Tinch aholiga dron hujumlari - Rossiyaning yangi qo‘rqitish taktikasimi?

Video tagso‘zi, BBC Verify tomonidan tasdiqlangan dron hujumi
    • Author, Yogita Limaye
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Kunlardan bir kuni ertalab apparat sotuvchisi, Sergiy Dobrovolskiy Janubiy Ukraina, Xerson shahridagi uyiga qaytarkan, hovliga kirayotib sigaret tutatadi va qo‘shnisi bilan hol-ahvol so‘rashga tutinadi. Shu payt to‘satdan ular boshlari uzra uchyotgan dron ovozini eshitib qolishadi.

Sergiyning 32 yillik turmush o‘rtog‘i Angela eri dron tashlagan granatadan qochib, yashirinishga uringanini aytadi. "Tez yordam yetib kelgunga qadar u allaqachon olamdan o‘tgandi. Menga u juda ayanchli o‘lim topganini aytishdi. Shrapnel bo‘lagi uning yuragini teshib o‘tgandi", deydi u yig‘lab.

Xerson harbiy ma’muriyatining BBCga bildirishicha, 1 iyuldan beri Rossiya dron hujumlarida keskin kuchayish kuzatilgan. Sergiy esa ushbu hujumlardan biri yog‘dirgan falokatda olamdan o‘tgan 30 nafar tinch aholi vakillari orasida edi. Shu davr mobaynida 5 mingdan ortiq dron hujumi qayd etilgan bo‘lib, ularda 400 dan ortiq tinch aholi u yoki bu ko‘rinishda jarohatlangan.

Ukraina ham, Rossiya ham — har ikki tomon bir-biriga qarshi hujumlarda foydalanar ekan, dronlar Ukraina urushida yangi bir qiyofa yasadi.

Guvohlarning bayonotlarini eshitgan BBC Rossiya Xersondagi tinch aholini nishonga olyotgani haqidagi dalillar yetarli asosga ega ekanligini xulosa qildi.

"Ular kimni o‘ldiryotganini bilishadi", deydi Angela. "Ular ko‘chada tinchgina yurgan odamlarni bombalab urush qilmoqchimi?"

Agar Rossiya tinch aholini ataylab nishonga olyotgani o‘z tasdig‘ini topsa, bu urush jinoyati sifatida qabul qilinadi.

Rossiya armiyasi bu ayblovlarga oid BBC savollarini javobsiz qoldirdi. To‘liq ko‘lamli bosqinchilik boshlangan 2022 yil fevralidan beri Rossiya tinch aholini nishonga olganlikda qo‘yiladigan bu kabi ayblovlarni inkor qilib keladi.

Angela erini dron uyi tashqarisida o‘ldirganini aytadi

Surat manbasi, BBC / Imogen Anderson

Surat tagso‘zi, Angela erini dron uyi tashqarisida o‘ldirganini aytadi

Dron hujumlari tinch aholini nishonga olyotganini dalillovchi kadrlar esa Ukraina va Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan ko‘plab videolarda ayon ko‘rinadi. Jumladan, ularning oltitasi BBC Verify tomonidan o‘rganib chiqildi.

Har bir videoda dronlar fuqarolik kiyimidagi piyoda yoki avtomobil haydovchisi harakatini kuzatib borishini, so‘ngra granatalarni uloqtirib, o‘z nishonlarini og‘ir jarohatlashi, ba’zida esa xatto o‘ldirishgacha borishini ko‘rish mumkin.

BBC Verify tahlil qilingan oltita videodan beshtasining eng dastlabki nusxalari joylashtirilgan Telegram kanalni topishga muvaffaq bo‘ldi.

Har bir video Ukraina jamoatchiligiga nisbatan masxara va tahdidlar bilan to‘lib-toshgan bo‘lib, barcha transport vositalari qonuniy nishon bo‘la olishini idda qilgan hamda odamlarni jamoat joylarida kamroq harakat qilishlari kerakligidan ogohlantirgan. Hujum qurbonlari esa haqorat qilingan, “cho‘chqa” deb atalgan va ayol bo‘lgani uchun masxaralar ostida qolgan.

Ushbu dron harakatlari ask etgan ayrim videolarni joylashtirgan akkaunt shuningdek, qutilangan va qutidan chiqarilgan dronlar, hamda uskunalarning boshqa tasvirlarini ham joylashtira turib, odamlarga xayr-ehsonlari uchun minnatdorchilik bildiruvchi xabarlar qoldirgan.

dron hujumi
BBC
Biz dahshat ichidamiz. Uydan chiqsak, daraxtdan daraxtga o‘tib, yashirinamiz. Ular har kuni jamoat avtobuslariga hujum qilishadi, har kuni dronlardan bomba tashlashadi.
Valentina Mikolayivna
Xerson (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Xerson harbiy ma’muriyati Rossiya bu kabi hujumlarda shu vaqtga qadar foydalanib kelgan dron turini yaqinda o‘zgartirganini aytadi. Endilikda shaharning elektron tizimlari ularning ko‘pchiligini to‘xtata olmayapti.

"Siz doim o‘zingizni ovlanyotgandek his qilasiz, istalgan paytda portlovchi moddalar boshingiz uzra tashlanishi mumkin. Bu esa eng dahshatlisi", deydi Dnipro daryosidan atigi 1 km masofada joylashgan yordam markazida ishlovchi Kristina Siniya.

“Dronlar bizni nishonga olishga ulgurmasdan turib, markazga yetib olish uchun mashinani iloji boricha tezroq haydaymiz, daraxtlar ortida to‘xtab, darhol ichkariga kirishga intilamiz.”

Kristinaning ish stoli ortida kichik moslama o‘rnatilgan bo‘lib, u har safar dron xavfini sezishi bilan qattiq shovqin ko‘taradi. Biz u yerdalik paytimizda moslama har bir necha daqiqada signal berdi – ko‘p hollarda u yaqin-atrofda kamida to‘rtta dron mavjudligidan ogohlantiradi.

Oddiy aholi bilan uchrashar ekanmiz, og‘ir qiyinchiliklarni boshdan kechirganliklari, o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lganliklari, oziq-ovqat dardida o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishlarigacha to‘g‘ri kelganliklari ularning yuzlarida g‘amgin aks etadi. Valentina Mikolayivna ko‘z yoshlarini artarkan, "Biz dahshat ichidamiz. Uydan chiqsak, daraxtdan daraxtga o‘tib, yashirinamiz. Ular har kuni jamoat avtobuslariga hujum qilishadi, har kuni dronlardan bomba tashlashadi," deydi.

Olena Krivchun esa mashinasini nishonga olgan dron zarbasidan zo‘rg‘a qochib qutulganiga shukr qiladi. Do‘sti bilan uchrashuvdan chiqarkan, u mashinasiga yaqinlashishi bilan haydovchi o‘rindig‘i ustiga bomba tushib, avtomobilni parchalab, temir, plastmassa va shishadan iborat bir uyum xarobaga aylantirib qo‘yganini xotirlaydi.

Olena Krivchun esa mashinasini nishonga olgan dron zarbasidan zo‘rg‘a qochib qutulganiga shukr qiladi.

Surat manbasi, BBC / Imogen Anderson

Surat tagso‘zi, Olena Krivchun esa mashinasini nishonga olgan dron zarbasidan zo‘rg‘a qochib qutulganiga shukr qiladi

"Agar mashinada bo‘lganimda, aniqki, hozir hayot bo‘lmasdim. Men harbiy kishiga o‘xshaymanmi yoki mashinam harbiy mashinaga o‘xshaydimi?" xavotirlanadi u. Olena orastabon bo‘lib xizmat ko‘rsatadi va avtomobili uning kundalik ishida juda zarur edi. Mashinasini tuzatishga pul topish esa u uchun yangi bir muammo.

Olena dronlarni snaryadlardan ko‘ra qo‘rqinchliroq deb hisoblaydi. "Daryoning narigi tomonidan snaryad uchirilganda, nimadir qilib qolish uchun vaqtimiz bo‘ladi. Ammo dronlarni sezmaslik juda oson. Ular tez harakat qiladi. Odamni nishonga olar ekan, darhol zarba beradi."

Yordam markazini boshqaruvchi Ben Dusing dronlar snaryadlarga qaraganda ko‘proq qo‘rquv uyg‘otib, aholini harakatsiz qolishga majbur qilyotganini ta’kidlaydi. "Dron kimnidir nishonga olarkan, bu o‘yin tugaganini anglatadi. Ulardan himoyalanishning iloji yo‘q," deydi u.

Xerson harbiy ma’muriyati vakili Oleksandr Tolokonnikovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Rossiya armiyasi dronlardan masofadan turib piyoda, avtomobil va avtobus yo‘llarida minalar tashlash uchun ham foydalanishni boshlagan.

Uning aytishicha, portlashlar odatda barglar ostiga yashiriladigan "kapalak minalari" bilan sodir qilinadi — Ular kichik bo‘lganidan, yerda ko‘rinmasdan harakat qila oladi va nimadir teginib ketishi bilan darhol portlaydi.

BBC Xersonda dronlar orqali tarqatilgan minalar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlay olmadi.

Olena aytadiki, qish yaqinlashgani sari dronlardan qo‘rqish yanada kuchayadi. "Daraxtlardagi barglar to‘kilarkan, qurbonlar ham ko‘payadi. Modomiki, ko‘chada ekanmiz, yashirinish uchun joy yo‘q."

xarita

Dron videolarini qanday tasdiqladik

Biz tahlil qilgan olti video tasvirga olingan hududlarni aniqlay oldik. Ularning barchasi Xersonning sharqiy qismida suratga olingan bo‘lib, shahar ko‘chalaridagi xususiyatlar video kadrlarida ham aks etadi. Dron ikkita piyodaga portlovchi moddani tashlagani va natijada ulardan biri yura olmaydigan darajada jarohatlangani aks etgan video T-chorrahadagi burilishda suratga olingan. Bu joy Dniprovs’kiy tumani yoki Xerson markazidan ko‘ra Antonivka yaqinidagi chekka hududga ko‘proq to‘g‘ri kelardi.

Biz taxminiy joyni aniqlagach, videoda ko‘rinadigan diqqatga sazovor joylarni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan solishtirdik va hujum qaerda sodir bo‘lganini tasdiqladik.

Videolar qachon birinchi ommaga ochiq bo‘lganini aniqlash uchun ulardan har birining bir nechta kadrlarini qidiruv tizimlariga yukladik. Ko‘pincha eng eski natijalar Telegram kanalida paydo bo‘lib, boshqa saytlar, masalan, X yoki Redditʼda repost qilinishidan bir necha soat oldin yuklangan.

Har bir hujum joyini bilganimizdan so‘ng, soyalarni hisoblash orqali suratga olish vaqtini aniqlay oldik va eng ehtimoliy sanani topish uchun ob-havo ma’lumotlari bilan taqqosladik.

Tahlil qilingan to‘rtta video eng ehtimoliy suratga olish sanasining ertasigayoq Telegram kanalida joylashtirilgan, yana biri esa sakkiz soatdan keyin e’lon qilingan.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002

BBC Verify