Ukraina Amerika qurol-yarog‘isiz urushdan omon chiqa oladimi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Oleg Chernыsh, Pavel Aksenov
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 7 daq
AQSh Ukrainaga bundan uch yil avval keng ko‘lamli urush boshlangandan beri harbiy yordam berib keldi. Biroq endilikda u to‘xtatilishi mumkin. Hech bo‘lmaganda, Amerika prezidenti Donald Tramp bunday ehtimolni istisno qilmayotir va Kievga berilayotgan mudofaa yordami yuki Yevropa zimmasiga tushishi kerak, demoqda. Bu Ukraina uchun nimani anglatadi?
Hozirda, Ukraina Qurolli kuchlariga mo‘ljallangan Amerika qurollarini yetkazib berish sobiq prezident Jo Bayden davrida tuzilgan shartnomalar asosida davom etmoqda.
Rejaga ko‘ra, bu ko‘mak 2025 yil oxirigacha davom etishi kerak. Biroq, endilikda, Tramp hokimiyatga qaytar ekan, yordam to‘satdan to‘xtatib qo‘yilishi ehtimoli yuzaga chiqmoqda.
Ammo Ukraina rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, frontda qo‘llanilayotgan qurollarning qariyb 40 foizi allaqachon mahalliy ishlab chiqarish bilan ta’minlanmoqda. Qolgan qismi esa hamon yevropalik va amerikalik hamkorlar tomonidan yetkazib berilmoqda.
Birgina o‘tgan yilda Ukraina harbiy-sanoat majmuasi 9 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqargan. Shu bilan birga, strategik sanoat tarmoqlari vaziri German Smetaninning bahosiga ko‘ra, harbiy-sanoat majmuasining salohiyati bundan ikki baravar katta.
"Ukrain korxonalari o‘tgan yili 20 milliard dollarlik mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqarishga qodir edi", deya qayd etadi u.
Hozirda Kievning asosiy sa’y-harakati mahalliy ishlab chiqarish va Yevropa Ittifoqi ko‘magida Amerika qurollarining katta qismi o‘rnini bosishga qaratilgan.
Maqsad – Tramp Kievga yordamni bekor qilganda yoki bekor qilsa, bu holat frontda muvaffaqiyatsizlikka sabab bo‘lmasligi kerak.
Ichki sa’y-harakatlar
Mudofaa masalalari bilan shug‘ullanuvchi yuqori lavozimli ukrain mulozimining BBC'ga ma’lum qilishicha, aslida Kiev faqat bir necha turdagi qurol-yarog‘lardagina AQShga yuqori darajada qaram, xolos.
Masalan, frontdagi asosiy zarba beruvchi va "sarflanuvchi" vositalar — razvedkachi, zarba beruvchi va FPV dronlari bo‘yicha qaramlik yo‘q . Ularning mutlaq aksariyat qismi xususiy va davlatga qarashli ukrain korxonalarida yig‘iladi.

Surat manbasi, Ukrinform
Bundan tashqari, so‘nggi yarim yildan beri ukrainlar, avvalo, Xitoy va AQShdan olib kelinayotgan barcha asosiy ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ustida ish olib borishmoqda.
Bu ish deyarli yakuniga yetgan: hozirda Ukrainada ishlab chiqarilayotgan dronlarning 95 foizi mahalliy ishlab chiqarilgan detallar hisobidan yig‘iladi.
Mamlakatdagi eng yirik xususiy mudofaa kompaniyalaridan biri — "Ukrainian Armor" rahbari Vladislav Belbasning so‘zlariga ko‘ra, FPV dronlaridan tashqari, mahalliy harbiy-sanoat majmuasi zirhlangan avtomobillar, minomyotlar, artilleriya tizimlari bo‘yicha ichki ehtiyojni to‘liq hajmda qondirmoqda, shuningdek, Ukraina o‘q-dorilar bo‘yicha ham o‘zini qisman ta’minlay olmoqda.
"Biz o‘zimizda o‘q-dorilar ishlab chiqarishni jadal rivojlantiryapmiz – hozirdayoq sovet kalibrlaridagi o‘q-dorilarni G‘arbdagi barcha hamkorlarimizni birlashtirgandan ham ko‘proq ishlab chiqaryapmiz", deydi Belbas.
Shuningdek, Ukraina hukumati Yevropa qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish ustida faol ishlamoqda. Zirhli texnikadan tortib raketalargacha bo‘lgan turli qurollarni ishlab chiqaruvchi o‘ndan ziyod bunday qo‘shma korxonalar allaqachon mamlakatda faoliyat yuritmoqda.
Ukrainaga berilayotgan Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish ham muammoga sabab bo‘lmaydi, demoqda Kiev.
"Yevropada bunga ixtisoslashgan bitta korxona mavjud, shu sabab u Amerika yordamining o‘rnini bosa olish mumkin", deydi ukrain mulozimlaridan biri BBC'ga.
Xuddi shunday tayyorgarlik Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasi borasida ham olib borilmoqda. Kompaniyaning o‘zi va uning egasi Ilon Mask ukrain harbiylarini bu texnologiyadan mahrum qilish rejasi yo‘qligini ta’kidlashiga qaramay, Ukrainada bunga zarurat tug‘ilgan holda, bir necha zaxira variantlar mavjud. Shunday loyihalardan biri Kursk viloyatida sinovdan o‘tkazilgan – u yerda Starlink ishlamaydi.
Jiddiy qaramlik
Biroq BBC'ga gapirgan ukrain mulozimi so‘zlariga ko‘ra, Kiev havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimlari va ular uchun raketalar masalasida Amerikaga hamon jiddiy qaram.
Gap, avvalo, ballistik va aeroballistik nishonlarni urib tushira oluvchi Patriot zenit-raketa komplekslari haqida bormoqda.
"Biz bu tizimlarga muqobil variant topish ustida ishlayapmiz. Ammo dunyoda faqat beshta davlat o‘z HHM tizimlarini ishlab chiqaradi. Shu sababdan Amerika tizimlarini o‘rnini bosish ancha qiyin bo‘ladi", deya tushuntiradi BBC suhbatdoshi.
Muqobil yoʻllar izlayapmiz... ammo dunyoda faqat besh davlat oʻz havodan mudofaa tizimlarini ishlab chiqaradi. Shu sababdan Amerika tizimlarini oʻrnini bosish ancha qiyin boʻladi.
Vladimir Zelenskiy Ukraina Patriot zenit-raketa kompleksi muqobilini ishlab chiqayotgani haqida aytgan edi. Lekin manbalarning BBC'ga aytishicha, bu loyiha yakunlanishiga hali ancha bor, shunga qaramay, "ish jadal ketmoqda".
Bir vaqtning o‘zida, ukrain ishlab chiquvchilari G‘arbning taqchil HHM raketalarini tejash maqsadida havodagi dushman nishonlarini urib tushirishning boshqa usullarini izlamoqda.
So‘nggi haftalarda bu borada ma’lum yutuq ham kuzatilgan. Uzoq masofaga zarba bera oluvchi Shahed dronini Ukrainaning tannarxi arzon turuvchi droni ikkinchi bor muvaffaqiyatli urib tushirgani qayd etilgan. Rossiya har tunda Ukraina shaharlarini Shahed dronlari bilan yalpi o‘qqa tutib kelmoqda.
Himars tizimlari va ular uchun mo‘ljallangan raketalar – Ukrainaning AQSh harbiy-sanoat majmuasiga bo‘lgan boshqa bir qaramligi.
2022 yil yozida Himars tizimlari frontda Ukraina uchun jiddiy muvaffaqiyatlar olib kelgan edi. Keyinroq Rossiya radioelektron kurash tizimlari orqali Himars zarbalariga qarshi samarali choralar ko‘rish uddasidan chiqqan bo‘lsada, Amerika bergan bu raketalar hanuz ukrain harbiylari qo‘lidagi kuchli qurolligicha qolmoqda.
Himars raketalari
2022 yil yozida nishonni aniq uruvchi Himars raketalari Ukraina armiyasiga Rossiya o‘q-dori omborlarini yakson qilish taktikasini amalga oshirishda rosa qo‘l kelgan edi.
Bu taktika shu darajada samarali bo‘ldiki, Moskva frontning oldingi chizig‘idagi bo‘linmalarni ta’minlash tizimini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
90 kilometrgacha ucha oluvchi bu raketalar ikki turdagi jangovar qism bilan ta’minlangan -parchalanuvchi-fugas yoki kassetali jangovar kallaklar.
Yuqori aniqlikdan tashqari raketalar samaradorligini yana bir omil jiddiy oshiradi – tezkorlikda harakatlana olish. Raketa kompleksi o‘rnatilgan g‘ildirakli yoki zanjirda harakatlanuvchi transport razvedka ma’lumotlari olinganidan hech qancha vaqt o‘tmay, zarba berish nuqtasiga yetib bora oladi.
Shuningdek, bu uchirgich-transport vositalari 300 km masofaga uchadigan ATACMS raketalari uchun ham qo‘llaniladi.
Rossiya radioelektron kurash tizimlari yordamida bunday zamonaviy raketalar harakatlanuv yo‘nalishiga ta’sir o‘tkazish yo‘lini o‘zlashtirgan bo‘lsada, kutilmagan zarbadan to‘liq himoyalanishning iloji yo‘q.
Ammo muammo shundaki, bu raketalar faqatgina AQShda – Lockheed Martin korxonalarida ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarishni kengaytirish murakkab vazifa, chunki raketalarda ko‘plab yuqori texnologiyali detallar mavjud.
Bundan tashqari, bu raketalar Ukrainada o‘z samarasini juda yaxshi namoyish etganidan so‘ng butun dunyoda ularga bo‘lgan talab yanada ortgan va ta’minotda endi Ukrainaga raqobatchilar ko‘paygan.
Himars va ATACMS raketalari o‘rnini na miqdor, na sifat bo‘yicha hech narsa bosa olmaydi.
Zenit raketalari
Zenit komplekslari va ular uchun raketalar Ukraina uchun jiddiy ahamiyatga ega.
Amerika HHM majmualari esa bu tizimlarning katta qismini tashkil etadi.
HHM raketalarining ahamiyatini tushuntirish qiyin emas – ular hozirgi kunda asosiy mudofaa vositasiga aylangan va Rossiya deyarli har kuni havodan hujumlar uyushtirar ekan, mamlakatdagi infratuzilmani himoya qilish shunday raketalar zimmasiga tushgan.
Shu kunlarda Rossiya uzoq masofali dronlar bilan uyushtiriladigan keng ko‘lamli hujumlarda soxta dronlardan foydalanishni oshirib, Ukrainaning HHM raketalari zahirasini tugatishga harakat qilmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Shunday qiyin vaziyatda Ukraina dronlarga qarshi kurashda aviatsiyadan – zarba beruvchi va transport vertolyotlari, shuningdek, pulemyot bilan qurollangan yengil samolyotlardan foydalanish hadisini olmoqda.
Shunga qaramay, Rossiyaning gipertovushli yoki ballistic raketalarini urib tushirishda Ukrainaga faqatgina AQSh bergan Patriot zenit-raketa kompleksi yordam berishi mumkin.
Bundan tashqari, Ukraina Yevropa Ittifoqidagi hamkorlaridan olayotgan va Rossiyaning qanotli raketalariga qarshi qo‘llayotgan F-16 qiruvchi samolyotlari Amerika o‘q-dorilarini ishlatadi.
Snaryadlar

Surat manbasi, Terminal Autonomy
Taktik maqsadlarda ishlatiladigan FPV (First Person View) dronlari kabi vositalar frontdagi eng samarali qurollardan biriga aylangan.
Bunday dronlar brontexnika kolonnasi hujumini to‘xtata oladi, hatto, alohida askarlarni ham "ovlaydi".
Jiddiy shaxsiy tarkib tanqisligini boshdan kechirayotgan Ukraina Qurolli kuchlari uchun FPV dronlar chinakam najotga aylangan, chunki ular rossiyaliklarning son jihatidan ustunligi katta bo‘lgan holatlarda ham mudofaani ushlab turish imkonini beradi.
Front chizig‘ining aksariyat joylarida pozitsiyalarni bir necha kilometrlik masofa ajratib turadi. Askarlar bilan hujum uyushtirganda dushmanga yetib borish uchun ana shu masofani bosib o‘tish kerak bo‘ladi. Bu esa hayot uchun juda xavfli, ammo dronlarga bu ish cho‘t emas.
Biroq dronlarning ham o‘z kamchiliklari bor. Eng avvalo, har bir uchuvchisiz uchuvchi qurilmani bitta operator boshqaradi, shu bois dronlardan keng ko‘lamda foydalanish harbiylar soniga bog‘liq.
Ikkinchidan, Ukrainada dron ishlab chiqarish uchun portlovchi moddalar yetishmaydi.
Shu sababli, oddiy artilleriya snaryadlari hanuz urushdagi eng muhim zarba beruvchi vosita hamda eng talabgir resurslardan biriligicha qolmoqda. Zamonaviy gaubitsalar kuzatuvchi dronlar uzatgan ma’lumot asosida turli nishonlarni aniq yakson qilish imkoniga ega.
Ukraina keng foydalanadigan 155 millimetrli M107 snaryadida yetti kilogrammdan sal kamroq portlovchi modda bo‘ladi, korpusi esa 36 kilogramm po‘latdan iborat.
Amerikadan snaryadlar yetkazib berilishi Ukraina uchun hayotiy ahamiyatga ega, ammo 2022 yildan beri Ukrainaning hamkor-davlatlar koalitsiyasi ("Ramshteyn guruhi") ham o‘q-dorilar ishlab chiqarishni sezilarli kengaytirishga erishgan.
Eng yomon stsenariy
Dastlab, Amerika yordamining to‘xtatilishi Ukraina uchun voqealar rivojining eng yomon stsenariylaridan biri bo‘lib tuyulgan edi.
Endi ko‘mak to‘xtatilishi ancha real ko‘rinmoqda va bunga tayyorgarlik ko‘rish zarur.
Wall Street Journal gazetasi bilan suhbatlashgan harbiy ekspertlar xavotirli, biroq halokatli bo‘lmagan prognozlarni ilgari surgan.
"Biz, ehtimol, yarim yil yoki bir yil bardosh berib, shu orada Yevropaga o‘q-dorilar ishlab chiqarishni yanada kengaytirishga imkon berishimiz mumkin. [...] Biz yo‘qotishlarga uchrashimiz, ehtimol, hududimizning bir qismini boy berishimiz mumkin. Ammo qiyinchiliklarga qaramay, bizning jang qilishdan boshqa choramiz yo‘q", — deydi Ukrainaning "Omon qayt" (Vernisь jivыm) xayriya fondi katta tahlilchisi Nikolay Beleskov.
"Nazariy jihatdan, Yevropa AQSh darajasidagi ko‘makchiga aylanishi mumkin, ammo men unda zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ning barcha turlarini ta’minlash imkonini ko‘rmayapman. Ayniqsa, havo hujumidan mudofaa uchun zarur raketalar kabi masalalarda tez orada zaxira bilan bog‘liq muammo yuzaga keladi", deydi Shvetsiya Mudofaa universiteti eksperti Oskar Yonsson.
HHM raketalarini boshqa narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Ularni ishlab chiqarishni oshirish ham oson emas – yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishdagi sof texnologik murakkabliklar bilan bir qatorda, investitsiya va tashkiliy masalalar ham mavjud.
Iqtisodiy nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi – davlatlarning o‘ziga xos uyushmasi bo‘lib, u AQSh yoki Rossiyadan farq qiladi, chunki u yerda yagona milliy harbiy-sanoat majmuasi mavjud emas.
Yevropaliklar bir vaqtning o‘zida, ishlab chiqarish hajmini oshirish masalasi bilan shug‘ullanishga majbur, shu bilan birga harbiy-sanoat majmuasini isloh qilishga ham harakat qilishmoqda.
Ana shunday murakkab vaziyatda ukrainaliklar frontda artilleriya yoki, hatto, havo mudofaasi o‘rniga yangi turdagi dronlardan foydalanish orqali samarali yechimlarni topishga urinmoqda.












