O‘zbekiston va Amerika: Tramp USAIDni yopmoqchi, bu O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Pokistondagi suv toshqinlaridan so‘ng oilasi ko‘chirilgan 7 yashar Sajad ham USAIDdan yordam olgan millionlab odamlarning ichida

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Pokistondagi suv toshqinlaridan so‘ng oilasi ko‘chirilgan 7 yashar Sajad ham USAIDdan yordam olgan millionlab odamlarning ichida
O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh hukumatining xorijga yordam berish uchun tuzilgan agentligi kelajagi savol ostida. Tashkilot ishchilarining qo‘li bog‘langan va Tramp ma’muriyati uni AQSh Davlat departamenti bilan qo‘shib yubormoqchi. Agentlik yordam beradigan davlatlar ichida O‘zbekiston ham bor edi.

Sevinch Karimova, 18 yoshda, tug‘ma eshitish nuqsoni bilan tug‘ilgan. U tarixni yaxshi ko‘rish bilan birga, sayyohlar uchun tur-gid bo‘lishni orzu qilardi. Biroq, imkoniyatlarning cheklanganligi, yillarki, u uchun yengib bo‘lmas to‘siq edi.

"Juda ko‘p yangi narsalarni, odamlar bilan muloqotga kirishishni o‘rgandim. Men nafaqat orzuyimdagi kasbni yaxshiroq tushundim, balki yangi imkoniyatlar topdim va hayotga yangicha tomondan qarashni o‘rgandim." 29-noyabrda Sevinch ilk marotaba 30 nafar sayyohga Samarqand bo‘ylab gidlik qildi.

Sevinch va u kabi eshitishda nuqsoni bo‘lgan 20 nafar qiziquvchilar USAID (AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi) tomonidan moliyalashtirilgan "iVET"da (Tezlashtirilgan kasbiy ta’lim va kasb-hunar ta’limi dasturi) ta’lim olishgan edi.

Vashingtonda Donald Tramp Oq uyga kelishi bilan, USAID faoliyatini so‘roqqa tutdi. Prezident xorjiy yordam paketlarini to‘xtatib qo‘ydi. Bu esa Amerika jamoatchiligida keng muhokamalarni boshlab berdi.

Fevralning ilk haftasida USAID taqdiri noma’lumligicha qolar ekan, u O‘zbekistonda moliyalashtirib kelgan "iVET" kabi qator loyihalarning qanday davom etishi ham savol ostida turibdi.

USAID o‘zi nima va u qanday ishlaydi?

USAID Turkiyadagi zilziladan so‘ng qidiruv va qutqaruv jihozlari yuborgandi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, USAID Turkiyadagi zilziladan so‘ng qidiruv va qutqaruv jihozlari yuborgandi

USAID (AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi) 1960-yillarning boshlarida AQSh hukumati nomidan xalqaro gumanitar yordam dasturlarini boshqarish uchun tashkil etilgan. Tashkilot O‘zbekistonda o‘z faoliyatini 1992-yilda boshlagan.

Butun dunyo bo‘ylab tashkilotda 10 000ga yaqin xodim ishlaydi. Ularning uchdan ikki qismi Amerikadan tashqarida.

USAID byudjetining katta qismi sog‘liqni saqlash dasturlariga sarflanadi. Jumladan, tashkilot pandemiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan viruslarga qarshi emlashlarga alohida e’tibor qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh 2023 yilda xalqaro yordam uchun 68 milliard dollar sarflagan. Bu jami bir necha departament va agentliklarga taqsimlangan, ammo USAID byudejti uning yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. Bu taxminan 40 milliard dollarga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston uchun qanchalik muhim?

USAID
Juda ko‘p yangi narsalarni, odamlar bilan muloqotga kirishishni o‘rgandim. Men nafaqat orzuyimdagi kasbni yaxshiroq tushundim, balki yangi imkoniyatlar topdim.
Sevinch Karimova
USAID ko'magida ta'lim olgan (Batafsil: bbc.com/uzbek)

USAID O‘zbekistonga ham qator sohalarda ko‘mak berib kelgan. Garchi AQSh Ukraina va Efiopiya kabi davlatlardagichalik O‘zbekistonda asosiy yordam donori bo‘lmasa-da, mamlakatda ayollar va ozchilik guruhlari uchun sezilarli ko‘mak manbai edi.

1993-yildan buyon USAID O‘zbekistonga 650 milliondan ortiq mablag‘ ajratgan. Birgina 2023-yilning o‘zida taqriban 40 million dollar. Buning asosiy qismi jamiyatda ayollar rolini oshirishni maqsad qilgan qator loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun.

Shu vaqtga qadar USAID O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimiga 150 million dollardan ortiq mablag‘ kiritgan. Tuberkulyozga qarshi kurashish esa asosiy maqsadlardan biri bo‘lgan. 2022-yildan beri tashkilot O‘zbekistonda tuberkulyozga qarshi kurashish uchun 60 million dollardan ortiq hissa qo‘shgan.

2023-yilga kelib, Sog‘liqni saqlash vazirligi va USAID "Tuberkulyozdan holi O‘zbekiston" besh yillik tashabbusini boshlagan. U butun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish va tuberkulyozga qarshi muhim dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishni maqsad qiladi.

Biroq, endi loyihaning qanday davom etishi noma’lum. Besh yillik uchun tuzilgan hamkorlikdagi rejalar Tramp qudratga kelishi va USAID faoliyatini cheklashi ortidan to‘xtab qolishi mumkin.

Tramp USAIDni yopa oladimi?

Prezident Tramp uzoq vaqtdan buyon xorijiy xarajatlarni qattiq tanqid qilib kelardi. U USAID faoliyatini qoralashini ko‘p marotaba ta’kidlab, tashkilotdagilarni "aqldan ozganlar" deb atagan.

Kuni kecha prezidentning yaqin maslahatchisi Ilon Mask o‘z X sahifasida USAIDni "jinoiy tashkilot" deya yozib qoldirgan. USAIDning jinoiy harakatlar bilan aloqadorligi haqida ommaga ma’lum xabarlar mavjud emas.

Tramp lavozimga qaytganidan keyin, ilk qilgan ishlaridan biri deyarli barcha xalqaro xarajatlarni 90 kun davomida to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risidagi buyruqni imzolash bo‘ldi.

Oq uy va USAID o‘rtasidagi keskinlik hafta oxirida kuchaydi. Tramp federal byudjetdagi xarajatlarni qisqartirish vazifasini Elon Mask uchun ishlaydigan rasmiylarga topshirgan. USAID shtab-kvartirasi esa ularga moliyaviy ma’lumotlarga kirishga ruxsat bermagan. Xabarlarga ko‘ra, xavfsizlikning yuqori lavozimdagi ikki xodimi ta’tilga chiqarilgan.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Dushanba kuni Mask "USAID ishlariga kelsak, men [prezident] bilan batafsil gaplashdim va u [tashkilotni] yopishimiz kerak degan fikrda", deya tvit qoldirgan.

Oq uy USAIDga o‘z so‘zini o‘tkaza oladigandek ko‘rinsa-da, aslida, bu nazariy jihatdan murakkab jarayondir. Tramp shunchaki ijro etuvchi buyruqni imzolash orqali USAIDni bekor qila olmaydi. Buni amalga oshirish sudlar va Kongressda kuchli qiyinchiliklarga duch keladi.

Ayni shu sababdan, Tramp ma’muriyati bir nechta variantlarni ko‘rib chiqyotgani aytilmoqda. Ulardan biri USAIDni Davlat departamentining bir qismiga aylantirishdir. Maqsad xorijiy xarajatlarni iloji boricha kamaytirishdan iborat.

Ilon Mask ham Donald Tramp ham xorijga beriladigan yordamni tanqid qilib kelgan

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Ilon Mask ham Donald Tramp ham xorijga beriladigan yordamni tanqid qilib kelgan

USAID yordam paketlarining to‘xtatilishi butun dunyo bo‘ylab aks-sado berishi tayin. Ukraina kabi aksar mamlakatlar uchun AQSh asosiy yordam donori hisoblanadi.

Ko‘pgina kichik davlatlar ba’zi ijtimoiy muammolarni hal etishda qiynaladi. Ular uchun xalqaro yordam tashkilotlari qo‘llov manbasiga aylangan.

Jumladan, USAID faoliyati Donbassda yarador jangchilardan tortib Toshkentda eshitishda nuqsoni borlarga qadar yoyilgan.

Sevinch uchun ham bu xabarni eshitish oson kechmagan. U o‘zi kabilarning qanday rivojlana olishidan xavotirda. "[Mahalliy] hukumat loyihalari va mablag‘lari doim ham yetarli bo‘lavermaydi," deydi u.

"Agar USAID faoliyati to‘xtatilsa, bu ozchilik guruhlarga juda yomon ta’sir qiladi. Ayniqsa, nogironligi borlarga. Sababi, ko‘pchilik nogironlar USAID kabi tashkilotlar ko‘magida o‘z jamiyatlarini tuzishadi.

Bu kabi loyihalar odamlarga ta’lim olish uchun, rivojlanish uchun va jamiyatga kirishish uchun imkon beradi. Bu qo‘llab-quvvotlovsiz, men bugungi inson bo‘lib shakllanmagan bo‘lardim.

Umid qilamanki, USAID yopilgan taqdirda ham, biz kabi ozchilik guruhlarni qo‘llab-quvvotlovchi jamoalar, albatta, topiladi."