Angliya migrantlar uchun ingliz tili talabini kuchaytirayapti

Britaniya aeroportidagi pasport nazoratidan o‘tishni kutib navbatda turgan yo‘lovchilar.

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 4 daq

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi hukumati joriy etgan yangi tartibga ko‘ra, Birlashgan Qirollikka kelayotgan ayrim migrantlardan ingliz tilida A-level - Ilg‘or daraja standartida gaplasha olish talab etiladi.

Ushbu o‘zgarishlar 2026 yil 8 yanvaridan kuchga kiradi va shiddat bilan o‘sib borayotgan biznes sohalarida ishlashni xohlaydigan o‘rta ma’lumotli, malakali ishchi vizasiga hujjat topshiradigan xorijliklarga taalluqli bo‘ladi.

Yangi tartib Britaniya hukumatining 2025 yil mayida e’lon qilgan Birlashgan Qirollikka kelayotgan muhojirlar oqimini kamaytirish maqsadidagi katta rejasining tarkibiy qismi hisoblanadi.

Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud bu haqda shunday dedi: "Agar siz bu mamlakatga kelayotgan bo‘lsangiz, bizning tilimizni o‘rganishingiz va o‘z rolingizni o‘ynashingiz shart".

"Bu mamlakat har doim bu yerga kelayotgan va o‘z ulushini qo‘shayotganlarni olqishlagan. Ammo migrantlarning bu yerga bizning tilimizni o‘rganmasdan kelishlari va bizning milliy hayotimizga hissa qo‘sholmasliklari qabul qilib bo‘lmasdir", dedi Ichki ishlar vaziri.

Viza uchun hujjat topshirganlarning ingliz tilini gapirish, tinglash, o‘qish va yozish borasidagi bilimi Britaniya Ichki ishlar vazirligi ma’qullagan tashkilotlar tomonidan imtihon qilinadi va bu imtihon natijalari viza jarayoni payti tekshiriladi.

Birlashgan Qirollikning Skilled worker, Scale-up hamda High potential individual (HPI) deb nomlanadigan vizalari uchun hujjt topshirayotganlardan ingliz tilining B2 level darajasi talab qilinadi.

Ayni paytda bu talab B1 darajasida.

Butun dunyo bo‘ylab ingliz tili kurslarini tashkillashtirgan Britaniya Kengashi - British Councilga ko‘ra, ingliz tilini B2 darajasida biladiganlar "aniq va abstrakt mavzulardagi murakkab matnlardagi asosiy g‘oyani tushunadigan" bo‘ladilar, tilda to‘liq muloqot qiloladilar, inglizzabon insonlar bilan erkin so‘zlasha oladilar.

Britaniya rasmiylariga ko‘ra, ushbu yangi tartib immigratsiya tizimini "nazoratga olingan, tanlangan va adolatli" qiladi.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, ushbu choralar Birlashgan Qirollikka kelayotgan insonlarning sonini yiliga 100 minggacha kamaytirishi mumkin.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yili mamlakatga kelgan va mamlakatni doimiyga tark etganlarni ayirib tashlaganidan keyingi raqam 431 mingni tashkil etgan.

Bu ko‘rsatkich 2023 yil eng rekord darajaga yetib, 906 mingni tashkil etgan edi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Oksford Universiteti qoshidagi Migratsiyani kuzatish markazi direktori doktor Madeleyn Sampshn aytishicha, bugungi kunda Britaniya hukumati "migrantlar yaxshi ingliz tilida gapira olishi" bilan "ish beruvchilar iqtisodiy foyda keltiradigan ishchilarni yollash imkoniga ega bo‘lishi" o‘rtasidagi "muvozanat" muammosiga duch kelmoqda.

Doktor Sampshn so‘zlariga ko‘ra, Britaniyadagi ko‘pgina oliy ma’lumot talab qiladigan ish o‘rinlari allaqachon A-level (o‘rta ta’limdan keyingi bosqich) darajasidan yuqori til ko‘nikmalarini talab qiladi.

Yangi til talablari "texnik va qo‘l mehnati bilan bog‘liq o‘rta malakali ishlarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi, chunki bunday sohalarda ish beruvchilar ba’zan yuqori til darajasini talab qilmaydilar", dedi u.

Immigratsiya bo‘yicha advokat Afsona Axtar Bi-bi-siga aytishicha, migrantlardan bunday yuqori darajadagi ingliz tilini talab qilish "insofsizlik"dir, chunki "Buyuk Britaniyaning o‘zida ham ko‘pchilik A-level imtihonini topshira olmasligi mumkin".

"Bu hatto Britaniya iqtisodiga hissa qo‘shmoqchi bo‘lgan malakali ishchilarni ham chetlatadi", deydi u.

"GCSE (o‘rta maktab) darajasi yetarli — keyin ular bu yerda yashab, Angliya jamiyatiga moslashar ekanlar, ingliz tillari tabiiy ravishda yaxshilanib boradi", deydi advokat.

Hukumatning immigratsiyani tartibga solish rasmiy siyosat hujjati doirasidagi boshqa choralar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Xalqaro talabalar uchun o‘qish tugaganidan so‘ng Britaniyada ish topish uchun qolish muddati 2 yildan 18 oyga qisqartiriladi (2027 yil yanvardan amalga kiritiladi).

Talabalar uchun moliyaviy talablar oshiriladi: Londondan tashqarida bir oylik talab 1136 funt sterlingdan £1171 gacha ko‘tariladi (to 9 oygacha).

Texnologiya, san’at va ilm-fan sohalaridagi yuqori yutuqlarga ega shaxslar uchun mo‘ljallangan Global Talent vizasi yanada kengaytirilib, yanada nufuzli mukofotlar sohiblarini ham qamrab oladi.

Britaniya ish beruvchilari tomonidan chet ellik ishchilarni homiylik qilishda to‘lanadigan "immigration skills charge" ham oshiriladi: kichik tashkilotlar yoki xayriya jamg‘armalari uchun har bir kishi uchun yiliga £480, o‘rta va yirik tashkilotlar uchun £1320 to‘lash talab qilinadi.

Avval ushbu viza to‘lovlari £364 va £1000 edi.

Yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida HPI vizasi kengaytiriladi.

Bu viza bo‘yicha migrantlar soni 2000 dan 4000 gacha oshiriladi, ammo jamai yillik arizalar soni 8000 ta bilan cheklanadi.

A-Level nima?

A-Level — bu Buyuk Britaniyadagi o‘rta ta’limdan keyingi bosqichdagi ta’lim darajasi bo‘lib, universitetga kirish uchun tayyorgarlik sifatida xizmat qiladi.

Bu "Advanced Level" degan so‘zning qisqartmasi.

Britaniya maktablari o‘quvchilari agar kelajakda kasb-hunar o‘rganishga emas, oliy o‘quv yurtida tahsil olishni maqsad qilsalar, 16 yoshdan 18 yoshgacha 2 yil davomida A-Levelni o‘qishadi.

Ular odatda uch yoki to‘rtta fanni tanlab, shu fanlar bo‘yicha chuqur bilim olishadi.

A-Level natijalari asosida talabalar universitetlarga qabul qilinadi.

Misol uchun, kimdir A-Levelda matematika, fizika va kimyo fanlarini o‘qib, yaxshi baholar olsa, u Britaniyadagi muhandislik fakultetlariga kirishi mumkin.

A-Level darajasi oliy ta’limga kirish uchun asosiy talab hisoblanadi.

Shuning uchun, hukumat A-Level darajasida ingliz tili bilishni talab qilsa, bu juda yuqori talab hisoblanadi — hatto ba’zi britaniyaliklar ham bu darajada imtihon topshira olmasligi mumkin.

Yangi til talabi o‘zbekistonliklarga ta’sir qiladimi?

Bir necha yillardan buyon o‘zbekistonliklar Angliyadagi mavsumiy ishlarga oldingidan ham ko‘proq jalb qilinayapti, bunga O‘zbekiston Migratsiya agentligi ham bosh qo‘shayapti.

O‘zbekistonliklar Buyuk Britaniyaga fermalarda ishlashga kelishlari uchun ulardan Seasonal Worker visa (Temporary Work) vizasi talab qilinadi.

Seasonal Worker visa (Temporary Work) vizasiga ariza topshirishda ingliz tili imtihoni yoki sertifikati talab qilinmaydi.

Rasmiy talablarga ko‘ra, mavsumiy ish vizasi uchun asosiy talablar:

18 yoshdan katta bo‘lish;

Litsenziyalangan ish beruvchi tomonidan berilgan Certificate of Sponsorship (CoS) ga ega bo‘lish;

Yetarli moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lish (odatda £1,270);

Biometrik ma’lumotlar va tuberkulyoz testini topshirish.