Bu qiziq: Tolibon kameralar orqali millionlab odamni qanday kuzatmoqda?

kamera
Surat tagso‘zi, Kuzatuv xonasida politsiyachilar qator o‘tirib, minglab kameralardan uzatiladigan jonli tasvirlarni kuzatadi va Kobulda yashovchi olti million kishi hayotini nazorat qiladi.
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘nlab teleekranlar bilan o‘ralgan gavjum boshqaruv markazida Tolibon politsiyasi millionlab odamning kundalik hayotini kuzatadigan 90 000 ta CCTV kameradan iborat yangi tarmog‘ini faxr bilan namoyish etmoqda.

"Biz bu yerdan butun Kobul shahrini kuzatib turamiz," deydi Tolibon politsiyasi boshlig‘i so‘zchisi Xolid Zadran ekranlardan birini ko‘rsatib.

Rasmiylar ta’kidlashicha, bunday kuzatuv jinoyatchilikka qarshi kurashga yordam beradi, ammo tanqidchilar uning norozilikni bostirish va Tolibon hukumati joriy etgan qat’iy axloq kodeksini nazorat qilish uchun ishlatilishidan xavotirda.

Bi-bi-si ushbu tizimni ko‘rishga ruxsat berilgan birinchi xalqaro ommaviy axborot vositasidir.

Kuzatuv xonasida politsiyachilar qator o‘tirib, minglab kameralardan uzatiladigan jonli tasvirlarni kuzatadi va Kobulda yashovchi olti million kishi hayotini nazorat qiladi.

Avtomobil davlat raqamidan tortib, yuz ifodasigacha – hamma narsa nazorat ostida.

"Ba’zi mahallalarda odamlar to‘planganini ko‘rib, ular giyohvand moddalar iste’mol qilayotgan, jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yoki shubhali harakatlar qilayotgan bo‘lishi mumkin deb o‘ylasak, darhol mahalliy politsiyaga xabar beramiz," deydi Zadran.

"Ular tezda yetib borib, to‘planish sababini tekshirishadi."

Avvalgi hukumat davrida Kobul har kuni Tolibon va "Islom davlati" jangarilarining hujumlari, shuningdek, yuqori darajadagi odam o‘g‘irlash va avtomobil o‘g‘irlash xavfi ostida edi. 2021 yilda Tolibon hokimiyatni qaytarib olganida, ular jinoyatchilikka qarshi qattiq choralar ko‘rishga va’da berishdi.

Poytaxtda kuzatuv kameralari soni keskin ko‘payishi Tolibonning qonun va tartibni ta’minlash usuli tobora takomillashib borayotgani belgisidir. Ularning qaytishidan oldin poytaxtda atigi 850 ta kamera bor edi, deb ma’lum qildi hokimiyatdan chetlatilgan xavfsizlik kuchlari vakili.

Biroq, so‘nggi uch yil ichida Tolibon hukumati odamlarning, ayniqsa, ayollarning huquq va erkinliklarini cheklovchi bir qator qattiq choralarni ham joriy etdi. Tolibon hukumatini hozirga qadar boshqa biror davlat rasman tan olmagan.

zadran
Surat tagso‘zi, "Biz bu yerdan butun Kobul shahrini kuzatib turamiz," deydi Tolibon politsiyasi boshlig‘i so‘zchisi Xolid Zadran ekranlardan birini ko‘rsatib.

Bi-bi-siga Kobulda ko‘rsatilgan kuzatuv tizimi odamlarni yuzidan tanib olish orqali kuzatish imkoniyatiga ega. Bitta ekran burchagida har bir yuzning yoshi, jinsi va soqol yoki yuz niqobi bor-yo‘qligi bo‘yicha tasniflangan tasvirlar paydo bo‘ladi.

"Havo ochiq kunlarda biz [kilometrlar naridagi] odamlarni yaqinlashtirib ko‘rishimiz mumkin," deydi Zadran gavjum transport chorrahasiga qaratilgan baland joyga o‘rnatilgan kamerani ko‘rsatib.

Tolibon hatto o‘z xodimlarini ham kuzatadi. Nazorat-o‘tkazish punktida askarlar mashinaning yukxonasini tekshirish uchun ochganlarida, operatorlar linzalarini sozlab, ichidagi narsalarni sinchiklab tekshirish uchun yaqinlashtiradi.

Ichki ishlar vazirligi ta’kidlashicha, kameralar "xavfsizlikni yaxshilash, jinoyatchilikni kamaytirish va huquqbuzarlarni tezda qo‘lga olishga sezilarli hissa qo‘shgan." Qo‘shimcha qilinishicha, videokuzatuv va mototsikl nazorati joriy etilishi 2023-2024 yillarda jinoyatchilik darajasining 30 foizga pasayishiga olib kelgan, biroq bu raqamlarni mustaqil ravishda tekshirish imkoni yo‘q.

Biroq, huquq himoyasi tashkilotlari kim va qancha vaqt davomida nazorat qilinishidan xavotirda.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti ta’kidlashicha, "milliy xavfsizlik" niqobi ostida kameralar o‘rnatish "Tolibonga Afg‘onistondagi odamlarning, ayniqsa, jamoat joylaridagi ayollarning asosiy huquqlarini poymol qiluvchi shafqatsiz siyosatini davom ettirish uchun imkoniyat yaratadi."

Qonunga ko‘ra, garchi amalda qat’iy nazorat qilinmayotgan bo‘lsa-da, ayollarning uydan tashqarida ovozi eshitilmasligi kerak. O‘smir qizlarning o‘rta va oliy ta’lim olishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ayollar ko‘plab ish turlaridan chetlatilgan. Dekabrь oyida doya va hamshira bo‘lib o‘qiyotgan ayollar Bi-bi-siga darslarga qaytmaslik buyurilganini aytishdi.

Kobul kabi shaharlarda ayollar ko‘chada yurgan bo‘lsa-da, yuzlarini yopib yurishlari shart.

BBC
Kuzatuv kameralaridan ayollarning hijobini nazorat qilish uchun ham foydalanilishi mumkinligi haqida katta xavotir mavjud.
Fariba
Kobul yashovchisi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Kobulda ota-onasi bilan yashaydigan yosh bitiruvchi Fariba* Tolibon hokimiyatga kelganidan beri ish topa olmayapti. U Bi-bi-siga aytishicha, "kuzatuv kameralari ayollarning hijoblarini [pardalarini] nazorat qilish uchun ishlatilishi mumkinligidan jiddiy xavotir mavjud."

Tolibonning aytishicha, kuzatuv kameralari tizimiga faqat shahar politsiyasi kirishi mumkin va Tolibonning axloq politsiyasi – Ezgulikni targ‘ib qilish va yomonlikning oldini olish vazirligi undan foydalanmaydi.

Ammo Fariba kameralar Tolibon hukmronligiga qarshi bo‘lganlarni yanada xavf ostiga qo‘yishidan xavotirda.

"Ko‘plab shaxslar, ayniqsa, sobiq harbiylar, inson huquqlari himoyachilari va norozilik bildirayotgan ayollar erkin harakatlanishga qiynaladi va ko‘pincha yashirin yashashga majbur bo‘lishadi," deydi u.

"Kuzatuv kameralaridan ayollarning hijobini nazorat qilish uchun ham foydalanilishi mumkinligi haqida katta xavotir mavjud," deydi u.

Human Rights Watch esa, Afg‘onistonda to‘plangan videokuzatuv yozuvlarini saqlash va ulardan foydalanishni tartibga soluvchi ma’lumotlarni himoya qilish qonunlari yo‘qligini ta’kidlaydi.

Politsiya ma’lumotlar faqat uch oy davomida saqlanishini aytsa, ichki ishlar vazirligi kameralar maxfiylikka tahdid solmasligini, chunki ular "maxsus va mutlaqo maxfiy xonada maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mas’ul shaxs tomonidan boshqarilishi"ni ta’kidlaydi.

Kameralar Xitoyda ishlab chiqarilganga o‘xshaydi. Bi-bi-si ko‘rgan nazorat xonasi monitorlari va video tasmalardagi belgilar Xitoy hukumatiga aloqador Dahua kompaniyasi nomini aks ettirgan. Ilgari Tolibon Xitoyning Huawei Technologies kompaniyasi bilan kameralar sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqidagi xabarlarni kompaniya rad etgan edi. Tolibon vakillari Bi-bi-sining jihozlarni qayerdan olganliklar haqidagi savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Yangi tarmoqni o‘rnatish xarajatlarining bir qismi kuzatilayotgan oddiy afg‘onlar zimmasiga tushmoqda.

Kobul markazidagi bir uyda Bi-bi-si Shella* bilan suhbatlashdi. Undan uyi yaqinidagi ko‘chalarga o‘rnatilgan ba’zi kameralar uchun pul to‘lashni so‘rashgan.

"Ular har bir xonadondan minglab afg‘oniy talab qilishdi," deydi u. Bu ishlaydigan ayollar oyiga atigi 5000 afg‘oniy (68 dollar) topayotgan mamlakatda katta pul hisoblanadi.

shella
Surat tagso‘zi, Shelladan uyi yaqinidagi ko‘chalarga o‘rnatilgan ba’zi kameralar uchun pul to‘lashni so‘rashgan.

Ko‘p yillik urushdan so‘ng Kobul va umuman Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat hamon og‘irligicha qolmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti inqirozda, Tolibon hokimiyatga qaytganidan beri xalqaro yordamni moliyalashtirish asosan to‘xtatilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 30 million kishi yordamga muhtoj.

"Agar oilalar [kameralar uchun] pul to‘lashdan bosh tortsa, ularga uch kun ichida suv va elektr ta’minoti uzilishi bilan tahdid qilishadi, – deya qo‘shimcha qiladi Shella. – Xarajatlarni qoplash uchun qarz olishga majbur bo‘ldik.

Odamlar och qolmoqda – bu kameralardan ularga nima foyda?"

Tolibon vakillari aytishicha, agar odamlar hissa qo‘shishni istamasa, rasman shikoyat qilishlari mumkin.

"Ishtirok ixtiyoriy edi va xayriyalar minglab emas, yuzlab afg‘oniy miqdorida edi," deya ta’kidlaydi Tolibon politsiyasi vakili Xolid Zadran.

Bu ishontirishlarga qaramay, Afg‘oniston ichkarisida ham, tashqarisida ham huquq himoyachilari bunday kuchli kuzatuv tizimidan qanday foydalanilishi borasida xavotirda qolmoqda.

Kobuldagi sabzavot sotuvchisi Jobir aytishicha, kameralar afg‘onlarni yana bir bor ojiz ekanliklarini his qildirish usuli hisoblanadi.

"Bizga axlatdek munosabatda bo‘lishadi, tirikchilik qilish imkoniyatidan mahrum qilishadi, hokimiyat bizga hech narsaga arzimaydigandek qaraydi," dedi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

"Biz hech narsa qilolmaymiz."

*Ushbu maqola uchun suhbatlashilgan ayollarning ismlari ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘zgartirilgan.