Muhammad va Yahyo Angliya va Uelsdagi mashhur ismlar

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Andre Roden-Pol va Jeyms Gregori
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 3 daq
2024 yili Angliya va Uelsda tug‘ilgan chaqaloqlarga berilgan eng mashhur 100 ism e’lon qilindi. Bu ro‘yxatga yangi kirgan qizlarning nomi Afina, o‘g‘il bolalarniki Yahyo ekani ma’lum bo‘ldi.
Ikkinchi yildirki, bu hududlardagi eng mashhur ism Muhammad bo‘lib qolayapti.
Xuddi 2023 yili bo‘lganidek, Noah(Nuh) va Oliver ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Angliya va Uelsda ikki yildan beri eng mashhur qizlar nomlari Oliviya va Ameliya bo‘lib qolayapti.
Oldingi yillari uchinchi o‘rinda bo‘lgan Isla ismi o‘z joyini 2024 yili Liliga bergan.
Mashhur ismlar ro‘yxatini Milliy Statistika idorasi (ONS) e’lon qilgan, bu ro‘yxat tug‘ilish guvohnomalarini beradigan tashkilot hujjatlariga asoslanadi.
Eng mashhur 100 ism ro‘yxatiga qizlarning yangi ismlari qo‘shilgani kuzatildi.
Bular Eluiz(Eloise), Nora(Nora), Mayla va Mila(Myla), Roza(Rosa), Afina(Athena), Sara va Zoi(Zoe).
O‘g‘il bolalar nomlarining yangi ro‘yxatiga Ostin(Austin), Natan(Nathan), Vinni(Vinnie) va Yahyo(Yahya) kirdi.
Muhammad ismi o‘g‘il chaqaloqlarga berilayotgan eng mashhur ismligicha qolayapti, o‘tgan yili ota-onalari 5721 chaqaloqni Muhammad deb nomladilar.
Muhammad Angliyaning to‘qqiz hududida birinchi o‘rinni, Uelsdagi yillik ro‘yxatda 57-o‘rinni egallagan.
Guvohnomalardagi yozilishida Mohammed 21-o‘rinni egallagan, 1760 chaqaloq guvohnomasida nomi ana shunday yozilgan, Mohammad 53-o‘rinda, 986 bola hujjati shunday yozildi.
Angliya va Uelsda o‘tgan yili tug‘ilgan 2761 qiz chaqaloqqa Oliviya ismini berdilar, bu nom Angliyaning yetti hududida va Uelsda birinchi o‘rinni egalladi.

Surat manbasi, .
'Ota-onalar boshqalarnikiga o‘xshamagan ismlarni xohlashayapti'
Bolalar bo‘yicha ekspert va bolalar nomlariga bag‘ishlangan "Baby Name Envy" kitobi muallifi Es Jey Strum Oliviya ismi yana bir marta birinchi o‘rinni egallaganiga hayron bo‘lmaganini aytadi.
"Bu hamma yaxshi ko‘radigan ism. 90-yillarda Luizni, 80-yillarda Sara mashhur edi. Oliviya hamma zamonlarda ham zo‘r tanlov, lekin biz oxirgi vaqtda tobora kam Oliviyalar tug‘ilayotganini ko‘rayapmiz. Odamlar bolalariga boshqalarnikiga o‘xshamagan ismlarni xohlashayapti", deydi Es Jey Strum.
Strum xonim aytishicha, mashhur bo‘lib kelgan ismlar ko‘pincha ro‘yxat yuqorisini egallaydi, ammo pastdagi ismlarga madaniyat va san’at ta’siri ko‘zga tashlanadi.
Misol uchun Margot ismi. Hollivudning mashhur aktrisasi Margot Robbi ishtirokidagi filmlarni tomosha qilganlar qizlarini Margot deb atay boshladilar.
Yoki Netflix ning "Jinsiy saboq" seriali obrazi Otis ismi.
"Ota-onalar yon-atrofidagi dunyodan ilhomlanayaptilar", deydi Strum xonim.
Ammo ismlar bo‘yicha ekspert Strum xonim kuzatishicha, Britan ota-onalar o‘g‘illariga nom tanlayotganda "an’anaviy nomlar"ga sodiq qolishni afzal ko‘rayaptilar, toki bolaning nomi "ertaga ish topishida muvaffaqiyatini ta’minlasin".
Bir asr oldin mashhur bo‘lgan ismlar ingliz ismlari yana qaytayotganini aytadi Es Jey Strum.
"Bugun Artur eng mashhur 10 nom orasida. 15 yil oldin bunday emas edi", deydi u.
Yana bir ekspert, bolalar nomlariga bag‘ishlangan Nameberry veb-saytini yuritadigan Kleyr Grin fikricha, bu 100 yillik qoida deb ko‘rib kelingan.
"Biz bobolarimiz va buvilarimiz ismlari bo‘lmasin, oddiygina eski nom bo‘lsin, deb yondashishga ko‘nikkanmiz. Bu ismlar tiriklar xotirasidan tashqarida va qadimiy bo‘lgan hamma narsaga nisbatan muhabbatning bir qismi", deydi Grin xonim.
Shuning uchun ham keyingi avlodlar nomlarida Syuzan yoki Rodjer yana qayta paydo bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz, deya qo‘shimcha qiladi u.
'Tabiatga bog‘liq ismlar ham mashhurlashayapti'
Ingliz nomlari orasida tabiatga bog‘langan nomlar ham eng mashhurlaridan ekani kuzatiladi.
Eng mashhur 10 ism orasida Liliya, Poppi va Ayvini ko‘rish mumkin.
Bu ismlar 100 yildan buyon "o‘lmas" ismlar bo‘lib qolayapti, deydi Grin xonim.
Muxbirlar Grin xonimdan mashhur ismlar borasida biror narsa hayratga soldimi deb ham so‘rashdi.
"Ancha eskirib qolgan deb ko‘rinadigan, ammo hali ham 100 nom orasida turgani bu Jessika", deydi Kleyr Grin.
Oldingi yillarga solishtirganda 2024 yili Awesome, Cuthbert, Crispin va Beckham nomlari o‘g‘il bolalarga kam qo‘yilgani kuzatildi.
Ona-onalarning esa qizlariga Sitsiliya, Everest, Orxideya va Poem degan nomlar bilan atashlari kamaygan.












