Isroilning Qatarga hujumi: Diplomatiya barbod bo‘ldimi - buyog‘i endi nima bo‘ladi?

Surat manbasi, NATHAN HOWARD/POOL/AFP via Getty Images
Qatarning vositachilik roliga zarba
Qatar o‘nlab yillar davomida Yaqin Sharqdagi urishayotgan tomonlar uchun betaraf va xavfsiz muzokara maydoni sifatida o‘z obro‘yini yaratib keldi.
U AQSh va Tolibon, shuningdek, Hamas va Isroil o‘rtasidagi muzokaralarda muhim vositachilik qilgan. Hamas yetakchilari o‘t ochishni to‘xtatish takliflarini muhokama qilayotgan paytda Isroilning Dohadagi turar-joy majmuasiga bergan zarbasi, Qatarning "xavfsiz panohgoh" sifatidagi obro‘yini barbod qildi.
Qatar "g‘azab" bilan munosabat bildirib, zarbani "qo‘rqoqlik", "Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu tomonidan amalga oshirilgan davlat terrorizmi akti" va "xalqaro huquq va normalarning ochiqdan-ochiq buzilishi" deb atadi.
Qatar rasmiylari endi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuni xalqaro huquqni buzgani uchun javobgarlikka tortish uchun yuridik jamoaga topshirmoqda.
Muzokaralarning barbod bo‘lishi

Zarbaning eng jiddiy oqibati diplomatik sa’y-harakatlarning butunlay to‘xtab qolishi bo‘ldi.
Tinchlik tashabbuslari keskin to‘xtab qoldi va ayrimlar Isroil bu harakati bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralardan voz kechmoqda deb hisoblamoqda.
Hujumdan so‘ng, garovga olinganlarning oilalari orasida xavotir kuchaydi, chunki ular Netanyahuning bu harakati kelishuvga erishish imkoniyatini yo‘q qilmoqda deb qo‘rqishdi.
Hamasga nima bo‘ldi?

Surat manbasi, Reuters
Hujum natijasida olti kishi halok bo‘ldi, ulardan besh nafari Hamas a’zolari va bir nafari Qatar xavfsizlik xizmati xodimi edi.
Hamas halok bo‘lganlar orasida bosh muzokarachi Xalil al-Hayyaning o‘g‘li Humom Al-Hayya, shuningdek, Jihod Labad, Abdulla Abdul Vohid, Muomen Hassouna va Ahmad Al-Mamluk ismli boshqa a’zolar borligini tasdiqladi. Shunga qaramay, Hamasning yuqori rahbariyati, jumladan, Xalil al-Hayyaning o‘zi omon qolgani aytilmoqda.
Isroil hujum muvaffaqiyati haqida dastlab ishonch bildirgan bo‘lsa-da, keyinchalik xabarlarda operatsiya natijasida faqat "nisbatan kichik shaxslar" halok bo‘lgani sababli pessimistik kayfiyat borligi aytildi. Hamas esa o‘z muzokarachilar jamoasini o‘ldirishga urinish "muvaffaqiyatsizlikka uchragani"ni da’vo qildi.
Xalqaro tanqid va AQShning munosabati
Bo‘lajak hujum haqida AQSh armiyasi tomonidan xabardor qilindim, ammo uni to‘xtatishga juda kech qoldim.
Hujum xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralandi. BMT Bosh kotibi zarbani Qatar suverenitetining buzilishi deb atab, tinchlik sa’y-harakatlarini yo‘q qilayotganini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqi va boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlar va davlatlar ham hujumni qoralab, mintaqada keskinlik oshishi xavfidan ogohlantirdi.
Oq uy hodisani "afsuslanarli" deb ta’rifladi va "Qatar ichida bir tomonlama bombardimon qilish Isroil yoki Amerika maqsadlariga xizmat qilmaydi" dedi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp, bo‘lajak hujum haqida AQSh armiyasi tomonidan xabardor qilingan, ammo uni to‘xtatishga juda kech qolgan, Qatar yetakchilarini "bunday narsa ularning tuprog‘ida boshqa sodir bo‘lmaydi" deya ishontirdi.
Biroq, AQSh "Hamasni yo‘q qilish munosib maqsaddir" deb ta’kidladi. Tramp ham zarba berish qaroridan g‘azablangan va xafa bo‘lganligini bildirdi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan, O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov birinchilardan bo‘lib Isroilning Qatarga uyushtirgan hujumini qoraladi. Ular bu harakatni Qatar suvereniteti va xalqaro huquq tamoyillarining buzilishi deb baholadi.
Tinchlik uchun xavfli kelajak
Bu hujum kelajakdagi tinchlik muzokaralari uchun xavotirli pretsedent yaratdi.
An’anaviy tarzda betaraf va xavfsiz hisoblangan Qatar kabi joy endi muzokarachi tomonlarning xavfsizligini kafolatlay olmasa, bunday muhim va nozik muzokaralar uchun boshqa makon topish jiddiy muammoga aylanadi.
Natijada, mintaqadagi mojarolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilish imkoniyatlari keskin kamayadi. Tinchlik muzokaralari to‘xtab qolishi va G‘azoda harbiy harakatlarning kuchayishi, bundan keyingi vaziyatning qanchalik yomon bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib turibdi.
Bu holat nafaqat G‘azo tinch aholisi, balki Isroil uchun ham dolzarb bo‘lib turgan garovga olinganlarning taqdiriga jiddiy tahdid solmoqda.
9 sentyabr 2025. Qatar: Isroil Hamasning Dohadagi rahbariyatini ham hujumga tutdi, O‘zbekiston qoraladi. Video

Surat manbasi, Reuters
Qatar Isroilning bu ishini keskin qoraladi. BMT Bosh kotibi ham xuddi shunday qildi. Antoniu Guterrish bu "Qatar suverenitetini qo‘pol ravishda buzish" ekanini aytdi. Isroilning hujumlaridan qisqa vaqt o‘tmay, rasmiy Toshkent ham bayonot berdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Hamas mulozimining BBC ga ma’lum qilishicha, Isroil guruh muzokarachilarini nishonga olgan, hujum ular majlis qilayotgan paytda amalga oshirilgan.
Hujum oqibatida qurbonlar bor-yo‘qligi hozircha ma’lum emas.
Ammo suratlar shimoliy Katara tumanidagi binoga jiddiy ziyon yetkaniga dalolat qilayotir.
Isroil harbiylari Hamas rahbariyatini 2023 yil 7 oktyabr kungi o‘zlariga qaratilgan hujum va uning ortidan G‘azoda boshlanib ketgan urushga bevosita mas’ul, deb biladi.
Qatar, o‘z ta’biricha, "Isroilning Hamas siyosiy byurosining bir qancha a’zolari yashovchi turar-joy binosiga qilgan qo‘rqoqlarcha hujumi"ni keskin qoralagan.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi o‘zining rasmiy bayonotida, "ushbu jinoiy hujum barcha xalqaro qonunlar va me’yorlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanishi, u qatarliklar hamda Qatar yashovchilari xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi"ni aytgan.
Ushbu Fors Ko‘rfazi davlati AQShning mintaqadagi muhim ittifoqchisi sanaladi.
Qatarda Amerikaning harbiy bazasi ham joylashgan.
Bundan tashqari, Qatar 2012 yildan beri Hamasning siyosiy byurosiga ham joy berib keladi.
Guruh va Isroil o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarda vositachilik ham qilgan.
Isroil Bosh vaziri idorasi "Hamasning yuqori martabali terrorchi yetakchilariga qarshi amal Isroilning butkul mustaqil amaliyoti" ekanini ta’kidlagan.
Ular o‘zining bayonotida, "Isroil tashabbus bilan chiqdi, Isroil amalga oshirdi va Isroil to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi", deb aytgan.
Isroilning Dohaga qilgan so‘nggi hujumiga Amerika Qo‘shma Shtatlarining munosabati hozircha imkonsiz.
Ammo Isroilning hujumlaridan qisqa vaqt o‘tmay, rasmiy Toshkent ham bayonot berdi.
Tashqi ishlar vazirligi o‘zining bayonotida, "O‘zbekiston Isroilning Doha shahridagi turar joy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralashi va buni Qatar Davlati suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholashi"ni bildirdi.
"Bunday xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul bo‘lib, BMT Nizomini hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va tamoyillarini jiddiy ravishda mensimaslik hisoblanadi", - deb aytdi.
"O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishiga va Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada keskinlashtiradigan qadamlarga izchil ravishda qarshi ekanini bildirishi"ni bayon qildi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat, Isroil-Falastin mojarosi O‘zbekiston va prezident Shavkat Mirziyoyevning diqqat-e’tiboridagi global muammolardan biri bo‘ladi.

Surat manbasi, Reuters
Quddus shahri chetidagi otishma ro‘y bergan joyga borgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu aytishicha, bu yil Isroil yuzlab shunday hujumlarning oldini olgan, ammo bunisining oldini ololmagan.
Qurolli hujum sharqiy Quddusdagi Ramot chorrahasida 8 sentyabr kuni ertalabki soat 10 larda ro‘y bergan.
Politsiyaga ko‘ra, qurollangan ikki shaxs o‘t ochishi oqibatida olti inson halok bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan.
Guvohlarning aytishlaricha, qurolli shaxslar nishonlaridan biri avtobus bo‘lgan.
Isroil askari va ikki oddiy fuqaro qurollilarga qarshi o‘t ochganlar va "terrrorchilarni "yo‘q qilgan", deb xabar berdi politsiya.
Isroil politsiyasiga ko‘ra, qurollilar avtobus bekatida turgan insonlarga o‘q uzganlar.
Tibbiyot xizmatlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning uch nafari 30 yoshlardagi erkak, 50 yoshlardagi bir ayol va 50 yoshlardagi erkak bo‘lgan.
Kamida yetti inson jiddiy jarohatlangan, o‘qotar quroldan jarohatlangan to‘qqiz kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Surat manbasi, EPA/SHUTTERSTOCK
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu otishma ro‘y bergan chorrahaga borgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumda gumon qilinganlarning qishloqlarini Isroil rasmiylari "ta’qib qilayaptilar va o‘rab olganlar".
Qurolli hujumchilar G‘arbiy Sohildagi Ramalloh shahriga yaqin qishloqlardan kelganlar deb taxmin qilinmoqda.
Bosh vazir Netanyahu halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik, yaralanganlarni tezroq sog‘ayshlariga tilak bildirdi.
Netanyahu so‘zlariga ko‘ra, "bir necha frontlarda" jang olib borayotgan Isroil shu yil yuzlab hujumlarning oldini olgan, biroq so‘nggi hujum oldini olishga qodir bo‘lmagan.
Isroil Mudofaa kuchlari Ramalloh yaqinidagi qishloqlarga qo‘shin yuborilganini, qo‘shinlar qishloqlarni o‘rab olgani haqida xabar tarqatdi.
G‘arbiy Sohilda istiqomat qiladigan falastinliklar muxbirlarga endi o‘zlariga qarshi Isroilning jamoaviy jazolash amaliyotlari boshlanishini kutayotganlarini aytdilar.

Surat manbasi, .
Ushbu hujum Quddusda oxirgi yillarda ro‘y bergan eng halokatlisi bo‘ldi.
Hujum uchun mas’uliyatni hozircha biror bir qurolli guruh o‘z zimmasiga olmadi.
Falastinning qurolli guruhi Hamas ikki falastinlikni "qarshilik jangchilari" deb maqtadi, biroq hujum uchun mas’uliyatni zimmasiga olmadi.
Falastinning boshqa bir jangari guruhi "Islomiy jihod" ham otishmani maqtab bayonot tarqatdi.
Iordan daryosi G‘arbiy Sohilining Isroil nazoratida bo‘lmagan qismini nazorat qiladigan Falastin Ma’muriyati qurolli hujumni qoralagan bayonot tarqatdi.
Bayonotda "falastinlik va isroillik fuqarolarning har qanday nishonga olinishi" qoralanini aytiladi.
Falastin Ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos, "manbasidan qat’i nazar, zo‘ravonlik va terrorizmning har qanday shakli"ni qoralashini aytdi.
Mahmud Abbos qo‘shimcha qilishicha, Falastin davlatining tan olinishi mintaqada "zo‘ravonlik doirasini" tugatishning asosi bo‘ladi.
Xalqaro sahnada zo‘ravonlik qoralangan qator bayonotlar yangradi.












