Hindiston: Ovqatga tupurma! Kim nega norozi?

Ovqat tayyorlayotgan inson qo‘li

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 4 daq

Hindistondagi qudratdagi Bharatiya Janata partiyasi (BJP) boshqaruvida bo‘lgan ikki shtatda tupuk va siydik bilan ovqatni bulg‘ash hamda shu kabi boshqa axloqsiz harakatlar uchun katta jarima solish va hatto qamoq jazosini qo‘llash bo‘yicha qonun rejalari e’lon qilindi.

Shimoliy Uttaraxand shtati jinoyatchilarga 100 ming Hindiston rupiysigacha ($1190) jarima soladi, qo‘shni Uttar-Pradesh shtati esa bu masalani hal qilish uchun qat’iy qonunlar joriy etishni rejalashtirmoqda.

Hukumat ko‘rsatmalari mahalliy savdo rastalari va restoranlarda sotuvchilar oziq-ovqatga tupurayotgani aks etgan, biroq hali tasdiqlanmagan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalganidan keyin berildi. Videolardan birida xizmatkor ayol ovqatni siydik bilan aralashtiryotgani tasvirlanadi.

Bu videolar foydalanuvchilar orasida ommaviy norozilikni kuchaytirdi. Ko‘pchilik bu shtatlarda oziq-ovqat xavfsizligi haqida qattiq xavotirda ekanligini bildirgan bo‘lsa, ayrim videolar musulmonlarni nishonga oluvchi ayblov kampaniyalariga evrilib ketdi. Keyinchalik fakt tekshiruvchi saytlar bu ayblovlar butkul asossiz ekanligini tasdiqladi.

Aksariyat foydalanuvchilar tarmoqlarni egallagan videoda ovqatni siydik bilan aralashtirayotgani aks etgan ayol musulmon ekanligini iddao qilgan edi, ammo politsiya uning shaxsini hind dini vakili o‘laroq aniqladi.

Rasmiylar odamlar oziq-ovqat borasida gigienik bo‘lmagan harakatlardan tiyilishlarini ta’minlovchi qat’iy qonunlar ishlab chiqish kerakligini ta’kidlaydi. Biroq, muxolifat yetakchilari va huquqshunoslar bu qonunlarning samaradorligini savol ostiga qo‘yishmoqda va ular ushbu qonun ijrosi ma’lum bir jamoani yomonotliq qilish uchun foydalanilishi mumkinligidan xavotirda.

The Indian Express gazetasi Uttar-Pradesh shtati tomonidan taklif qilingan qonunlarni tanqid qilib, ularni “ko‘pchilikning poklik va ifloslik haqidagi tushunchalaridan kelib chiqib, himoyasiz ozchilikni nishonga oluvchi sektant signal” deb atadi.

Oziq-ovqat va ovqatlanish odatlari madaniy jihatdan xilma-xil Hindistonda nozik mavzu hisoblanadi, chunki ular din va mamlakatning ijtimoiy tabaqalanish tizimi bilan chuqur ildiz otgan. Oziq-ovqatga bog‘liq normalar va taqiqlar ba’zan jamoalar o‘rtasida to‘qnashuvlarga olib keladi va ishonchsizlikka sabab bo‘ladi. Natijada, “oziq-ovqat xavfsizligi” tushunchasi ham dinga bog‘lanib, oziq-ovqatni bulg‘ash holatlari yuzasidan sabablarga diniy turtki beriladi.

Ovqatlanish gigienasi Hindistonda jiddiy muammo bo‘lib, mamlakatdagi Oziq-ovqat xavfsizligi va standartlari bo‘yicha ma’muriyat nomaqbul yeguliklar har yili aholi orasida taxminan 600 million infektsiya yuqtirishi va 400 000 o‘lim holatlariga olib kelishini taxmin qiladi.

Mutaxassislar Hindistonda ovqatlanish gigienasi past darajada bo‘lishini oziq-ovqat xavfsizligi qonunlarining yetarlicha ijro etilmasligi va odamlarda gigienik bilimning yetishmasligi kabi turli sabablarga bog‘lashadi. Tiqilinch oshxonalar, yuvilmagan idishlar, ifloslangan suv va noto‘g‘ri tashish va saqlash amaliyotlari ham oziq-ovqat sifatini yanada xavf ostiga qo‘yadi.

Shu sababdan ham sotuvchilar ovqatga tupurayotgani aks etgan videolar tarmoqlarda tarqalgach, odamlar bir vaqtning o‘zida ham hayrat, ham g‘azab orasida qolishdi. Ko‘p o‘tmay, Uttaraxand jinoyatchilarga katta jarimalar joriy etishni e’lon qildi va politsiyadan mehmonxona xodimlarini tekshirish hamda oshxonalarga kuzatuv kameralari o‘rnatilishini talab qildi.

Uttar-Pradesh bosh vaziri Yogi Adityanat bunday hodisalarni to‘xtatish uchun politsiya har bir xodimni tekshirishi kerakligini aytdi. Shtat, shuningdek, peshtaxtalarda ovqatlanish markazlari egalarining ismlari ko‘rsatilishini, oshpazlar va ofitsiantlarning niqob va qo‘lqop kiyishlarini, mehmonxonalar va restoranlarda kuzatuv kameralari o‘rnatilishini majburiy qilishni rejalashtirmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Adityanat ovqatga tupurish uchun 10 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutuvchi ikkita qonun loyihasini rejalashtirmoqda.

Do‘kon egasi nomi va telefoni yozilgan Hindistondagi do‘kon

Surat manbasi, AMIT SAINI

Surat tagso‘zi, Hindu ziyoratchilari o‘z yo‘llarida joylashgan do‘konlardan egasi kimligini tasdiqlashni talab qiladigan bo‘ldilar

Iyul oyida Hindiston Oliy sudi Uttaraxand va Uttar-Pradesh hukumatlari har yili o‘tkaziladigan hind ziyorati, Kanvar yatrasi yo‘nalishi bo‘ylab oziq-ovqat do‘konlariga ega odamlardan o‘z ismlari va boshqa shaxsiy ma’lumotlarini ko‘rsatishni talab qiluvchi ko‘rsatmalarini to‘xtatib qo‘ydi. Arizachilar Oliy sudga ko‘rsatmalar musulmonlarni adolatsiz nishonga olayotganini va bu ularning biznesiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytishgan.

Oktyabr oyida shtatning Barakanki shahrida politsiya restoran egasi Muhammad Irshodni roti (yassi non) tayyorlayotganda unga tupurishda ayblab hibsga oldi. Irshod tinchlikni va diniy uyg‘unlikni buzganlikda ayblanib, Hinduston Times gazetasi xabariga ko‘ra javobgarlikka tortilgan.

Shu oyning boshida Uttaraxand shtatining Mussuri shahrida politsiya Naushad Ali va Hasan Alini choy tayyorlayotganda idishga tupurganlikda ayblab hibsga olgan va ularni jamoatchilik qadriyatlariga hurmatsizlikda va sog‘liqqa zarar yetkazishda ayblagan, deb xabar beradi The Hindu.

Naushan Ali va Hasan Alining xatti-harakatlarini aks ettiruvchi videolar ular hibsga olinishi arafasida ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketdi va ko‘plab hind millatchilari bu voqealarni “Tupuk jihod” deb atashni boshladi.

Bu atama radikal hind guruhlari tomonidan turmush qurish orqali hind ayollarini o‘z dinlariga o‘tkazyotgan musulmon erkaklarini qoralashda foydalaniladigan “Muhabbat jihod” atamasidan kelib chiqqan. “Tupuk jihod” musulmonlarni ovqatga tupurish orqali hindularni bulg‘ashga urinishda ayblaydi.

Bu musulmon jamoalari tupuk bilan bog‘liq ayblovlarning nishoni bo‘layotgan birinchi holat emas. Covid-19 pandemiyasi paytida musulmonlar virusni odamlarga yuqtirish uchun atayin tupuryotgani, aksiryotgani yoki narsalarga teginyotgani tasvirlangan soxta videolar ijtimoiy tarmoqlarni qariyb egallab olgan edi. Videolar diniy qutblanishni kuchaytirib, hind akkauntlarida musulmonlarga qarshi ritorikalar e’lon qilinishiga olib kelgandi.

BJP tomonidan boshqariladigan ikki shtatda muxolifat yetakchilari yangi ko‘rsatmalarni tanqid qilib, ular musulmonlarni nishonga olishda ishlatilishi mumkinligini va hukumat bunday buyruqlarni boshqa muhim muammolardan, jumladan, ishsizlik va osmonlab ketgan inflyatsiyadan omma e’tiborini chalg‘itish vositasi sifatida qo‘llayotganini ta’kidlaydi.

Ammo Uttaraxanddagi oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha inspektor Manish Sayana hukumat ko‘rsatmalari faqatgina xavfsiz oziq-ovqat iste’molini ta’minlashga qaratilganini aytadi. U BBCga oziq-ovqat xavfsizligi xodimlari va politsiya ovqatlanish joylarida kutilmagan tekshiruvlar boshlaganini va “odamlarga niqob va qo‘lqop kiyish hamda ovqatlanadigan joylarida kuzatuv kameralarini o‘rnatish”ni talab qilishlari keraklgini aytadi.

Huquqshunos va jurnalist V Venkatesan oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq yangi qonunlar va ko‘rsatmalarni parlament majlisida muhokama qilish kerakligini urg‘ulaydi.

“Mening fikrimcha, mavjud qonunlar [2006 yilgi Oziq-ovqat xavfsizligi va standartlari to‘g‘risidagi qonunga muvofiq] oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq har qanday huquqbuzarlikni hal qilish uchun yetarli. Shunday ekan, nima uchun yangi qonun va ko‘rsatmalar zarur degan savolni berish kerak”, deydi u.

“Hukumatlar qattiq jazolarni nazarda tutuvchi qonunlar odamlarni jinoyat qilishdan qaytaradi deb o‘ylashadi, lekin tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qonunlarning to‘g‘ri ijrosigina bu missiyani bajara oladi. Shunda bu holat ushbu shtatlarda mavjud qonunlarning o‘zi hali to‘g‘ri amalga oshirilmaganligini anglatadimi?”

Telegram kanalimiz: