Prezident Mirziyoyev Xitoy nashriga yozgan maqolasida ShHTning jahon yangi tartibidagi o‘rnini baholadi

Surat manbasi, president.uz
Xitoy tashrifi sabab O‘zbekistonda mustaqillik bayrami rasmiy tadbirlari muddatidan oldin o‘tmoqda. Shavkat Mirziyoyev Shanxay Hamkorlik Tashkiloti dunyoning yangi tartibotida muhim model bo‘lishini e’tirof etdi.
Mustaqillikning 34 yilligini nishonlayotgan O‘zbekiston tarixida an’anaga zid ravishda bayramning rasmiy tadbirlari muddatidan oldin o‘tmoqda.
Prezident Mirziyoyev rasmiy sanadan ikki kun oldin Toshkentdagi Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi hamda "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishishga ham ulgurgan Mirziyoyev, kechga borib mamlakat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida ishtirok etdi.
Shavkat Mirziyoyevning odatda 31 avgust kuni amalga oshadigan tartibining 2 kun oldinga surilishiga sabab Xitoyda o‘tadigan ShHT sammiti.
Xitoy bu sammitga o‘zgacha ruhda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Pandemiyadan so‘ng ilk bor ShHT sammitida 21 nafar prezident qatnashadi. Sammit so‘nggida Xitoy harbiy parad o‘tkazib, tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlat rahbarlari ko‘z o‘ngida o‘zining harbiy salohiyatini namoyish qilishi kutilmoqda.
Xitoy harbiy paradni Yaponiya ishg‘olidan ozod bo‘lish va Ikkinchi jahon urushining tugashi sanasi bilan bog‘lamoqda.
31 avgust va 1 sentyabr kuni Tyantszinga tashrif buyuradigan davlat rahbarlari orasida O‘zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor.
Prezident Mirziyoyev Pekinda o‘tadigan Shanxay Hamkorlik tashkiloti sammitidan oldin Xitoy nashriga katta maqola yozdi va tashkilotni yangi dunyo tartibotidagi muqobil struktura ekanligini ta’kidladi.
Xitoy hukumatining yirik nashri China Daily ga prezident yozgan maqolaga "O‘zbekiston va ShHT: global tinchlik va farovonlik yo‘lidagi hamkorlik" deb sarlavha qo‘yilgan.
Prezident Mirziyoyev avval Xitoy bilan ikki tomonlama munosabatlarga to‘xtalib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy aloqalar, madaniy va xalqlar o‘rtasidagi muloqot kabi sohalarni qamrab olgan holda jadal rivojlanmoqda.
2024 yil yanvar oyidagi davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari munosabatlarni "barcha holatlardagi har tomonlama strategik sheriklik" darajasiga ko‘targan.
Mirziyoyev o‘zi hokimiyatga kelgan yillari ikki tomonlama savdo hajmi keskin oshganini raqamlarda keltirgan.
Maqolada 2017 yildan buyon ikki tomonlama savdo hajmi uch barobarga oshib, 14 milliard dollarga yetgani aytilgan. Yaqin kelajakda bu raqam 20 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shu yillar davomida O‘zbekistonga Xitoydan 24,6 milliard dollar investitsiya kiritilgan.
Viza rejimining bekor qilinishi

Surat manbasi, president.uz
Joriy yil iyun oyidan boshlab O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz tartib joriy qilindi. Prezident fikricha, bu qadam xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtiradi, turizm va ishbilarmonlik aloqalariga keng yo‘l ochadi.
Xitoy bilan aloqalar yaqinlashishi ortidan O‘zbekiston shahar va qishloqlarida xitoylik tadbirkorlar va ishchilar ko‘paygan.
Biroq o‘zbek tilli ijtimoiy tarmoq faollari mamlakatda Xitoy ta’siri ortib borayotganidan xavotir bildirishgan.
Ta’sirga ega blogerlar esa xitoyliklarning ko‘payyotganidan xavotir bildirib videolar joylashgan.
Kuzatuvchilar mintaqada O‘zbekistonga moliyaviy sarmoya kiritishda muqobil davlat yo‘qligi va O‘zbekiston hukumati Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlashga ko‘proq ehtiyoji borligini aytishadi.
Xalqaro vaziyat va ShHTning o‘rni
Shavkat Mirziyoyev Xitoy nashriga yozgan maqolasida ShHTning dunyodagi roliga alohida to‘xtalgan.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, jahon siyosiy va iqtisodiy tizimi keskin o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Yirik davlatlar o‘rtasida raqobat kuchaymoqda, iqtisodiy xavfsizlik va iqlim o‘zgarishi kabi global muammolar tobora dolzarblashmoqda.
Shu sharoitda ShHT tenglik va o‘zaro manfaatga asoslangan hamkorlik modelini taklif etmoqda. Tashkilot "Sovuq urush" davriga xos qarashlarni inkor etadi va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga qarshi turadi.
"ShHT mavjud tuzilmalarga chorlov emas, balki kuchga emas, muloqotga asoslangan yangi va adolatli jahon tartibi ehtiyojlariga javobdir. Ixtiloflar va mafkuraviy ziddiyatlar ortib borayotgan dunyoda u haqiqiy muqobilni taklif etadi: o‘zaro hurmat, muloqot va birgalikda taraqqiyot", degan Shavkat Mirziyoyev.
Mirziyoyev mavjud muammolarni hisobga olib, ShHTning ziddiyatli tashkilotga aylanib ketishidan qochish muhimligi ta’kidlagan.
"ShHTni blokka yo‘naltirilgan va ziddiyatli tuzilmaga aylantirishdan qochish o‘ta muhim. Asosiy maqsadimiz xalqaro vaziyatni keskinlashtirish emas, balki tinchlikka qaratilgan kun tartibini namoyon etish va ShHT imkoniyatlaridan butun insoniyatning umumiy muammolarini hal qilishda foydalanishdir".
Bugun ShHT tarkibida 10 ta a’zo davlat, 2 ta kuzatuvchi va 14 ta muloqot sherigi mavjud bo‘lib, ularning umumiy aholisi dunyo aholisining 42 foizini tashkil etadi.
Tahlilchilarga ko‘ra, ShHT G‘arb boshchiligidagi global tartibga muqobil tartib yaratishga urinyapti, lekin uning ichki birlik yoki o‘zaro manfaatlar birlashuvi yetarli emas.
Reuters nashrining tahlilchilarga tayanib yozishicha, ShHTning kengayishi ko‘plab a’zo davlatlar uchun kun tartibida muhim bo‘lsa-da, shuncha yillar davomida blok hamkorlik borasida sezilarli natijaga erisha olmadi.
Xitoy esa AQShning beqaror siyosat yuritishi va geosiyosiy beqarorlik sharoitida Global Janub birdamligini ko‘z-ko‘z qilishni istamoqda.
"ShHT taqdim etayotgan aniq tasavvur va uning amaliy ijrosi masalalari ancha noaniq. Uning yig‘ilish tashkil etish salohiyati ortayotgani haqiqat, bu esa o‘z navbatida g‘oyani prognoz qilishda yordam beradi", deydi Bangalordagi Takshashila Institution tahlil markazi huzuridagi Hind-Tinch okeani tadqiqot dasturi rahbari Manoj Kevalramani Reuters ga.
"Ammo ShHTning jiddiy xavfsizlik muammolarini hal etishdagi samaradorligi juda cheklanganligicha qolmoqda."
Muhim a’zolardan bo‘lmish Hindiston va Pokiston o‘rtasida ziddiyatlar hamon saqlanib qolmoqda.
Joriy yil iyunida bo‘lib o‘tgan ShHT mudofaa vazirlari yig‘ilishi Hindiston e’tirozi sababli qo‘shma bayonot qabul qila olmadi.
Dehli hujjatda Hindiston Kashmirida 22 aprel kuni hind turistlariga qilingan halokatli hujum tilga olinmaganini aytib chiqdi. Bu voqea Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng qattiq to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan edi.
Shuningdek, Hindiston iyun oyi boshlarida ShHTga a’zo davlat Eronga qilingan Isroil hujumlarini qoralovchi bayonotiga qo‘shilishdan ham bosh tortdi.
Biroq Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi besh yillik chegara ziddiyatlaridan so‘nggi yaqinlashuv, shuningdek, Tramp ma’muriyatining rasmiy Dehliga nisbatan tarif bosimi kuchayishi — Xitoy rahbari Shi Jinping va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi sammit doirasida uchrashuvidan ijobiy natija kutishlarga olib kelmoqda.
"Ehtimol, Dehli o‘z g‘ururini bir chetga qo‘yib, joriy yilda ShHTda yuzaga kelgan muammolarni orqada qoldirishga urinadi. Chunki Modi uchun bu paytdagi asosiy ustuvor yo‘nalish – Xitoy bilan yaqinlashuv jarayonidagi sur’atni yo‘qotmaslik," deydi "Xitoy Global Janub loyihasi" tadqiqot agentligi bosh muharriri Erik Olander.
Tahlilchilarning fikricha, Hindiston va Xitoy chegarada qo‘shimcha qadamlarni e’lon qilishi mumkin — jumladan, qo‘shinlarni qisman olib chiqish, savdo va viza cheklovlarini yumshatish, iqlim sohasida hamkorlik va hukumat hamda xalqlar o‘rtasida kengroq muloqot yo‘lga qo‘yilishi.
Sammitda jiddiy siyosiy bayonotlar kutilmayotganiga qaramay, mutaxassislar ShHTning Global Janub davlatlari uchun jozibasini kam baholash mumkin emasligini uqtirmoqda.
"Bu sammit – asosan tashqi ko‘rinish (imij) haqida, juda kuchli tashqi ko‘rinish," — deydi Olander.












