Rossiya Tashqi ishlar vazirligi hammomda qirg‘izlar do‘pposlanishi «qonuniy» bo‘lganini aytdi

Surat manbasi, CCTV screenshot
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining RIA Novosti saytiga aytishicha, Moskvadagi hammomda o‘tkazilgan reyd biron davlat fuqarolarini nishonga olmagan, balki oldindan tayyorlangan «tekshiruv» bo‘lgan.
Vazirlikka ko‘ra, 10 aprelda politsiya va Rosgvardiya Timiryazevskiy tumanidagi jamoatchilik inshootlarida, jumladan «Bodrostь» hammom majmuasida «poytaxtdagi xavfsizlik va jamoatchilik tartibini ushlash» uchun tekshiruv o‘tkazgan.
«Tadbir natijasida aniqlandiki, [hammomda bo‘lgan] xorijliklarning deyarli yarmi bizning mamlakatimizda noqonuniy bo‘lishgan. Bu tekshiruv aniq bir davlatning fuqarolariga qarshi amalga oshirilmagan", deyiladi vazirlik javobida.
Xabarlarda hammomda asosan Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgani aytildi. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bo‘lgani yo bo‘lmagani noma’lum.
Reyd davrida xavfsizlik kameralariga yozilgan kadrlarda Rossiya politsiyasi va bilaklariga "drujinnik" yozuvli tasmalarni osib olgan niqobli kishilar yarim yalang‘och holdagi o‘nlab odamlarni yerga yotib sudralishga majburlayotganlari, ularning ustlaridan bosib o‘tib, tepayotganlari va urayotganlari aks etadi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bayonotidan anglashiladiki, Rossiya hukumati o‘z huquqni muhofaza qiluvchi xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan bu kabi noqonuniy amallarni tergov qilish niyatida emas. Aksincha, hukumat reydni oqlagandek namoyon bo‘ladi.

Surat manbasi, CCTV screenshot
Vazirlikka ko‘ra, huquq posbonlari qonunga muvofiq yo‘l tutganlar.
"Mavjud ma’lumotga ko‘ra, xorij fuqarolari huquq-tartibot organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatishgan. Shu sababdan bu xorijliklarga nisbatan zarur choralar qo‘llanilgan", deydi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi.
Rasmiy bayonotda, shuningdek, aytilishicha, politsiyaga keltirilgan 59 kishidan 25 nafari Rossiya hududida migratsiya qonunlariga xilof ravishda bo‘lganlar, va ulardan ba’zilari radikal guruhlarga a’zolikda gumonlanmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi ogohlantirishicha, Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklar "qonuniy choralarga yuz tutishlari muqarrar" ekanliklarini unutmasliklari kerak.
Video tasvirlar Qirg‘izistonda va internetdagi qirg‘iz segmentida yirik noroziliklarga sabab bo‘lishi ortidan, dushanba kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga nota yuborgan va hammomda nimalar bo‘lganini izohlashni so‘ragan.
Qirg‘iz tarafiga ko‘ra, elchixona vakillari hammomda jarohat olgan vatandoshlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishgan va ularga shikoyat yozishni taklif qilishgan, ammo ular bundan bosh tortgan.
Hozirda, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, ushlab turilgan 24 qirg‘izistonlikdan 22 nafari ozod qilingan.
O‘zbekiston
Ayni damda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston fuqarolari xorijda qanday himoya qilinayotganini bilish uchun Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga parlament so‘rovini yuborgan.
Bu haqida "Milliy Tiklanish" partiyasining raisi Alisher Qodirov o‘z telegram kanalida bir jumlalik xabar tarqatdi.
Unga ko‘ra, TIV rahbaridan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berish so‘ralgan.
Bu so‘rov aynan Rossiyada qirg‘izistonliklar bilan yuz bergan hodisaga bog‘liq yo bog‘liq ekani borasida ma’lumot berilmadi.
Oxirgi oylarda butun Rossiya hududi bo‘ylab noqonuniy migrantlar ovi ajviga chiqqan. Rossiya politsiyasi, Rosgvardiya va ba’zi hollarda yollangan kazaklar guruhlari reydlar chog‘ida gumondorlarga shafqatsiz munosabatda bo‘layotgani xabar qilinyapti.












