Ukraina urushida yangi qurollar sinovdan o‘tmoqda yoki generallar uchun saboq

Surat manbasi, Getty Images
Yaqinda Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida 2022 yil fevralidan buyon kuzatilgan eng yirik dron hujumlari amalga oshirildi. Xabarlarga ko‘ra, Ukraina Rossiyaga qarshi 80 dan ortiq dron uchirgan, ularning ba’zilari Moskvani nishonga olgan. Rossiya esa Ukrainadagi nishonlarga 140 dan ortiq dron jo‘natgan.
Dronlarning hujum quroli sifatida keng qo‘llanilishi ushbu mojaroda urush uslublarining tubdan o‘zgarganini ko‘rsatmoqda. Elektron urush va artilleriya hujumlari bilan birgalikda qo‘llanganda, dronlar mudofaa quroli sifatida ham juda samarali bo‘lib, dushman kuchlarini jang maydonida bir joyda ushlab tura oladi.
Dronlar: Frontdagi hamma narsani ko‘ruvchi ko‘zlar
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Dronlar allaqachon Ukrainadagi urushning asosiy qismiga aylanib ulgurgan va uning olib borilish uslubiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda, deydi Shotlandiyadagi Sent-Endryus Universitetining urush tadqiqotlari bo‘yicha professori Filips O‘Braen.
"Dronlar jang maydonini ko‘zga ancha yaqin qilib qo‘ydi," deydi u.
Kuzatuvchi dronlar bilan butun front chizig‘i bo‘ylab qo‘shinlar harakatini yoki hujumga tayyorgarlik ko‘rilyotganini real vaqt rejimida ko‘rish mumkin. Ular nishonni aniqlagan zahoti, koordinatalarni qo‘mondonlik markaziga yuboradi, u esa artilleriya zarbasini buyurishi mumkin. Harbiy atamalarda "kill chain" (o‘ldirish zanjiri) deb ataluvchi ushbu jarayon dronlardan foydalanish tufayli sezilarli darajada tezlashdi, deydi professor O‘Braen.
“Agar nishon ko‘zdan juda panada bo‘lmasa, dron bilan deyarli hamma narsani aniqlash mumkin. Bu esa endi dronlarni urib tushirmay turib, tanklar va boshqa zirhli texnikalar bilan hujumga o‘tish xavfli ekanini anglatadi," deydi u.
Hujum dronlari artilleriya bilan birgalikda dushmanga zarba berish uchun ishlatilmoqda. Ukraina kuchlari rus tank kolonnalarining oldinga siljishini faqat dronlar yordamida qaytara olishdi.
Urush boshida Ukraina Turkiyada ishlab chiqarilgan TB-2 Bayraktar dronidan foydalangan. Bu dronlar bomba tashlay oladi va raketa uchiradi. Biroq, so‘nggi paytlarda har ikki tomon tobora arzonroq “kamikadze” dronlaridan foydalana boshlashdi. Bu dronlar ko‘pincha tijorat darajasidagi dronlar bo‘lib, ularga portlovchi moddalarni o‘rnatish mumkin. Shuningdek, ular bir necha kilometr uzoqlikdan boshqarilishi va zarba bermasdan oldin nishon ustida uchib yurishi mumkin.
Rossiya ham Ukraina harbiy va fuqarolik nishonlariga zarba berish uchun minglab kamikadze dronlardan, jumladan, Eron tomonidan ishlab chiqarilgan Shahed-136 dan foydalanmoqda. Bu dronlardan ko‘pincha Ukrainaning havo mudofaasini bosib olish uchun butun guruhlarda foydalaniladi.
Artilleriya: Armiyalar "suvdek ichib yuborayotgan" qurol
Artilleriya Ukraina urushidagi eng ko‘p ishlatiladigan qurolga aylandi. Londondagi Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti (Rusi) tadqiqot markazining xabar berishicha, Rossiya kuniga taxminan 10,000 snaryad o‘q uzayotgan bo‘lsa, Ukraina kuniga 2,000 - 2,500 o‘q uzmoqda. Artilleriya dushman qo‘shinlarining harakatini nazorat qilish va uning zirhli texnikalari, mudofaa tizimlari, qo‘mondonlik postlari va ta’minot omborlarini yo‘q qilish uchun muntazam qo‘llaniladi.
"Odamlar uchun suv va mashina uchun yoqilg‘i qanchalik zarur bo‘lsa, urush paytida o‘q-dorilar ham shunchalik zarur," deydi BBCning artilleriya bo‘yicha mutaxassisi va harbiy eksperti, polkovnik Petro Pyatakov.
Har ikki tomon millionlab xorijiy artilleriya snaryadlarini ishlatmoqda. AQSh va Yevropa davlatlari ularni Ukrainaga yetkazib bermoqda. Rossiya esa Shimoliy Koreyadan import qilmoqda. G‘arb davlatlari Ukrainaga kerak bo‘lgan barcha snaryadlarni yetkazib berishda qiynalmoqda, bu esa ularning qurol sanoati bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatib berdi, deydi Britaniyadagi Sibylline mudofaa tahlilchilari bosh direktori Jastin Kramp.
"G‘arb mudofaa kompaniyalari nisbatan oz miqdorda yuqori aniqlikdagi qurollar ishlab chiqaradi," deydi u. "Biroq, ular asosiy qurollarni, masalan, snaryadlarni ham katta hajmda ishlab chiqarish quvvatiga ega emas."
Rossiya va Ukraina ham yuqori aniqlikdagi artilleriyadan foydalanmoqda. Ukraina G‘arb tomonidan yetkazib berilgan sun’iy yo‘ldosh yordamida boshqariluvchi Excalibur snaryadlaridan o‘q uzmoqda; Rossiya esa lazer bilan boshqariladigan Krasnopol snaryadlarini ishlatmoqda.
AQSh va boshqa G‘arb davlatlari Ukrainaga uzoq masofaga ucha oladigan va sun’iy yo‘ldosh yordamida boshqariladigan Himars raketalarini yetkazib berishni boshlagan. Bu Ukrainaga front ortidagi Rossiya o‘q-dori omborlari va qo‘mondonlik postlariga zarba berish uchun imkon berdi.
Aqlli bombalar: Oddiy, halokatli, undan qochib qutulolmaysan
Rossiya kuchlari 2023 yil boshidan beri Ukraina jang maydonidagi pozitsiyalarini bombardimon qilish va fuqarolik turar joylari hamda infratuzilmasiga zarba berish uchun minglab "rejalashtiruvchi bombalar"dan foydalanib kelmoqda. Bu oddiy erkin tushadigan bombalarga qanotlar va sun’iy yo‘ldosh boshqaruv tizimlari o‘rnatilgan.
Rossiya rejalashtiruvchi bombalardan eng ko‘p foydalanadi. Ularning og‘irligi 200 kg dan 3,000 kg gacha yoki undan ham ortiq bo‘lishi mumkin.
"Rejalashtiruvchi bombalar himoyalangan pozitsiyalarni vayron etish va binolarni yo‘q qilishda tobora samarali bo‘lib bormoqda," deydi Rusi mutaxassisi professor Jastin Bronk. U Rossiya ushbu bombalarni sharqiy Ukrainaning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Avdiyivka shahridagi Ukraina mudofaasini yo‘q qilish uchun keng miqyosda qo‘llaganini aytadi. Bu shaharni Rossiya 2024 yil fevral oyida egallagan.
Rejalashtiruvchi bombalarning ishlab chiqarish qiymati 20,000 yoki 30,000 dollarni tashkil qiladi, deydi professor Bronk. Ular nishondan o‘nlab kilometr uzoqlikdan uchirilishi va faqat eng zamonaviy havo mudofaa raketalari yordamidagina urib tushirilishi mumkin.
Ukraina ham AQSh va Frantsiya tomonidan yetkazib berilgan rejalashtiruvchi bombalardan, jumladan, uzoq masofaga uchadigan Joint Standoff Weaponʼdan foydalanmoqda. Ukraina, shuningdek, AQSh tomonidan ishlab chiqarilgan, 200 kg portlovchi moddaga ega Small Diameter bombalariga qanotlar o‘rnatib, o‘z rejalashtiruvchi bombasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, Rossiyaga qaraganda Ukrainadagi rejalashtiradigan bombalarning soni ancha kam.
Elektron urush: Qimmat qurollarni arzon yo‘l bilan ishdan chiqarish
Rossiya va Ukraina urushida radioelektron janglar har qachongidan ham ko‘proq qo‘llanmoqda.
Har ikki tomonda ham minglab askarlar mutaxassis bo‘linmalarda ishlaydi, ular dushmanning dronlari va aloqa tizimlarini ishdan chiqarishga, va raketalarni nishondan chalg‘itishga harakat qilishadi.
Rossiya kuchlarida 10 km radiusdagi barcha sun’iy yo‘ldosh aloqasi, radio va mobil telefon signallarini o‘chirib qo‘ya oladigan "Jitel" tizimlari mavjud. Ular radio to‘lqinlarini katta miqdorda elektromagnit energiya chiqarish orqali kuchsizlantiradi.
Rossiya kuchlarining "Shipovnik-Aero" tizimi esa dronni 10 km masofadan urib tushira oladi. Bu tizim, shuningdek, dron uchiruvchilarining joylashuvini aniqlab, koordinatalarni artilleriya bo‘linmalariga yuborishi va ularni o‘qqa tutishi mumkin.
NATO kuchlari Rossiya radioelektron urush jihozlari Ukrainadagi Himars kabi zamonaviy qimmat raketalarni qanday osonlik bilan ishdan chiqara olganidan hayratga tushishi mumkin, deydi Londondagi Kingʼs College Urush Tadqiqotlari Departamenti doktori Marina Miron. "Bu assimetrik urush," deya qo‘shimcha qiladi u.
"NATO kuchlari Rossiya kuchlaridan texnik jihatda ustun qurollarga ega bo‘lishi mumkin, biroq Rossiya ularni ishdan chiqarish uchun nisbatan arzon elektron uskunalarni ishlatib, o‘z ustunligini ko‘rsata oldi."
Kingʼs College Londondagi Freeman Air & Space Instituteʼda faoliyat olib boruvchi Dunkan Makkrori NATO mamlakatlarining harbiy rahbarlari Rossiyaning Ukrainadagi elektron urush uslubidan o‘rnak olishlari kerakligini ta’kidlaydi.
"Ular qo‘shinlari dronlar tomonidan ovlanayotganida qanday harakat qilishni, va dushman ularning har bir radio signalini tinglayotgan paytda qanday kurashishni o‘rganishlari kerak," deydi u. "Endi elektron urushga eski masala sifatida qarab bo‘lmaydi. Taktika, tayyorgarlik va yangi qurol tizimlarini ishlab chiqishda bu borada alohida to‘xtalish kerak."
Telegram kanalimiz:












