Suriyadan qaytganlarga ko‘mak kengashi - Prezident Mirziyoyev tashabbusi

Bolasini ko‘tarib turgan jihodchi ayoli

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston qurolli mojarolar hududidan 530 dan ortiq bola va ayolni vataniga qaytargan
O'qilish vaqti: 2 daq

BMTning qurolli mojarolar makonlaridan qaytgan insonlarga yordam kengashi muhokamasida AQSh hukumati bu borada O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlariga yordam berishga tayyorligi aytildi.

BMT idorasida qurolli mojarolar zonalaridan qaytgan insonlarni reabilitatsiya va repatriatsiya qilish mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Mintaqaviy ekspertlar kengashi shu yil BMTning Aksilterror boshqarmasi shafe’ligida tuzildi.

Bunday kengashni tashkil etish g‘oyasini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan.

"Bu bejiz emas, chunki mamlakatimiz birinchilardan bo‘lib janglar borayotgan hududlardan o‘z fuqarolarini chiqarib olib kelgan dastlabki mamlakatlardan bo‘lgandi", deb yozdi O‘zbekistondagi podrobno.uz veb nashri.

"2019 yildan buyon O‘zbekiston vatanga 530 ortiq fuqaroni, asosan ayollar va bolalarni qaytardi. Ularga tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatildi. Professional tayyorlash, ishga joylashtirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilgan", deb yozadi Podrobno. uz.

"Men BMTda ushbu murakkab masalaga e’tiborni qaratish borasida O‘zbekiston o‘ziga yetakchilik rolini olganidan juda xursandman. Mamlakatda ushbu muammoni hal etish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan, mahalliy hokimiyat organlarining ishi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, insonlarni normal hayotga qaytishda psixologik shikastlarni yengib o‘tishda oila imkoniyatlarini ishga solish tajribasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan", dedi BMT Bosh kotibining Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha o‘rinbosari Vladimir Voronkov.

Suriyadagi bugungi O‘zbeklar masalasi

2014 yil o‘zini Islomiy Davlat deb atagan jihodchi guruh paydo bo‘lgani ortidan ko‘plab o‘zbekistonliklar ham bu guruhga borib qo‘shildilar, buni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlatning yo‘l qo‘ygan xatosi deb tan olgan.

Ammo shu kunlarda ham O‘zbekistonda xorijdagi jihodchi guruhga qo‘shilmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingani xabarlari tarqab turipti.

Iroq va Suriya hududida kechgan IShID harakatini yo‘q qilish maqsadidagi xalqaro koalitsiya hujumlarida ko‘p sondagi o‘zbekistonlik erkaklar halok bo‘ldi, ularning oila a’zolari jamloqlarda saqlandi.

So‘nggi yillarda Suriya shimolida nazoratni qo‘lida ushlab kelgan "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhining qurolli ittifoqchilari safida O‘zbeklar ham bor deb ko‘riladi.

Ammo Bi-bi-sining Jihodiy mediani kuzatish bo‘yicha tahlilchisi Mina al-Lamiy aytishicha, O‘zbek jangarilarining aniq soni aytilmaydi, boisi ular o‘zlarining axborot tarqatish faolligini keskin qisqartirganlar.

Ayni paytda o‘zini Ahmad ash-Sharaa deb tanishlarini istayotgan "Hay’at Tahrir ash-Shom" rahbari Abu Muhammad al-Jo‘loniy o‘zining guruhini dunyoda islomiy jihodchi guruh emas, millatchi, mo‘’tadil siyosatchi sifatida ko‘rishlarini istayapti.

Shuning uchun ham bugun asosiy xabarlarda "Hay’at Tahrir ash-Shom" va ittifoqchilari deyiladi, ammo bu ittifoqchilar qanday guruhlar, bu guruh tarkibida kimlar borligiga ko‘p ham e’tibor qaratmaslik afzal ko‘rilayapti.

Chunki shundoq ham HTSh bungacha o‘zining shafqatsizligi, mutaassib g‘oyalarga e’tiqod qilishi bilan tanilgan islomiy guruhlardan uzoqlashgan, ular bilan jang qilgan yoki o‘zining irodasi ostida qolishga ko‘ndirgan.

Shu sababdan aksar kuzatuvchilar o‘zini jihodga bag‘ishlagan qurolli shaxslar HTSh qo‘li ostidagi Suriyada o‘zlarini ko‘p ham erkin his qilmasliklari mumkinligini aytishadi.