maymundan tepada, qunduzdan pastda?

Oltita surikat bir guruh bo‘lib orqa oyoqlarida kameraga qarab turishibdi. Ularning mo‘ynasi kulrang-jigarrang, burunlari qirrali va ko‘zlari o‘tkir.

Surat manbasi, Getty

Surat tagso‘zi, Surikatlar ijtimoiy hayvonlar bo‘lib "to‘dalar" yoki "klanlar" deb nomlanuvchi katta guruhlarda yashaydilar
    • Author, Helen Brigs
    • Role, Atrof-muhit bo‘yicha muxbir
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Bir tadqiqotga ko‘ra, odamlar juftga sadoqat masalasida biroz surikatlarga o‘xshaydi.

Olimlar tuzgan monogamiya "reyting jadvali"ga ko‘ra, romantik hayotimizda biz maymunsimon qarindoshlarimizdan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy, bir-biriga yaqin mangustlarga o‘xshaymiz.

66% monogamlik darajasi bilan odamlar hayratlanarli tarzda yuqori ko‘rsatkichga ega, shimpanze va gorillalardan ancha yuqorida, surikatlar bilan bir xil darajada turadi.

Biroq, biz eng monogam jonzot emasmiz. Birinchi o‘rinni Kaliforniya sichqoni egallagan – bu kemiruvchilar umrbod ajralmas juftlik hosil qiladi.

Chaqaloq shimpanze onasining orqasiga yopishib olgan. Ularning yonida yana bir shimpanze, ular yashil barglar fonida turishibdi.

Surat manbasi, Getty

Surat tagso‘zi, Shimpanzelar ijtimoiy yashash tarziga ega, ammo ularning ijtimoiy tuzilishi odamlarnikidan farq qiladi

"Monogamiyaning oliy ligasi mavjud bo‘lib, unda odamlar bemalol o‘rin egallaydi, aksariyat boshqa sutemizuvchilarda juftlashish ancha tartibsiz," deydi Kembrij universiteti olimi doktor Mark Daybl.

Hayvonot olamida juft bo‘lib yashashning o‘ziga xos afzalliklari bor. Ehtimol, shu sababli u bir nechta turlarda, jumladan, bizda ham rivojlangan. Mutaxassislar ijtimoiy monogamiyaning turli foydalari haqida gapirishadi. Bunda juftlar hech bo‘lmaganda ko‘payish mavsumi davomida bolalarini parvarishlash va raqiblarini chetlatish uchun birga bo‘ladi.

Getty Images
Yakka juftlikning oliy ligasi mavjud bo‘lib, unda odamlar bemalol o‘rin egallaydi, aksariyat boshqa sutemizuvchilarda juftlashish ancha tartibsiz
Doktor Mark Daybl
Kembrij universiteti olimi ( Batafsil: bbc.com/uzbek da o'qing)

Doktor Daybl turli davrlarda yashagan bir nechta inson populyatsiyalarini o‘rganib chiqdi. U bir ota-onadan tug‘ilgan (to‘liq) aka-uka va opa-singillarning nisbatini faqat onasi yoki otasi bir bo‘lgan (yarim) aka-uka va opa-singillarga solishtirib hisobladi. Shu kabi ma’lumotlar 30 dan ortiq ijtimoiy monogam va boshqa sutemizuvchilar uchun ham to‘plangan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Odamlarda monogamiya reytingi 66% to‘liq aka-uka va opa-singillar bo‘lib, bu surikatlardan (60%) yuqori, ammo qunduzlardan (73%) past.

Shu bilan birga, bizning evolyutsion qarindoshlarimiz jadvalning quyi qismida joylashgan – tog‘ gorillalarida 6%, shimpanzelerda esa atigi 4% (delfinlar bilan bir xil).

Oxirgi o‘rinda Shotlandiyaning Soay qo‘ylari turibdi. Ularda urg‘ochilar bir nechta erkaklari bilan juftlashadi va to‘liq aka-uka va opa-singillar atigi 0,6% ni tashkil etadi. Kaliforniya sichqoni esa 100% ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinda.

Monogamiya jadvalida odamlar qaerda joylashgan?

Kaliforniya bug‘u sichqoni 100%

Afrika yovvoyi iti 85%

Yevrosiyo qunduzi 72,9%

Odamlar 66%

Surikat 59,9%

Kulrang bo‘ri 46,2%

Tog‘ gorillasi 6,2%

Oddiy shimpanze 4,1%

Butilkaburun delfin 4,1%

Soay qo‘yi 0,6%

Manba: Kembrij universiteti • Izoh: Faqat tanlangan turlar

Biroq, surikatlar va qunduzlar bilan bir qatorda turish ijtimoiy hayotimiz ularniki bilan bir xil ekanini anglatmaydi – insoniyat jamiyati ularnikidan tubdan farq qiladi.

"Garchi odamlarda to‘liq tug‘ishganlarning nisbati surikatlar yoki qunduzlar kabi turlarga ko‘proq o‘xshashasa-da, odamlardagi ijtimoiy tizim ularnikidan juda farq qiladi," deydi doktor Daybl BBC News'ga.

"Bu turlarning aksariyati koloniyaga o‘xshash ijtimoiy guruhlarda yashaydi yoki juft bo‘lib birga yuradi. Insonlar esa bundan tubdan farq qiladi. Biz ko‘p erkak va ko‘p ayoldan iborat guruhlarda yashaymiz, ular ichida monogam – juft bog‘langan birliklar mavjud."

To‘rtta qo‘y devor ostida yashil dalada o‘tlayapti. Ular to‘q jigar rang bo‘lib, jundor mo‘ynaga ega.

Surat manbasi, Getty

Surat tagso‘zi, Soay qo‘ylari o‘rganilgan hayvonlarning eng ko‘p jinsiy aloqada bo‘lganlari hisoblanadi

Tadqiqotda qatnashmagan Bristol universiteti olimi doktor Kit Opining aytishicha, bu insonlarda monogamiya qanday paydo bo‘lgani haqidagi jumboqning yana bir qismidir.

"Menimcha, bu maqola bizga ko‘p zamonlar va makonlarda odamlar monogam ekanligini juda aniq tushuntiradi," deydi u.

"Bizning jamiyatimiz shimpanze va bonobolarga ancha yaqin – faqat biz juftlashish masalasida boshqacha yo‘l tutganmiz."

Yangi tadqiqot "Proceedings of the Royal Society: Biological Sciences"da e’lon qilingan.