"Tanqidga toqatli bo‘ling, bundan O‘zbekistonga foyda"

O‘zbekiston Prezidentining qizi Saida Mirziyoyeva va jurnalist Anora Sodiq

Surat manbasi, Facebook/Anora Sodiq

Surat tagso‘zi, Taniqli jurnalist Anora Sodiq O‘zbekistonda jurnalistlarga bosimlar haqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yordamchisi Saida Mirziyoyevaga gapirib bergani haqida yozdi.
O'qilish vaqti: 3 daq

Jahon matbuoti erkinligi kunida O‘zbekistondagi so‘z erkinligi vaziyati yomonlashgani e’lon qilindi, taniqli jurnalist Anora Sodiq jurnalistlarga bosimlar bo‘layotgani haqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qizi, Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaga aytib bergani haqida yozdi, "Daryo.uz" veb nashri amaldorlarga tanqid O‘zbekiston ravnaqi uchun foydali ekanini eslatdi.

3 may - Butunjahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan "Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti an’anaviy dunyodagi so‘z erkinligi ahvoliga bag‘ishlangan hisobotini e’lon qildi.

Bu yilgi ro‘yxatda O‘zbekiston 180 mamlakat orasidan 148-o‘rinni egallagan, bu joy 2024 yildagi ro‘yxatdagi o‘rin bo‘lsa-da, mamlakatdagi so‘z erkinligi ahvoli bir oldingi 37,27 dan 35,24 ga tushdi.

O‘zbekistonning 2023 yildagi reytingdagi o‘rni 137 da edi, bu oxirgi ikki yilda mamlakatdagi matbuot erkinligi ahvoli tobora yomonlashayotganini anglatadi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Daryo.uz veb-nashri inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov, sobiq parlament deputati Rasul Kusherbaev, blogger va iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirovga qarshi sudga murojaatlarni muhokama qildi, nega O‘zbekistonda tanqidga toqatsiz bo‘lib borilayotganini tahlil etishga urindi:

"So‘z erkinligi mavzusida bildirilgan har qanday fikr tanqidni taqozo etadi. Tanqid – kelajak mevasi deymiz, tanqid bo‘lmagan joyda taraqqiyot bo‘lmaydi, deymiz. Tanqidning jamiyat va shaxs rivoji uchun foydali taraflari haqida aytadigan gapimiz ko‘p, ammo uni to‘g‘ri qabul qilishga kelganda. . .

Bugun biz tanqidni ko‘tara olyapmizmi yo illatlar haqida ochiq gapirayotganlarning "popugini pasaytirib" qo‘yishga urinyapmizmi?"

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Taniqli jurnalist Anora Sodiq o‘zining Feysbukdagi sahifasida shunday post qoldirdi:

"Saida Mirziyoyevaga jurnalistlarga bo‘layotgan bosimlar va sun’iy to‘siqlar ostida qolgan "Yil tanlovi" haqida gapirdim.

O‘zbekistonda ayol jurnalistlarga bosimlar kuchli ekanligi, maxsus trollar jamoasi borligi, faollarga qattiq hujum bo‘layotganini aytdim. "Yil tanlovi"imizni o‘tkazishga ham sun’iy to‘siqlar bo‘lgani haqida gapirdim. Saida Mirziyoyeva qattiq taajubda qoldi. Demak, ko‘p narsa pastda yuqoriga yetib bormagan.

Menimcha ayollar huquqlari haqida qayg‘uradigan Saida Mirziyoyeva ayol jurnalistlar, so‘z erkinligi, matbuot erkinligi tarafdorlariga befarq bo‘lmaydi.

Mening nazarimda progressiv, ochiq siyosat tarafdori bo‘lgan hukumat vakili bu muammoni yaxshi tushundi.

Balki, Mirziyoyeva faollar bilan alohida uchrashuv ham tashkil qilar. O‘ylaymanki, ochiq, shaffof siyosat tarafdori bo‘lgan liderlar doim erkin matbuotni qo‘llaydi.

Matbuot erkinligi, jurnalistlarga tahdid birgina menga tegishli muammo emas. Jurnalistlarni obro‘sizlantirish, sudьyalarning ham bunga befarqligi matbuot erkinligiga jiddiy zarba bermoqda. O‘zbekistonning milliy kontenti bu trollar kampaniyasi bo‘lishi kerak emas. Internetdagi faollarga nisbatan bo‘layotgan hujum va bosimlarni to‘xtatish kerak. Bu kampaniya ortida turganlar qonun oldida javob bersin".

Anora Sodiq postiga ko‘plab munosabat bildirildi.

"O‘ylaymanki bundan keyin hammamiz baxtli bo‘lib ketamiz", deb yozdi Mavlonbek Abduraxim O‘g‘li Abbos.

Shunchalik soddamisiz rostan?), deya savol berdi Feysbuk foydalanuvchisi Sarvinoz İbrohim.

"Saida Mirziyoyevaning qilayotgan ishlari tahsinga sazovor. Umid qilamiz, mediamaydonda bo‘layotgan nohalol kurashga adolatli yakun yasaydi", deb yozdi Sarvinoz Axmedova.

"Rasmda o‘ziga xos chuqur ma’no bor lekin)", deb yozdi Muxammadjon Sheroziy-Andijoniy.

"Opa yaxshi, lekin atrofidagilar yomon. Aytganini qilmaydi))", dedi Hayot Baxtiyor Öğli.

"Menimcha Anoraning gaplaridan ajablangan bo'lib so'ragan bo'lsa kerak "bu ishlar qaysi O'zbekistonda bo'ldi yangisidami eskisidami?" deb", deb yozdi Murodjon Mamadaliyev.

"Soddosizda. Siz ishondingizmi shunga men esa yo‘q. Chunki hozir internetda jurnalist va blogerlarga bo‘layotgan bosimlar, ularni asossiz qamashlar kunda yoritiladi, bularni prezident qizi o‘qimasligi ko‘rmasligi mumkin emas", deb yozdi Rustambek Togaev.

"Anora Sodikovaning bu postini mohirona diplomatik tilda yozgani tahsinga loyiq. Lekin Saida Mirziyoyevani diplomatiyasiga qoyil qolmasdan iloj yo'q: butun boshli xalqaro tashkilotlar aytib kelayotgan narsani, butun matbuot kunlab bong urgan narsalardan xabarsiz qolgan ekanini ishonch bilan gapirish har qanday diplomatning qo'lidan kelavermaydi", deb yozdi Feysbuk foydalanuvchisi Nuriddin Nizomiddin.