Xitoy yana O‘zbekistonga eng ko‘p sarmoya kiritgan davlat bo‘ldi, faollar nimadan xavotirda?

Surat manbasi, kun.uz
Xitoy O‘zbekistonga sarmoya kiritish bo‘yicha yildan yilga peshqadamligini mustahkamlab bormoqda. O‘zbekiston ko‘chalaridagi Xitoycha yozuvlardan faollar xavotir bildirgan.
Xitoy O‘zbekistonga sarmoya kiritish va qarz berish borasida 2024 yil ham peshqadamlikni saqlab qolgan va ulushini yanada orttirgan.
Mamlakatga kirgan sarmoyaning 27,9 foizi Xitoy zimmasiga to‘g‘ri kelgan, ikkinchi o‘rindagi Rossiyaning ulushi 13,2 bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan umumiy investitsiyalari hajmi 14 milliard dollardan oshdi. Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar ko‘paydi.
Natijada O‘zbekiston shaharlarida Xitoycha yozuvli peshtaxtalar paydo bo‘la boshlagan. 15 fevral kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Milliy bog‘ hududida bir guruh Xitoy fuqarolarining turli bayroq va shiorlar ko‘tarib, ommaviy tadbir o‘tkazishi xabari ortidan faollar o‘rtasida Xitoy ta’siridan xavotirlar bildirila boshlandi.
IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov rasmiy munosabat bildirib, holatni «yolg‘on xabar» degan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoq faollari shaharlarda Xitoycha yozuvlar paydo bo‘layotganidan tashvish bildirishgan.
Xitoylashishdan xavotir?
Toshkent parkida xitoyliklar tomonidan hech qanday siyosiy yoki madaniy targ‘ib bo‘lmagan. Bu – sport mashg‘uloti edi. Sal kengroq bo‘laylik.
22 fevral kuni Toshkentga kiraverishdagi Ark Buloq xalqaro savdo markazidan video joylagan ijtimoiy tarmoq faoli ushbu bozordagi xitoycha yozuvlarning ko‘pligiga e’tibor qaratib, o‘zini "Guanchjouga tushib qolgandek" his qilganini aytgan.
"Katta binolar qolib, endi mahalla ichidagi Go‘zallik saloni peshtaxtalariga ham xitoycha yozuvlar osib qo‘yila boshladi. Bu yer O‘zbekiston davlati emasmi? Nega o‘z tilimiz qolib, xitoy va o‘ris tili aholi ko‘ziga singdirilishi kerak? Men mamlakatimning qonuniy vatandoshi bo‘libam, birovning tushunarsiz so‘zini o‘qishga majburmanmi?", deydi Muhabbat Nazar.
Oliy Majlis sobiq deputati Gulbahor Said G‘ani Reklama to‘g‘risidagi qonun ishlamayotganidan noligan.
"Reklama to‘g‘risidagi qonunda chet tildagi matn o‘zbek tilidagi matndan yirik yozilishi mumkin emasligi qat’iy yozib qo‘yilganiga qaramay, qonunga tupurib qo‘yib, katta qilib xitoycha yozib qo‘yishmoqda", deydi u.
Toshkentdan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov O‘zbekistonda Xitoydan qo‘rqish, xitoy-fobiya – noproportsional ravishda katta ekanligini aytgan.
"Yevropada yuz minglab turk va arab kebablari bor, Frantsiyada har bir shaharda kamida 2-3 xitoy restoranlari bor. Parijning katta rayoni "aziatik" (osiyoliklar/xitoy) kvartali deyiladi. AQShda "chaynataunlar" tiqilib yotibdi. AQShga o‘qishga kelayotgan xorijiy studentlarning yarmiga yaqini – xitoyliklar. Ancha konservativ bo‘lgan arab davlatlarida xitoy, hind va boshqa davlat va millat bizneslari, vakillari jon boshiga ancha ko‘p", deydi Rabbimov.
Tahlilchi bundan keyin global bog‘liqlik bo‘lishini aytgan. Bir tomondan o‘zlikni saqlash, yutilmaslik, boshqa tomondan iqtisodiy rivojlanish, sarmoyalar va madaniy hamkorlik o‘rtasida muvozanat bo‘lishi kerakligini urg‘ulagan.
"Toshkent parkida xitoyliklar tomonidan hech qanday siyosiy yeki madaniy targ‘ib bo‘lmagan. Bu – sport mashg‘uloti edi. Sal kengroq bo‘laylik. AQShni Oq uyi oldida har kuni xohlagan davlat vakillari o‘z bayroqlari va transparantlari bilan namoyish qilish mumkin. Parijni Bastiliya maydonida ham. Yoki, Yaponiya, Koreya, Germaniya va Britaniyada ham", deydi u.
Rabbimov yozganlariga raddiya bildirganlar kuchsiz O‘zbekistonni boshqa davlatlar bilan solishtirmaslik kerakligini aytishgan.
"O‘z Vatanida ishxonasida 4ta odam jamlanib namoz o‘qisa jazoga tortiladigan holga keltirilgan insonlar, ya’ni fundamental huquqlari tortib olinganlar Vatani taqdiri MUTLAQO ularning qo‘lida emasligini, qanaqadir begonalarning qo‘lida ekanini, xiyonat qo‘lida ekanini his qilib, mana bunday "yangiliklar"ni ko‘rganda Vatani sotilib ketishi mumkinligidan katta qo‘rquvda bo‘ladi. Siz aytayotgan jamiyatlarda bunday katta qo‘rquv yo‘q chunki bu darajada huquq poymol bo‘lmagan", deydi jurnalist Muhammad Shakur.
Musannif Adham xitoyliklarga yoki ruslarga berilgan imkoniyat O‘zbekiston fuqarolariga berilmayotgani, o‘zbekistonliklarning diniy, madaniy va hatto siyosiy huquqlari hukumat tomonidan bemalol toptalayotgan bir vaqtda Xitoy va Rossiya fuqarolari bemalol o‘zi xohlagan ishini qilib yurishi mahalliy aholida albatta xavotir uyg‘otishini aytadi.
"Masalan, o‘sha Milliy bog‘da 50 nafar o‘zbekistonlik biron shiorni bayroq qilib ko‘tarib yugursa, tinch yurarmidi? Yoki allaqachon kamida 15 sutkaga kirib ketarmidi? Hindiston butxona uchun joy so‘ragani haqida aytibsiz. Toshkentning markazida masjidga ruxsatnoma olish imkoni yo‘qligi, o‘z vaqtida masjid bo‘lgan, kimningdir nomida kadastri bo‘lgan xususiy binolar buzib tashlanayotgani haqida esa, menimcha, bexabarsiz" deydi u.
2023 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev 3 yashar nevarasi Xitoy tilini yaxshi ko‘rishini aytgandi.
"Bizga ham yaxshi gapiradimi yo nima gapiradi, xitoychada bizga qattiq-qattiq gapiradi, tarjimondan yaxshi gapiryaptimi, deb so‘rayman. Yo‘q, yaxshi gapiryapti, deydi ular", deb kulgandi Prezident Shavkat Mirziyoyev.












