"Tramp Putindek fikrlaydi": liberal dunyo tartibi yakun topdimi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Grigor Atanesyan
- Role, Bi-bi-si Rus xizmati
- O'qilish vaqti: 7 daq
Oxirgi uch yil mobaynida va AQSh va ittifoqchilari Rossiyani xalqaro huquq va liberal jahon tartibini buzganlikda ayblab xalqaro yakkanishinga aylantirishga intildilar. Biroq Donald Tramp Moskva bilan munosabatlarni qayta tiklayapti, Rossiyani agressor deb, Ukrainani esa tajovuz qurboni deb voz kechayapti. Biz xalqaro munosabatlar bo‘yicha tahlilchilardan, bu 1990-yillarda yuzaga kelgan dunyo tartibi nihoyasiga yetayotganini anglatadimi, deb so‘radik.
Liberal gegemonlik zamoni
2023 yil fevralida Varshavadagi Qirollik qal’asida nutq so‘zlagan AQSh Prezidenti Jo Bayden Ukrainadagi urushni qonunlarga tayangan tartib bilan qo‘pol kuchga tayangan tartib o‘rtasidagi "erkinlik uchun ulug‘ jang" deb atadi.
Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlash bilan Rossiya jahonning ko‘p mamlakatlari ko‘zi oldida nafaqat xalqaro qonunchilikni buzdi, balki Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchiligida shakllangan dunyodagi tartibga ham qarshi chiqdi.
Liberal dunyo tartibi(uni "qonunlarga asoslangan dunyo tartibi" deb ham ataydilar - rules-based order) — davlatlar o‘rtasida majburiyatlar, tamoyil va normalarga asoslangan munosabatlar tizimidir. Ular zaminida xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar tashkiloti, BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashiga o‘xshash xalqaro institutlar yotadi.
BMT nizomi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning fundamental qonun-qoidalarini belgilab beradi: misol uchun suverenitet va hududiy yaxlitlikni uhrmat qilish, mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish va kuch qo‘llashdan voz kechish. Shuningdek, inson huquqlarini hurmatni talab qiladi. Ushbu kelishuvni BMTga a’zo mamlakatlarning hammasi -193 davlat imzolagan.
Ammo liberal jahon tartibi erkin savdo, Jahon Savdo tashkiloti, Xalqaro Valyuta jamg‘armasi va Jahon Bankidek qator qadriyatlarni ham nazarda tutadi.
Liberal dunyo tartibining mafkuraviy ustqurmasi ham bor, ushbu g‘oyaga ko‘ra, G‘arb liberal demokratiyasi - boshqaruvning eng mukammal shaklidir.
Bu tartibning gullab-yashnashi 1990-yillarga to‘g‘ri keldi. "Sovuq urush" tugaganidan keyin Yer sayyorasining uch qit’asida iqtisodiy islohotlarni, qog‘ozda bo‘lsa ham, demokratik islohotlarni boshladilar.
Ko‘p mamlakatlar liberal qadriyatlarga faqat qog‘ozdagina rioya qildilar. Biroq global bozorga yo‘l ochilgani munosabati bilan ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar boyib ketdilar. Misol uchun, Xitoy YaIMi oxirgi bir necha o‘n yillikda o‘rtacha 9% o‘sdi. Irlandiya, Janubiy Koreya, Argentina, Chili va boshqalar.
Ko‘pgina murakkab va qonli urushlar ham o‘sha paytga kelib yakun topdi - BASK bo‘lginchilari bilan Ispaniya hukumati o‘rtasidagi, Shimoliy Irlandiyadagi o‘ttiz yillik mojaro, Eritreya mustaqilligi uchun 13 yillik urush va Livandagi o‘n besh yillik fuqarolar urushi va hokazolar. Bu mojarolarning aksari bevosita yoki bilvosita AQSh bilan SSSR o‘rtasidagi "Sovuq urush" zamonidagi qarama-qarshilikka bog‘langan edi.
"Sovuq urush" nihoyasiga yetganidan keyin dunyoda bitta qudratli davlat qoldi, u mojarolarda mamlakatlar o‘rtasidagi vositachi sifatida o‘rtaga chiqa boshladi. 1990 yildan 2015 yilgacha 1100 dan ziyod sulh kelishuvi imzolandi.

Surat manbasi, Reuters
Xalqaro huquq buzilishi BMT Bosh Assambleyasi yoki BMTning Xalqaro Sudi tomonidan e’tirof etilishi kerak. Buning ortidan BMT Xavfsizlik Kengashining iqtisodiy sanksiyalar yoki hatto harbi kuchni ishga solish qarori qabul qilinishi mumkin.
Lekin aslida sanksiyalar va harbiy aralashuvlar BMT mandatisiz ham qo‘llab kelindi, bunday amaliyotni Rossiya bir necha yillardan buyon tanqid qilib keladi.
2007 yildagi Myunxen xalqaro konferentsiyada ma’ruza qilgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shunday degandi: "BMT qabul qilgan qaror asosida qo‘llangan kuchni legitim hisoblash mumkin. Va Birlashgan Millatlar tashkilotini NATOga, Yevropa Ittifoqiga almashtirish kerak emas".

Surat manbasi, .
Ammo 2014 yildan buyon Putinning o‘zi BMT sanksiyasiz kuch qo‘llab keladi. G‘arb nuqtai nazaricha, aynan Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi "Sovuq urush" zamonidan buyon dunyo tartibining eng qo‘pol poymol etilishi bo‘ldi.
"[liberal dunyo] tartibining uch asosiy taomyili buzildi. Birinchisi — hududiy chegaralarni o‘zgartirish maqsadida kuch qo‘llamaslik. Ikkinchisi, tinch fuqarolarga urush vositasi sifatida zo‘ravonlikni qo‘llash mumkin emas. Uchinchisi, yadroviy qurolni ishga solish bilan po‘pisa qilmaslik. Putin yuqoridagi ikki punktni bajardi, uchinchisi bilan tahdid qildi. Demak, bu qonunlarga asoslangan tartibning haqiqiy inqirozidir", - dedi Financial Times gazetasiga Prinston universiteti professori Jon Aykenberri.
G‘arb tanqidiga javoban liberal dunyo tartibini tanqid qilishni Rossiya diplomatiyasi o‘zining sevimli mavzusiga aylantirdi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov fikricha, bu xalqaro huquq va BMT institutlaridan voz kechish, ular o‘rnini hech qanday bitimlar bilan mustahkamlanmagan o‘zboshimcha qonunlar bilan almashtirishni nazarda tutadi.

Surat manbasi, Getty Images
Moskva 1999 yildagi Yugoslaviya bombardimonlarini, 2003 yili Iroqqa bostirib kirilganini, 2008 yili Kosovo mustaqilligi tan olinishini BMT Xavfsizlik Kengashi mandati bo‘lmagan va BMT nizomining buzilishi hisoblanadigan AQSh va NATO amallari deb misol keltiradi.
Zamonaviy dunyo tartibining eng oxirgi sinovi AQShning Isroil bilan Hamas o‘rtasidagi konfliktda egallagan mavqesi bo‘ldi: ko‘p mamlakatlar Isroilni harbiy qo‘llab-quvvatlagani uchun Bayden ma’muriyatini keskin tanqid qildilar, Vashingtonni o‘n minglab falastinliklar o‘limiga befarqlikda aybladilar.
"Bu ikkiyuzlamachilik, ikki xil standartning yaqqol ko‘rinishi, — dedi Washington Post ro‘znomasiga bergan intervyusida NATO a’zosi hisoblangan Turkiya parlamenti spikeri No‘’mon Kurtulmush. — Bu o‘ziga xos irqchilik — agar falastinlik qurbonlar ukrainalik qurbonlarga tenglashtirilmas ekan, bu insoniyat ichida qandaydir ierarxiya yaratilayotganini anglatadi. Buni qabul qilib bo‘lmaydi".
Liberal dunyo tartibining atoqli nazariyachisi Aykenberri ushbu tartib "Qo‘shma Shtatlariga, Amerika dollari, Amerika iqtisodiga bog‘langanini" va BMT Xavfsizlik Kengashiga qaraganda ham NATOga, Amerika boshqaradigan boshqa ittifoqlarga ko‘proq yon bosishini tan oladi. U buni AQShning "liberal gegemoniyasi" deb ta’riflaydi.
Gegemondan revizionistga
Mavjud xalqaro munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishni xohlayotgan davlatlarni odatda revizionist deb atashadi. Odatda amerikalik siyosatchi va ekspertlar Xitoy va Rossiyaning jahon sahnasida AQSh vaznini kamaytirish harakatlarini shunday ta’riflaydilar.
Trampning prezidentligi birinchi muddati payti qabul qilingan muhim hujjatda Amerika gullab-yashnashi yo‘lidagi asosiy qarshiliklardan biri sifatida revizionist davlatlar bilan raqobat tilga olingan edi.
"Xitoy va Rossiya o‘zlarining avtoritar modellariga mos dunyoni barpo etishni va o‘zga mamlakatlarning iqtisodiyot, diplomatiya va xavfsizlik borasidagi qarorlariga veto huquqini qo‘lga kiritishni xohlaydilar", deyiladi AQSh Mudofaa vazirligining milliy xavfsizlik Strategisida.
Lekin oxirgi oylarda AQSh jahon sahnasidagi asosiy revizionistga aylanayapti, deb hisoblaydi professor Aykenberri. Tramp rejasiga "liberal jahon tartibidagi deyarli barcha unsurlarni" qayta ko‘rib chiqish kiradi — savdo va ittifoqchilari bilan munosabatlardan tortib demokratik davlatlar o‘rtasidagi birdamlik va inson huquqlari himoyasigacha, deb aytdi u Financial Timesga bergan intervyusida.
"Mening ma’muriyatim bundan oldingi ma’muriyatlarning tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatsizliklari, to‘g‘risini aytganda, o‘tmish bilan aloqalarni butkul kesmoqchi", dedi Prezident Tramp. Yangi ma’muriyatning boshqa ko‘p radikal o‘zgarishlaridan farqli o‘laroq, Amerika Kongressi va sud tizimi Trampni bu yo‘ldan qaytarolmaydi, chunki tashqi siyosatni belgilash prezident vakolatiga kiradi.

Surat manbasi, Getty Images
Yanvar oyida Davlat departamenti rahbari Marko Rubio liberal jahon tartibi milliy manfaatlarga asoslangan tashqi siyosat o‘rnini bosishi mumkin deb hisoblaydiganlarni tanqid qildi. "Bu nafaqat fantaziya, balki xavfli adashish", — dedi AQSh Senatidagi chiqishida Rubio.
Aynan AQSh milliy manfaatlari mantig‘i bilan tushuntiradi Rossiya bilan munosabatlar normallashtirilayotganini Tramp ma’muriyati. "Ushbu konfliktning davom etishi Rossiya uchun yomon, Ukraina uchun yomon va Yevropa uchun yomon. Lekin eng muhimi, Qo‘shma Shtatlar uchun yomon", — deb yozdi vitse-prezident Jey Di Vens.
O‘zining yanvar oyidagi inauguratsiya nutqida Tramp Amerikaning dunyodagi eng qudratli davlat maqomini qayta tiklashga, Panama kanali ustidan nazoratni qayta qo‘lga olishga va AQSh hududlarini kengaytirishga va’da berdi.
Biroq hozircha Trampning diplomatik inqilobi yangi prezident siyosatidagi eng dastaklanmayotgan soha bo‘lib qolmoqda. Yaqinda Gallup o‘tkazgan jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, amerikaliklarga hammasidan ham ko‘ra ko‘proq Trampning immigratsiya siyosati yoqayapti, eng yoqmayotgani esa uning Ukraina urushiga hamda Falastin-Isroil konfliktiga nisbatan tutayotgan mavqesi bo‘layapti. Ayni paytda amerikaliklarning 65% i Ukrainani ittifoqchi va AQShga do‘st mamlakat deb biladi, 47%ining Prezident Volodimir Zelenskiyga nisbatan munosabati yaxshi.
"2025 yil fevralida aynan Qo‘shma Shtatlari qonunlarga tayangan dunyo tartibiga tahdid solayapti", — dedi Bi-bi-siga bergan intervyusida Oksford Universitetidagi Muqaddas Antoniy kollejining Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari ilmiy xodimasi Juli Nyuton.
Buning misollari sifatida Nyuton xonim AQShning Ukrainadan tabiiy resurslarini berishni talab qilganini, Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilayotganini, Trampning Zelenskiyni tanqid qilganini, Tramp safdoshlari tomonidan Yevropadagi o‘ng qanot partiyalar qo‘llab-quvvatlanayotganini tilga oladi.
24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqin boshlanganining uch yilligiga bag‘ishlangan BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasida Rossiya tajovuzi va Ukraina hududini okkupatsiya qilgani qoralangan, biroq AQSh bu rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi.
Bu rezolyutsiya o‘rniga Amerika diplomatlari "Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda insonlarning fojeali halok bo‘lgani munosabati bilan ta’ziya" izhor etilgan o‘z matnlarini taklif etdilar. Tramp esa Putin bilan Vashington va Moskva o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni qayta tiklash masalasini muhokama qilayotganini aytdi.
"Kimgadir bu narsa Myunxen til biriktiruvini, kimgadir esa Molotov-Ribbentrop kelishuvini eslatadi. Lekin Trampning diplomatik inqilobi Xelsinki bitimlari tamoyillarini buzadi va AQShni o‘z ittifoqchilari ko‘zi o‘ngida raqibga aylantiradi", — deydi Juli Nyuton.
1975 yilgi Xelsinski kelishuvlari — AQSh, SSSR va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi hududiy yaxlitlik, chegaralarni buzmaslik, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillari urg‘ulangan kelishuvlar bo‘lgan edi.
Myunxen til biriktiruvi yoki Yalta konferentsiyasi

Surat manbasi, Reuters
"Tramp xuddi Putindek — XIX asrdagi imperialistdek fikrlaydi", — deydi AQShdagi Jon Xopkins Universitetidagi Henri Kissinjer nomidagi dunyo siyosati markazi xizmat ko‘rsatgan professori Sergey Radchenko.
Tarixchi so‘nggi hodisalarni 1945 yildagi Yalta konferentsiyasiga qiyoslaydi. O‘shanda Ikkinchi Jahon urushi g‘oliblari — SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya — Yevropani bo‘lib olish va o‘z ta’sirlari doirasiga kiritishga kelishib olgan edilar. Bugungi kunda Yevropa jahonning eng boy davlatlari jamlangan va orasida ikki yadroviy qudrat mavjud qit’aga aylangan.
"Yevropada Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun iqtisodiy kuch va iqtisodiy vositalar bor. Tramp o‘zining Putin bilan muloqotlarida qanchalar chuqurlashmasin, buning ortidan Yevropa mamlakatlarining Rossiya bilan munosabatlarini normallashtirishlarini tasavvur qilish qiyin", — dedi Bi-bi-si bilan suhbatda Sergey Radchenko.
Liberal dunyo tartibi tugadi deyishga hali erta, deydi Atlantic Councildagi Yevroosiyo markazi direktori Shelbi Magid. Hozircha AQSh Rossiyaga joriy qilgan sanksiyalar o‘z kuchida turipti va Tramp ma’muriyati Ukraina urushi yakunlanganidan keyin bu sanksiyalarni olib tashlamoqchi ekanligini bildirayapti.
"Men muddatidan ilgari va xavfli normalizatsiya xavfi borligiga qo‘shilaman. Oxir-oqibat dunyo tartibiga uzoq muddatli ta’sir urush qanday yakunlanishi va tinchlik ta’minlanishiga bog‘liq bo‘ladi", dedi Shelbi Magid".












