O‘zbekiston va dunyo: Buyog‘iga Toshkentda ham chang va qum bo‘ronlari ko‘payadimi?(Video)

Surat manbasi, gazeta.uz
Termizliklar ikki-uch kun tinmaydigan, "Afg‘on shamoli" deb nom berilgan qum bo‘ronini yaxshi biladilar. Oxirgi yillarda esa chang va qum bo‘ronlari ilgari kuzatilmagan poytaxt Toshkentda ham ko‘paydi, olimlar butun Yer yuzasida ko‘z ochirmaydigan qum bo‘ronlari yanada katta hududga yoyilayotganini, insonlar hayoti va iqtisodga zararlari ko‘payayotganini aytmoqdalar.
Qum bo‘ronlari sayyoramiz tabiiy davriy o‘zgarishining tarkibiy bir qismi, biroq sahrolashish, ko‘p asrlik muzliklarning shiddat bilan erib borayotgani, shuningdek, inson qo‘li bilan yaratilayotgan o‘zgarishlar chang va qumni osmonu-falakka ko‘tarib uchayotgan shamol va bo‘ronlar kuchini yanada halokatli qilayapti.
Yaqinda AQSh hududida, Yaqin Sharqda, dunyoning ko‘p joylarida chang va qum bo‘ronlari "quturdi", osmon ko‘rinmay qoldi, ko‘plab insonlar nafas olish mushkulliklariga duch keldilar.
Ko‘pincha bunday chang-to‘zonli dovul va bo‘ronlar ulkan sahro, cho‘llarda kuzatiladi.
Ammo ekspertlarning Bi-bi-siga aytishlaricha, oxirgi vaqtda kuzatilayotgan chang va qum bo‘ronlari iqlim o‘zgarishining - sahrolashish va ko‘p asrlik muzliklarning erib borayotganining oqibatidir, bu degani bundan buyog‘iga chang va qumning havoga ko‘tarilishi yanada ko‘payadi.
Jahon Sog‘likni saqlash tashkilotiga ko‘ra, oxirgi hisobot O‘rta Yer dengizi mintaqasi va yon-atrofida bunday shtormlarning takrorlanish tezligi va izchilligi yanada kuchayganini ko‘rsatdi.
Shuning uchun ham BMT chang va qum bo‘ronlari oldini olish global sa’y-harakatlarini yanada faollashtirishga chaqiradi.

Surat manbasi, Kevin Frayer/Getty Images
Chang va qum bo‘ronlariga nima sabab bo‘ladi?
Chang va qum bo‘ronlari - quruq tuproqdagi chang va qumni kuchli shamollar atmosferaga ko‘tarib olib chiqadigan Yerning tabiiy davriy aylanishidir.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili ikki million tonna qum va chang Yer atmosferasiga olib chiqiladi.
Oksford Universitetining iqlim fanlari professori Richard Vashington aytishicha, atmosferagaa ko‘tarilgan changning yarmi Sahroi Kabirniki.
Qum va chang zarralari minglab kilometr uzoqqa uchib borishi mumkin.
Asli Afrikaniki bo‘lgan chang, misol uchun, Yevropaga, Amazon tropik o‘rmonlari va Atlantika okeanigacha yetib borishi mumkin.
O‘zining ushbu sayohati davomida ular foydali ozuqa moddalarini olib uchadilar, okeanlar va zaminni o‘g‘itlaydilar, shu yo‘l bilan suv va quruqlik ekotizimini qo‘llab-quvvatlaydilar, deb tushuntiradi professor Vashington.
"Ular sayyoramiz qanday ishlashining ajralmas tarkibiy qismidir", deydi u.
Boshqa yirik manbalar Mo‘g‘ulistondagi Gobi sahrosi, Arab sahrosi va Yaqin Sharq hisoblanadi.
Chang va qum bo‘ronlari tahdidi naqadar?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, chang va qum global miqyosda 330 million hayotiga ta’sir ko‘rsatadi.
Chang va qum insonlarda nafas yo‘llari muammolarini keltirib chiqaradi, chorva mollari va ziroatchilik hosillarini nobud qiladi, uzoqni ko‘rishni qiyinlashtirishi tufayli yo‘llar va aeroportlar yopilishiga olib keladi.
Shu yil martida AQSh Texas va Kanzas shtatlarida yuzaga kelgan chang bo‘ronlari avtomobillarning birining orqasidan borib urilishlariga va o‘nlab insonlar halok bo‘lishiga olib keldi. Nyu-Meksikodagi boshqa bo‘ron ko‘rishni qiyinlashtirdi, yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘ldi.
Oradan bir hafta o‘tib butun Iroq hududida kuzatilgan chang bo‘ronlari 1000 dan ortiq insonda respirator xastaliklarini keltirib chiqardi.
BMTga ko‘ra, agar chang parchalari burun va og‘izda tiqilib qolsa, astma yoki zotiljam kabi xastaliklarga yetaklashi mumkin.
Yanada kichik zarralar inson tanasiga yanada chuqurroq kirib borishi, qon aylanishi va boshqa barcha organlarga ta’sir qilishi mumkin.
Chang bo‘ronlari havo ifloslanishiga ham sabab bo‘ladi.
"Bu narsalar salomatlikka shikast yetkazadi, millionlab inson hayotining sifatiga zarar ko‘rsatadi. Havo va quruqlik transportini izdan chiqarib, dehqonchilik va quyosh energiyasi ishlab chiqarishni kamaytirib millionlab dollar moddiy zarar keltiradi", deydi Jahon Metereologiya tashkiloti Bosh kotibi Seleste Saulo.
Jahon Metereologiya tashkiloti e’lon qilgan yangi hisobotga ko‘ra, changning uzoq muddatli salbiy ziyoniga eng ko‘p duch keladigan hududlar Atlantika okeanining G‘arbiy Afrika, Karib havzasi, Lotin Amerikasi, O‘rta Yer dengizi, Arab dengizi, Bengal bo‘g‘ozi va markaziy-sharqiy Xitoydir.
Hisobotga ko‘ra, 2024 yili "chang kontsentratsiyasining salmoqli darajada yuqori" bir necha qaynoq nuqtalari kuzatilgan.
Bu nuqtalar Afrikaning Liberiya, Kot d'vuar, Gana, Kamerun va Misr mamlakatlari.
Lotin Amerikasida Kolumbiya, Venesuela va Braziliya.
Xitoy va Markaziy Osiyoning Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonidir.
O‘rta Yer dengizida Ispaniya va Italiyaga ham ta’sir qilgan.
Jahon Metereologiya tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017 yili chang va shamol erroziyasi AQShga 154,4 milliard dollar zarar keltirgan.
Qum bo‘ronlari qanchalar yomonlashishi mumkin?

Surat manbasi, .
Chang va qum bo‘ronlari har doim tahdid bo‘lib kelgan, deydi doktor Vashington.
Ammo iqlim o‘zgarishining ayrim ta’sirlari shamollar havoga ko‘tarayotgan chang miqdorini yanada oshirishi mumkin.
Jahon Metereologiya tashkiloti qo‘shimcha qilishicha, qurg‘oqchilik, yerdan nooqilona foydalanish, kuyib kulgan bo‘lgan yovvoyi o‘rmonlar hududlarining kengayishi chang va qum bo‘ronlari tahdidlari o‘sishiga hissa qo‘shayapti.
"Dunyoning sahrolashish ogohlantirilishi e’lon qilingan har bir burchagida chang va qum bo‘roni ogohlantirishiga duch kelamiz, chunki bu sahrolashish oqibatidir", deya tushuntiradi Jahon Metereologiya tashkiloti eksperti Sara Basart.
Doktor Basart so‘zlariga ko‘ra, azaldan cho‘l bo‘lmagan, biroq aholisi zich hududlar, xususan, Yevropaning janubiy qismlari qurg‘oqchil hududlarga aylanish ehtimoli mavjud.
Shu oy e’lon qilingan BMT dastaklagan hisobotga ko‘ra, oxirgi ikki yilda Somalidan tortib Yevropagacha bo‘lgan hududlar tarixda kuzatilmagan qaqshatqich qurg‘oqchiliklarga ro‘para kelgan.
Ushbu hisobotda salbiy ta’sirlarning Afrika, O‘rta Yer dangizi, Lotin Amerikasi va Janubi-sharqiy Osiyoda kuchli ekani ta’kidlanadi.
Doktor Vashington qo‘shimcha qilishicha, erib borayotgan asriy muzliklar yana bir tahdidni yuzaga keltiradi, chunki minglab yil mobaynida muzlar orasida yashirinib yotgan mayda zarralar tashqariga chiqadilar.
Shu yil fevralida e’lon qilingan hisobot dunyoda asriy muzliklar har qachongidan ham tezroq erib borayotganidan ogohlantirdi.
Hisobotga ko‘ra, buning sabablaridan biri insoniyatning qazilma yoqilg‘ilarini yoqayotganidek faoliyati bilan bog‘liq.
"Bu narsa esa butun sayyoramizga changning yangi manbalari oqimini olib kelayapti. Men uchun qiziqarli bo‘lgan narsa shuki, Sahroi Kabirning changlarini dunyoga yoyish tezligining yarmi ham changlarni havoga ko‘tarayapti, chunki tarkibidagi zarralar juda mayda", deydi professor Vashington.
Biz nimaa qila olishimiz mumkin?
Doktor Vashington ta’kidlashicha, chang va qum bo‘ronlari ko‘payishi oldini olishning eng muhim yo‘li atmosferaga chiqarilayotgan karbonat angidrid (CO₂) miqdorini nazoratga olishdir.
Karbonat angidrid ortiqcha energiyaning atmosferada "qamalib qolishi" va sayyora harorati darajasi qizib ketishiga olib kelayotgan "ko‘rpa" vazifasini o‘tayapti.
BMTga ko‘ra, global chang emissiyasining 25 foizi insoniyat faoliyatiga bog‘liq, bularga qurilish, qishloq xo‘jaligi, o‘t-o‘lanni o‘ldirib, tuproqni shamol erroziyasiga yuzma-yuz qiladigan nooqilona yer boshqaruvi singarilar kiradi.
"Chang va qum bo‘ronlari insoniyat faoliyati oqibati ekan, bu bo‘ronlarni insoniyat amallari bilan kamaytirish mumkin", deydi olim.
Shuningdek, chang va qum bo‘ronlarining oldindan bashorat qilish tizimini barpo etishga investitsiya yotqizish ham hayotiy ahamiyatga ega, deb tushuntiradi doktor Vashington.
Doktor Basart yanada ko‘proq daraxt o‘tqazish, tuproqni ho‘l saqlash kabi amallar ham bunday bo‘ronlar oqibatlarini kamaytirishi mumkinligini aytadi.
"Muammo yanada chuqurlashishi yoki jilovlanishi insonlarning qarorlariga bog‘liq", deydi doktor Sara Basart.












