Raqqos o‘rgimchak DNKsi ular yangi turga qanday aylanishini ko‘rsatdi
- Author, Pallab Gosh
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 3 daq
Avstraliyaning raqqos o‘rgimchaklarining o‘ziga xosligi faqat ularning yorqin ranglari va chaqqon harakatlarida emas.
Tovus o‘rgimchaklarining turlari 100 dan ortiq. Solishtirish uchun, ko‘pchilik hayvonlarda atigi besh-o‘nta tur bo‘ladi.
Olimlar bu holatni qisman o‘rgimchakning "qorong‘i DNKsi" – genetik kodining sirli qismi bilan izohlashmoqda. Ular bu qorong‘i DNK o‘zgaruvchan muhitga tez moslashish va yangi turlarning shakllanishiga yordam berishi mumkin, deb taxmin qilmoqda.
Topilgan ma’lumotlar tabiatda nega turlashish shunchalik katta ekanini ham tushuntirib berishi mumkin.
«Biz o‘rgimchaklar qanday qilib shunchalik xilma-xil turlarga aylanishini o‘rganishga qiziqyapmiz», deydi Senger instituti xodimi Jona Uoker Bi-bi-siga.
«Tabiatga nazar solsangiz, o‘simlik va hayvon turlari juda xilma-xil. Tovus o‘rgimchaklari esa bu xilma-xillik chegarasiga yaqin. Shuning uchun ularni o‘rganib, turlashish jarayonini anglashga harakat qilyapmiz».
Turli organizmlarning DNKsini o‘rganib, biz genlar qanday ishlaydi va qorong‘i DNKning vazifasi nima ekanini anglaymiz. Bu esa o‘zimiz haqimizda ham ko‘p ma’lumot beradi.
Tovus o‘rgimchaklari Avstraliya bo‘ylab tarqalgan bo‘lib, har biri igna to‘g‘nog‘ich boshidek keladi. Ular nomini erkak o‘rgimchaklar qornidagi ajoyib ranglardan olgan. Erkaklari shu ranglarni namoyish qilib, juftlashish marosimini o‘tkazadi.
Ular oyoqlari bilan barabanga o‘xshash tovush chiqaradi – bir turdagi «o‘rgimchak qo‘shig‘i». Ajoyib naqshli qorin qismini ko‘rsatib, ritmga solib harakat qiladi. Eng hayratlanarlisi – ularning tashqi ko‘rinishi, qo‘shiqlari va raqs harakatlari juda xilma-xil.
Uoker avval o‘rgimchaklardan qo‘rqardi, ammo fanga bo‘lgan qiziqishi sabab qo‘rquvini yengdi va bu loyihani PhD tadqiqotining bir qismi sifatida boshladi.
«Do‘stlarim va yaqinlarim Avstraliyada o‘rgimchaklarni o‘rganishimni eshitganda, xavotir bilan qarashdi. Mening o‘zim ham ikkilandim. Lekin ularning raqsini bir necha soniya kuzatish qo‘rquvimni butunlay yo‘qotdi», deydi u.
Uoker ilmiy rahbari doktor Joana Meyer va xalqaro jamoa bilan birga topilgan har bir turni to‘pladi. Keyin ular har bir turning xatti-harakati, harakatlari va "qo‘shiq"larini sinchiklab tasnifladi. So‘ng shu ma’lumotlarni har bir turning DNKsi bilan solishtirdi.

Surat manbasi, Jonah Walker
Har bir tur ma’lumotlarini taqqoslab, qaysi gen qaysi xususiyat uchun javob berishini va nega tovus o‘rgimchaklar turlari shunchalik ko‘pligini bilishga umid qilishmoqda.
Tadqiqot hali davom etmoqda, ammo jamoa qo‘shimcha izlanish uchun allaqachon kuchli ilmiy asos topgan.
«Hali dastlabki bosqichdamiz, lekin qiziqarli jihatlardan biri shuki, xilma-xillikka faqat genlar emas, balki ularning orasidagi qismlar, ya’ni 'qorong‘i DNK' ham ta’sir qilishi mumkin», deydi Uoker.
DNK uzun molekulyar zanjirdan iborat. Ayrim qismlar muayyan xususiyatlarni belgilaydi. Masalan, odamlarda bo‘y yoki ko‘z rangi. Bu qismlar genlar deb ataladi.
Biroq DNKning katta qismi gen emas va ularning vazifasi hali ma’lum emas. Senger instituti olimlari shu «qorong‘i DNK» tovus o‘rgimchaklar xilma-xilligiga sabab bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Ular odamlarga qaraganda uch barobar ko‘proq qorong‘i DNKga ega.

Surat manbasi, Jonah Walker
Ayrim kapalak va qo‘ng‘izlar ham g‘ayriodatiy darajada ko‘p turlarga ega. Doktor Meyer allaqachon mingdan ortiq kapalak va qo‘ng‘iz turlari DNKsini o‘qib chiqqan.
Biroq o‘rgimchaklar, kapalaklar va qo‘ng‘izlar bu eng yirik genetik loyihalardan biriga faqat boshlanish, xolos. Rejaga ko‘ra, keyingi 10 yilda Yerdagi har bir o‘simlik, hayvon va zamburug‘ning genetik kodi o‘qiladi.
«Barcha o‘simlik, hayvon va zamburug‘lar kabi bizda ham DNK juda o‘xshash», deydi doktor Meyer Bi-bi-siga.
«Turli organizmlarning DNKsini o‘rganib, biz genlar qanday ishlaydi va qorong‘i DNKning vazifasi nima ekanini anglaymiz. Bu esa o‘zimiz haqimizda ham ko‘p ma’lumot beradi».
Olimlar hozirgacha Earth BioGenome loyihasi doirasida 3 mingdan ortiq turning DNKsini o‘qishdi. Maqsad – kelasi yili 10 ming tur, keyingi o‘n yil ichida esa barcha 1,8 million tirik turning genetik kodini o‘qib chiqish.
Olimlar olingan bilimlar barcha tirik mavjudotlar qanday evolyutsiya qilgani va ular orasidagi murakkab o‘zaro bog‘liqlikni misli ko‘rilmagan darajada anglash imkonini berishiga umid qilmoqda.













