Rossiyada o‘spirinlar qanday qilib neonatsistga aylanmoqdalar?

Risunok, na kotorom izobrajen chelovek, zakrыvayuщiy litso pistoletom

Surat manbasi, BBC/Getty Images

    • Author, Amaliya Zatari
    • Role, Bi-bi-si
  • O'qilish vaqti: 15 daq

Rossiyada neonatsistlar yana faollashdi – bu ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni ko‘payishida ko‘rinmoqda. Ko‘pincha voyaga yetmagan o‘smirlardan iborat zamonaviy natsist-skinxedlar muhojirlar va noodatiy turmush tarzidagi odamlarga hujum qilib, buni videoga oladilar va internetga joylashtiradilar, hozircha qotillik sodir etmayapti, xolos. Har holda, 2000 yillardagi o‘tmishdoshlarichalik emas.

Bi-bi-si Kostromadagi yoshlar guruhi misolida bugungi yosh neonatsistlar kimlar ekani, ko‘pchilik bo‘lib futbol tomoshasiga borish odamlarga hujumlar bilan yakunlangani, kuchishlatar tizimlarining sa’y-harakatlariga qaramasdan nega yana neonatsist g‘oyalar Rossiya yoshlari orasida ommalashgani, bunda Tik-tok va Telegramning roli qandayligi haqida hikoya qiladi.

"Telbalar" va " kejuallar"

2024 yil boshida Volga bo‘yidagi 264 ming aholiga ega qadimiy Kostroma shahrida neonatsistlar to‘dasi paydo bo‘ldi. Uning a’zolari voyaga yetmagan o‘smirlar edi.

Hammasi Telegram'dagi yopiq kanaldan boshlandi, deydi o‘sha paytda 17 yoshda bo‘lgan guruhning sobiq a’zosi Anton (ismi o‘zgartirilgan): "Avvaliga bu shunchaki tanishlar uchun kanal edi: sayr qilish, o‘yinga borish uchun."

Ko‘p o‘tmay, mahalliy futbol jamoasi o‘yinlariga borishdan tashqari, ular Kostroma ko‘chalarida svastikalar, kelt xochlari va boshqa ultra-o‘ng ramzlarni chiza boshladilar. O‘smirlar shahar devorlarida neonatsistik yozuvlarni va o‘z to‘dalari nomini - Made With Hate ("nafrat bilan yasalgan" - inglizcha) qoldirishardi.

Yozga kelib, to‘da ko‘p hollarda o‘zi boshlagan mushtlashuvlarda faol ishtirok eta boshladi. "Bir guruh bo‘lib yig‘ilib, kimnidir do‘pposlashlari mumkin edi, – deydi Anton, – Avvaliga shunchaki borib, giyohvandlar va ichkilikbozlarni qidirib, ularga hujum qilishardi. Keyin so‘l harakatdagilarga (antifashistik harakat ishtirokchilari – Bi-bi-si) tinimsiz hujumlar bo‘lib turdi."

Hujumlarni aksariyat hollarda o‘zlari tasvirga olib, o‘z kanallariga joylashtirishardi. Bu kanalda allaqachon yuzdan ortiq odam bor edi – nafaqat Kostromadan, balki Rossiyaning boshqa shaharlaridan ham, Antonning so‘zlariga ko‘ra, hatto Ukraina va Polshadan ham bir necha kishi.

Ularni o‘ng qarashlar birlashtirgan, ammo har birida radikallik bor edi, deydi Anton: "Millatchilar ham, ashaddiy, tugallangan, telba natsistlar ham bor edi. Ba’zi kejuallar (inglizcha casual - "tasodifiy, nomuntazam" – Bi-bi-si) ham bor edi, ular kim bilandir mushtlashishmasa turolmasdi. Ular shu guruh bilan yurishar, birinchi bo‘lib mushtlashishardi."

Iqtibos

Surat manbasi, .

"O‘zlari ham bilishmaydi"

Anton "biz" emas, "ular" deydi va suhbat davomida to‘daning boshqa a’zolaridan iloji boricha o‘zini uzoq ko‘rsatishga urinadi. "Men o‘shanda hech narsani tushunmasdim, hech narsa o‘qimasdim, shuning uchun hatto nimaga amal qilishimni ham bilmasdim," deb eslaydi u.

U 10 oy davomida to‘dada bo‘lgan va o‘tgan yilning oktyabr oyida neonatsizmni "chuqurroq tushunishni" boshlaganida uni tark etishga qaror qilgan.

Anton mavzu bo‘yicha aynan nimani o‘rganganligi haqidagi savolga lo‘nda qilib: "Adabiyot, tarix, video tahlillar, har xil kitoblar..." deb javob beradi. Ammo keyin u o‘ta o‘ng mafkuradan hafsalasi pir bo‘lganini qo‘shib qo‘yadi, jumladan, rossiyalik "Tesak" laqabli neonatsist Maksim Martsinkevichning avtobiografik kitobini o‘qiganidan keyin. Rossiya sudi 2014 yilda bu kitobni ekstremistik deb topgan.

"Men tushundimki, ular [natsist-skinxedlar] o‘zlari hech narsani bilishmaydi. Faqat yuzaki, qandaydir ko‘pik. Men bunday emasligimni angladim," deydi u.

Raketnitsa tutgan va bomber kiygan yigit

17 yoshli Yaroslav (ismi o‘zgartirilgan) Kostromaga Moskva viloyatidan kelgan, u mahalliy kollejga zargarlik bo‘yicha o‘qishga kirgandi.

O‘tgan yilning 16 noyabrida u do‘sti bilan 2009 yilda BORN neonatsistlari tomonidan o‘ldirilgan antifashist Ivan Xutorskiy haqidagi film namoyishiga borishga qaror qildi. Namoyishni Kostroma antifashistik faollari qotillikning 15 yilligiga bag‘ishlab uyushtirgandi.

Yaroslav do‘sti bilan namoyishdan qaytayotganda, ularning oldiga to‘qqiz kishi kelib, siyosiy qarashlari haqida so‘ray boshladilar, deb yozadi "Antifa.Ru" Telegram kanali. Shundan so‘ng ulardan biri raketnitsa yoki signal to‘pponchasi deb ataladigan pistoletini olib, Yaroslavning yuziga qarata o‘q uzgan.

Risunok, na kotorom uslovno izobrajen vыstrel iz raketnitsы v litso

Surat manbasi, BBC/Getty Images

O‘q otilgandan so‘ng, hujumchilar qochib ketishdi. Yaroslavning do‘sti "tez yordam" chaqirdi, uni kasalxonaga yotqizishdi, ammo ko‘zni saqlab qolish iloji bo‘lmadi. Shundan so‘ng, bir ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan Yaroslav zargarlik bo‘yicha o‘qishni tashlab, Moskva viloyatiga ota-onasi oldiga qaytishga majbur bo‘ldi. U Bi-bi-si bilan gaplashishni istamadi.

Kostromadagi raketnitsa bilan bog‘liq voqeadan bir necha kun o‘tgach, hujumda gumon qilingan 17 yoshli Kirill (ismi o‘zgartirilgan) qo‘lga olindi. Unga nisbatan qurol ishlatib bezorilik qilish moddasi bo‘yicha ish ochildi (etti yilgacha koloniya), sud o‘smirni tergov izolyatoriga jo‘natdi. Keyinroq, dekabr oyi boshida unga yana bir modda – 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutuvchi quroldan foydalangan holda badanga og‘ir shikast yetkazish moddasi qo‘shildi.

Qonunga ko‘ra voyaga yetmaganlar ma’lumotlari oshkor etilmasligi kerak, ammo Kostroma sudi bir marta tasodifan Kirillning ism-sharifini va uning advokatlarining familiyalarini e’lon qildi. So‘ng Bi-bi-si uning ijtimoiy tarmoqlarini topib, u haqidagi ochiq ma’lumotlarni o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi.

Kirillning onasi 2012 yilda, u atigi besh yoshda ekanida vafot etgan, shuning uchun bolani opasi bilan birga otasi tarbiyalagan.

Uning "VKontakte"dagi bir necha yildan beri kirmagan sahifasidagi profil suratlarida sochi kalta qirqilgan kichkina bola tasvirlangan. Bu suratlarda og‘ir botinka va bomber-kurtka (skinxedlar uchun xos kiyim – Bi-bi-si) kiygan, raketnitsa hujumi kuni kuzatuv kameralariga tushib qolgan baland bo‘yli yigitni tanib olish qiyin.

Sobiq neonatsist Anton Bi-bi-siga Kirill hibsga olinishidan bir necha hafta oldin qo‘shilgan Made With Hate guruhida bo‘lganini aytdi. Kirillning otasi va advokati Bi-bi-si bilan suhbatlashishni istamadilar.

Avtomatli odamlar

Dekabr oyi boshida Kostromada raketnitsa bilan hujum qilish fakti bo‘yicha yana bir kishi qo‘lga olindi. U Kostroma savdo va oziq-ovqat texnikumining 17 yoshli talabasi bo‘lib, o‘ziga Ikkinchi Jahon urushi davridagi natsistlar kontslageri nomi bilan Buxenvald laqabini olgan edi. Hibsga olingunga qadar u mahalliy "Skalki Palki" restoranida oshpaz bo‘lib ishlagan (restorandan Bi-bi-si so‘roviga javob kelmadi).

Antonning aytishicha, aynan Buxenvald Made With Hate guruhining ilg‘ori bo‘lgan. U "Buxenvaldning nima uchun umuman bu o‘ng harakatga qo‘shilganini" bilmasligini qo‘shimcha qiladi: "U buryat, lekin o‘zi slavyan bo‘lmasa-da, o‘ziga o‘xshaganlarga qarshi va slavyan urug‘i uchun kurashgan."

Sud Buxenvaldni uy qamog‘iga jo‘natdi, ammo apellyatsiyada ehtiyot chorasi kuchaytirildi va o‘smir hibsxonaga jo‘natildi. Tergov versiyasiga ko‘ra, u "neonatsizm mafkurasiga ergashib," Kostromada kamida 15 kishidan iborat ekstremistik jamoa tashkil etgan va unga rahbarlik qilgan. Ular 2024 yil iyunidan noyabrigacha kamida uch nafar mahalliy aholiga hujum qilishgan, deb ma’lum qildi Tergov qo‘mitasi.

9 dekabr kuni ertalab Anton eshik taqillashidan uyg‘onib ketdi. U tuynukdan qarash uchun yaqinlashdi, lekin taqillatayotganlar tuynukni qo‘llari bilan bekitib turishardi, hech narsa ko‘rinmasdi. "Bu FSB," deyishdi eshik ortidan.

"Men uyqusirab, bu hazil bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Biroz turdim, hazillashdim, ochmayman dedim. Oxir-oqibat ochdim va chindan ham avtomat ko‘targan odamlar kirib kelishdi," deb eslaydi u.

Xavfsizlik xizmati xodimlari Antonning uyida to‘rt soatcha bo‘lishdi, bu vaqtda ular uning onasini kutishdi. Onasi kenja qizini maktabga kuzatish uchun ketgan, xavfsizlik kuchlari esa voyaga yetganlarsiz tintuvni boshlashi mumkin emasdi – Anton hali voyaga yetmagan edi. Huquq-tartibot idoralari uning kompyuteri va telefonini olib qo‘yib, o‘zini so‘roqqa olib ketishdi.

Antonning fikricha, u qo‘lga olingan, chunki huquq-tartibot idoralari uni Kostroma natsist skinxedlari chatining sobiq a’zolari orasida topgan. Tergovchi so‘roq paytida unga o‘sha kuni yana to‘qqiz kishi hibsga olinganini aytdi. So‘roq o‘tkazilayotgan Tergov qo‘mitasi binosida u bir necha sobiq safdoshlarini ham uchratdi.

Tergovchilar savollari Made With Hate faoliyati bilan bog‘liq edi – "guruh qanday tashkil etilgan, men unda qancha vaqt bo‘lganman, nima qilishgan, nima uchun ketganman." So‘roqdan so‘ng u va boshqa hibsga olinganlar ekstremistik uyushma tuzish to‘g‘risidagi jinoyat ishi bo‘yicha guvoh sifatida qo‘yib yuborildi.

Bi-bi-si 16 noyabr kuni raketnitsa hujumidan keyin qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Tergov qo‘mitasiga so‘rov yubordi, biroq bu maqola e’lon qilingan paytda ham javob olmadi.

An’analarni tiklash

Kostroma voqealari ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, ammo aslida bu Rossiyadagi neonatsistlarning yangi to‘lqini jinoyatlarining bir misoli, xolos. O‘ta o‘nglar tomonidan sodir etilgan hujumlar soni so‘nggi yillarda yana o‘smoqda, garchi bungacha 10 yil davomida kamaygan bo‘lsa-da, raqamlar buni tasdiqlaydi.

O‘ng radikallar faoliyatini kuzatib boruvchi "Sova" (Rossiyada "chet el agenti" deb tan olingan) markazi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili o‘ta o‘ngchilarning hujumlari oqibatida 259 kishi jabrlangan, ulardan biri halok bo‘lgan. Bir yil avval tadqiqotchilar 123 nafar jabrlanuvchini qayd etgan edi.

Bunday hujumlar asosan voyaga yetmaganlar guruhlari tomonidan sodir etiladi, ularning ba’zilari 16 yoshga ham to‘lmagan. Ular muhojirlarga, tashqi ko‘rinishi slavyan bo‘lmagan shaxslarga, uysizlarga, mast holatdagi odamlarga, noodatiy ko‘rinishdagi yoshlarga va mafkuraviy raqiblarga hujum qilishadi.

Yangi natsist-skinxedlar, tadqiqotchilar yozishicha, "an’analarni va 2000 yillarda ishlab chiqilgan zo‘ravonlikning barcha turlarini" qayta tiklashga harakat qilmoqdalar.

"Barcha standart sxemalar va usullar qaytdi: soxta uchrashuvlar, "oq vagonlar," piplxeyting, uysizlarni tahqirlash," deydi "Sova" tadqiqotchisi Vera Alperovich.

Risunok, na kotorom izobrajeno izbienie cheloveka

Surat manbasi, BBC/Getty Images

Soxta uchrashuvlar Tesak va uning sheriklari tomonidan keng qo‘llanilgan – ular voyaga yetmaganlar nomidan pedofil deb hisoblanganlarga uchrashuvlar belgilab, keyin ularni kaltaklashgan. "Oq vagonlar" – 2000 yillarda rossiyalik natsist-skinxedlar orasida mashhur bo‘lgan poezdlarda mehmonlarga hujum qilish amaliyoti. Piplxeyterlik – o‘ta o‘ng mafkura bo‘lib, jamiyatni tozalash zarurligini ta’kidlaydi. Piplxeyterlar etnik kelib chiqishidan qat’i nazar, uysiz, mast yoki giyohvandlarga hujum qilishadi.

Zamonaviy o‘ta o‘ng qarashli o‘smirlar odamlarga hujum qilish tasvirlari kabi ko‘plab video kontentlarni tarqatmoqdalar. Alperovichning aytishicha, internet faolligiga va "shov-shuvga intilish"ga bo‘lgan ommaviy intilish ularni o‘tmishdoshlaridan ajratib turadi.

Natsistik sirk

"Shov-shuvga bo‘lgan chanqoqlik hozir har qachongidan ham ko‘proq muhim rol o‘ynamoqda, – deydi Alperovich, – Tesak bu ma’noda istisno edi va ko‘plab o‘ta o‘ng qarashli kishilar uni aynan shu uchun yoqtirmasdi – u qizg‘in kurashni ot sirkiga aylantirardi. Bugun esa sirk asosiy narsa bo‘lib qolgan, hech bo‘lmaganda shunday taassurot uyg‘onadi."

2000 yillardagi o‘ta o‘ng muhitda "shunchaki kimnidir do‘pposlashni yoqtiradigan" odamlar ko‘p edi, ammo baribir o‘sha paytda harakatning asosini g‘oyaviy neonatsistlar - "neonatsistik adabiyotni ko‘p o‘qigan va o‘z jurnallarini chiqargan mafkuraviy jihatdan pishgan odamlar" tashkil etardi.

Hozir Rossiyada natsist-skinxedlarning faolligi yana o‘sib bormoqda, ammo hozircha bu submadaniyat ibtidoiy holatda va hali siyosiy va mafkuraviy jihatdan xom: "Bular avvalgidek g‘oyaviy kurashchilar emas. Putin, urush, Amerika – bularning barchasi ular uchun juda murakkab. Mana, migrantlar bor – ularni kaltaklab, videosini olish kerak, shu xolos."

"2010 yillar o‘rtalarida o‘ta o‘ng harakat deyarli ildizi bilan yo‘q qilindi, – deydi Alperovich, – va shuning uchun [neonatsistlarning] yangi avlodi avvalgi avlodning tajribasini unchalik yaxshi bilmaydi, ular aslida qolmadi – kimdir Ukrainaga ketdi, kimdir vafot etdi, kimdir qamaldi, kimdir bomberini yechdi. Odamlar ketdi va hozirgi avlodning avvalgi avlod bilan aloqasi yo‘q."

Zamonaviy o‘ta o‘ng qarashli o‘smirlarning oldingi avlod bilan aloqasi faqat tarmoqdagi videolar va "internet shov-shuv" darajasida saqlanib qolgan, deydi Alperovich: "Bularning barchasi shu ko‘rinishda qayta tiklandi."

Uning fikriga neonatsistlar to‘dasining sobiq a’zosi Anton ham qo‘shiladi. Ularni sobiq safdoshlari bilan "nollardan [o‘ta o‘nglarning oldingi avlodi] qolgan har xil videolarni ko‘rish" ilhomlantirgan.

"Sen vahimali musiqa ostida yurgan skinxedlar videosini ko‘rasan. Va o‘ylaysan: men ham shunday bo‘lishni xohlayman," deydi Anton.

Zamonaviy o‘ta o‘ng qarashlilar o‘z o‘tmishdoshlarining kiyinish uslubini nollardan deyarli aynan nusxalashadi. "Bomberlar, og‘ir poyabzallar, kamuflyaj, oq bog‘ichlar," deydi Anton hozirda Kostromadagi radikal o‘ng qarashli yoshlar kiyadigan narsalarni sanab o‘tib. 2000-yillarda Rossiyadagi natsist skinxedlar shunday kiyinishgan va o‘z navbatida 1980-yillardagi Britaniya skinxedlari modasiga taqlid qilishgan.

2010 yillar oxiridan boshlab Rossiyada o‘ta o‘ng harakat asta-sekin jonlana boshladi, deydi Alperovich. Bunga, uning aytishicha, Rossiya rasmiylari va davlat ommaviy axborot vositalarining ksenofobik ritorikasi, shuningdek, "Rossiya jamiyatining umumiy militaristik yo‘nalishi" va nafaqat Rossiyada, balki undan tashqarida ham siyosiy kun tartibidagi o‘ngga burilish – masalan, Yevropa o‘ng populistlarining mashhurligi yoki AQShda Donald Trampning hokimiyatga kelishi yordam berdi.

Ammo Rossiyada o‘ng qarashli yoshlar faollashuviga 2020 yilda Chelyabinskdagi tergov hibsxonasida neonatsist Tesakning o‘limi katta turtki bo‘ldi.

"O‘ng va so‘l qarashli yoshlar bir-birlarini ismma-ism bilishadi"

Kostromalik 19 yoshli antifashist Yegorning aytishicha (u familiyasini ko‘rsatmaslikni so‘radi), Tesak o‘lgach, uning shaxsiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sig‘inish boshlandi va bu yerda ko‘plab odamlar shu ta’sir ostida o‘ng harakatga qo‘shila boshladilar.

Yegorning o‘zi o‘sha paytda "norasmiy harakatlarga chuqurlasha boshlagan" va shu munosabat bilan o‘ng radikal qarashlilar bilan ziddiyatlar yuzaga kela boshlagan. O‘shanda, 2020 yilda, ular "yalang‘och mushtda jang qilishga shay edi," deb eslaydi u. Uning tengdoshlari, "futbol fanatlarining eski o‘ng qarashli yigitlari" "bu borada halolroq" edi.

So‘nggi yillarda ularning o‘rniga o‘ng qarashli yoshlarning yangi avlodi – 16-17 yoshli o‘smirlar keldi, "ulardan ham yoshroqlari bor edi," ular "shaharda tartibsizlikni boshladilar," deb hikoya qiladi Yegor: "Ular tashqi ko‘rinishi, e’tiqodi uchun to‘da bo‘lib kimgadir tashlanishar edi. Masalan, noodatiylar va ularga javob qaytara olmaydigan har xil odamlarga."

Oxir-oqibat, davom etadi u, "ular turli xil otish moslamalari – raketnitsalar yoki qalampirli ballonlardan foydalanadigan darajaga tushishdi."

Kostroma – kichkina shahar, bu yerdagi o‘ng va so‘l qarashli yoshlar bir-birlarining ismlarini bilishadi, Yegor shunday hikoya qiladi: "Sizlar yo bitta kollejda o‘qiysizlar, yoki umumiy do‘stlaringiz va tanishlaringiz bor. Ya’ni, baribir qandaydir tarzda to‘qnashasiz va bir-biringizni taniysiz."

"Kostromada o‘quv yurtlari unchalik ko‘p emas va ularning deyarli barchasida o‘ng qarashli talabalar o‘qiydi, – deb davom etadi u, – Ammo kollejlar go‘yoki neytral hudud. Ular bizni ko‘rishadi, biz ularni ko‘ramiz, lekin u yerda ular janjal chiqarishga jur’at etishmaydi. Bu internetda yoki ko‘chada sodir bo‘ladi."

Shuning uchun, Yegor tushuntirishicha, Anton a’zo bo‘lgan to‘da antifashistlar e’tiborida edi. Ularning faoliyatiga misol sifatida u "Rus milliy birligi" (RMB) mahalliy yacheykasi yig‘ilishlariga qatnashganini ham keltiradi. Bu 1990-yillardagi mashhur rus neofashistik tashkiloti bo‘lib, hozirda uning nomi ostida Rossiyaning ko‘plab shaharlarida yacheykalar faoliyat yuritmoqda (RMBning Ryazan va Omsk viloyatlaridagi, shuningdek, Tataristondagi bo‘linmalari ekstremistik deb tan olingan va Rossiyada taqiqlangan). Ular Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlaydi va rossiyalik harbiylarni olqishlash uchun tadbirlar o‘tkazadi. RMBning ba’zi a’zolari 2014 yildan beri Donbassda jang qilmoqda.

Shu bilan birga, shahardagi neonatsist o‘smirlar to‘dasi, chamasi, urushni qo‘llab-quvvatlamagan. Ular Kostromada qoldirgan graffitilar orasida "Rossiyaga ozodlik, Ukrainaga tinchlik" degan yozuv bor edi. O‘smirlarning yopiq Telegram kanalida Ukrainadan kelgan odamlar bor edi va Buxenvald atrofdagilarga urushning ma’nosizligini "slavyanlar slavyanlarni o‘ldirmoqda" deya tushuntirardi.

antivoennaya nadpisь v Kostrome

"Ularning barchasi shunchaki aqldan ozgan, – deb tushuntiradi antifashist Yegor, urushga qarshi o‘smirlar nima uchun urushni qo‘llab-quvvatlovchi RMB yig‘ilishlariga borishgani haqida, – ularning miyasida hammasi aralash-quralash. Kostromada Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydigan o‘ngchi kattalar yo‘q. Shuning uchun ular bularga qo‘shilib olishgan."

Antonning eslashicha, ular RMBdagi kattalar bilan birga "shaharni patrul qilish" va tartibni nazorat qilish uchun borishgan. "VKontakte"dagi RMB Kostroma yacheykasi guruhidagi videolardan birida uning faollari ko‘chada mahalliy aholiga yaqinlashib, "shahardagi muhojirlarning ko‘payib ketishi" haqida nima deb o‘ylashlarini so‘ragani ko‘rsatilgan. Ularning "etnik jinoyat qurbonlari" xotirasiga gul qo‘yish tadbiridan olingan fotosuratda esa Yegor Made With Hate ishtirokchilaridan birini tanib qolgan.

TikTok neonatsistlari

O‘smirlar orasida o‘ta o‘ng fikrlarni tarqatishda hozirda TikTok muhim rol o‘ynamoqda. "Ko‘pchilik undan ma’lumot oladi, hozir u yerda bunday narsalar juda ko‘p," deydi sobiq neonatsist Anton.

Rossiya TikTok segmentida haqiqatan ham o‘ngchi mavzudagi ko‘plab videolarni topish mumkin. Ko‘pincha ular o‘tgan yillardagi taniqli o‘ta o‘ngchi shaxslarga bag‘ishlangan. Masalan, natsist-skinxedlar Dmitriy Borovikov ("Kisliy") va Aleksey Voevodin, "Jangovar terrorchilik tashkiloti" (JTT) yetakchilari, o‘ndan ortiq qotillikni sodir etgan eng qonxo‘r neonatsist to‘dalaridan biri. Rossiyada JTT terrorchilik tashkiloti deb tan olingan va taqiqlangan.

2006 yilda Sankt-Peterburgda hibsga olish paytida xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan 21 yoshli Borovikov va umrbod qamoqqa hukm qilingan Voevodin an’anaviy ravishda o‘ta o‘ngchilar orasida mashhur shaxslar edi va TikTok'da ular qahramonlashtirilmoqda.

O‘smirlar Borovikovning qabriga gul qo‘yganlari, uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklaganlari haqida video suratga olishmoqda, uning arxiv tasvirlarini chop etishmoqda. Ba’zi videolarda neonatsistlarning insoniyatga qarshi mafkurasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishora qilinmaydi, aksincha, masalan, ularga bo‘lgan muhabbat e’tiroflari bor.

risunok mogilы Tesaka

Surat manbasi, BBC/Getty images

Neonatsist Tesak o‘ngchi o‘smirlar orasida yana bir mashhur shaxs. U qamoqxonada o‘zini o‘ldirganiga shubha bilan qarashadi.

Tesak haqida nafaqat TikTok'lar e’lon qilinadi, balki uning faoliyatidan ham ko‘p narsa o‘zlashtirilgan. Soxta uchrashuvlar uyushtirish va kaltaklash, muhojirlar, uysizlar, gomoseksuallar va neonatsistlar pedofil deb hisoblagan odamlarga hujum qilish, bu hujumlarni suratga olish va internetda e’lon qilish – bularning barchasi Tesak va uning sheriklari tomonidan tashkil etilgan "Format18" (Rossiyada ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan va taqiqlangan) va "Restrukt" harakatlari doirasida 2000-2010 yillarda amalga oshirilgan.

Shunga o‘xshash uslublar hozir ham qo‘llanmoqda, faqat hujumlar videolari asosan Telegram'dagi yopiq kanallarda joylashtirilmoqda. Eng yirik kanallardan biri – «"Qo‘llar yuqoriga" qishloq klubi» hozirda 22 mingdan ortiq obunachiga ega.

"Bizning Kostroma skinxedlarimiz orasida bu juda mashhur kanal, ular uni kuzatishadi, nimadandir ilhomlanishadi," deydi Anton.

"Qishloq klubi" kanal ma’murlariga obunachilari yuborgan hujumlar videolarini, Adolf Gitlerning tug‘ilgan kuni bilan tabriklarni, hibsga olingan sheriklari uchun pul yig‘ish e’lonlarini joylashtirmoqda. Ba’zida kanal reklamasi TikTok'da ham ko‘rinib qoladi.

"Mening "Qishloq klubi"da uchta aktsiyam bor," deb maqtanadi foydalanuvchilardan biri shunday videoga izoh qoldirib. TikTok'da ham ba’zan hujumlar aks etgan videolar e’lon qilinadi, lekin Telegram bilan solishtirganda ular unchalik ko‘p emas. Shuningdek, qanday qilib hujum qilish, qanday qilib yashirin kelishuvga rioya qilish va kuzatuv kameralaridan yashirinish kerakligi haqida videolar ham uchraydi.

"Qishloq klubi"ning so‘nggi xabarlaridan biri – o‘tgan yil oxirida qamoqqa olingan, hozirda ekstremizm hamda terrorchilik tashkilotida ishtirok etishda ayblanayotgan 16 yoshli o‘smir – "Razgrom" nomli kanal administratorining sud majlisiga kelish chaqirig‘i.

RTVi xabar berganidek, "Razgrom" administratoriga so‘nggi ayb, u rossiyalik targ‘ibotchilar Margarita Simonyan va Vladimir Solovyovga suiqasd tayyorlash ishi bo‘yicha sudlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgani uchun qo‘yilgan. Tergov sudlanuvchilarni NS/WP ultra-o‘ng tashkiloti (Rossiyada terrorchi deb tan olingan va taqiqlangan) bilan aloqador deb hisoblayapti.

NS/WP (Natsional Sotsializm/Oq Irq Hukmronligi) – ultra-o‘nglar orasida eski va taniqli nom. Rossiya hokimiyati buni xalqaro harakat deb biladi, 2021 yilda Rossiya sudi NS/WPni terrorchi tashkilot deb taqiqladi. Aslida esa, bu qisqartmani turli davrlarda ko‘plab ultra-o‘ng guruhlar ishlatgan. Hozir bu heshteg ostida Telegram'da ham, TikTok'da ham tez-tez videolar chiqmoqda. "TikTok'da hozir NS/WP targ‘iboti ayniqsa ko‘p," deydi Anton.

"Huquq-tartibot idoralari zo‘ravonlik o‘sishi ortidan ulgurmayaptilar"

"Sova" markazi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Rossiyada ultra-o‘ngchilar ko‘proq ta’qib qilinmoqda.

Markaz Bi-bi-si bilan nafratga asoslangan zo‘ravon jinoyatlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari statistikasini bo‘lishdi. 2022 yilda – 15 kishiga qarshi 11 ta ish, 2023 yilda – 29 kishiga qarshi 18 ta ish, 2024 yilda ham 18 ta ish, ammo ayblanuvchilar soni ikki barobar ko‘p – 57 kishi. 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida hozircha 15 kishiga qarshi sakkizta ish ma’lum.

"Vaqti-vaqti bilan ultra-o‘ngchilarning chat va kanallaridan biror faolga yoki hatto faollar guruhiga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va ular hibsga olingani haqida bilib turdik, – deydi Alperovich. – Biroq huquq-tartibot tizimi buni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilmadi, chamasi, Rossiyada natsist-skinxedlar mavjudligiga e’tibor tortmaslikka urinib. Rossiya hukumati esa ular faqat Ukrainada borligini ta’kidlayapti."

Zamonaviy ultra-o‘ng o‘smirlarning oldingilardan asosiy farqi shundaki, ular hali 2000-yillardagi neonatsistlar darajasida shafqatsiz emas, deydi Alperovich: "Bu Borovikov-Voevodin guruhlari emas, ularning qo‘llari tirsakkacha qonga botgan edi."

"Ammo zo‘ravonlikning kuchayishi ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lmoqda, – davom etadi u. – Yaqinda, 2023 yil kuzida biz qayd etgan zo‘ravonlik holatlarining aksariyatini gaz ballonchasi bilan hujumlar tashkil etardi. Hozir faqat balloncha bilan kamdan-kam hujum qilishmoqda, qurbonlar bir necha marta zarba ham olishmoqda. Qotilliklar ham, "bolg‘achilar" ham paydo bo‘ldi (o‘nglar orasida bolg‘a hujum quroli sifatida mashhur bo‘lgan va shunday qolmoqda – Bi-bi-si). Ammo hali ular yugurib kelib 18 marta pichoq urishigacha yetib bormadik."

Yosh neonatsistlar soni nafaqat Rossiyada, balki bu xalqaro tendentsiya, deydi Britaniyaning Northempton universiteti radikalizm va ekstremizm tarixi professori Pol Jekson. "Ijtimoiy tarmoqlarning kuchi o‘ta o‘ng maydoniga yangi va kuchli dinamika berdi. Ayniqsa Telegram kabi kam nazorat qilinadigan onlayn platformalar mashhur."

Neonatsistik jinoyat sodir etuvchilarning yoshi ham pasaymoqda. Britaniyada so‘nggi yillarda ultra-o‘ng terrorchilik uchun qamoqqa olingan eng yosh shaxs 13 yoshli bola bo‘ldi, deb ta’kidlaydi Oslo universiteti Ekstremizm tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Grem Maklin.

"Menimcha, o‘smirlar orasida ultra-o‘ng g‘oyalar jozibadorligi qisman neonatsist onlayn makonlari o‘ziga xos vizual estetikani yaratgani bilan bog‘liq. Bu, shubhasiz, ekstremal yoki "keskin" kontent izlayotganlarni o‘ziga jalb qiladi," deydi u.

"Yoshlar ba’zan jamiyatda maqsad yo‘qligini his qiladi va o‘z noroziliklariga ekstremistik kontentdan javob topadi, – deb qo‘shimcha qiladi Jekson. – Bundan tashqari, odamlar bu ekstremistik maydonlarda boshqa joylarda topolmaydigan umumiylik tuyg‘usini topishi mumkin."

"Zamonaviy va zo‘r"

Hozirda Kostromadagi raketnitsa bilan hujum bo‘yicha jinoyat ishining ikkala aybdori ham tergov hibsxonasida. Bu ish va Made With Hate a’zolari tintuv qilingani mahalliy o‘ngchilar muhitini buzmadi, aksincha shaharda o‘ngchilar soni oshdi, deydi Anton.

"So‘nggi ikki oy ichida shunchalik ko‘p yangi yigitlar paydo bo‘ldiki, ko‘chada yurib hech kimni tanimayman, – deydi u. – Bir yil oldin o‘ng harakatda men bilan birga 15 kishi bo‘lgan bo‘lsa, hozir 40-50 kishi bo‘lsa kerak."

Antonning aytishicha, asosan 14-19 yoshli o‘smirlar haqida gap ketmoqda. Uning fikricha, ultra-o‘ng submadaniyat ommalashuviga internet - Telegram va TikTok kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. "Ularning hech biri hech narsani tushunmaydi va ular uchun asosiy adabiyot TikTok bo‘lgani uchun, taqlid qiladigan namunalari, ehtimol, Kisliy va Voevodin bo‘lsa kerak," deb hisoblaydi u.

O‘smirlar o‘nglarga qo‘shilmoqda, chunki hozir "bu zamonaviy va zo‘r," deydi antifashist Yegor: "Ko‘pchilik o‘zlariga zo‘r yigit imijini yaratish uchun bunga qo‘shilishni xohlaydi. Xuddi shunday kiyina boshlaydi, hamma shu to‘dalarga qo‘shilib ketadi. Tengdoshlari oldida o‘zlarini o‘ng skinxedlar va futbol bezorilari sifatida ko‘rsata boshlaydilar."

Chelovek v beysbolke i sharfe futbolnogo kluba, zakrыvayuщem pol-litsa, v agressivnoy poze

Surat manbasi, BBC/Getty Images

Boshqa o‘ng skinxedlar davrasida bunday o‘smirlar o‘zlarini "himoyalangan va zo‘r his qilishadi, chunki ular ko‘pchilik," deb hisoblaydi Yegor. Boshqa tengdoshlari "ehtimol, ularni shunday qabul qilishadi" va "ehtimol, hatto xavfli deb o‘ylashadi," "katta yoshli odamlar esa ularni shunchaki ko‘rmaydi."

Kostromada "Buxenvald o‘rniga kelgan" yangi o‘ng o‘smirlar endi "uchrashganda o‘zlarini natsistlar deb aytmaydilar." "Qo‘rqishadi va shunchaki futbol fanatlari ekanliklarini aytishadi," deya davom etadi Yegor va ular antifashistlar kaltaklamasligi uchun shunday javob berishayotganini tan oladi.

Yegorning aytishicha, o‘ta o‘nglar kabi, ko‘chalarda 16-19 yoshli antifashistlar ham janjallashadi, ularning antifashistik muhitdagi katta yoshli o‘rtoqlari esa zo‘ravonlikda ishtirok etmaydi – ular boshqa antifashistik aktsiyalar yoki musiqiy tadbirlarda uchrashib turishadi.

Anton neonatsistlar guruhidan ketganidan so‘ng, "o‘zining oddiy do‘stlari" bilan muloqot qilishni davom ettirdi va antifashistlar bilan biroz aloqada bo‘la boshladi. "Made With Hate" ishi bo‘yicha tintuv va so‘roqdan so‘ng, u o‘qigan kollejda Yegorning do‘stiga – u ham antifashist edi – o‘z tarixini aytib berdi – "bu paytga kelib u neonatsist bo‘lmasa-da, qanday qilib ularga qo‘shilib qolganini" Yegor eslaydi. Anton pank-rokka qiziqa boshladi va shuning uchun antifashistlar bir marta unga o‘zlari bilan Ivanovoga pank-kontsertga borishni taklif qilishdi.

"U endi o‘ng emas va pank-rokka qo‘shilishni xohlaydi, shuning uchun uni chaqirishga qaror qildik. U keldi, musiqa tingladi va ketdi. Hech kim u bilan do‘stlashishga harakat qilmadi," deydi Yegor.

"Zo‘r yigitlar, yozda nega bir-birimizni urganimizni bilmayman, – deydi Anton, – Aslida kulgili holat. Yozda bir-birimizga musht tushirardik, qishda esa pank-kontsertda birga raqsga tushamiz."

"Erkakcha tanlov"

Aprel oyi oxirida Anton Bi-bi-siga javob berishni to‘xtatdi. "U maxsus harbiy operatsiyaga ketdi," dedi Yegor va Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganini qo‘shimcha qildi. Yegor Antonning maqsadi haqida shunday deydi: "U katta bo‘lishni xohlashini va oilada hamma harbiy ekanligini aytdi. Yana allaqanday safsata gaplar."

Yegor so‘nggi paytlarda Anton bilan deyarli gaplashmay qo‘ygandi, lekin yaqinda uni avtobusda uchratib, tushuntirishga harakat qildi: "Men undan [shartnomali xizmat] nima uchun kerakligini so‘radim. Unga ahmoqlik qilmasligini maslahat berdim. Lekin u kech bo‘lganini aytdi."

Yegorning aytishicha, Buxenvald va uning urushga qarshi guruhi Kostromaning ultra-o‘ng muhiti uchun istisno edi. Hozir shahardagi barcha o‘ng yoshlar asosan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlamoqda: "Ulardan ba’zilari hatto Anton bilan birga borishni xohlashadi. Qolganlari esa biz o‘zimiznikilar, Rossiya tarafdorimiz, deyishadi."

May oyi o‘rtalarida Anton yana Bi-bi-si bilan aloqaga chiqdi. Uning aytishicha, u harbiy xizmatni o‘tamagan va Mudofaa vazirligi bilan "asosan faqat otasi harbiy bo‘lgani uchun" shartnoma tuzgan.

"Qolgan narsalarga aralashmadim," deya qo‘shimcha qildi u.

Antonning otasi, Chechenistondagi urush faxriysi, o‘g‘li sakkiz yoshga to‘lganida baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan. U urush haqida kam gapirdi, "faqat bu qo‘rqinchli," deb eslaydi Anton. Uning urushga ketish qarori tufayli onasi "juda xafa bo‘ldi, ammo bu erkaklar tanlovi ekanligini aytdi."

"Men kimningdir g‘oyalarini himoya qilish uchun bormaganman, – deydi Anton, – Har doim ekstrimni yaxshi ko‘rganman. O‘ldirsalar o‘ldirar."

Maqolani tayyorlashda surishtiruv bo‘limi ishtirok etgan

Muharrir Anastasiya Lotareva (Rossiya rasmiylari Anastasiyani "xorijiy agentlar" reestriga kiritgan. Bi-bi-si ushbu qarorga mutlaqo qarshi va qaror ustidan mahkamaga murojaat qilgan)

Getty Images fotolaridan foydalanilgan