O‘ldirilgan ikki ayolning jasadi cho‘chqalarga yedirilganmi?

Adrian De Vet

Surat manbasi, Nomsa Maseko / BBC

Surat tagso‘zi, Advokatlarga ko‘ra, ikki qora tanli ayolni o‘ldirishda ayblangan oq tanli Janubiy afrikalik fermer xo‘jaligi ishchisi ularning jasadlarini cho‘chqalarga yedirishga majbur bo‘lganini aytgan.
O'qilish vaqti: 3 daq

Janubiy Afrikaning davlat prokurori ikki qora tanli ayolni o‘ldirib, jasadlarini cho‘chqalarga yedirganlikda ayblanayotgan uch ayblanuvchidan biriga qo‘yilgan ayblovlarni rasman olib tashlagan.

Advokatlarining aytishlaricha, Adrian De Vet qotillik sodir bo‘lgan tunda nimalar yuz berganini ro‘y-rost aytib bergan.

Sudda tanaffus e’lon qilingan chorshanba kuni mahkama zalidan qo‘yib yuborilgan va advokatlari tomonidan olib ketilgan.

Qurbonlar yaqinlaridan birining BBC ga aytishicha esa, qotillikdan gumon qilinayotganlardan birining ozod etilishi adolat qaror topmasligini anglatadi.

De Vet sud jarayoni tugaguniga qadar hibs ostida saqlanishi aytilmoqda.

Plakat ko'tarib turgan ayol
bbc/illyustrativ
Iqtisodiy erkinlik kurashchilari" ushbu fermer xo‘jaligi mahsulotlari sotilishiga qarab tura olmaydi, chunki ular iste’molchilar uchun xavf tug‘diradi.
"Iqtisodiy erkinlik kurashchilari"
Janubiy Afrikadagi muxolifat partiyasi
Aloqador mavzular:

Qotillik va mahkama jarayoni

Uch sudlanuvchi
Surat tagso‘zi, Uch ayblanuvchi ustidan mahkama jarayoni shu hafta boshida boshlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa o‘tgan yili Janubiy Afrikaning Polokvane shahri yaqinida joylashgan fermada yuz bergan.

Farazlarga ko‘ra, 45 yashar Mariya Makgato va 34 yoshda bo‘lgan Lyusiya Ndlovu fermadan ovqat izlayotgan paytda o‘ldirilgan.

Adrian de Vet mazkur qotillikda ayblanayotgan uchta erkakdan biri edi.

Taxminlarga ko‘ra, ayollarning jasadlari dalillarni yo‘q qilish niyatida keyin cho‘chqalarga berilgan.

Mazkur ish yuzasidan sud jarayoni shu hafta dushanba kuni boshlangan.

Sud jarayonida ayblanuvchilarga qarshi guvohlik berishga rozi bo‘lgan 20 yashar De Vet ikki ayolni fermer xo‘jaligi egasi Zaxariya Yoxannes Olivьe otib o‘ldirganini aytgan.

O‘ldirilgan paytlarida ikkovlon cho‘chqalar uchun qoldirilgan va tez orada yaroqlilik muddati tugaydigan sut mahsulotlarini izlayotgan bo‘lganlar.

Fermada ish boshqaruvchi bo‘lib ishlagan De Vet ularning jasadlarini cho‘chqalar qo‘rasiga tashlagan paytda o‘zining bosim ostida bo‘lganini aytib, ko‘rsatma bergan.

Bu voqea butun Janubiy Afrikada aks-sado bergan, noroziliklar bilan qarshi olingan, irqiy zamindagi tanglikni kuchaytirgan.

Aks-sadolar

Aparteidning irqchi tuzumi o‘nlab yillar avval tugatilganiga qaramay, bu kabi kayfiyat mamlakatning qishloq hududlarida hozir ham anchayin chuqur seziladi.

Aksariyat xususiy qishloq xo‘jaligi erlari oq tanli ozchilikning qo‘lida qolmoqda, fermer xo‘jaliklarining aksariyat ishchilari qora tanlilar va ularga kam haq to‘lanadi, qora tanli aholi orasida bundan norozilik kuchli, ko‘plab oq tanli fermerlar esa jinoyatchilik darajasi yuqoriligidan shikoyatda.

Uchinchi ayblanuvchi ham fermer xo‘jaligining ishchisi bo‘lgan 50 yoshli Uilyam Musoradir.

U va fermer xo‘jaligi egasi Zaxariya Yoxannes Olivьe hali ayblarini tan olishmagan hamda panjara ortida.

Uchovlon yana fermada ayollar bilan birga bo‘lgan Ndlovu xonimning turmush o‘rtog‘ini otib o‘ldirishga qasd qilish, shuningdek, litsenziyasiz o‘qotar qurolga egalik qilish va dalillarni yashirish maqsadida jasadlarni cho‘chqalar qo‘rasiga tashlab, adolatning qaror topishiga to‘sqinlik qilganlikda ayblanishmoqda.

Zimbabve fuqarosi Uilm Musora mamlakatda noqonuniy maqomda bo‘lgani uchun Janubiy Afrikaning Immigratsiya qonuniga binoan qo‘shimcha ayblovga ham yuz tutadi.

Sud jarayoni oldidan Limpopo Oliy sudi qurbonlarning tarafdorlari va qarindoshlariga to‘lib ketgan.

Sud zalida bundan avval fermani yopishni talab qilgan "Iqtisodiy erkinlik kurashchilari" muxolifat partiyasi a’zolari ham ko‘rinish berganlar.

Partiya jasadlar topilganidan keyin ""Iqtisodiy erkinlik kurashchilari" ushbu fermer xo‘jaligi mahsulotlari sotilishiga qarab tura olmasligi, chunki ular iste’molchilar uchun xavf tug‘dirishi"ni aytgan.

Sud jarayoni davom etmoqda.