Xotira kelajagi: miya implantlari bizni aqlliroq qila oladimi?

Surat manbasi, Jonathan Kitchen/Getty Images
Bozorlik ro‘yxatini eslab qolishingiz kerakmi? Yoki muhim yig‘ilishdagi mehmonlar ismlarini?
Odamlar miyalarini yaxshiroq ishlashga o‘rgatish uchun xotira usullaridan foydalanadi – bu zehnni yaxshilash uchun dasturiy yondashuvdir.
Ammo miyamizda elektr kuchaytirgich qurilmalardan ham foydalanishimiz mumkinmi?
Hozircha ushbu texnologiya ba’zi nevrologik holatlarda miya faoliyatini tiklashga yordam berish uchun ishlab chiqilmoqda.
Chuqur miya stimulyatsiyasi (ChMS) bunga misol bo‘la oladi. Bu murakkab usul ko‘p yillar davomida Parkinson kasalligi kabi harakat buzilishlari bo‘lgan bemorlarni davolashda qo‘llangan.
Miyaning yurak stimulyatori
Londondagi Sent-Jorj universiteti professori Francheska Morgante ChMSning o‘z bemorlariga ta’sirini kuzatgan.
"ChMS simptomlarni nazorat qila olmaydigan bemorlar uchun ko‘rib chiqiladi", dedi u Bi-bi-si Jahon xizmatining CrowdScience dasturiga.

Surat manbasi, BSIP/Universal Images Group via Getty Images
Parkinson kasalligida kimyoviy neyromediator hisoblanadigan dofaminni ishlab chiqaradigan hujayralar nobud bo‘ladi.
Dofamin tana harakatlarini boshqaradigan miya qismlarida signal uzatish uchun zarur. Yetarli dofamin bo‘lmasa, Parkinson bilan og‘rigan bemorlar titroq, mushaklar qotib qolishi va harakat sustligi kabi simptomlardan aziyat chekadi.
Vaqt o‘tishi bilan bu kasallik zo‘rayib boradi, hozircha uning davosi yo‘q.
ChMS jarrohlik yo‘li bilan teri ostiga, ko‘pincha o‘mrov suyagidan pastroqqa puls generatorini o‘rnatishdan iborat. U zararlangan miya qismlariga borgan elektrodlarga ulanadi va ularga kichik miqdorda elektr orqali stimul beriladi.
Professor Morgantening ta’kidlashicha, u miyaning normal signal uzatishini tiklashga yordam beradi.
Hammaga mos tushavermaydi
ChMS Parkinson kasalligining ba’zi alomatlarini yengillashtirishga yordam bersa-da, doim ham samarali emas.
Miya hujayralarining murakkab tarmoqlari bir-biriga elektr signallarini yuborish usullari murakkab va hali to‘la tushunilmagan.
"Titroq va harakatlanish bilan bog‘liq muammolardan ko‘proq simptomlar bor", deydi Londonning Sent-Jorj universiteti doktori Lyusiya Richchiard. "Masalan, depressiya, xavotir, motivatsiya yetishmasligi, xotira va uyqu bilan bog‘liq muammolar".
Uning aytishicha, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ChMS depressiya va halovatsizlik kabi ba’zi alomatlarni yengillatishi mumkin, ammo hali ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazish kerak.

Surat manbasi, Kateryna Kon/Science Photo Library via Getty Images
Bundan tashqari, individual yondashuvlar ham mavjud. Har bir inson miyasi juda murakkab va o‘ziga xos, shuning uchun hamma uchun bir xil yondashuv yo‘q.
ChMSda qo‘llaniladigan implantatsiya qilingan simlar turli nerv hujayralariga ulanadigan bir nechta mustaqil segmentlardan iborat.
Mutaxassislar bemorning alomatlariga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatish uchun qaysi segmentlarni rag‘batlantirish kerakligini aniqlab olishi kerak.
"Qaysi birini faollashtirish va chastota, amplituda, impuls, kenglik nuqtai nazaridan qaysi parametr bilan ishlatish… xullas ko‘rib chiqish lozim bo‘lgan omillar ko‘p", dedi doktor Richchiard.
An’anaviy ravishda sinov va xatolar yordamida amalga oshiriladigan bu har bir inson uchun alohida kalibrlash jarayoni tobora takomillashib bormoqda, ayniqsa, hozir sun’iy intellekt qaysi kombinatsiya qaysi miyalar uchun eng yaxshi ekanligini aniqlay oladigan bo‘ldi.
Xotira yaxshilanadimi?
Miya stimulyatsiyasi xotira kabi boshqa funktsiyalarni kuchaytirishga kelganda yaxshi o‘rganilmagan. Lekin bu faol tadqiqot mavzusi hisoblanadi.
Inson xotirasi miyaning gippokamp deb ataladigan qismida joylashgan.
Bu miyaning boshqa qismlaridan ma’lumot oladi, masalan, sezilgan hid, ovoz va ko‘rinish kabilarni qisqa yoki uzoq muddat saqlanadigan kodga aylantiradi, deydi AQShning Ueyk Forest universitetidan xotira bo‘yicha mutaxassis doktor Robert Hempson.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Bir necha yil oldin uning jamoasi kichik kemiruvchilarda xotira tajribalari o‘tkazdi va hayvon biror narsani tanlashidan oldin ma’lum elektr naqshlari paydo bo‘lganini kuzatdi.
"Agar laboratoriya kalamushi chapga burilmoqchi bo‘lsa, men "chap" deb ataydigan naqsh hosil bo‘ladi, agar o‘ngga burilmoqchi bo‘lsa, "o‘ng" naqshini ko‘raman", deb tushuntirdi doktor Hempson.
"Biz xotira to‘g‘ri ishlayotganida yoki buzilish arafasida bo‘lganida ma’lum naqshlar paydo bo‘lishini aniqladik", deydi u.

Surat manbasi, fotografixx/Getty Images
Doktor Hempson bu naqshlarga ta’sir qilish va "xotira buzilganida uni tuzatish" mumkinmikan, deb o‘ylay boshladi.
Uning jamoasi gippokamp "neyron protezi" deb nomlangan qurilmani odamlarda dastlabki sinovdan o‘tkazdi.
ChMSga o‘xshab, u ham jarrohlik yo‘li bilan implant qilingan ko‘plab elektrodlardan iborat, faqat bu safar nishon gippokamp.
Texnologiya hali to‘liq ishlab chiqilmagan. Shunday qilib, implantatsiya qilingan yurak stimulyatoridan farqli o‘laroq, elektrodlar hozirda miyadan signallarni yuborishi va qabul qilishi mumkin bo‘lgan katta tashqi kompyuterga ulangan.
Biz taxminan bir soatdan 24 soatgacha ma’lumotni saqlash qobiliyati 25 foizdan 35 foizgacha yaxshilanganini ko‘rdik.
"Biz bu funktsiya zaif bo‘lganda yoki yo‘qolganda uni tiklashga harakat qilmoqdamiz", deydi doktor Hempson.
Dastlabki natijalar epilepsiya bilan og‘rigan odamlarda tekshirilganda istiqbolli ko‘rinadi.
"Biz taxminan bir soatdan 24 soatgacha ma’lumotni saqlash qobiliyati 25 foizdan 35 foizgacha yaxshilanganini ko‘rdik, – deydi doktor Hempson. – Bu natija aynan shu testda xotira bilan bog‘liq muammolari eng ko‘p chiqqan ishtirokchilarda kuzatildi".

Surat manbasi, gorodenkoff/Getty Images
Kelgusi ehtimollar
Doktor Hempsonning ta’kidlashicha, bu texnologiya kelajakda Altsgeymer kasalligi kabi xotira muammolari bo‘lgan bemorlarga ham yordam berishi mumkin.
Ammo faqat degenerativ kasalliklari bo‘lgan odamlar emas, balki har qanday insonning miyasini yaxshilash mumkinmi?
Doktor Hempson ba’zi odamlarning xotirasi boshqalarnikiga qaraganda nima uchun yaxshiroq ishlashi haqida hali ko‘p narsa o‘rganishimiz kerakligini ta’kidlaydi.
"Buni normaldan yaxshiroq qila olamizmi? Bunga javob berish uchun yetarli ma’lumot yo‘q", deydi u.
Albatta, miya jarrohligi xavfidan tashqari, e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan axloqiy masalalar ham bor.
"Xotira bizni biz qiladigan mohiyatdir va biz uni o‘zgartirishni istamaymiz", deydi doktor Hempson.





























