Rossiya: Har narsani changga aylantiradigan Putin superquroli yana kimlarda bor?

Shimoliy Koreya gipertovushli raketaning qayta ishlangan tasviri sinovdan o‘tganini da’vo qilmoqda

Surat manbasi, EPA-EFE/KCNA

Rossiya: Har narsani changga aylantiradigan Putin superquroli yana kimlarda bor?
    • Author, Frenk Gardner
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Quyoshli kuz kuni. Pekindagi harbiy parad maydonidan ulkan kamuflyajlangan harbiy yuk mashinalari karvoni sekin o‘tar, ularda Xalq-ozodlik armiyasining raketa tizimlari namoyish qilinardi.

O‘tkir igna shaklidagi, 11 metr uzunlik va 15 tonna og‘irlikdagi har bir raketa ustiga katta qilib "DF-17" deb yozilgan belgilar ko‘zga tashlanardi.

Shu tarzda Xitoy o‘zining "Dongfeng" gipersonik – tovushdan tez raketalar arsenalini jahonga namoyish etdi. Bu 2019 yil 1 oktyabrdagi Milliy bayram paradida edi. AQSh bu qurollar ishlab chiqilayotganini allaqachon bilardi, ammo oradan o‘tgan vaqt ichida Xitoy ularni takomillashtirishda ancha ildamlab ketdi.

Bunday raketalarning ulkan tezligi va manyovr imkoniyati, tovushdan besh barobar tez harakatlanishi ularni juda xavfli qurolga aylantiradi. Bu esa urush olib borish tartibini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Shu bois ularni ishlab chiqish bo‘yicha global poyga kundan-kun qizimoqda.

Pekindagi Tyananmen maydonidagi harbiy paradda DF-17 raketasi taqdim etildi

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoy 2019 yilgi paradda o‘zining gipersonik raketasini namoyish qildi

"Bu hozir kuzatayotganimiz davlatlar orasidagi yangi geosiyosiy kurashning bir qismi, – deydi Geostrategy tahlil markazi tadqiqotchisi Uilyam Frir. – So‘nggi marta bunday holat sovuq urush davrida kuzatilgan edi".

Rossiya, Xitoy, AQSh: global raqobat

Pekindagi parad Xitoyning gipersonik texnologiyalardagi yutuqlari jiddiy tahdidga aylanishi mumkinligini ko‘rsatdi. Hozirgi kunda Xitoy yetakchi, uning orqasidan Rossiya kelmoqda.

AQSh esa hali ularga yetmagan, Buyuk Britaniya esa umuman bunday qurolga ega emas.

Frirning aytishicha, sabab oddiy: "Xitoy va Rossiya bu dasturlarga ancha yillar avval katta mablag‘ tikkan".

Aloqador mavzular:

Bu vaqtda G‘arb davlatlari asosiy e’tiborini terrorizm va chet eldagi isyonlarga qarshi operatsiyalarga qaratgani uchun, zamonaviy kuchli raqibga qarshi urush ehtimoli ularga uzoq tuyulardi.

"Natijada biz Xitoyning harbiy qudrat sifatida shitob o‘sishini payqamadik", degan edi Britaniya razvedka xizmati rahbari Sir Aleks Yanger 2020 yilda nafaqaga chiqqanidan keyin.

Shimoliy Koreyadagi tabiat manzarasida raketaning sinovdan o‘t o‘q uzilishi havo o‘rtasida ko‘rsatilgan

Surat manbasi, Shutterstock

Surat tagso‘zi, Shimoliy Koreya sinovdan o‘tkazgan raketada ham gipersonik harakatlar bo‘lgan

Boshqa o‘yinchilar

Isroil "Arrow 3" nomli gipersonik mudofa raketasiga ega. Eron ham bunday qurolga egaligini aytib, iyunda 12 kunlik Isroil bilan urushda gipersonik raketa uchirganini iddao qilgan. (Raketa ulkan tezlikda harakat qilgan, ammo havoda manyovr imkoniyati yetarli bo‘lmagani uchun haqiqiy gipersonik sifatida baholanmadi.)

Shimoliy Koreya 2021 yildan buyon o‘z versiyalarini ishlab chiqmoqda va shunday qurolga egaligini aytib keladi.

AQSh va Buyuk Britaniya bu texnologiyaga faol sarmoya kiritmoqda, Frantsiya va Yaponiya ham shu yo‘ldan boryapti.

Eronning birinchi gipertovushli raketasi Fattoh va Eronning Xaybar Shekan ballistik raketasi harbiy paradda yuk mashinalarida olib ketilmoqda.

Surat manbasi, Morteza Nikoubazl/NurPhoto via Getty Images

Surat tagso‘zi, Eron iyundagi 12 kunlik urushda Isroilga gipersonik raketalar uchirganini aytdi

AQSh esa "Dark Eagle" nomli gipersonik qurolini taqdim etdi.

Pentagon ta’rificha, "Dark Eagle mamlakatimiz va armiyamizning kuch-qudrati hamda gipersonik qurollar sohasidagi imkoniyatlarini namoyon etadi".

Biroq hozircha Xitoy va Rossiya ancha oldinda va bu ayrim mutaxassislarni jiddiy xavotirga solmoqda.

Gipersonik va gipermanyovrli

Gipersonik deganda – Max 5 yoki undan tez harakatlanadigan qurol (ya’ni tovushdan besh barobar tez, taxminan 6 200 km/soat) tushuniladi. Bu ularni oddiy "supersonik" qurollardan (tovushdan biroz tezroq – 1 235 km/soat) tamoman farqlaydi.

Aynan shu ulkan tezlik ularni o‘ta xavfli qurolga aylantiradi.

Hozirgacha eng tezi ruslarning "Avangard"i bo‘lib, u Max 27 (taxminan 33 300 km/soat) tezlikka chiqishi aytilgan. Ammo ko‘p hollarda unga nisbatan Max 12 (soniyasiga 3 km yoki taxminan 15 000 km/soat) ko‘proq aytiladi.

Frirning ta’kidlashicha, to‘liq vayron qilish qudrati jihatidan gipersonik raketalar supersonik yoki tovushdan past tezlikdagi qanotli raketalardan katta farq qilmaydi.

"Ularning asosiy farqi – aniqlab topish, kuzatish va yo‘q qilishdagi murakkablikda", deydi u.

ICBM va gipertovushli raketalarning parvoz yo'llarini taqqoslaydigan grafik: ICBMlar radar tomonidan aniqlanishi mumkin bo'lgan yuqori, bashorat qilinadigan yoyni kuzatib boradi; gipertovushli raketalar tezroq, pastroq va tartibsiz uchadi, bu esa aniqlashni qiyinlashtiradi. Diagrammada radar chegaralari, ishga tushirish va nishon nuqtalari, atmosfera qatlamlari ko'rsatilgan. Manba: Mudofaa razvedka boshqarmasi, Qurollarni nazorat qilish uyushmasi

Gipersonik raketalar asosan ikki turga bo‘linadi: Birinchisi, suzuvchi gipersonik raketalar.

Bular (masalan, Xitoyning DF-17 kabi) yer atmosferasiga yoki undan yuqoriroqqa chiqariladi, so‘ng ulkan tezlik bilan pastga sho‘ng‘iydi.

Odatiy ballistik raketalar oldindan taxmin qilinishi mumkin bo‘lgan parobolik traektoriya bo‘ylab uchadi. Gipersonik suzuvchi esa parvoz paytida yo‘nalishini o‘zgartirib, maqsadga noaniq va manyovrli tarzda yaqinlashishi mumkin.

Ikkinchisi gipersonik qanotli raketalar. Bular yer yuzasiga yaqin parvoz qiladi va radardan qochish uchun pastdan harakatlanadi. Avval raketa buster yordamida kerakli tezlikka chiqariladi, keyin Max 5 va undan yuqori tezlikka yetgach, "skramjet" motori ishga tushadi. Bu motor havoni parvoz paytida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichiga tortib, raketa harakati davomiyligi va nishonga yetib borishini ta’minlaydi.

Bunday qurollar "ikki maqsadli" hisoblanadi: ularga ham yadroviy, ham kuchli portlovchi oddiy kallak qo‘yish mumkin. Biroq gipersonik raketalarning xavfi faqat tezlikda emas.

Harbiy ta’rifga ko‘ra, haqiqiy gipersonik qurol parvoz paytida manyovr qila olishi kerak, ya’ni ulkan tezlikda ham yo‘nalishini to‘satdan va kutilmagan tarzda o‘zgartira olishi shart.

Bu esa ularni urib tushirishni juda qiyinlashtiradi. Yerdagi radarlar gipersonik raketani ko‘pincha faqat oxirgi bosqichda, nishonga yaqinlashgandagina aniqlay oladi.

"Radar gorizontidan past parvoz qilish orqali ular vaqtida aniqlanishdan qochishi mumkin. Sensorlarda esa faqat oxirgi bosqichda paydo bo‘ladi, bu esa yo‘q qilish imkoniyatini cheklaydi", – deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) qoshidagi Raketa mudofaasi loyihasi tahlilchisi Patritsiya Bazilchik. Uning fikricha, bu muammoning yechimi – G‘arbning kosmik sensor tizimlarini kuchaytirish, chunki yerdagi radarlar imkoniyati cheklangan.

Kiyevdagi turar-joy binosiga urilganidan keyin urib tushirilgan Rossiyaning "Zirkon" gipertovushli raketasi qoldiqlari - fonda olomon unga qaraydi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Urib tushirilgan Rossiyaning Zirkon gipersonik raketasi, Noyabr, 2024 yil

Amaldagi urush holatida esa hujumga uchragan davlat oldida daxshatli savol paydo bo‘ladi: bu yadroviy zarbami yoki oddiy raketa hujumi?

"Gipersonik qurollar urushning mohiyatini emas, balki harakat qilish uchun zarur vaqtni qisqartirdi", deydi Buyuk Britaniya Qirollik harbiy-dengiz kuchlarining sobiq komandiri, havo mudofaasi bo‘yicha mutaxassis Tom Sharp.

"Asosiy narsa o‘zgarmagan: dushmanni kuzatish, uni nishonga olish va raketa yo‘nalishini oxirgi bosqichda harakatlanuvchi nishonga moslash. Bu ballistik, supersonik yoki tovushdan past raketa bo‘lsin, farqi yo‘q. Mudofaachi uchun ham o‘zgarmagan: kuzatish va kelayotgan gipersonik raketani yo‘q qilish. Faqat himoyachida vaqt kamroq qoladi".

Vashingtonda bu texnologiyadan xavotir kuchayganiga dalillar bor. Joriy yil fevralda AQSh Kongress tadqiqot xizmati chop etgan hisobotda shunday deyilgan:

"AQSh mudofaa rasmiylari aytishicha, yerdagi va hozirgi kosmik sensor tizimlari gipersonik qurollarni aniqlash va kuzatish uchun yetarli emas".

Shu bilan birga, ba’zi ekspertlar fikricha, gipersonik qurollar atrofidagi shov-shuv haddan tashqari bo‘rtirilmoqda.

Ortiqcha shov-shuvmi?

Qirollik Birlashgan xizmatlar instituti (RUSI) mudofaa tahlil markazi eksperti doktor Sidxart Kaushal fikricha, gipersonik qurollar har doim ham "o‘yin qoidasini o‘zgartiruvchi" omil emas.

"Ularning ulkan tezligi va manyovr imkoniyati qimmatli nishonlarga qarshi qo‘llash uchun jozibador. Shu bilan birga, zarba paytidagi kinetik energiyasi mustahkam yoki yer ostidagi ob’ektlarni yo‘q qilishga yordam berishi mumkin. Ilgari bunday nishonlarni oddiy qurollar bilan vayron qilish qiyin edi", deydi u.

Biroq tovushdan besh barobar yoki undan ham yuqori tezlikka ega bo‘lishiga qaramay, gipersonik qurollarga qarshi samarali mudofaa choralari mavjud, deb hisoblaydi Tom Sharp. Uningcha, ulardan biri – nishonni aniqlash va kuzatishni qiyinlashtirish.

"Kemalar o‘z joyini yashirish uchun turli usullardan foydalanishi mumkin. Masalan, tijorat yo‘ldoshlari orqali olingan suratlar bir necha daqiqa eski bo‘lsa, ular nishon olish uchun amaliy qiymatini yo‘qotadi. Yo‘ldoshdan aniq va doimiy yangilanib turadigan ma’lumot olish esa juda qimmat va murakkab jarayon", deya ta’kidlaydi u.

Biroq Sharpning fikricha, sun’iy intellekt va yangi texnologiyalar kelgusida bu sohani sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin.

Rossiya tahdidi borasida ehtiyotkorlik

Rossiya va Xitoy bu turdagi qurollarni ishlab chiqishda G‘arbdan oldinga chiqqanini ko‘rsatib turibdi. "Xitoyning gipersonik dasturlari juda ta’sirli va tashvishli, – deydi Frir. – Ammo Rossiyaning da’volariga nisbatan ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak", deb qo‘shadi u.

2024 yil noyabrida Rossiya Dnepr shahridagi sanoat hududiga tajriba sifatida o‘rta masofali ballistik raketani uchirdi. Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, "Oreshnik" deb atalgan bu raketa gipersonik tezlikka – Max 11 (13 500/soat) ga yetgan. Putin esa uning Max 10 tezlikda harakat qilganini bildirdi.

Rossiyaning "Oreshnik" raketa tizimining ishlashini ko'rsatadigan diagramma: birinchi bosqichni tashlashdan oldin raketani yuqori atmosferaga uchirish uchun raketa dvigatellaridan foydalanadi, ikkinchi bosqichdan oltita jangovar kallakni olib boradigan MIRV avtobusi qo'yib yuboriladi va maqsadli hududga boradi, so'ngra har bir jangovar kallakni o'zi qo'yib yuborishdan oldin nishonlarni ajratish va yo'naltirish uchun itaruvchilardan foydalanadi. Manba: Reuters

Xabarlarga ko‘ra, raketa yerga yaqinlashganda bir necha kichik, mustaqil bo‘laklarga bo‘lingan. Bu usul sovuq urush davridan ma’lum edi. Guvohlar aytishicha, portlash katta shovqin bilan emas, balki bir nechta zarbalar orqali sodir bo‘lgan. Olti bo‘lak turli joylarga tushgan, ammo ular "inert" bo‘lgani uchun katta zarar yetmagan – Rossiyaning odatiy tungi bombalashlaridan farq qilmagan.

Yevropa uchun esa asosiy tahdid – Rossiyaning NATO hududiga yaqin joylashtirilgan raketalari. Masalan, Kaliningraddagi arsenal.

Agar Putin bir kuni Kievga "Oreshnik"ni haqiqiy kuchli portlovchi kallak bilan yo‘naltirsa, oqibati qanday bo‘lishi mumkin?

Xarita "Oreshnik" raketalari Rossiya hududining chekkasidan, shu jumladan Kaliningraddan uchirilgan taqdirda Yevropaning turli shaharlariga qanchalik tez yetib borishini ko'rsatadi. Unda Kiyev, Varshava va Berlinga besh daqiqa, Dublin, London, Parij va Rimga 10 daqiqada, Madridga esa 15 daqiqada yetib borish mumkinligi ko‘rsatilgan. Unda qayd etilishicha, Mach 10 da uchadigan raketa har besh daqiqada taxminan 1000 km masofani bosib o‘tadi.

Putin bu qurol ommaviy ishlab chiqarishga kiritilishini va u nishonlarni "changga aylantirish" qudratiga ega ekanini ta’kidlagan.

Rossiya boshqa gipersonik qurollarga ham ega. Masalan, "Kinjal" raketasi. Putin uni "ulkan tezligi sababli urib tushirib bo‘lmaydigan qurol" deb ko‘p marta ta’riflagan. Ammo Ukrainada qo‘llangandan so‘ng ko‘p "Kinjal" raketalari urib tushirilgani ma’lum bo‘ldi va ular haqiqiy gipersonik emasligi aytilmoqda.

Putin va Jin Pin

Surat manbasi, Getty Images

G‘arb uchun eng tashvishli qurol – Rossiyaning juda tezkor va manyovrchan "Avangard"i. 2018 yilda boshqa beshta "superqurol" bilan birga taqdim etilganda, Putin uni "to‘xtatib bo‘lmaydigan qurol" deb atagan. Doktor Kaushal esa "Avangard"ning asosiy vazifasi ehtimol AQShning raketalarga qarshi mudofaasini yengishdir", deydi. Biroq u Rossiyaning ishlab chiqarish quvvati cheklanganini ham qayd etadi.

Shu bilan birga, Tinch okeanning g‘arbiy qismida AQSh va Xitoy o‘rtasida strategik ustunlik uchun kurash tobora kuchaymoqda. Xitoyning ballistik raketalar arsenali ortib borishi AQShning Janubiy Xitoy dengizi va undan tashqaridagi harbiy quvvati uchun jiddiy tahdid solishi mumkin.

Xitoy dunyodagi eng kuchli gipersonik qurollar arsenaliga ega. 2024 yil oxirida u o‘zining eng yangi qurolini – GDF-600 gipersonik suzuvchi qurilmasini namoyish etdi. 1 200 kg yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bu qurilma kichik minachalarni tashishi va Max 7 (8600 km/soat) tezlikka yetishi mumkin.

Buyuk Britaniyaning ildamlash harakatidagi "muhim burilish"

Buyuk Britaniya bu poygada ortda qolgan, ayniqsa, u BMT Xavfsizlik Kengashining yadroviy qurolga ega beshta doimiy a’zosidan biri ekanini hisobga olganda. Biroq kech bo‘lsa-da, mamlakat kamchilikni qoplashga va kamida poygaga qo‘shilishga harakat qilmoqda.

Aprel oyida Mudofaa vazirligi va Mudofaa fan va texnologiya laboratoriyasi Buyuk Britaniya olimlari "muhim marraga" yetib borganini e’lon qildi – yirik sinov dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Bu sinov hukumat, sanoat va AQSh hukumatining uch tomonlama hamkorligi natijasi bo‘lib, olti hafta davomida Virjiniya shtatidagi NASA Langley tadqiqot markazida jami 233 ta sinov amalga oshirildi.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili buni "muhim burilish nuqtasi" deb atadi. Biroq, bu qurol amalda qo‘llashga tayyor bo‘lishi uchun yana yillar kerak bo‘ladi.

Rossiyaning Kh-47 Kinzhal gipertovushli raketa kallaklari

Surat manbasi, REUTERS/Valentyn Ogirenko

Surat tagso‘zi, Kinjad shipersonik bo‘lmasligi mumkin, chunki katta qismi tutib qolingan
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Janob Frirning ta’kidlashicha, G‘arb nafaqat gipersonik raketalar yaratish, balki ularga qarshi kuchli mudofaa tizimini barpo etishga ham jiddiy e’tibor qaratmog‘i zarur.

"Raketa urushlari ikki tomonlama jarayon, – deydi u. – Bir vaqtda ham yo‘qotishlarni cheklay olishingiz, ham dushmanning raketa otuvchi maydonlariga zarba berish imkoniyatingiz bo‘lishi kerak. Agar har ikki jabhada imkoniyat bo‘lsa – o‘zingizni himoya qilib, shu bilan birga qarshi hujum qila olsangiz, raqib urush boshlashga ikkilanib qoladi."

Biroq Tom Sharp hozirgi vaziyatdan qanchalik xavotirlanish kerakligi masalasida ehtiyotkorlikka chorlaydi.

"Gipersonik qurollar bilan bog‘liq asosiy jihat shuki, – deydi u, – bu tenglamani tashkil etuvchi har ikki tomon ham bir xil darajada murakkab va hali hech biri mukammal emas."