Ukraina endi hech narsa qilolmaydimi, Putin nega harbiy libosda ko‘rinish berdi va Tramp Zelenskiy nimaga majbur bo‘lishini aytdi...

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 7 daq
Ukraina urushi shu oy tugaydimi?
Trampning tinchlik rejasi haqidagi shu hafta aylanib yurgan xabarlar o‘zining tasdig‘ini topdi.
Bu haqda Zelenskiy, Putin va Trampning o‘zi ham gapirdi.
Kim nima dedi?
Ukraina o‘ta og‘ir tanlov qarshisida qolishi mumkin: sha’ni yoki muhim hamkorini yo‘qotish xavfi. Yengil bo‘lmagan 28 ta band yoki o‘ta og‘ir, eng qiyin qish va yana boshqa xavflar
Ukraina prezidenti yangi tinchlik rejasi haqida xalqqa murojaat qildi.
Volodimir Zelenskiy hozir Ukraina tarixidagi eng og‘ir damlardan biri ekanini ta’kidladi.
Biroq Ukraina rahbari o‘z xalqiga mamlakat sha’nini kamsituvchi yon berishlarga bormaslikka va’da berdi.
"Ukraina o‘ta og‘ir tanlov qarshisida qolishi mumkin: sha’ni yoki muhim hamkorini yo‘qotish xavfi. Yengil bo‘lmagan 28 ta band yoki o‘ta og‘ir, eng qiyin qish va yana boshqa xavflar. Erkinlik, qadr-qimmat va adolatsiz hayot – allaqachon bizga ikki bor hujum qilgan odamga ishonish", - dedi.
Agar, G‘arb matbuoti manbalariga tayanilsa, AQSh Ukrainaga josuslik ma’lumotlari va qurol-yarog‘ bermaslik bilan po‘pisa qilgan.
Ma’muriyat vakili esa bu kabi xabarlarni tasdiqlash yoki rad etishdan bosh tortgan.
Donald Tramp tinchlik bitimiga hatto 27 noyabrgacha erishilishi mumkinligi haqida so‘z yuritgan.
Putin ham Moskva Trampning tinchlik rejasini olganligini tasdiqlagan.
Rossiya prezidenti mazkur reja "tinchlik uchun asos sifatida ishlatilishi" mumkinligini aytgan.
Ammo, Putinning iddao qilishicha, hujjat Rossiya bilan batafsil muhokama qilinmagan.
So‘nggi bir necha kun ichida matbuotga sizdirilgan Tramp ma’muriyatining yangi tinchlik rejasi 28 bandan iborat.
Ko‘plab jurnalistlar va siyosatchilar fikricha, bu bandlardan aksariyati Moskvaning dastlabki talablarini takrorlaydi.
Harbiy libosdagi Putin

Surat manbasi, EPA
Yangi rejani Ukraina prezidenti bilan muhokama qilib olish uchun AQSh Mudofaa vazirligi hay’ati payshanba kuni Kievga kelgan.
Xuddi o‘sha kuni Putin Rossiya davlat televideniesida harbiy libosda ko‘rinish bergan.
U o‘zining qo‘mondonlari bilan harbiy harakatlarni davom ettirish haqida gaplashgan.
"Bizning vazifalarimiz, maqsadlarimiz bor", - deb aytgan Kreml rahbari. "Ulardan eng asosiysi – maxsus harbiy amaliyotdan ko‘zlangan maqsadlarning barchasiga so‘zsiz erishish".
"Izvestiya" gazetasi Putinning qo‘mondonlik punktiga tashrifini, "uning Amerikaga Ukraina bo‘yicha muzokaralarni Rossiya shartlari asosida olib borishga tayyor ekanligi haqidagi signali", - deya talqin qilgan.
Rossiya prezidentining ma’lum qilishicha, AQShning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini kecha, juma kuni tunda ko‘rgan.
Putin Rossiya Xavfsizlik Kengashining Moskvada bo‘lib o‘tgan yig‘ini chog‘ida bu haqda gapirgan.
U Amerikaning rejasini shu yil avgustida o‘zi Tramp bilan Alyaskadagi sammitda muhokama qilgan rejaning "takomillashtirilgan" nusxasi, deb atagan.
AQSh tomonidan taqdim qilingan va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kelishuv rejasiga rozi bo‘lish bosimi ostida Ukraina prezidenti Yevropa va NATOdagi ittifoqchilari bilan bir necha bor qo‘ng‘iroqlashgan.
BBC ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frank Gardner fikricha, bu "tinchlik shartlari"ning barchasi Ukrainani tang ahvolga solib qo‘yadi.
Donald Tramp Fox radiosiga bergan intervyusida o‘zi Ukraina taklif qilingan shartlarga 27 noyabrgacha rozi bo‘lishiga haqiqatan ham ishonishi yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berarkan, buning o‘rinli muddat ekanligini aytgan.
Ammo AQSh prezidenti ushbu muhlatning uzaytirilishi ehtimolini ham nazardan soqit etmagan.
Keyingi tashrif Moskvagami?

Surat manbasi, Getty Images
Britaniyaning nufuzli Guardian nashri AQShdagi manbalarga tayanib, bir guruh amerikalik generallarning Vashington tomonidan ishlab chiqilgan "tinchlik reja"sini Kreml bilan muhokama qilish uchun kelasi hafta oxirida Moskvaga borishlari mumkinligi haqida yozgan.
Mazkur nashrga ko‘ra, "Katta yettilik" va "Yirik yigirmalik" davlatlari yetakchilari ham bugun, shanba kuni Yohannesburgdagi ikki kunlik sammit tegrasida ushbu rejani gaplashib olishadi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar vaziri esa, bosqinni rag‘batlantirish "juda xavfli" global pretsedent yaratishi haqida ogohlantirgan.
"Agar siz shunchaki tajovuzga yon bossangiz, yangi bosqinga turtki berasiz", derkan, Kaya Kallas, Rossiyaga qarab, boshqa davlatlarning ham o‘zgalarning hududlariga ishtahalari ochilib qolishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Donald Tramp Nyu-Yorkning yangi meri etib saylangan Zohran Mamdaniy bilan Oq uydagi uchrashuvi chog‘ida ham jurnalistlarning xuddi shu reja bilan bog‘liq savollariga javob qaytargan.
Bir qancha savollar mazkur reja asosida Ukrainadagi urushni to‘xtatish Rossiyaga katta yon berishlar evaziga bo‘layotgani yoki yo‘qligi mazmunida bo‘lgan.
"Bizda reja bor", - deb tasdiqlagan Tramp va "biz tinchlikka erishish imkoniyatiga egamiz, degan fikrdamiz. Uning [Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyning] buni tasdiqlashi kerak bo‘ladi", - deya qo‘shimcha qilgan.
Ukraina prezidenti oldida turgan tanlov haqidagi savolga esa, Tramp, "Bu unga yoqishi kerak, agar yoqmasa, bilasizmi, nima, urishaverishsin. Baribir, qachondir nimanidir qabul qilishiga to‘g‘ri keladi", - deb javob bergan.

Surat manbasi, Getty Images
Prezident Zelenskiy urushni tugatish bo‘yicha AQSh rejasi bilan tanishganini va "ularning qarashlari" bilan ishlashga tayyorligini aytdi. Sizdirilgan AQSh va Rossiya rejasiga ko‘ra, Ukraina yerlarini boy berishiga to‘g‘ri keladi.
Keng tarqalgan rejaga ko‘ra, Kiev Donetsk viloyatining Ukraina nazorati ostidagi muhim hududlarini beradi, armiyasi sonini qisqartiradi va NATOga qo‘shilmaslik majburiyatini oladi — bundan oldin Ukraina bu takliflarni qat’iy rad etgan edi.
Oq uy Ukraina reja ishlab chiqilishida ishtirok etmagani haqidagi da’volarni rad etdi. Reja AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff va uning rossiyalik hamkasbi Kirill Dmitriev o‘rtasidagi uchrashuvlardan so‘ng o‘rtaga chiqqan edi.
Qoralama rejadagi qator takliflar Moskva manfaatlariga moyil ko‘rinadi — Kiev esa unga ehtiyotkorlik bilan, diplomatik ruhda munosabat bildirdi.
2022 yil fevralda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Ukraina AQSh harbiy yordamiga faol tayanib keldi. Biroq prezident Donald Tramp AQSh siyosatini o‘zgartirib, bundan buyon yordamni NATO ittifoqchilari qoplashi kerakligini aytdi va tinchlik kelishuviga erishishni ustuvor vazifaga aylantirdi.
Uitkoff–Dmitriev rejasi Rossiya Ukraina sharqida kichik hududiy ilgarilashlar qilayotgan, Zelenskiy esa mamlakatda 100 mln dollarlik korruptsiya mojarosida yuqori rasmiylarning ayblanishi bilan bog‘liq ichki inqirozga duch kelayotgan paytda paydo bo‘ldi.
Bir kun oldingi murojaatida Zelenskiyning aytishicha, AQSh harbiy rasmiylari Kievda "urushni tugatish bo‘yicha o‘z takliflarini, reja bandlarini — ularning qarashini" taqdim etgan.
"Urush boshlangan birinchi kunlardanoq biz oddiy mavqeni himoya qilib keldik: Ukrainaga tinchlik kerak. Haqiqiy tinchlik — uchinchi bosqin bilan buzilmaydigan tinchlik".
Kiev va uning Yevropa ittifoqchilari uzoq vaqtdan beri "adolatli va barqaror tinchlik" g‘oyasini qo‘llab keladi. Bu tinchlik Rossiya Ukraina hududlarini yana tortib olmasligini kafolatlashi zarur. Moskva Qrim yarimorolini va hozirgi bosqin orqali to‘rt mintaqa hududini qo‘shib olgan.
Biroq Yevropa yetakchilari AQSh–Rossiya muhokamalarida ishtirok etmagan. Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohan Vadefulning aytishicha, bu hali to‘liq shakllangan reja emas, balki "mavzular va variantlar ro‘yxati".
Sizdirilgan loyihaga ko‘ra, Ukrainaning qurolli kuchlarining sonini 600 ming nafargacha cheklash va Yevropa qiruvchi samolyotlarini esa qo‘shni Polshaga joylashtirish nazarda tutiladi.
Kiev "ishonchli xavfsizlik kafolatlari" berilishi aytiladi, biroq tafsilotlar ko‘rsatilmagan. Rossiya qo‘shni mamlakatlarga bostirib kirmasligi "kutiladi" va NATO boshqa kengaymaydi.
Loyiha Rossiyani "jahon iqtisodiyotiga qayta integratsiya qilish"ni ham nazarda tutadi. Sanksiyalarni bekor qilinadi va Rossiya dunyodagi eng kuchli mamlakatlar guruhi G7ga qayta taklif qilinib, G8ni tiklanadi.
Zelenskiyning aytishicha, u yaqin kunlarda Tramp bilan bu takliflarni muhokama qiladi. Rejada Ukraina o‘z qurol-aslahasining katta qismidan voz kechishi haqidagi band ham bor.
20 noyabr: AQSh rasmiylari ehtimoliy reja bilan Kievda, Yevropa esa qarshi

Surat manbasi, Reuters
AQSh armiyasi xabar qilishicha, Pentagonning yuqori darajali rasmiylari Ukrainaga safar qildi.
AQSh armiyasi kotibi Dan Driskol payshanba kuni Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishi kutiladi.
Chorshanba kuni chiqa boshlagan xabarlarga ko‘ra, AQSh va Rossiya urushni tugatish yo‘lida yangi rejani ishlab chiqishgan. Unga binoan, Ukraina tomonidan katta yonbosishlar qilinishi, xususan u hali ham o‘zi boshqarayotgan hududlarni Rossiyaga berishi va o‘z armiyasini keskin qisqartirishi talab qilinadi.
Reja loyihasi bo‘yicha na Vashington, yo na Moskva rasman munosabat bildirdi.
Ammo, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar vaziri Kaya Kallas har qanday reja ishlashi uchun stol atrofida ukrainaliklar va yevropaliklar ham bo‘lishi kerakligini aytib chiqdi.
Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro esa «ukrainaliklar taslim bo‘lishning hech qanday shaklini istashmaydi», dedi.
Tinchlik rejasi haqida xabarlar chiqqan kunida Rossiya raketasi Ukrainaning g‘arbiy Ternopil shahridagi aholi turar joylariga urilib 26 odamni o‘ldirdi. Zelenskiyga ko‘ra, yana 22 odam hali topilmadi.
Hujum yuz berganida Zelenskiy Turkiyada edi, va tasdiqlanmagan ukrain xabarlariga ko‘ra, u Trampning Anqaradagi elchisi bilan uchrashish uchun borgan, lekin uchrashuv bekor qilingan.
Ukrainaliklar taslim bo‘lishning hech qanday shaklini istashmaydi.
Driskol Tramp yanvarda davlat tepasiga kelganidan beri Kievga safar qilgan eng yuqori darajali AQSh rasmiysi bo‘lmoqda.
Ukraina rasmiysi BBC ning AQShdagi hamkori CBS ga uchrashuvlar chog‘ida jabhadagi vaziyat va ehtimoliy otashkesim rejalari muhokama qilinishini aytgan.
Anonim gapirgan rasmiyga ko‘ra: «Prezident Zelenskiy va Tramp allaqachon urushni hozirgi chiziqlarda to‘xtatishga kelishganlar, va xavfsizlik kafolatlarini berish bo‘yicha ham kelishuvlar bor».

Surat manbasi, Reuters
Trampning vakili Stiv Uitkoff va Rossiyaning maxsus vakili Kirill Dmitriev Mayamida uch kunlik uchrashuvlardan so‘ng 28 punktli rejani ishlab chiqishgan.
Bu muzokaralarda ukrain va yevropalik rasmiylar ishtirok etmagan.
Reja bilan tanish odamlardan iqtiboslar keltirgan Axios, the Financial Times va Reyters xabar qilishicha, Kievdan Donbasda hali ham o‘zi nazorat qiladigan hududlarni Rossiyaga berish, qurolli kuchlarini keskin qisqartirish va ko‘plab qurollaridan voz kechish so‘raladi.
Zelenskiy Rossiyaga qandaydir hudud topshirilishiga bir necha bor qarshi chiqqan.












