Qirg‘iziston: Har uchinchi bola qashshoqlikda yashamoqda

Ayol ariqda kir yuvyapti, o‘ng tomonida bir o‘gli tik turib qarayapti, ikkinchi tomonida ikkichi o‘gli qarab tizza cho‘kib o‘tiribdi
Surat tagso‘zi, Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 950 mingga yaqin bola qashshoqlik chegarasidan past sharoitda kun kechirmoqda.
O'qilish vaqti: 3 daq

Qirg‘iziston hukumati mamlakatdagi ijtimoiy ahvol, xususan, bolalar o‘rtasidagi qashshoqlik darajasi xavotirli ekanini tan oldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 950 mingga yaqin bola qashshoqlik chegarasidan past sharoitda kun kechirmoqda.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Edil Baysalovning parlamentdagi chiqishiga ko‘ra, 2026 yilning 1 yanvariga kelib Qirg‘iziston aholisi 7million 300 ming kishidan oshgan. Aholining 57 foizi yoki to‘rt millionga yaqini qishloq hududida yashaydi. Qirg‘izistondagi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni esa 1 million 800 ming nafarga yaqin.

Edil Baysalovning ta’kidlashicha, mamlakatda qashshoqlik darajasi hozirgi paytda 25 foiz atrofida.

Hukumat mulozimi qashshoqlikni kamaytirish jarayoni juda sekin kechayotganidan xavotir bildirdi. Pandemiya davrida 30 foizga chiqqan qashshoqlik darajasi hozirda 25 foiz atrofida turibdi.

O‘shdagi chekka bir mahallada qarovsiz uy qish mavsumida qorga cho‘kkan
Surat tagso‘zi, Deputatlar ijtimoiy nafaqalar bugungi inflyatsiya sharoitida oilalarni boqishga yetmasligini aytmoqdalar

"Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, yillik daromadi 65 417 somdan (taxminan 730 dollar) kam bo‘lgan fuqaro qashshoq hisoblanadi. Qashshoqlik juda tez o‘sadi, lekin qanchalik harakat qilmaylik, yiliga atigi 2 foizga kamayadi", dedi Edil Baysalov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat yaqin 5 yillik rejada kambag‘allikni 20 foizga, istiqbolda esa 15 foizgacha tushirishni maqsad qilgan.

Ayniqsa, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi qashshoqlik darajasining 33 foiz ekani hukumat uchun eng og‘riqli nuqta bo‘lib qolmoqda. Ko‘p bolali oilalar eng zaif qatlam sifatida qayd etilgan.

Hozirda Qirg‘izistonda 300 mingga yaqin fuqaro ijtimoiy nafaqalar oladi.

Biroq deputatlar bu mablag‘lar bugungi inflyatsiya sharoitida oilalarni boqishga yetmasligini aytmoqdalar. Xususan, deputat Ulan Primov nafaqa tayinlashda oilaning ozgina mulki borligi sabab yordamning rad etilishini keskin tanqid qildi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

"Sizlar "bitta sigiri, to‘rtta qo‘yi bo‘lsa nafaqa bermaymiz" deyapsizlar. Biz, aksincha, ularning bitta sigirini ikkita, to‘rtta qo‘yini sakkizta qilib olishiga sharoit yaratib berishimiz kerak emasmi?", dedi deputat.

Shuningdek, Edil Baysalov o‘z nutqida Qirg‘izistonda qashshoqlikning yangi qiyofasi paydo bo‘lganini ma’lum qildi.

«Bu - shahar qashshoqligi. Bu uy-joy, tibbiyot va ta’limdan foydalanish imkoniyatlariga tegishli. Qishloqlardagi kambag‘al oilalar tirikchilikka pul topa olmay, shaharga ko‘chib kelishmoqda va bu yerda achinarli ahvolda kun kechirishmoqda. Albatta, bundan birinchi navbatda bolalar jabr ko‘rmoqda. Bu biz uchun so‘nggi besh yil ichida qayd etilayotgan yangi hodisa. Bugungi kunda qashshoqlik shaharda ko‘proq. Qashshoqlik, o‘ta qashshoqlik, bu so‘zdan qo‘rqmaylik, va yo‘qsillik. Bu kabi holatlar juda ko‘p», dedi mulozim.

Shu bilan birga, u mamlakat rahbariyati nafaqalar, xususan, bolalar nafaqasini to‘lash bo‘yicha vaziyatni yaxshilash uchun bor kuchini safarbar qilayotganini ta’kidladi.

BBC
Sizlar "bitta sigiri, to‘rtta qo‘yi bo‘lsa nafaqa bermaymiz" deyapsizlar. Biz, aksincha, ularning bitta sigirini ikkita qilib olishiga sharoit yaratib berishimiz kerak emasmi?
Ulan Primov
Qirg‘iziston Jogorku Kenesh deputati (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Edil Baysalovning qayd etishicha, davlat bir vaqtning o‘zida barcha bolalarga, oilasining daromadidan qat’i nazar, nafaqa to‘lashni boshlay olmaydi. Biroq yaqin oylarda Vazirlar Mahkamasi nafaqalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘zgartirish bo‘yicha bir nechta qadamlarni amalga oshiradi deb, bildirdi Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari.