Ozarbayjon-Rossiya: Bokuda "Rus uyi" yopilmoqda. Aliev endi Putinga chindan qarshi keta boshladimi?

prezident

Surat manbasi, AFP

O'qilish vaqti: 5 daq

Ozarbayjon hukumati poytaxt Bokuda "Rus uyi" yopilishini ma’lum qilgan. Bu xabar rasmiy Boku chorshanba kuni Ukrainaga yirik miqdorda insonparvarlik yordami yuborayotganini bildirishi ortidan chiqqan. Kreml tashqi siyosati uchun muhim "Rus uyi"ning yopilishi AZAL samolyoti halokati ortidan Ozarbayjon-Rossiya aloqalari yomonlashishining eng keskin nuqtasiga aylangan.

6 fevral kuni Ozarbayjon mahalliy matbuoti rasmiy Boku Rossiya tomoniga mamlakatdagi "Rus uyi" faoliyati to‘xtatilayotgani haqida bildirishnoma yuborganini xabar qilgan.

Bir qator xorijiy davlatlarda ochilgan "Rus uylari" — Yevgeniy Primakov rahbarlik qilayotgan Rossotrudnichestvo loyihasi hisoblanadi.

Ozarbayjon matbuoti tarqatgan xabarda mamlakat hukumatining "endilikda tashqi aralashuvga toqat qilmoqchi emasligi" aytiladi.

Bungacha Ozarbayjonda Amerika Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) idorasi yopilgan edi.

Rasmiy Boku ikkala tashkilotni ham "tashqi yumshoq kuch" sifatida baholagan.

"Ozarbayjonning o‘zi donor davlatga aylandi va endi tashqaridan yordamga muhtoj emas, ayniqsa bu yordam shubhali sxemalar hamda faoliyati aniq razvedka xususiyatiga ega bo‘lgan tashkilotlar orqali amalga oshirilayotgan bo‘lsa", deya xabar bergan mahalliy Report nashri o‘z manbalariga tayanib.

Aloqador mavzular:

Rasmiy sabab — ro‘yxatga olinmaganlik

Rasman Ozarbayjon hukumati "Rus uyi"ning yopilishini uning mamlakat hududida ro‘yxatdan o‘tmagani bilan izohlamoqda.

"Rossiya axborot-madaniyat markazi — "Rus uyi", ya’ni Rossotrudnichestvo'ning Ozarbayjondagi vakolatxonasi, yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan", deyiladi Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi vakili Ayxon Gajizadening bayonotida.

Xorijda "rus madaniyati"ni targ‘ib qilish va "etnik ruslar" huquqlarini muhofaza qilishni asosiy vazifasi deb biladigan hamda Kremlning "yumshoq kuch" siyosatini yuritishda asosiy vositalaridan ko‘rilgan Rossotrudnichestvo rahbari Yevgeniy Primakov tashkilotning o‘zi Ozarbayjon tomonidan ko‘p yillardan beri ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilib kelganini aytgan.

"Gap shundaki, bizning elchixonamiz ham, vakolatxonamiz ham, Tashqi ishlar vazirligimiz ham yillar davomida bir necha bor Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligi va TIViga ro‘yxatdan o‘tkazishda yordam berish so‘rovi bilan murojaat qilgan. Biz har doim bunga tayyor edik, biroq bizning murojaatlarimiz javobsiz qolaverdi", ta’kidlagan u.

Josuslik ayblovlari

rus uyi

Surat manbasi, Rs.gov.ru

Surat tagso‘zi, "Rus uyi"da kontsertlar, spektakllar qo‘yilgan, she’riyat kechalari o‘tkazilgan.

Ozarbayjondagi hukumatparast mahalliy nashrlar bu tashkilotni avvaldan tanqid qilib keladi.

Yanvarь oyida Baku.tv kanali "Rus uyi" rus madaniyatini targ‘ib qilish maqsadi ostida, aslida, josuslik faoliyati bilan shug‘ullanishi iddao etilgan material e’lon qilgan.

Shundan so‘ng Ozarbayjon elchisi Raxmon Mustafaev Rossiya TIViga chaqirilib, unga norozilik bildirilgan.

Primakov esa tashkilot obro‘sini himoya qilish bo‘yicha da’vo arizasi tayyorlanayotganini ma’lum qilgan.

Baku.tv Ozarbayjonda mamlakat hukumati xohish-irodasini o‘zida aks ettiradigan nashr sifatida tanilgan.

"Rus uylari" nima o‘zi?

rus uyi

Surat manbasi, Uzbekistan.rs.gov.ru

Surat tagso‘zi, "Rus uyi" O‘zbekistonda ham faoliyat yuritadi. Mazkur surat O‘zbekistonda rus tili va adabiyotini o‘qitish muammolariga bag‘ishlangan tadbir chog‘i olingan. 2024 yil dekabrь, Toshkent.

Rossotrudnichestvo'ning "Rus uylari" dunyoning o‘nlab davlatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham faoliyat yuritadi.

"Rus uylari" chet elda rus tilini targ‘ib qiladi, she’riyat tanlovlari o‘tkazadi, bolalar tadbirlari tashkil etadi hamda spektakllar namoyish qiladi.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Yevropa davlatlari Rossotrudnichestvo'ni Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga raxna soladigan yoki ularga tahdid qiladigan harakatlarni amalga oshirgani yoki qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.

Ukrainaning o‘zida esa mazkur tashkilot 2021 yildan beri sanksiyalar ostida.

"Biz Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaymiz"

Bokudagi "Rus uyi" yopilishi xabari chiqishidan bir kun avval – 5 fevral kuni prezident Ilhom Alievning matbuot xizmati Ukrainaga navbatdagi insonparvarlik yordami yuborilayotganini e’lon qilgan.

Shu kuni Aliev imzolagan farmonda elektron jihozlar xarid qilishi uchun Ukrainaga $1 million ajratish haqida so‘z boradi.

Umuman olganda, 2024 yil oxirigacha Ozarbayjon Ukrainaga qariyb $40 millionlik yordam ko‘rsatgan.

Avvalroq, Aliev Rossiya boshlagan urushni "ikkala xalq uchun ham katta fojia" deb atab, Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan edi.

prezident

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, O‘tgan bir yarim oydan beri Ozarbayjon va Rossiya aloqalari keskin yomonlashib bormoqda.

"Biz boshqa davlatlar kabi Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaymiz hamda bu haqda ochiq aytamiz, daraxt ortiga yashirinmaymiz", degan edi Ozarbayjon prezidenti 2022 yil aprelida.

Bundan tashqari Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanishi ortidan Bokuda Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi stixiyali aktsiyalar o‘tkazilgan ham.

Bu Ozarbayjon uchun g‘ayrioddiy holat, chunki, odatda, mamlakat politsiyasi hatto yakka piketlarni ham keskin bostiradi.

Uchoq halokati

Shunga qaramay, Qozog‘iston hududiga qulab tushgan AZAL samolyoti halokati ortidan Ozarbayjon va Rossiya munosabatlari tarangligi o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqayotgani kuzatilmoqda.

Rossiya nashrlari dekabrь oxirida Oqtov shahrida qulab tushgan Ozarbayjon uchog‘i halokatiga bortda gaz ballonining portlashi yoki qushlar bilan to‘qnashuv sabab bo‘lgani haqida yozgan edi.

Ammo Ozarbayjon Rossiya tomoni keltirgan talqinlarga ishonmasligini ochiq ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ilhom Alievga qo‘ng‘iroq qilib, shaxsan uzr so‘ragan, lekin Ozarbayjon yetakchisi har tomonlama tergov o‘tkazish va aybdorlarni aniqlash talabida qat’iy turgan.

motam

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, AZAL uchog‘i halokatida qurbon bo‘lganlar hurmat ila dafn etilgan, mamlakatda milliy motam e’lon qilingan.

Ozarbayjonda omon qolgan ekipaj a’zolari qahramon sifatida kutib olingan, halok bo‘lganlar esa hurmat ila dafn etilgan.

Ozarbayjon matbuotida chiqish qilgan ekspertlar Grozniy shahriga parvozni amalga oshirgan uchoq o‘sha paytda Ukraina dronlari hujumini qaytarayotgan Rossiya havodan mudofaa kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgan, degan farazni ilgari surgan.

Shu bilan birga mahalliy siyosiy sharhlovchilar samolyot "Kaspiy dengiziga qulab tushishi uchun qasddan Oqtovga uchishga majburlangan"ini ta’kidlagan.

Siyosiy tahlilchilar fikricha, matbuot kuchli nazorat ostida bo‘lgan Ozarbayjonda bunday jiddiy siyosiy voqea yuzasidan shu qadar keskin fikrlar e’lon qilinishi, aslida, rasmiy Boku qarashlarini o‘zida ifoda etadi.

Bir vaqtning o‘zida, Ozarbayjondagi hukumatparast matbuot Alievni "Putinning shaxsan o‘zidan tergov o‘tkazishni talab qila oladigan" darajada kuchli siyosiy arbob sifatida ulug‘lagan ham.

"Kuchli Ozarbayjon"

aliyev

Surat manbasi, Azertag

Surat tagso‘zi, Qorabog‘ urushidagi g‘alabadan beri Ozarbayjonda Ilhom Alievni kuchli siyosiy arbob o‘laroq tasvirlash odati kuchaygan.

Umuman olganda, 2020 yilda Qorabog‘ urushidagi g‘alabadan keyin Ozarbayjondagi hukumatparast matbuot mamlakatni mustaqil siyosat yurita oladigan va xorijiy aralashuvga toqat qilmaydigan, mintaqaviy qudratli o‘yinchi sifatida tasvirlay boshlagan.

Yil boshidan beri Ozarbayjon o‘z hududida, nafaqat "Rus uyi", balki AQShning USAID tashkiloti faoliyatini ham to‘xtatgan.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bu tashkilot nafaqat Amerika manfaatlarini ilgari surgani, balki shaffof bo‘lmagan tarzda ham ishlaganini ta’kidlagan.

Hukmron doira xohish-istagini ilgari surishi bilan tanilgan mahalliy ekspertlar fikriga ko‘ra, Ozarbayjonda faoliyat olib bormoqchi bo‘lgan xorijiy tashkilotlar "uning mustaqilligini hurmat qilishi shart".

Yevropa va AQShni "aksil-Ozarbayjon" siyosat yuritishda ayblagan Ilhom Alievning o‘zi esa mahalliy matbuot bundan keyin xorijdan "hatto bir foiz" ham yordam olmasligini ta’kidlagan.

Mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralari so‘nggi bir yarim yil ichida xorijiy donorlar bilan hamkorlik qilgan, deb topilgan shaxslarga nisbatan misli ko‘rilmagan ko‘lamdagi hibslarni amalga oshirgan.

O‘shanda, kuzatuvchilar Ozarbayjon hukumati Rossiyaning "yumshoq kuch"iga ham qarshi chiqishga jur’at qilarmikan, degan savolni o‘rtaga tashlagan edi.

Endilikda, Ozarbayjon hukumati "Rus uyi"ni yopish orqali ushbu savolga bilvosita javob bergan bo‘lishi mumkin.