"Yuzta plastik jarrohlik qildirganman va hali to‘xtamayman" - Go‘zallik sanoati ichiga nazar

- Author, Nataliya Zuu
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 9 daq
Birinchi kosmetik jarrohlik amaliyotini o‘tkazganida Ebbi Vu atigi 14 yoshda edi.
Kasallik uchun gormon bilan davolanganidan so‘ng, Ebbining vazni ikki oy ichida 42 kg dan 62 kg gacha ko‘tarildi.
Bu o‘zgarish uning drama o‘qituvchisi e’tiboridan chetda qolmadi.
"Ustozim: «Sen bizning yulduzimiz eding, juda semirib ketding. Yo voz kech, yo tezda oz», dedi," deb eslaydi Ebbi. U o‘sha paytda drama imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.
Ebbining onasi aralashib, uni qorin va oyoqlaridan yog‘ni olib tashlash uchun liposaksiyaga olib bordi.
Ebbi kasalxona xalatida, bo‘lajak operatsiyadan xavotirlanib, klinikada kutayotganda onasi aytgan so‘zlarni eslaydi.
"Qo‘rqmasdan kiraver. Chiqib kelganingda avvalgidek chiroyli bo‘lib ketasan."
Jarrohlik amaliyoti juda og‘ir kechdi. Ebbiga faqat qisman og‘riqsizlantirish berildi va u butun jarayon davomida hushida edi.
"Men tanamdan qancha yog‘ olinayotganini va qancha qon yo‘qotayotganimni ko‘rib turardim," deydi u.

Surat manbasi, Family handout
Hozir 35 yoshli Ebbi 100 dan ortiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan, bunga yarim million dollar sarflangan.
U Pekin markazidagi go‘zallik klinikasiga sheriklik asosida egalik qiladi va Xitoyning plastik jarrohlik sohasidagi eng taniqli shaxslaridan biriga aylangan.
Ammo jarrohlik amaliyotlari zararsiz bo‘lmagan.
Pekindagi hashamatli ikki qavatli kvartirasida ko‘zgu oldida o‘tirib, u yaqinda yuzini tortuvchi in’ektsiyadan keyin ko‘kargan joylarga ehtiyotkorlik bilan yashiruvchi suyuqlik surtadi. Uch marta jag‘ni qisqartirish operatsiyasida haddan tashqari ko‘p suyak olib tashlanganidan keyin u har oyda yuzi "qattiqroq va kamroq do‘mboq" ko‘rinishi uchun shu muolajani o‘tkazadi.
Ammo u operatsiyalardan afsuslanmasligini, onasi o‘sha vaqtlarda to‘g‘ri qaror qabul qilganini aytadi.
"Operatsiya foyda berdi. Kundan-kunga o‘zimga ishonchim ortib, baxtliroq bo‘la boshladim. Menimcha, onam to‘g‘ri ish qilgan."

Surat manbasi, Abby Wu
Bir paytlar tabu sanalgan plastik jarrohlik so‘nggi 20 yil ichida Xitoyda ommaviylashib ketdi. Bunga ortiqcha daromadlar oshishi va ijtimoiy munosabatlardagi o‘zgarishlar sabab bo‘ldi. Bunda ijtimoiy tarmoqlar ayniqsa katta rol o‘ynadi.
Har yili 20 million xitoylik kosmetik muolajaga pul sarflaydi.
Asosan qizlar jarrohlik amaliyotiga murojaat qiladi. Bemorlarning 80 foizi ayollar bo‘lib, operatsiya qildirayotganlarning o‘rtacha yoshi 25 yoshni tashkil etadi.
Xitoy madaniyatida, xususan, ayollar uchun tashqi ko‘rinish har doim muhim bo‘lgan, ammo mamlakatda go‘zallik standartlari o‘zgarmoqda.
Terim ostida sement bordek tuyulardi. Butun qiyofam buzildi. Bu ishimga ham ta’sir ko‘rsatdi. Endi chiroyliroq bo‘lishni istamayman. Agar oldingi holatimga qaytolsam, shu ham baxt.
Yillar davomida eng ko‘p talab qilingan xususiyatlar G‘arb ideallari, anime fantaziyasi va K-Popdan ilhomlanish edi: qo‘sh qovoq, haykaltarosh ishlagandek jag‘ chizig‘i, qirra, bo‘rtib chiqqan burun va simmetrik yuz.
Ammo so‘nggi paytlarda yanada xavotirli protseduralar ko‘payib bormoqda – noreal darajada o‘ta ayollik, deyarli bolamonand qiyofa ortidan quvish.
Endi quloqlarni oldinga egish uchun quloq orqasiga botoks yuboriladi, bu esa kichikroq va nozikroq yuz illyuziyasini yaratadi.
Pastki qovoq jarrohligi anime qahramonlarining shishasimon nigohidan ilhomlanib, ko‘zlarni beg‘ubor, bolalarcha ko‘rinish uchun kengaytiradi.
Yuqori labning qisqarishi lab va burun orasidagi bo‘shliqni toraytiradi, bunga yoshlik belgisi deb qaraladi.
Lekin bu go‘zallikning ko‘p qismi ekran uchun yaratilgan. Filtrlar va halqasimon chiroqlar nuqsonlar ko‘rinmaydi. Haqiqiy hayotda bu ko‘pincha notabiiy ta’sir qoldiradi – yuz unchalik insoniy emas, unchalik bolalarcha ham emas.

Surat manbasi, TikTok

Surat manbasi, SoYoung
SoYoung (Yangi kislorod) va GengMei (Go‘zalroq) kabi kosmetik jarrohlik ilovalari "yuzdagi nuqsonlar"ni sun’iy intellekt yordamida tahlil qiladi.
Foydalanuvchilarning yuzlarini skanerlab, baholagandan so‘ng, ular jarrohlik amaliyoti bo‘yicha yaqin atrofdagi klinikalardan tavsiyalar beradi va har bir operatsiyadan komissiya oladi.
Bu va boshqa go‘zallik tendentsiyalarini mashhurlar va ijtimoiy tarmoqlardagi inflyuenserlar targ‘ib qiladi, bu esa nima yaxshiyu nima normalligi haqidagi tushunchalarni o‘zgartirmoqda.
Xitoyning eng birinchi kosmetik jarrohlik inflyuenserlaridan biri sifatida Ebbi o‘z protseduralari haqida yirik ijtimoiy tarmoqlarda hikoya qilib keladi va SoYoung ishga tushirilgandan ko‘p o‘tmay undan foydalanishni boshlagan.
100 dan ortiq muolajani boshdan kechirganiga qaramay, SoYoung'ning "sehrli ko‘zgu" funktsiyasidan foydalanib yuzini skanerlaganida, ilova hali ham undagi "nuqsonlar"ni ko‘rsatadi va tavsiya etilgan operatsiyalarning uzun ro‘yxatini chiqarib beradi.
"Menda ko‘z xaltachalari borligini yozdi. Iyakni kattalashtirishmi? Men buni allaqachon qilganman."
Ebbi hazil qilayotgandek edi.
"Burunni ingichkalashtirish? Yana burnimni operatsiya qilishim kerakmi?"
Oddiy elektron tijorat saytlaridan farqli o‘laroq, SoYoung kabi go‘zallik ilovalarida ijtimoiy tarmoq funktsiyasi ham bor. Foydalanuvchilar operatsiyadan avvalgi va keyingi suratlarini baham ko‘rishadi va ko‘pincha Ebbi kabi tajribali foydalanuvchilardan maslahat so‘rashadi.
"Terim ostida sement bordek tuyulardi"
Ortib borayotgan talabni qondirish uchun Xitoy bo‘ylab klinikalar tez sur’atda ochilmoqda.
Biroq, malakali mutaxassislar yetishmaydi, ko‘plab klinikalar litsenziyasiz ishlaydi.
iResearch marketing tadqiqot shirkati hisobotiga ko‘ra, 2019 yilga kelib Xitoyda 80 000 ta muassasa litsenziyasiz kosmetik muolaja o‘tkazgan va 100 000 nafar kosmetik mutaxassis tegishli malakaga ega bo‘lmagan holda ishlagan.
Natijada, Xitoy kosmetik jarrohlik klinikalarida har kuni yuzlab baxtsiz hodisalar sodir bo‘layotgani taxmin qilinmoqda.
Plastik jarroh va Shanxaydagi litsenziyalangan kosmetik jarrohlik klinikasi egasi doktor Yang Luning aytishicha, so‘nggi yillarda noto‘g‘ri bajarilgan operatsiyalarni tuzatish uchun murojaat qiluvchilar soni ortib bormoqda.
"Birinchi operatsiyasi litsenziyasiz joylarda o‘tkazilgani sababli muvaffaqiyatsiz bo‘lgan ko‘plab bemorlarni ko‘ryapman," deydi doktor Yang.
"Ba’zilar hatto odamlar uylarida operatsiya qilingan."

28 yoshli Yu Yu xato bajarilgan jarrohlik amaliyotini boshdan kechirganlardan biri.
2020 yilda u yaqin do‘sti ochgan litsenziyasiz klinikada yuzni to‘ldirish uchun kollagen inьektsiyalarini oldi. Ammo to‘ldirgichlar qotib qoldi.
"Terim ostida sement bordek tuyulardi," deydi u.
Yetkazilgan zararni bartaraf etishga umid qilib, Yu Yu ijtimoiy tarmoqlar orqali topgan mashhur klinikalarga murojaat qildi, ammo «ta’mirlash» ishlari vaziyatni battarlashtirdi.
Klinikalardan biri shpritslar yordamida to‘ldiruvchini chiqarib olishga urindi. Qotib qolgan materialni olib tashlash o‘rniga, uning o‘z tabiiy to‘qimalarini olib tashlab, terisini yanada bo‘shashtirib qo‘yishdi.
Boshqa bir klinika uning quloqlari yaqinidagi terini ko‘tarib, tagidagi to‘ldiruvchiga yetib bormoqchi bo‘ldi, natijada ikkita uzun chandiq va g‘ayritabiiy darajada tarang ko‘rinadigan yuz qoldi.
"Butun qiyofam buzildi. Bu [Shanxaydagi xorijiy kompaniyada inson resurslari bo‘yicha mutaxassis sifatida] ishimga ham ta’sir ko‘rsatdi."
U o‘tgan yili SoYoung orqali doktor Yangni topdi va shundan beri uchta operatsiyani o‘tkazdi, jumladan, boshqa klinikada shikastlangan qovoqlari uchun ham.
Biroq, doktor Yangning jarrohlik amaliyotlari ahvolni sezilarli yaxshilagan bo‘lsa-da, noto‘g‘ri muolajalarning ayrim asoratlari doimiy bo‘lishi mumkin.
"Endi chiroyliroq bo‘lishni istamayman," deydi u.
"Agar operatsiyadan oldingi holatimga qayta olsam, shu ham baxt."
"Bu karьeramni barbod qildi."
Har yili Yu Yu kabi o‘n minglab odamlar Xitoyda litsenziyasiz kosmetik klinikalar qurboniga aylanadi.
Biroq hatto ayrim litsenziyali klinikalar va malakali jarrohlar ham qoidalarga qat’iy amal qilmayapti.
2020 yilda aktrisa Gao Lyuning noto‘g‘ri bajarilgan burun operatsiyasi oqibatida burun uchi qorayib, o‘lib qolgani haqidagi xabarlar tez tarqaldi.
"Yuzim xunuklashdi va juda tushkunlikka tushdim. Bu mening aktyorlik karьeramni barbod qildi."
U Guanchjoudagi She's Times nomli litsenziyalangan klinikada "bosh jarroh" va burun jarrohligi bo‘yicha mutaxassis sifatida tanishtirilgan doktor He Mingdan burun operatsiyasini olgan.
Aslida doktor He jarrohlik amaliyotini yanada tajribali jarroh nazoratsiz o‘tkazish uchun yetarli malakaga ega emas. Kamiga unda Guandun viloyati sog‘liqni saqlash komissiyasi beradigan plastik jarroh litsenziyasi ham bo‘lmagan.
Hokimiyat organlari janjaldan so‘ng tez orada yopilgan klinikani jarimaga tortdi va doktor Hega olti oy davomida amaliyot o‘tkazishni taqiqladi.
Biroq, She's Times rasman tugatilishidan bir necha hafta oldin, Qingya nomli yangi klinika xuddi shu manzilda ro‘yxatdan o‘tishni so‘radi.
Bi-bi-si She's Times va Qingya o‘rtasida kuchli aloqalarni aniqladi, masalan, bir xil Weibo akkaunt va bir xil xodimlar, shu jumladan, doktor He ham shu yerda.

Surat manbasi, Gao Liu
Bi-bi-si, shuningdek, doktor He 2024 yil aprel oyida plastik jarroh sifatida litsenziya olganini aniqladi, vaholanki u 2021 yildagi hukm bo‘yicha besh yil davomida bu maqom uchun ariza topshirish huquqidan mahrum etilgan edi.
Qingya hozirda 30 ta filial ochganini ta’kidlamoqda.
Doktor He, Qingya va Guandun viloyati sog‘liqni saqlash komissiyasi Bi-bi-sining izoh so‘roviga javob bermadi.
Xitoyning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi shunday dedi: "Xitoy hukumati shirkatlardan milliy qonunlar, qoidalar va tegishli siyosat talablariga qat’iy rioya qilgan holda ishlashni doimiy talab qiladi."
To‘rt yil va ikki ta’mirlash operatsiyasidan so‘ng, Gao Lyuning burni hamon notekisligicha qolmoqda.
"Juda afsusdaman. Nega bunday qildim-a?"
Xitoyning Markaziy sog‘liqni saqlash komissiyasi so‘nggi yillarda malakasiz tibbiyot xodimlarining o‘z mutaxassisligi doirasidan tashqari vazifalarni bajarishiga chek qo‘yishga harakat qilmoqda – jumladan, mahalliy sog‘liqni saqlash organlariga nazoratni kuchaytirish va qat’iyroq ko‘rsatmalar berishni buyurmoqda, ammo muammolar hal bo‘lmayotir.
Ish taklifidan qarzdorlik va jarrohlik amaliyotigacha – 24 soat ichida
Bugungi Xitoyda kasbiy muvaffaqiyat uchun tashqi ko‘rinish muhim ahamiyatga ega.
Mashhur ishga qabul qilish platformalarida ish beruvchilar ko‘pincha lavozimlar uchun jismoniy talablarni ko‘rsatadi, hatto bu talablar ishga bog‘liq bo‘lmasa ham.
Bir qabulxona xodimi lavozimi uchun "bo‘yi kamida 160 sm va tashqi ko‘rinishi yoqimli" nomzodlar so‘ralsa, ma’muriy lavozim uchun "ko‘rkam qiyofa va nafis tashqi ko‘rinish" talab qilinadi.
Bu bosimlar Xitoyning ayrim klinikalarida firibgarliklarni urchitmoqda: himoyasiz yosh ayollarga ish taklif qilinadi, ammo ular bo‘lajak ish beruvchilari o‘tkaztirib beradigan qimmat operatsiyalar uchun to‘lov qilishi kerak.
Da Lan (uning haqiqiy ismi emas) 2024 yil mart oyida Xitoy janubi-g‘arbidagi Chengdu shahrida joylashgan klinikaga "go‘zallik maslahatchisi" lavozimi uchun ishga qabul qilish veb-sayti orqali ariza topshirgan.
Suhbatdan so‘ng, unga o‘sha kunning o‘zida lavozim taklif qilindi.
Ammo o‘zining aytishicha, ertasi kuni ertalab ishni boshlaganida, menejeri uni kichik xonaga olib kirgan, uni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirib, kosmetik jarrohlik qildirish yoki ishdan mahrum bo‘lish shartini qo‘ygan.
Da Lanning aytishicha, unga qaror qabul qilish uchun bir soatdan kam vaqt berilgan.
Bosim ostida u qo‘sh qovoq operatsiyasiga rozi bo‘lgan – narxi 13 000 yuandan (1750 dollar) ortiq – taklif qilingan oylik maoshidan uch baravar ko‘p, yana yillik 30% dan ortiq foiz bilan.
Uning aytishicha, xodimlar uning telefonini olib, undan "go‘zallik krediti"ga ariza berishda foydalanishgan va daromadi haqidagi ma’lumotlarni soxtalashtirishgan. Bir daqiqa ichida kredit tasdiqlangan.
Tushga yaqin u tibbiy tekshiruvdan o‘tgan, bir soatdan so‘ng esa operatsiya stoliga yotqizilgan.
Ish taklifidan qarz va jarrohlikkacha – hammasi 24 soat ichida sodir bo‘lgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Jarrohlik uning ish istiqboliga hech qanday foyda keltirmagan. Da Lanning aytishicha, menejeri uni kamsitgan, omma oldida uni haqoratlagan.
U bir necha haftadan so‘ng ishdan ketgan. Ortga nazar tashlab, u bu ish hech qachon haqiqiy bo‘lmaganini tushungan.
"Ular boshidanoq ketishimni xohlashgan," deydi u.
U 10 kundan ortiq ishlagan bo‘lsa-da, unga atigi 303 yuanь (42 dollar) to‘langan. Do‘stlari yordami bilan Da Lan olti oydan so‘ng operatsiya uchun qarzni to‘lagan.
Bi-bi-si o‘nlab jabrlanganlar bilan suhbatlashgan va ularning uchtasi, jumladan, Da Lan bilan Xitoyning "kosmetik jarrohlik poytaxti" bo‘lishni ko‘zlayotgan Chengdu shahrida uchrashgan. Ularning ba’zilari yillar davomida katta qarzga botib qolishgan.
Da Lan firibgarlikda ayblagan klinika haqida avvalroq boshqalar ham shikoyat qilishgan va mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan fosh etilgan, ammo u hali ham ochiq va xuddi shu lavozimga ishga qabul qilishni davom ettirmoqda.
Bu kabi firibgarlik faqat klinika ishlariga emas, balki boshqa sohalarga ham kirib bormoqda.
Ba’zi jonli efir kompaniyalari yosh ayollarni jarrohlik uchun kredit olishga majburlaydi, ularga mashhur inflyuenser bo‘lish imkoniyatini va’da qiladi.
Ammo parda ortida bu firmalar ko‘pincha klinikalar bilan yashirin kelishuv tuzadi – ular operatsiya stoliga yuborgan har bir nomzoddan ulush oladi.

Pekindagi qahvaxonada Ebbi do‘stlari bilan qahva ichish uchun uchrashadi.
Uchovlon pozalarini moslashtirib, selfi tushadi, ilova orqali yuzlarini batafsil tahrirlaydi – kipriklarini uzaytiradi va yonoq suyaklarini qayta shakllantiradi.
Yuz tuzilishida nimani eng ko‘p yoqtirishlari so‘ralganda, ular ikkilanishadi, o‘zgartirmasa ham bo‘ladi deb hisoblaydigan biror qismini aytishga qiynalishadi.
Suhbat engak implantlari, yuqori labni qisqartirish va burun jarrohligiga borib taqaladi.
Ebbi yana bir burun operatsiyasi haqida o‘ylayotganini aytadi – hozirgi burni olti yil oldin qilingan. Ammo jarrohlar operatsiya qilishda qiynalyapti.
"Ko‘p muolajalardan keyin terim ilgarigidek cho‘zilmaydigan bo‘lib qolgan. Shifokorlarning ishlash uchun materiallari kam. Ularga nimchaga yetadigan mato berib, to‘y ko‘ylagini kutib bo‘lmaydi."
So‘ng barcha operatsiyalar qanchalik qimmatga tushganini aytadi.
Ammo barchasiga qaramay, Ebbi to‘xtamoqchi emas.
"Go‘zalroq bo‘lish yo‘lidagi sayohatimni hech qachon to‘xtatmayman."






























