"Qirolicha yurishi". Nega Qozog‘iston ayol shaxmatchilari erkaklaridan kuchli?

Surat manbasi, Michal Walusza/FIDE
- Author, Aysmbat Toqoeva
- Role, Bi-bi-si, Samarqand
- O'qilish vaqti: 9 daq
Shaxmat Qozog‘iston bilan ko‘p ham bog‘liq ko‘rilavermaydi. Biroq oxirgi yillarda qozog‘istonlik ayol shaxmatchilar xalqaro musobaqalarda tobora ko‘p muvaffaqiyatga erishmoqdalar va erkak shaxmatchilarga nisbatan mamlakatiga ko‘proq unvon keltirishayapti. Qozoq ayol shaxmatchilarining muvaffaqiyati fenomeni nimada?
"Menda orzu yo‘q, faqat maqsad bor — jahon chempioni bo‘lish".
Bibisora Asaubaeva 21 yoshda, va mabodo uning o‘z qobiliyatiga shubhasi bo‘lsa, Bi-bi-si muxbiri bilan sentyabrdagi FIDE "Katta shveytsar" turniri oldidan suhbatda buni namoyon etmadi.
Bibisora uzun bo‘yli, uzun sochlari qora, jiddiy qiyofali qiz. U "shveytsar" turnirida qatnashgan to‘rt qozoq shaxmatchi qizdan biri — bu nufuzli musobaqada Qozog‘istonni faqat ayollar tamsil etdilar.
Ammo faqat unda - Qozog‘iston ayollar terma jamoasi sardori Asaubaevada klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempionatiga chiqish imkoniyati mavjud. Buning uchun u Samarqandda oltin yoki kumush medalni qo‘lga kiritishi kerak.
To‘qqizinchi raund hal qiluvchi bo‘ladi: Bibisora qarshisida qizil pidjak kiygan turnir peshqadami — kelib chiqishi ukrain Rossiya shaxmatchisi Yekaterina Lagno, u 12 yoshida dunyoning eng yosh ayol grossmeyster bo‘lgan.

Surat manbasi, Michal Walusza/FIDE
Asaubaeva o‘zining "ayol grossmeysterligi"ni 15 yoshida qo‘lgan kiritgan.
O‘tgan yili iyulida esa shaxmatdagi eng yuqori maqom - xalqaro groccmeyster unvonini qo‘lga kiritgan ikkinchi qozog‘istonlik ayol bo‘ldi.
Yetti yoshida jahon chempioni
"Ota-onam aytishlaricha, men bolaligimdan ancha ziyrak bo‘lganman. Konstruktor yig‘ish, she’r yodlash, kitob o‘qish menga yoqardi. Uch yoshimda "durak" kartasini yaxshi o‘ynardim, uydagilarni mag‘lub etardim. To‘rt yoshimda esa ota-onam meni asta-sekin boshqa yo‘nalishga o‘tkazish kerak deb o‘ylashgan va men shaxmat o‘ynay boshladim. Shaxmatni menga bobom o‘rgatgan», — deb hikoya qiladi Bi-bi-siga Bibisora.
U Qozog‘istonning janubidagi aholisi bir necha yuz mingni tashkil etadigan Taraz shahrida tug‘ilgan va aynan shu yerda shaxmat klubiga bora boshlagan. Oilasi bilan Ostonaga ko‘chib o‘tgach, qizcha shaxmat bilan professional shug‘ullana boshladi — kuniga sakkiz soat. Darslarni Rossiyadan bo‘lgan grossmeysterdan onlayn tarzda olgan.
«Dunyodagi eng kuchli maktablardan biri — Rossiya shaxmat maktabi edi. O‘sha paytlar eng yaxshi murabbiylar aynan Rossiyada edi», — deydi Asaubaeva. — «Agar Qozog‘istonni Hindiston yoki Xitoy bilan solishtirsak, biz unchalik shaxmat mamlakati emas edik».
Shaxmat Qozog‘istonda sovet davrida — butun Ittifoqda bo‘lgani kabi — ommalashgan edi, ammo qozoq shaxmatchilari ittifoq chempionatlari va xalqaro turnirlarda kamdan-kam g‘olib chiqishgan. Mamlakat ilk g‘alabalarga mustaqillik yillarida erishdi.
Qozog‘istonlik shaxmatchi ayollar orasida jahon darajasidagi chempionlar 2010-yillar o‘rtalarigacha bo‘lmagan, ayniqsa, xalqaro grossmeyster unvonigacha ko‘tarila olgan ayollar.

Surat manbasi, Getty Images
Grossmeyster — umrbod beriladigan unvon bo‘lib, uni olish uchun Xalqaro Shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan belgilangan qator talablarni uch yirik turnirda bajarish, shuningdek, tashkilot reytingida ma’lum sondagi ochkoni to‘plash lozim.
Ochkolar FIDEning rasmiy turnirlaridagi yutuqlar uchun beriladi. Olingan yoki yo‘qotilgan ballar miqdori raqibning kuchiga bog‘liq: kuchli raqibni mag‘lub etish ko‘proq ochko beradi, kuchsiz raqibdan mag‘lub bo‘lish esa ko‘proq ball yo‘qotishga olib keladi.
Xalqaro grossmeyster (XG) unvonini olish uchun kerakli reyting ayollar uchun belgilangan reytingdan yuqori, shu sababli XG unvoni shaxmatda ko‘pincha "erkaklar unvoni" deb ataladi.
Qozog‘iston tarixida ilk bor xalqaro grossmeyster maqomini Jansaya Abdumalik 2021 yilda qo‘lga kiritdi. 21 yoshida u qozoq ayol shaxmatining ilk yulduzlaridan biriga aylandi.
Bibisora Asaubaeva undan bir necha yosh kichik. U yetti yoshida Qozog‘iston chempionligini qo‘lga kiritgan va o‘sha yilning o‘zida 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan.

Surat manbasi, Bibisara Assaubayeva
Bibisoraning karьerasini onasi qo‘llab-quvvatlagan — u o‘zi ham shaxmat murabbiyi bo‘lib, qiziga menejer sifatida yordam bergan: murabbiylarni tanlagan va tashkiliy masalalarni hal qilgan.
2021 yili Asaubaeva blits bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritdi, rapidda esa ikkinchi o‘rinni egalladi. Uning g‘alabasi sharofati bilan navbatdagi turnir Almati shahrida tashkillashtirildi.
Shaxmat turnirlari uch toifaga bo‘linadi — klassik, rapid va blits — bu o‘yinchiga yurishlar ustida o‘ylash uchun berilgan vaqtga bog‘liq. Eng uzoq partiyalar klassik shaxmatda bo‘lib, ular bir necha soatga cho‘zilishi mumkin. Eng qisqa partiyalar esa blitsda — har bir o‘yinchiga butun partiya uchun besh daqiqagacha vaqt beriladi.
"Bu voqea o‘sha vaqt sensatsiyaga aylangan edi", — deb faxr bilan eslaydi Bibisora o‘zining chiqishini. — "Chunki Qozog‘istonda kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida hech qachon medal bo‘lmagan — na erkaklar, na ayollar orasida — na bronza, na kumush, va albatta, na oltin".
Ammo eng nufuzli turnirlar aynan klassik shaxmat hisoblanadi va "Shaxmat toji" deb jahon chempioni yoki chempionkasi unvoniga aytiladi.
"Kuniga 1500 dollar"
O‘tgan yili Vengriyada bo‘lib o‘tgan Olimpiadada Qozog‘iston ayollar terma jamoasi eng kuchli jamoalardan biriga aylandi — ular kumush medalni qo‘lga kiritib, Hindiston jamoasiga mag‘lub bo‘lishdi. O‘sha paytda Qozoq terma jamoasining o‘rtacha yoshi taxminan 18 yoshni tashkil etardi, hind jamoasida esa bu ko‘rsatkich 27 yosh edi.
Oxirgi 10 yilda aynan ayol shaxmatchilar xalqaro musobaqalarda Qozog‘istonga mukofotli o‘rinlarni olib kelayapti.
Bugungi kundagi Qozog‘istonning eng muvaffaqiyatli shaxmatchi ayoli Bibisora Asaubaevaning reytingi 2509 ochkoni tashkil etadi, va u ayollar o‘rtasidagi jahon reytingida 10-o‘rinni egallaydi.

Surat manbasi, Maria Emelianova/FIDE
Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi ayollar shaxmatini qo‘llab-quvvatlashni o‘zining ustuvor yo‘nalishi qilib oldi, chunki ayollar erkaklarga nisbatan yaxshiroq natijalar ko‘rsatmoqda, — deydi Bi-bi-siga federatsiya rahbari Timur Turlov.
"Holbuki, butun dunyoda vaziyat aksincha. Ayollar shaxmati aslida erkaklar shaxmatiga nisbatan juda kam moliyalashtiriladi», — deb tushuntiradi u. — "Biz hozir erkaklar shaxmati bilan faol shug‘ullana boshladik, iste’dod nuqtai nazaridan salohiyat borligini ko‘ryapmiz. Faqat bu salohiyatni ochish uchun ko‘proq vaqt, ancha ko‘proq mablag‘ kerak".
Bibisora Asaubaeva tan olishicha, hozirda moliyaviy masala — uning karьerasidagi yagona muammo. Katta turnirlar oldidan u yig‘inlarga boradi, u yerda shaxsiy murabbiy uchun to‘lov kuniga 1500 dollarni tashkil etadi.
"Bir kunlik mashg‘ulot menga yetarli emas. Menga shunday yig‘inni har oyda kamida 10–12 kun o‘tkazish kerak. Bu esa eng yuqori darajadagi sport», — deydi u.
Asaubaevaning asosiy daromadi mukofot pullaridan iborat. Masalan, 2022 yili faqat jahon chempionatida u 70 ming dollar ishlagan — ayollar o‘rtasida blits bo‘yicha birinchi o‘rin uchun 40 ming dollar va rapidda ikkinchi o‘rin uchun 30 ming dollar.
Shaxmatchilar, shuningdek, homiylardan moliyaviy ko‘mak olishadi, jumladan davlatga tegishli "Samruk—Xazinaa" milliy farovonlik jamg‘armasidan.
Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi rahbari Timur Turlovning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot yiliga taxminan 10 million dollar sarflaydi va bu mablag‘ning "katta qismi"ni "Samruk—Xazina" ajratadi. Federatsiya o‘z byudjetiga shaxmatchilarni o‘qitish, musobaqalar oldidan yig‘inlar, mamlakat ichida turnirlar o‘tkazish va iste’dodli o‘yinchilarga stipendiyalar ajratishni kiritgan.
Solishtirish uchun, o‘tgan yili dunyodagi eng kuchli federatsiyalardan biri — Hindiston shaxmat federatsiyasining byudjeti 8 million dollarni tashkil etgan. Rossiya shaxmat federatsiyasining (RShF) byudjeti oshkor qilinmaydi, ammo Ukrainaga to‘laqonli bosqin va RShFga qarshi sanksiyalar kiritilganidan keyin ko‘plab rossiyalik shaxmatchilar boshqa mamlakatlar nomidan yoki neytral maqomda ishtirok etayaptilar.

Surat manbasi, .
Shaxmatga qiziqish kuchaydi
Qozog‘istonlik shaxmatchi ayollar orasidagi ilk yulduzlar — Jansaya Abdumalik va Dinara Sadvaqqosova nisbatan yosh bo‘lishlariga qaramasdan (25 va 28 yosh), shaxmat karьeralarini yakunlashgan. Jansaya Abdumalik hozirda Almati shahar kengashi — maslahat a’zosi, Sadvaqqosova esa Ostona shaxmat federatsiyasining faxriy prezidenti bo‘lib, o‘z shaxmat maktablarini rivojlantirayapti.
Ularning yutuqlari «barcha keyingi avlod shaxmatchilarini ilhomlantirdi», — deydi Bi-bi-siga Qozoq terma jamoasi a’zosi Kseniya Balabaeva. — «Shu sababli bizda umuman olganda bu sport turini yaxshi ko‘rishadi».
"Hozir Qozog‘istonda shaxmatga qiziqsh kuchaydi", — deydi Bibisora Asaubaeva. — "Chunki shaxmatga kelayotgan bolalar soni ko‘paydi, natijada istiqbolli va iste’dodli yoshlarni topish imkoniyati ham oshdi".

Surat manbasi, SOCIAL MEDIA
Shaxmat maktab dasturiga kiritilayapti — hozir Qozog‘istonda 500 ta maktabda shaxmat majburiy fan sifatida o‘qitilmoqda, va kelasi yilda bu raqam ikki barobarga oshirilishi rejalashtirilgan, — deydi Timur Turlov. — «Umid qilamanki, biz bosqichma-bosqich mamlakatdagi maktablarning yarmidan ko‘prog‘ini qamrab olamiz. Bizda hukumat darajasida tasdiqlangan shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha kompleks reja mavjud».
Uning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘istonda «juda katta musobaqa taqvimi» bor — mahalliy darajadagi musobaqalardan tashqari, federatsiya yiliga 200 dan ortiq respublika darajasidagi turnirlar o‘tkazadi.
«FIDE tobora ko‘proq Qozog‘istonni namuna sifatida ko‘rsatmoqda», — dedi Xalqaro Shaxmat federatsiyasi prezidenti Arkadiy Dvorkovich Tengrinews nashriga bergan intervyusida. — «Bu yerda aniq tizim shakllangan: poydevor — maktablardagi shaxmat, rivojlanish bosqichlari — klublar, sektsiyalar, chempionatlar mavjud. Va eng muhimi — davlat, biznes va shaxmat jamoatchiligi o‘rtasidagi muvozanat bor. Aynan shu uchlik haqiqatan ham ishlayapti".
Shaxmatda seksizm bormi?
Asosiy — ochiq — shaxmat turnirlarida gender cheklovlari yo‘q. Ammo amaliyotda bunday musobaqalarda asosan erkaklar ishtirok etadilar va g‘olib chiqadilar.
Masalan, FIDEning Samarqanddagi "Katta shveytsar" ochiq turnirida yuzdan ortiq shaxmatchi qatnashdi, ulardan faqat ikkitasi ayol edi. Barcha uchta mukofotli o‘rinni erkaklar egalladi.
Ayollar uchun alohida, faqat ayollar o‘rtasidagi turnirlar mavjud — ko‘pincha, Samarqanddagi kabi, ular ochiq turnirlar bilan bir vaqtda o‘tkaziladi. Bunday turnirlardagi pul mukofotlari bir necha barobar kam — masalan, bu yil "shveytsar" ochiq turnirining mukofot jamg‘armasi 625 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, ayollar turnirida 230 ming dollar bo‘lgan.
Shaxmatchi Kseniya Balabaeva buni FIDE reytingidagi ayollar ballari erkaklarga nisbatan pastroq ekani bilan izohlaydi.
"Shu sababli teng mukofot talab qilish qiyin. Masalan, eng kuchli ayol shaxmatchining reytingi taxminan 2600 atrofida, eng kuchli erkak shaxmatchiniki esa — 2800. 200 ball farq — bu juda katta farq», — deydi u.
O‘rtadagi ushbu farqni tushuntirib beradigan tadqiqotlar ham o‘tkazilgan, ular orasida statistika o‘rganishi ham mavjud: chunki shaxmat bilan professional shug‘ullanadigan erkaklarning soni ayollarnikiga nisbatan solishtirganda ancha ko‘p. Shuning uchun ham erkaklar orasida eng qobiliyatlilari ko‘proq uchraydi. Bu narsa qozog‘istonlik ayol shaxmatchilarning muvaffaqiyati fenomenining qisman sababini ham tushuntirishi mumkin — raqobat kam bo‘lgani uchun ham davlat dastaklovi, shaxsiy iqtidori va motivatsiyasi kuchli ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq zafarga erishmoqdalar.
Hozirgi kunda dunyodagi eng kuchli 100 shaxmatchi reytingida birorta ham ayol shaxmatchi yo‘q. Shaxmat tarixi davomida faqat uch nafar ayol bu reytingga kirgan — vengriyalik Yudit Polgar, gruzin Mayya Chiburdanidze va xitoylik Xou Ifan.
Bibisora Asaubaeva "feminizm haqidagi" savollarni yoqtirmaydi: u shaxmatda na seksizm, na diskriminatsiya bor deb hisoblaydi.
"Barcha sport turlarida ayollar va erkaklar uchun alohida musobaqalar o‘tkaziladi, — deydi u. — Menimcha, ayollar shaxmatida hammasi joyida. Agar sen nimagadir erishmoqchi bo‘lsang, shunga erishishing mumkin».
Ammo hamma ham uning fikrlariga qo‘shilmaydi.
Batyr Jamal loyihasiga bergan intervyuda Qozog‘iston terma jamoasi a’zolari erkaklar tomonidan o‘zlariga nisbatan nozolislik mavjudligi haqida gapirishgan: masalan, ayol shaxmatchilarning erkaklarga qarshi g‘alabalari ba’zan shunday izohlangan — go‘yoki erkak raqibni ayolning tashqi ko‘rinishi yoki kiyimining chuqur yoyilgan yoymasi chalg‘itgan emish.
Kseniya Balabaeva aytishicha, ba’zilar "ayollar shaxmati" iborasini kamsituvchi ma’noda ishlatishadi.
«Ko‘pincha erkaklar […] shunday deyishadi: "ayollar shaxmati — bu qandaydir tartibsizlik, juda ko‘p xato", — deydi u. — Yaqinda men bir turnirda o‘ynadim va jamoamiz sardori shunday dedi: "Biz har yili ayollar stolidan aziyat chekamiz. Masalan, erkak o‘ynasa, men pozitsiyasiga qarab natijani taxmin qila olaman. Lekin ayol o‘ynasa, oxirgi yurishigacha natija qanday bo‘lishini bilmayman".
"Shaxmat o‘yini tugamaydi"
Samarqanddagi "shveytsar" turnirida Bibisora Asaubaeva va Yekaterina Lagno o‘rtasidagi partiya to‘qqizinchi raundining to‘rtinchi soati ketayapti: oq figuralar bilan o‘ynagan Lagno bir necha noaniq yurishlar qildi va deyarli boshi berk vaziyatga tushib qoldi.
Agar Bibisora o‘z piyodasi bilan raqibning f2 dagi piyodasini olganida, g‘alaba deyarli kafolatlangan bo‘lardi. Ammo u shoh bilan omadsiz yurish qildi va bundan Yekaterina darhol foydalandi: filni qurbon qilib, ruxlarni almashtirdi va majburiy durangga erishdi — qoralarda g‘alaba uchun yetarli dona qolmadi.
Bu durang Lagnoga turnir yetakchilari safida qolish imkonini berdi. Qolgan partiyalar natijalariga ko‘ra, u kumush medalni qo‘lga kiritdi, ochkolar bo‘yicha hindistonlik shaxmatchiga yutqazdi.

Surat manbasi, FIDE
Bibisora Asaubaeva bronza medalini qo‘lga kiritdi — bu mukofotli o‘rin, ammo FIDEning Da’vogarlar turniriga yo‘llanma olish uchun yetarli emas. Bu turnir jahon chempionati yo‘lidagi navbatdagi bosqich hisoblanadi.
Mukofotlash marosimida u jilmayib turar, ammo ko‘ngli xira ko‘rinardi. Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi hisobotiga ko‘ra, unda chempionatga chiqish imkoniyati hali ham bor — agar u dekabr oyida Doxada bo‘lib o‘tadigan rapid va blits bo‘yicha jahon chempionatlarida yaxshi natija ko‘rsatsa.
"Shaxmatdagi eng ko‘p yoqtiradigan jihatim — o‘yin hech qachon tugamasligi. Men yetti yoshimdan beri kuniga sakkiz soat mashq qilaman, hozir 21 yoshdaman va hali ham shuncha vaqt shug‘ullanaman», — deydi Bibisora. — "Va men hali ham shaxmat haqida hamma narsani bilaman, endi menga qizig‘i qolmadi deb aytolmayman. Chunki har safar yangi, qiziqarli, go‘zal, hatto hayratlanarli narsalarni topasiz. Ehtimol, shaxmatning go‘zalligi shundadir".












