O‘zbekiston: 15 sutka – qonunchilik masalasimi yoki siyosiy erkinlik? Nega bu jazo qo‘llanishi ko‘paygan? - Video

Surat manbasi, Ички ишлар вазирлиги
Gaz quyish shoxobchasidagi noroziligi ortidan 15 sutkaga qamalgan G‘ayrat Do‘stovning ishi O‘zbekistonda ma’muriy qamoq jazosi naqadar keng qo‘llanishi, hamda uning naqadar adolatli ekani haqida savollarni o‘rtaga chiqardi.
Ma’muriy jazo to‘g‘risidagi kodeksda 50 dan oshiq turdagi hatti-harakatlar uchun 15 sutkalik qamoq jazosi berilishi mumkinligi belgilangan.
Oxirgi yillarda bu jazo mashina lyukidan boshini chiqarib yurgan, Instagramga "behayo" suratlarni joylagan, eshakning qulog‘ini kesganlar bilan bir qatorda mamlakatdagi ijtimoiy muammolarni yoritib chiqayotganlarga qarshi qurol sifatida ham qo‘llanilmoqda.
Rishtonlik 29 yashar Boburbek Mirzahamdamov elektrik bo‘lib ishlaydi. U ayni G‘ayrat Do‘stov voqeasi muhokamasi qiziyotgan bir paytda, metan zapravkada navbatsiz o‘tayotganlarga e’tiroz bildirishi ortidan ichki ishlar xodimlari bilan aytishib qolgan.
Shu mavzudagi ko‘rsatuvimizni tomosha qiling:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"G‘ayrat Do‘stovning voqeasidan keyin metan zapravkalariga IIB xodimlari judayam ko‘p biriktirilibdi. Hozir ham shunaqa. Meniki 30 dekabrь kuni bo‘lgan. Xodimlar tanish-bilishchilik qilib odamlarni navbatsiz kiritayotganiga IIB xodimlari oldiga borib norozilik bildirganimda, muammoga qarshi emas, muammoni olib chiqqan odam bilan shug‘ullanishni boshlashdi. Telefonimni qo‘limdan tortib olib qo‘yishdi. So‘kindingiz, ommaning e’tiborini o‘zingizga qaratyapsiz, deyishdi. Urishdi, sudrashdi, tepishdi, qo‘limga kishan solishdi, bormayman dedim. Anti-terrorizmga olib boramiz, deyishdi. Mashinamning hujjatlarini ham tekshirishdi, xato topishmadi. Kuch ishlatib tiqib, olib borishdi. Mashinada, masjidga kirib turasizmi, namoz o‘qiysizmi, degan savollar boshlandi. Bo‘limda tushuntirish xati olib, bir soatdan so‘ng qo‘yvorishdi. Kechirdik sizni, dedi. 5 yanvarь kuni telefon qilib, kelib keting deyishdi, borib keldim. Oradan yana uch kun o‘tib sudga chaqirib, sudya 5 sutka qamoq, 5 oklad jarima qarorini chiqarishdi", - deydi u.
Мотоцикл минганмисан, деди. Йўқ, дедим. Мотоцикл мингандек тур, қўлларингни кўтариб, дейишди. Тураркансиз, улар тиззангизнинг пастига, болдирингизга, битта нуқтага тепаверар экан.
Boburbek uchun bu birinchi ma’muriy qamoq jazosi bo‘lsa, vodiylik bloger Nodirbek Xojimatov buni naq uch marta boshidan kechirgan. U birinchi 8 sutkalik jazosi davrida qiynoqqa tutilgani, va ozod qilinish kuni kelganida jarohatlari bitmagani uchun yana 5 sutkaga hukm qilinganini aytadi. Yangi jazo uchun esa, unga ko‘ra, soxta ayblov va soxta guvohlar asos bo‘lgan.
"[Shahrixonda 8 sutkali qamoq jazosini o‘tayotganimda] DXX xodimi urib oyog‘imga jarohat yetkazgan. Oyog‘imdagi ko‘kargan jarohat izlari yo‘qolishi uchun, chiqib yana murojaat qilmasin deya, meni so‘ngra Asaka tumaniga olib borishgan. Asaka tumani hokimligi oldida jinsiy a’zosini chiqarib siyayotganda ushlandi, deb yana 5 sutkalik ma’muriy qamoq jazosini berishgan. Yana 183, mayda bezorilik. Go‘yo men 8 sutkani o‘tab chiqib, Asaka tumaniga borib siygan emishman. Borsam, ikkita 20-25 yoshlardagi bolalarni guvoh qilib qo‘yishibdi. Sudda aytdim, hurmatli raislik qiluvchi, men Shahrixon tumanidan kelyapman, 8 sutkani o‘tab kelyapman, surishtiring buni desam, javob yo‘q. 5 sutka qamoq jazosi tayinlandi", - deydi Nodirbek.
Bu hodisa 2018 yilda bo‘lgan. 2019 yilda Nodirbek yana qamaldi va xalqaro tashkilotlar nazariga tushdi. Chunki u viloyat hokimining orden olishga noloyiqligi haqida post yozgandi. Ammo, tuman hokimi idorasiga kirib janjal qilgan degan ariza asosida yana mayda bezorilikda ayblanib, bu safar 15 sutkaga qamaldi. Sudda uning tuman hokimligida bo‘lmaganini aytishi, kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni tekshirishi so‘ragani, o‘z huquqlarini uchun kurashgani yordam bermadi.

Advokat Bahodir Ahmedovning aytishicha, qonunchilikda "bo‘shliqlar" bor, va bu bo‘shliqlar suiiste’mol qilinmoqda.
"Huquqiy asos, huquqiy bo‘shliq bo‘lmasligi kerak. Qaror kimningdir xohishini bajarish uchun qilinadigan bo‘lsa, buni bajarish uchun qonundagi "lazeyka", ya’ni bo‘shliqlardan foydalanishadi. Ma’muriy qamoq qachon, kimga beriladi degan aniq bir mezon yo‘q. Kimlarga berilmasligi bo‘yicha bor: masalan, homilador ayollar, voyaga yetmaganlar va hokazo. Lekin, kimga berilishi bo‘yicha - yo‘q. "Mayda bezorilik"dek juda mavhum, chek-chegaralari qaerlargacha ekani bilinmaydigan huquqbuzarliklar bor ekan, odamlarni sub’ektiv sabablar bilan qamoqqa olish oson bo‘laveradi. Qonunda har bitta holat, mezon belgilab qo‘yilishi kerak", - deydi huquqshunos.
Ma’muriy jazoni o‘tash joylaridagi sharoitlar
"Xonaga kirdik. Sakkizta karavot bor ekan. 14 odam yotdik o‘sha yerda. Yana odamlarni kiritadi, 18 tagacha bo‘lib ketdik ba’zi paytda. Matraslar eski-tuski, tepada kamera ko‘rib turadi. Urmaydi, so‘kmaydi, lekin kamerada qarab turadi. Yerlarda yotdik. Havo yo‘q. Sigaret chekishadi, men pastga o‘tirvoldim, pastda zaharli havo bo‘lmaydi deb. Ertalab 5-6 da tur deydi, so‘ng kechki soat 10 gacha yotishga qo‘ymaydi, matraslar yig‘ishtirib qo‘yiladi, faqat o‘tirib chiqasiz. Yotsang, turg‘izdiradi, askar jo‘natadi. Ovqatlari umuman yog‘i yo‘q, quruq suvga qaynatilgan ovqatlar", - deydi Boburbek.
Nodirbekning kechinmalari esa jismonan yanada og‘riqli bo‘lgan. U kuchishlatar tizimlar uni qo‘rqitish va shashtidan qaytarish uchun qiynoqqa solishganini aytadi.
Кодекснинг 316-моддасида 10 кун ичида апелляция бериш керак ва 10 кун ичида жазони ижро этиш тўхтатиб турилади, дейилади. Лекин, бундан маъмурий қамоқ жазоси мустасно, дейилган.
"Mototsikl minganmisan, dedi. Yo‘q, dedim. Mototsikl mingandek tur, qo‘llaringni ko‘tarib, deyishdi. Turarkansiz, ular tizzangizning pastiga, boldiringizga, bitta nuqtaga tepaverar ekan. Keyin polga o‘tirasiz ekan, oyoqlarni uzatib. Oyog‘ingizning kaftiga dubinka bilan uraverar ekan. Ikkinchi kun ham shunday bo‘ldi. Uchinchi kuni to‘xtatishdi, chunki chap oyog‘im shishib, qorayib ketdi", - deydi Nodirbek.
Nodirbek ozod bo‘lgach, sud hukmidan arz qilib 17 marta prezident portaliga yozganini aytadi. Nohaq jazolanganini da’vo qilayotgan Boburbek esa avvaliga sud qarori ustidan apellyatsiya berishga qaror qilgani, ammo ichki ishlar xodimlari undovidan so‘ng bu qaroridan qaytgani haqida so‘zlaydi.
15 sutkalik qamoq haqida gap ketar ekan, O‘zbekistonda bunday qaror ustidan appelyatsiya berishdan foyda yo‘q, degan qarash allaqachon shakllanib bo‘lgan.
"Ma’muriy jazo to‘g‘risidagi kodeksda ma’muriy jazo darhol ijro etiladi, deyilgan. Kodeksning 316-moddasida 10 kun ichida apellyatsiya berish kerak va 10 kun ichida jazoni ijro etish to‘xtatib turiladi, deyiladi. Lekin, bundan ma’muriy qamoq jazosi mustasno, deya belgilangan. Boshqa holatlarda siz apellyatsiya bersangiz, jazoni o‘tash to‘xtatib turiladi, lekin ma’muriy qamoq jazosida bunday emas. Ma’muriy qamoq ijrosi boshlanadi, apellyatsingiz 1 sutka ichida ko‘rib chiqiladi. Bu shaxs qochib ketib, yo‘qolib qolib, uchastka noziri qidirib yurmasligi uchun qilingan bo‘lsa kerak. Lekin, men boshqacharoq fikrdaman. Odatda bayonnoma rasmiylashtiriladi-da, darrov sudda ko‘rib chiqiladi, shaxs nima bo‘layotganini tushunmay ham qolishi mumkin. Sud qaysidir kunga belgilansa, orada 2-3 sutka vaqt bo‘lsa, shaxs advokat yollashi yoki o‘zi mustaqil tarzda ayblovlarni o‘qib o‘rganishi mumkin. Agar aybdor deb topilsa va ma’muriy qamoq jazosiga tortilsa, buni ham 1-2 sutkaga to‘xtatib turishni ko‘rib chiqish kerak. Chunki u advokat yollashga, keyingi instantsiyaga arz yozishga ulgurishi kerak", - deydi advokat.
15 sutkagacha bo‘lgan ma’muriy jazolar aslida huquqshunoslardan ham ko‘ra, siyosatchilar bilan muhokama qilinishi kerak bo‘lgan mavzudek tuyuladi.
Adolatsiz va buyurtmalar asosida, yoki kuch tizimlari kayfiyatiga qarab berilayotgan jazolar mamlakatdagi siyosiy erkinliklar: so‘z erkinligi, turfaxil fikrlash va inson qadri qanday ahvolda ekaniga yaxshi ishora.
"Oddiy kundalik ishlarimiz bor-ku, masalan ovqat yeymiz, suv ichamiz.. Bularga bir insonga ma’muriy qamoq jazosini berish huddi biz suv ichgandek oddiy va oson ish ekanini bilganman", - deydi Nodirbek.












