“Angliya fermasiga ish taklif qilishyapti – shu soxta kompaniya emasmikan, bilib bering” – kichik surishtiruvni siz ham qila olasiz

Angliyadagi qulupnaylarni o'zbek qo'llari teryapti.
Сурат тагсўзи, Angliyadagi qulupnaylarni o'zbek qo'llari teryapti.
    • Author, Ibrat Safo
    • Role, BBC Uzbek, London

"Jiyanim shu firma orqali Angliyaga ishga topshirgan ekan. Bilib bering, bu haqiqiy firma ekanmi?" - deb yozdi bir do'stim O'zbekistondan.

Bu kabi so'rovlar men uchun odatiy holga aylandi. Lekin, ularning barining orqasidan tushishga imkonim yo'q - birinchidan, Angliyada ish taklif qilib muhojirlarni aldayotgan o'rtakash agentliklar soni yomg'irdan keyingi qo'ziqorindek oshyapti, ikkinchidan esa, ularning barini aniqlashga jismonan kuch yo vaqtim yetmaydi.

Aloqador mavzular:

Do'stimning jiyanini Toshkentda kimdir Telegram orqali "Work-Force LTD" bilan tanishtirgan. Bu kompaniya unga allaqachon shartnoma yo'llabdi. U shartnoma nusxasida kompaniya direktori "Maria Berlusini" ekani aytilgan. Hatto imzosi ham bor. O'zi esa internetdan topilmadi.

Ism ostidagi telefon raqamiga sim qoqaman. Javob yo'q. Yana uch marta sim qoqishim ortidan, qon'g'rioqning avtomatik javob mashinasi boshqa firmaning nomini beradi.

Shartnoma nusxasida bu kompaniya Angliya janubidagi Bournemouth shahrida ekani aytilgan.

Angliyada barcha xususiy va jamoatchilik kompaniyalari hukumatning "Companies House" saytida ro'yxatdan o'tishlari kerak. Lekin, saytdan izlasam, unda "Work-Force LTD" yo'q. Nomi o'xshash ikki boshqa kompaniya chiqdi - lekin, biri yopilgan, ikkinchisi esa Londonda va Maria Berlusini ismli direktori yo'q.

Davom etaman.

Shartnomada ishchiga Angliyadagi "Sandfields Farms" nomli fermada qishloq xo'jaliklari sohasida ishlash va'da qilingan.

Angliyada fermalarning deyarli barining, ayniqsa xorijiy ishchilarni ishga jalb qiluvchi fermalarning o'z sayti bor. Ferma nomini Google qidiruv saytiga yozish qiyin ish emas.

PA Media

Сурат манбаси, PA Media

Сурат тагсўзи, Britaniya hukumati mavsumiy ishchilar uchun 45 000 viza ajratgan.

"Sandfields Farms"ning saytiga kiraman. www.gs-fresh.com/sandfields-farms saytida kontakt raqamlaridan tortib, sakkiz xodimi bilan bog'lanish imkoni berilgan.

Qong'irog'imga Kadrlar bo'limining xodimi javob berdi. Aytishicha, uning fermasi hech qanday "Work-Force LTD" yo "Maria Berlusini" bilan hamkorlik qilmaydi.

"Katta ehtimol bilan, bu yo firibgarlar, yo ortiqcha pul so'raydigan o'rtakashlar. Biz rasmiy hamkorlarimiz bilan ishlaymiz faqat, ular ortiqcha to'lov so'ramaydi - ishchi faqat o'z vizasi va avia chiptasi uchun pul sarflaydi", - deydi.

Xodim mendan qo'limdagi shartnoma nusxasini unga yuborishimni iltimos qildi va o'z kompaniyasining "ahloqiy xodimlari" bu holatni chuqurroq o'rganishlarini aytdi.

Sizdan ugina, bizdan bugina. "Rasmiy hamkorlaringiz kimlar? Menga bersangiz, potentsial ischilarga uzatardim", - deyman.

Xodim e-mailimni olib, darhol o'z hamkorlari kontakt detallarini yo'lladi. Ular ishchilarni faqat Angliyadagi "Concordia" kompaniyasi orqali olar ekanlar. Sayti: https://www.concordia.org.uk/seasonal-work O'zbekistonda esa ularning agentligi CSPA deb nomlanadi. Uning Ukrainadan yuritiluvchi sayti: https://cspa.com.ua/uk/#.

Bu shunchaki bir misol edi. O'zbekistondan ishchilarni qonuniy olib kelayotgan boshqa firmalar ham bor. Men faqat o'zim izidan tushganim haqida yozdim.

Qulupnay supermarket rastalariga barvaqt yetib borishi uchun ishchilar soat tongi 4:00 uyg'onib ish boshlaydilar.

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Qulupnay supermarket rastalariga barvaqt yetib borishi uchun ishchilar soat tongi 4:00 uyg'onib ish boshlaydilar.

Demak, sizga Angliyada ish taklif qilayotgan kompaniya Angliya kompaniyasi ekanini aytayotgan bo'lsa, albatta "Companies House" saytidan tekshirib ko'ring. Shartnoma nusxasida esa odatda fermaning nomi beriladi, shu ferma bilan bog'lanib haqiqatdan ham u kompaniya bilan hamkorlik qilishi yo qilmasligini so'rang. Ingliz tilini bilmasangiz, saytdagi e-mail adresiga xat yozing - Google Translate saytida xatingizni o'zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qila olasiz.

Bu kabi surishtiruvga ko'p vaqt yo energiya ketmaydi. Lekin, soxta kompaniyaga pul yuborib, aldanib qolsangiz, anchagina pulingizdan ayrilasiz.

Shu kunlarda Toshkentdan Londonga uchish uchun aeroportda navbatda turar ekanman, yo'lovchilarning kamida 30 foizi yosh yigitlar ekanini ilg'adim. To'rt kishidan tashkil topgan guruh bilan uchoqqa eltuvchi avtobusda yonma-yon turib qoldik. Qani bilay-chi, fermaga ketishmayotgan ekanmi?

"Ishgami, o'qishgami?" - deb so'rayman.

"Ne ponimayu", - deydi yigitlardan biri rus tilida, xijolat bo'lib. Tushunmayman, deyapti.

Bilsam, ular tojikistonliklar ekan. Ruschaga o'tdik. "Kent viloyatiga qulupnay tergani ketyapmiz olti oyga. Bu ikkinchi safarimiz, o'tgan yil ham olti oyga borib keldik", - deydi.

- Qaysi kompaniya orqali?

- Concordia.

"E-ha, eshitganman", - deyman men. Bir hafta avvalgina do'stim uchun qilgan surishtiruvimni eslab.

Yigitning aytishicha, ishdan mamnun. Olti oyda 10 ming dollar ishlabdi. Ba'zilar 13 ming do'llargacha ishlab qaytishdi, deydi.

Bu olti oylik mehnat uchun ko'pmi, kammi - buni har kim o'zi uchun hal qiladi. Uning ustiga, uchoqqa yetib ham keldik.

https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002