"O‘zbekiston prezidenti oilasidagi nifoq uning tizimi mo‘rt ekanini ko‘rsatdi" - Carnegie Endowment

Surat manbasi, Reuters
"O‘zbekiston rahbari hech kimga tayana olmaydi: u Karimov davridan qolgan amaldorlarga ishonmaydi, o‘zining jamoasi hali yetarlicha kuchli emas, qarindoshlari esa o‘zaro nifoq bilan ovora", deb yozadi qarorgohi Vashingtonda joylashgan nufuzli Carnegie Endowment tadqiqot markazi.
Maqolaga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev atigi 9 yil davlat tepasida bo‘lganiga qaramay, qudrat almashinuvi haqida gap-so‘zlar boshlangan. Unda yozilishicha, prezidentning kuyovi Otabek Umarov o‘z qaynotasining o‘rniga ko‘z tikkan.
"Gap-so‘zlar prezidentning sobiq maslahatchisi Komil Allamjonov Mirziyoyevga elita orasida o‘sib borayotgan qudrat talashish haqida hisobot berganidan bir kun o‘tib o‘z joniga suiqasd harakati qilinishidan keyin boshlandi. Barmoqlar Mirziyoyevning shaxsiy xavfsizlik xizmati rahbari muovini bo‘lib ishlagan kuyovi Otabek Umarovga o‘qtaldi", - deyiladi maqolada.
Tahliliy maqola bu mojaro haqida hanuz ko‘p narsa noaniq qolayotganini tan oladi, ammo prezidentning eng yaqin qarindoshlari orasida qaqshatqich jang ketayotgani aniq, deydi.

Surat manbasi, EPA
Muallif Allamjonovga o‘tgan yil oktyabrda o‘q otilishi, bu voqeadan bir necha oy oldin u kutilmaganda prezident administratsiyasidagi lavozimidan iste’foga chiqishi, hamda uning prezident qiziga yaqinligi haqida ham yozadi.
"Allamjonov prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaga siyosiy ustoz hisoblanadi. Mirziyoyevaning rasmiy maqomi – prezident yordamchisi, lekin aslida, u prezident administratsiyasini boshqaradi", deyiladi Carnegie Endowment maqolasida.
Unga ko‘ra, Mirziyoyev sobiq Prezident Islom Karimov siyosatidan o‘zini yiroqlashtirishga uringan bo‘lsa-da, uning o‘z qarindoshlarini hukumatga aralashtirishdagi xatolaridan saboq chiqarmagan. Axir u Karimovning butun boshli korruptsion imperiya qurgan qizi Gulnoraning qulashi va qamalishiga guvoh bo‘lgan edi-ku, deydi muallif.
Maqolada yozilishicha, prezident oilasiga bu qadar yaqin bo‘lgan shaxsning hayotiga suiqasd uyushtirilganidan ikki oy o‘tib, mojaroga Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning aralashishi prezident oilasi ichida yirik bo‘linishni keltirib chiqardi.
"Qodirov Telegram kanalida suiqasd amalidagi chechenlar ishtirokini rad etdi, va agar mas’ul bo‘lsa, oxirigacha olib borgan bo‘lishini aytdi. Qodirov, shuningdek, Mirziyoyevning kenja qizi Shahnozaning eri Otabek Umarovning go‘yoki suiqasd ishiga aloqasi borligidan shubhalanishini izhor qildi. U o‘z Telegram postini Allamjonovga nisbatan tahdid bilan yakunladi", deyiladi maqolada.
Мирзиёев ўзининг асосий рақиби, Каримов қўли остида узоқ йиллар хавфсизликни бошқарган Рустам Иноятовни қулатиш учун имконқадар кўп яқин одамларга муҳтож эди.
Tahlilchi Qodirovning Umarovni shaxsan tanishini aytganiga, hamda Qodirov ikki marta - 2017 va 2024 yillarda – O‘zbekistonga tashrif buyurganida Umarov tomonidan kutib olingani va Umarov unga hamrohlik qilganiga e’tiborni qaratadi.
Qodirovning postidan sal avval O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hujumga aloqadorlikda ikki chechen Rossiya fuqarosi: Bislan Rasaev va Shamil Temirxanovlar qidirilayotganini e’lon qildi. Tergovchilarga ko‘ra, ikkovlonga hujum uchun 1,5 million dollar va’da qilingan. "Hujum amalga oshmagach, ularning avtomobili Farg‘onada egalari Umarovga aloqador tungi klubga yaqin joyda topilgan. Shu sababdan, prezident kuyovining nomi bu suiqasd harakatiga bog‘liqlikda yangray boshladi", deyiladi maqolada.
Carnegie Endowment suiqasd harakatidan bir oy o‘tib Umarov prezident xavfsizlik xizmatidagi lavozimidan bo‘shatilgani, unga bog‘liq qator yuqori darajali kuch-ishlatar rasmiylar ham ishdan olinganiga e’tiborni qaratgan.

Surat manbasi, Reuters
"Ishonilishicha, Umarov, avvaliga Mirziyoyevning oq fotihasi bilan, mamlakatning xavfsizlik blokiga norasmiy kurator bo‘lishni istagan. Chunki hukmronligining boshida prezident o‘zining asosiy raqibi, Karimov qo‘li ostida uzoq yillar xavfsizlikni boshqargan Rustam Inoyatovni qulatish uchun imkonqadar ko‘p yaqin odamlarga muhtoj edi. Ammo, ko‘p o‘tmay, Umarov o‘z qaynotasining manfaatlari uchun ishlashni to‘xtatdi, hamda o‘z siyosiy va biznes manfaatlarini ilgari surib o‘zining vertikal qudratini qura boshladi. U bank, ko‘chmas mulk, neftь va gaz, farmatsevtika va shakar ishlab chiqarishda yirik aktsiyalarga ega bo‘ldi", deyiladi maqolada.
Unga ko‘ra, Umarov prezidentlikka ko‘z tikkani va qaynotasining joyini egallashni rejalashtirgani ishoniladi.
"Keyin nima bo‘ldi: prezidentning kenja qizi qo‘lida qudrat oshib ketmasligi uchun uning to‘ng‘ich qizi Saida ishga aralashdi. Allamjonov bilan birgalikda u Umarov va uning "ofis"i haddan tashqari ko‘p ta’sir yig‘ayotgani haqida otasiga hisobot tayyorlab berdi. Bu hisobotdan keyinoq Umarov bo‘shatildi va Allamjonov hayotiga suiqasd uyushtirildi", deydi Carnegie Endowment tahlilchisi.
Maqola Mirziyovning oilasida deyarli barcha yaqinlari, shu jumladan qudalari siyosatga aralashganlarini yozadi.
"Mirziyoyevning rafiqasi Ziroat Hoshimova, rasman xayriya bilan shug‘ullansa-da, bironta muhim siyosiy tayinlov uning roziligisiz amalga oshirilmaydi. Kuyovi Umarovni ham Hoshimova ko‘targan. Umarovning ayoli Shahnoza Mirziyoyeva Ijtimoiy himoya milliy agentligiga rahbarlik qiladi. Mirziyoyevning ko‘plab boshqa qarindoshlari siyosatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashgan bo‘lishmasa-da, yirik biznes mulklar va sanoat kompaniyalariga egalik qilishadi", deyiladi maqolada.
Muallifning yozishicha, Mirziyoyev iqtisod, moliya va IT sohalariga yosh mutaxassislarni ishga olib o‘z rahbarlar jamoasini tuzishga harakat qildi, ammo Allamjonov hayotiga uyushtirilgan suiqasd harakati prezidentning qarindoshlari o‘z joylarini qo‘ldan boy berishga tayyor emasliklarini namoyish qildi.
"Natija shuki, Mirziyoyev salkam 10 yillik prezidentligi davrida qurgan tizim ko‘zga ko‘ringanidan ancha mo‘rt bo‘lib chiqdi. O‘zbek lideri hech kimga tayana olmaydi: u Karimov davridan qolgan amaldorlarga ishonmaydi; o‘zining jamoasi hali yetarlicha kuchli emas; qarindoshlari esa o‘zaro urushlar bilan ovoralar", deya xulosa qiladi Carnegie Endowment tahlilchisi.












