Erkaklar o‘tirib siygani yaxshimi?
- Author, Fernando Duarte
- Role, BBC Jahon Xizmati
- O'qilish vaqti: 3 daq
Muallif Fernando Duarte, subtitrlar Jorj Rayt tomonidan tayyorlangan.

Surat manbasi, Getty Images
O‘tirmoq yo turmoq – shudir masala. Erkaklar hojatxonaga borganda qanday peshob qilishi kerakligi borasidagi bahs savoli shu.
O‘tirib siyish sog‘liq uchun foydali ekani haqida tayinli tibbiy dalillar yo‘q, ammo bu gigienik jihatdan ma’qul yo‘l ekani haqida ko‘pchilik yakdil fikrda.
"Siyishning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri usuli yo‘q, bu odamga bog‘liq", deydi Buyuk Britaniyadagi Urologiya jamg‘armasi raisi doktor Meri Gartueyt Bi-bi-si bilan suhbatda.
"Biroq hojatxona toza bo‘lsa, o‘tirish chindan ham gigienikroq hisoblanadi."
Doktor Gartueyt qo‘shimcha qilishicha, bu yurish yoki muvozanat saqlashda qiynaladigan odamlar uchun, shuningdek, tunda uyg‘onib hojatxonaga shoshilinch borish kerak bo‘lganda, qovuqni bo‘shatishning xavfsizroq usuli bo‘lishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images
Ko‘p iqtibos keltirilgan tadqiqotlardan biri Hollandiyadagi Leyden universitetining 2014 yilgi tadqiqotidir. Shifokorlar peshob qilayotganda tananing qanday holatda bo‘lishi siydik oqimi tezligi va bo‘shash vaqtiga – qovuqning qanchalik tez bo‘shashiga qanday ta’sir qilishini o‘rgandi.
Ular prostata bezi kattalashgan erkaklarda o‘tirib siyish qovuqning tezroq va to‘liqroq bo‘shashiga imkon beradi degan xulosaga kelishdi, ammo sog‘lom erkaklarda "farq yo‘q" edi.
Aslida, ko‘pchilik erkaklar uchun tik turib siyish juda qulay – jamoat hojatxonalarida erkaklar va ayollar navbatining tezligiga e’tibor bering. Ammo bu siydik sachrashi ehtimolini ham oshiradi, bu esa boshqalar uchun yoqimsiz bo‘lishi mumkin.
Bu faqat hojatxona o‘rindiqlari yoki pollardagi "nishonga urmagan"lar haqida emas. Amerikalik muhandis-mexaniklar jamoasi 2013 yilda mikroskopik tomchilar "juda katta masofalarga sachraganini" aniqladi, ya’ni yaqin atrofdagi narsalarga – hatto tish cho‘tkalariga ham siydik tegishi mumkin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Surat manbasi, Getty Images
Ba’zi madaniyatlarda erkaklar o‘tirib siyishga undaladi. Masalan, Islomda bu hatto sunnatning bir qismi sifatida tavsiya etiladi. Ammo ko‘pchilik erkaklar uchun eski odatlar o‘zgarishi qiyin va tik turib peshob qilish hali ham "birinchi raqamli" usul hisoblanadi.
2023 yilda YouGov 13 mamlakatda erkaklar qovug‘ini bo‘shatishning afzal usuli bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi.
YouGov hatto yaqin mamlakatlarda ham katta tafovutni aniqladi: nemis erkaklarining 40 foizi doim o‘tirishini va atigi 10 foizi doim turishini aytgan bo‘lsa, Buyuk Britaniyada bu ko‘rsatkich mos ravishda 9 va 33 foizni tashkil etdi.
Qizig‘i shundaki, o‘tirib siyish Germaniyada ko‘proq tarqalgan, vaholanki, bu mamlakatda kimnidir Sitzpinkler (o‘tirib siyadigan erkak) deb atash erkakka xos bo‘lmagan xulq hisoblanadi. Braziliyada esa "ayollar va qurbaqalar o‘tirib siyadi" degan qadimiy naql bor.
Nahotki erkaklar siyish tarzini o‘zgartirish uchun qandaydir evolyutsion xususiyat bilan kurashishi kerak bo‘lsa? Evolyutsion psixologiya sohasidagi yetakchi olim, Oksford universiteti professori Robert Danbarning fikricha, bunday emas.
"Erkaklar nima uchun tik turib siyishi haqida hech qanday [evolyutsion] dalil yo‘q", deydi u.
O‘tirishni yoqtirmaydigan erkaklar uchun bu bahona bo‘la olmaydi.
"Haqiqat shundaki, ba’zi erkaklar tik turib, boshqalari esa o‘tirib siyishni qulayroq deb biladi", deya qo‘shimcha qiladi doktor Gartueyt.
Aniq tibbiy tavsiyalar yo‘q ekan, butun dunyo bo‘ylab erkaklar uchun siyish usuli – agar ayol tanishlari bosimi yoki hojatxona devorlaridagi iltimoslar kabi omillar tufayli o‘tirishga majbur bo‘lmasa – tanlov masalasi bo‘lib qolaveradi (bu ham nemislarning yana bir o‘ziga xos xususiyati).
Ammo tik turmoqchi bo‘lsangiz, hech bo‘lmaganda aniq mo‘ljalga olishga harakat qiling.

































