Markaziy Osiyo mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligidan ortiq qo‘rqmasa ham bo‘ladimi, Xitoy shunchalik uzoqqa ketdimi va Rossiya nega xotirjam?

Xitoy va O‘zbekiston prezidentlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Yangilik mintaqa qolib, G‘arbda ham e’tibor topdi, aksariyat xalqaro nashrlarda Xitoy Qozog‘istonda Markaziy Osiyo bilan "abadiy" aloqalarini mustahkamlamoqchi, degan talqinda sarlavhalarga chiqdi.
    • Author, Feruza Rahmon
    • Role, bbc.com/uzbek
  • O'qilish vaqti: 11 daq

Qozog‘istondagi kelishuv mintaqa qolib, G‘arbda ham sarlavhalarga chiqdi...

Yangi kelishuv

Xitoy bu gal besh Markaziy Osiyo davlati bilan "Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida"gi shartnomani imzoladi.

Yangilik mintaqa qolib, G‘arbda ham e’tibor topdi, aksariyat xalqaro nashrlarda Xitoy Qozog‘istonda Markaziy Osiyo bilan "abadiy" aloqalarini mustahkamlamoqchi, degan talqinda sarlavhalarga chiqdi.

U Siandagi birinchi sammit misolida bo‘lgani kabi Ostonadagi ikkinchisiga ham xos e’tibor tortdi.

Shartnoma Xitoyning mintaqa bilan savdo, energetika va infratuzilma bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatining ifodasi o‘laroq baho topdi.

Xitoyning bu kabi shartnomani faqat ikki yadroviy qudrat va mintaqaviy o‘yinchi – Rossiya va Pokiston bilan imzolagani so‘nggi yangilikning ahamiyatini yanada bo‘rttirishi aytildi.

Shartnoma, boshqa tomondan, besh Markaziy Osiyo davlati boshqa mamlakat lideri bilan ilk bor mintaqaning o‘zida o‘tkazgan va shunisi bilan ham ramziy "yuk" tashigani aytilgan "+" sammitida imzolandi.

Xitoy Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan birga dunyoning ikkita eng yirik harbiy va iqtisodiy qudratidan bittasi bo‘ladi.

Markaziy Osiyodagi eng yirik geoiqtisodiy o‘yinchilardan biri, geosiyosiy tanglik kuchayib borayotgan mintaqada qudratlar muvozanatiga hushyor va Rossiyaning mintaqadagi sanoqli an’anaviy ittifoqchilaridan biri bo‘lgan mamlakat, yadroviy qudrat.

So‘nggi yangilik yana Rossiya Ukrainada boshlagan urush hanuz tinmagan va Isroil Markaziy Osiyoga befarq bo‘lmagan Eronga qarshi hujum boshlagan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Har ikki urush ham Markaziy Osiyoning ham an’anaviy va ham ularga muqobil yangi tashqi bozorlarga chiqishini yanada qiyinlashtiradi, degan xavotirlar kuchayib borayotgan bir vaziyatda olindi.

Aloqador mavzular:

Yangi shartnoma

Qozog‘istondagi sammit

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Ayniqsa, Ukraina urushi fonida Markaziy Osiyo davlatlarining milliy mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi masalasi mintaqada o‘zaro raqobatda bo‘lgan qudratlar va o‘yinchilar rasman va oshkora qo‘llovchi bayonotlar berib kelayotgan eng hassos mavzulardan biri bo‘ladi.

Xabarlarga ko‘ra, Xitoy va besh Markaziy Osiyo davlati yangi shartnoma asosida bir-birlarining mustaqilliklari, suverenitetlari, hududiy yaxlitliklari, shuningdek, suveren tanglik va chegaralar daxlsizligi tamoyillarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqlashgan.

Bundan tashqari, oltovlon, mazkur shartnomaga muvofiq, birgalikda kelajagi umumiy bir-biriga yanada yaqin Xitoy-Markaziy Osiyo hamjamiyatini barpo etish ahdida hanuz qat’iy ekanliklarini ta’kidlashgan.

Barcha tomonlar kuch ishlatmasliklari, kuch ishlatish bilan tahdid qilmasliklari va ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal qilishlarini ham qayta urg‘ulashgan.

Aytilishicha, ular asosiy manfaatlariga taalluqli masalalardan bir-birlarining mavqe’larini qo‘llab-quvvatlashga ham va’da berishgan.

Shartnomada, yana shuningdek, tomonlarning boshqalariga qarshi hech qanday ittifoq yoki guruhda ishtirok etmasliklari, boshqa taraflarga raqib bo‘lgan hech bir harakatni qo‘llab-quvvatlamasliklari ham aytilgan, deyilmoqda.

Ayniqsa, Ukraina urushi fonida Markaziy Osiyo davlatlarining milliy mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi masalasi mintaqada o‘zaro raqobatda bo‘lgan qudratlar va o‘yinchilar rasman va oshkora qo‘llovchi bayonotlar berib kelayotgan eng hassos mavzulardan biri bo‘ladi.

Xabarlarga ko‘ra, Xitoy prezidenti besh Markaziy Osiyo davlati bilan "Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida"gi shartnomaning imzolanishini o‘zaro munosabatlaridagi muhim voqea sifatida olqishlagan.

"Xitoyning qo‘shnichilik diplomatiyasidagi innovatsion tashabbus – kelajak avlodlarga foyda keltiruvchi bizning davrimizda qo‘shilgan hissa", deb atagan.

"Biz...hamkorlikni yanada tashabbuskorlik va amaliy choralar bilan mustahkamlashimiz kerak", degan Si Szinьpin.

Agar, rasmiy xabarlarga tayanilsa, O‘zbekiston prezidenti Ostonadagi sammitda qilgan nutqida Xitoy bilan savdo, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyalarini amalga oshirishda kuchli lokomotiv bo‘lib xizmat qilayotganini aytgan.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan turli global qudratlar va mintaqaviy o‘yinchilarning "+" formatidagi bu kabi sammitlarining qanchalik faollashib borayotgan alohida e’tiborga molik voqe’likka ham aylanib bo‘lgan.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, ular ham o‘z mintaqalariga qiziqish ortib borayotganidan unumli foydalanishga harakat qilishmoqda va tashqi siyosatlarini shunga yarasha muvofiqlashtirmoqda.

Ularning aytishlaricha, Markaziy Osiyo davlatlari o‘zlarini bir sherikka haddan tashqari qaramlikdan himoya qilish istagida turli kuch markazlari o‘rtasida muvozanatni saqlash harakatidalar.

Yangi da’vatlar

"Markaziy Osiyo+Xitoy" sammitidan

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasman bildirishicha, mintaqa davlatlari yetakchilari bilan sammit tegrasidagi ikki tomonlama uchrashuvlari chog‘ida Si Szinьpin tabiiy gaz, foydali qazilmalar, xalqaro temir yo‘l va huquq-tartibot sohasida ham hamkorlikni kengaytirishga chaqirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Xitoy prezidenti bu gal aholi farovonligini oshirish va o‘z taraqqiyotlarga ko‘maklashishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 200 million dollardan ortiqroq miqdorda beg‘araz grant yordami berishga va’da qilgan.

Ular bilan savdo, mineral xom-ashyo va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirishga ham chaqirgan.

Xitoy tomoni xabarlariga ko‘ra, mamlakatning besh Markaziy Osiyo davlati bilan ikki tomonlama savdosi joriy yilning birinchi besh oyida rekord darajaga – 286,42 milliard yuanga yetgan, o‘tgan yilning shu davriga niyabatan 10,4 foizga o‘sgan.

"Markaziy Osiyo+Xitoy" formatidagi ikkinchi sammit ham rivojlangan yettilik davlatlarining oliymaqom yig‘ini va AQSh Xitoyga nisbatan keskin boj siyosatini qo‘llayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Xabarlarga ko‘ra, bunga Ostonadagi sammit chog‘ida Xitoy prezidentining o‘zi ham alohida to‘xtalib o‘tgan.

Si Szinьpin "bojlar va savdo urushlarida g‘oliblar bo‘lmasligi"ni aytgan.

"Hozirda dunyo o‘tgan bir asrda ko‘rilmagan jadal o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda, yangi notinchlik va o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ymoqda", - deb aytgan Xitoy prezidenti o‘zining sammitdagi chiqishi chog‘ida.

U, "Xitoy xalqaro adolatni himoya qilish, gegemonizm va qudrat siyosatiga qarshi turish uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor" ekanini ham bayon qilgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasman bildirishicha, mintaqa davlatlari yetakchilari bilan sammit tegrasidagi ikki tomonlama uchrashuvlari chog‘ida Si Szinьpin tabiiy gaz, foydali qazilmalar, xalqaro temir yo‘l va huquq-tartibot sohasida ham hamkorlikni kengaytirishga chaqirgan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari bilan uchrashuvlari chog‘ida esa, Rossiyani aylanib o‘tuvchi quruqlikdagi Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini yanada oldinga siljitishga undagan.

1990-yillarda beri muhokama bo‘lgan mazkur loyihaning yuk tashuvchilar G‘arbning sanksiyalari tufayli Rossiya orqali yuk jo‘natishni afzal bilmay qo‘yganliklari bois yangi ahamiyat kasb etgani aytiladi.

Rasmiy Pekin rejasi

Siandagi uchrashuv

Surat manbasi, rasmiy

Sianь 2023 yilning may oyida birinchi marta "Xitoy-Markaziy Osiyo" sammitiga mezbonlik qilgan.

Olti mintaqa davlati rahbarlari 18-19 may kunlari tarixda birinchi bor yuzma-yuz uchrashgan va muloqot qilgan.

Xitoy prezidenti Sianda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikning sakkiz yo‘nalishini taklif qilgan, mintaqa rivojlantirishning ulkan rejasini taqdim etgan.

Xitoy yangi taraqqiyot rejasining Markaziy Osiyo infratuzilmasini barpo etishdan tortib, energetika, xavfsizlik, mudofaa, huquq-tartibot sohalarida hamkorlik va savdo-sotiqni yanada kuchaytirish qadar keng qamrovli ekanini ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Rasmiy Pekin besh mintaqa davlati bilan rivojlanish strategiyalarini muvofiqlashtirish va ular barchasini modernizatsiya qilishda ko‘maklashishga tayyor ekanligini bayon qilgan.

Markaziy Osiyoga qariyb $4 milliard dollar beg‘araz yordam berajagini aytgan.

Mustaqilliklari tarixida esa, biror bir dunyo davlatining mintaqaga bu kabi reja va tashabbuslar bilan chiqayotgani halicha ko‘rilmagan.

Voqealarning so‘nggi rivoji Ukraina urushi manzarasida kuzatilayotgani bilan ham xos e’tiborga tushgan.

Siandagi uchrashuv xuddi shu urush bois G‘arbning ustma-ust keskin sanksiyalari ostida qolgan Rossiya mintaqa davlatlari bilan o‘zaro aloqalarini har tomonlama kuchaytirish, ularga yanada yaqinlashish, Afg‘onistonni ham o‘z orbitasiga tortish harakatida harakatida bo‘lgan bir paytda bo‘lib o‘tgan.

Rossiyaning an’anaviy ittifoqchisi sanaluvchi Xitoy esa, bugun dunyoning eng yirik harbiy va iqtisodiy qudratidan biri, jahon va mintaqadagi eng yirik geoiqtisodiy kuchlardan.

Ayrim mintaqaviy tahlilchilar e’tiroficha, G‘arbning ustma-ust jiddiy sanksiyalari oqibatida xalqaro miqyosda tobora ihotalanib borayotgan Rossiyaning o‘rniga endi Markaziy Osiyoda o‘zining geosiyosiy ta’sirini ham kuchaytirishi ehtimoli yuqori bo‘lgan "yangi" o‘yinchi.

Markaziy Osiyoga chegaradosh, o‘zining eng yirik - milliardlab dollarlik iqtisodiy loyihalarini aynan mintaqaga bog‘lagan, mintaqaga o‘zini Yevropa bilan bog‘lovchi muhim yo‘lak sifatida ko‘z tikkan.

Dunyodagi aholisi eng yirik davlatdan bittasi, Markaziy Osiyodagi tabiiy energiya zahiralarining asosiy xaridori va iste’molchisi, ularni o‘zlashtirishga faol bosh qo‘shgan, katta pul tikayotgan davlat.

Markaziy Osiyo davlatlariga sarmoya kiritish, qarz berish va ular bilan savdo-sotiq qilishda dunyoning eng yetakchi davlatlaridan biri.

O‘zbekiston ilova barcha Markaziy Osiyo davlatlari Xitoydan milliardlab dollar qarz.

Agar, imkonli bo‘lgan raqamlarga tayanilsa, o‘tgan yili Xitoy va mintaqa o‘rtasidagi savdo ko‘lami rekord darajaga yetgan - jami $70 milliard dollarni tashkil etgan.

Siandagi sammit tegrasida esa, birgina O‘zbekistonning o‘zi Xitoy bilan umumiy qiymati $25 milliardga teng kelishuv va shartnomalar imzolagani aytilgan.

Shinjon Uyg‘uristonining Markaziy Osiyoga chegaradosh ekani esa, Xitoy uchun mintaqaning ahamiyatini xavfsizlik nuqtai nazaridan ham oshirgan.

Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari yana Afg‘onistonga ham birdek chegaradosh.

Rasmiy Pekin, yillarki, jangarilik muammosining o‘z chegaralari orqali sizib o‘tishidan ham xavotirda, xavfsizlikka mintaqaviy ahamiyatga molik eng muhim masala o‘laroq qaraydi.

G‘arb qo‘shinlarining Afg‘onistonni butkul tark etishlari ortidan, Tolibon muvaqqat hukumati bilan ham faol muloqotda, qisqa vaqtning o‘zida ular bilan 25 yillik yirik iqtisodiy bitimga ham erishib bo‘lgan.

Xitoy tomoni o‘shanda Siandagi tarixiy uchrashuv "yangi munosabatlar rejasini ishlab chiqishga yordam berishi" va "hamkorlikning yangi davrini ochishi"ni aytgan.

Xitoydagi yuzma-yuz muloqot va yangragan bayonotlarga o‘sha paytda rasmiy Moskvaning munosabati noayon qolgandi.

Mintaqa davlatlari shaxsan amaldagi Xitoy prezidenti Si Szinьpinning o‘zi tomonidan ilgari surilgan, qudratli Xitoy "yirik davlat diplomatiyasi"ning o‘zagi sifatida ko‘rilgan "Bir belbog‘, bir yo‘l" tashabbusining muhim ishtirokchilari ham sanalishadi.

O‘tgan o‘n yil ichida mazkur tashabbus Buyuk Ipak yo‘li chegaralarini ortda qoldirgan, Osiyodan boshlab, Yevropa, Afrikaga qadar uzangan.

Ayrim xalqaro tahlilchilar nazdlarida, milliardlab dollarlik xuddi shu olamshumul loyihasi dunyoning barcha qit’alarida Xitoyning siyosiy va geoiqtisodiy munosabatlari uchun asos yaratadi.

Ko‘plab tahlilchilar fikricha, Xitoy endi Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyingi dunyo siyosatida muhim rol o‘ynash istagida.

Tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy bu kabi faolligi bilan mintaqada siyosiy ta’sir va energiya resurslari uchun bo‘lgan poygada asosiy geosiyosiy raqiblari bo‘lgan Rossiya va AQShni ortda qoldirgan, peshqadam mavqe’ga chiqib olgan.

Ularning aytishlaricha, bunga Rossiyaning Ukraina urushi bilan ovora bo‘lib qolgani va Afg‘onistondan chiqib ketish qarori bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarining mintaqadagi ta’siri kuchsizlanib borayotgani ham sabab bo‘lgan.

Bir tomondan G‘arbning asosiy raqiblari va dunyoning geosiyosiy, geoiqtisodiy, yadroviy qudratlari sirasiga kiruvchi Rossiya va Xitoy, boshqa tarafdan muhim tranzit yo‘li sanaluvchi, uzoq yillik urushlar ortidan hozir yana Tolibon harakati qo‘lida bo‘lgan beqaror Afg‘onistonga chegaradosh, katta sondagi arzon ishchi kuchi, tabiiy energiya zahiralari, turli noyob va qimmatbaho ma’danlarga boy Markaziy Osiyo esa, dunyoning geostrategik jihatdan muhim mintaqasi sifatida ko‘riladi.

Ayniqsa, global qudratlar o‘rtasidagi raqobat kuchayib borayotgan so‘nggi yillarda geostrategik ahamiyati yanada ortgan hududlardan biri.

Buyog‘i nima bo‘ladi?

Xitoy prezidenti

Surat manbasi, rasmiy

Har ikki sammit ham Ukraina urushi bois Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri kuchsizlanishi, yuzaga kelgan bo‘shliqni esa, aynan Xitoy to‘ldirishi, rasmiy Pekin endi mintaqa davlatlari bilan har tomonlama aloqalarga zo‘r berishiga oid tahlilu talqinlarga ham sabab bo‘lmay qolmagan.

Xitoy qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari kabi Rossiyaning Ukrainadagi urushini na-da oshkora qoralagan va na-da oshkora qo‘llagan.

Xuddi shu urush fonida G‘arbning Xitoy Rossiyani kuchaytiradi, degan xavotirlari esa, halicha o‘zini oqlamagan.

Rasmiy Pekin joriy paytda Ukraina urushiga diplomatik yo‘lda barham berish uchun o‘zining tinchlik rejasi bilan chiqqan sanoqli davlatlardan biri, harbiy, iqtisodiy va yadroviy qudrat bo‘lib turibdi.

Qayta prezident etib saylanishi ortidan o‘zining ilk xorijiy safarini Rossiyaga amalga oshirgan Xitoy prezidenti Si Szinьpin pandemiyadan keyingi birinchi tashrifini aynan Markaziy Osiyoga qilgani bilan ham e’tiborga tushgan.

Rossiya va Xitoy prezidentlarining shu yil mart oyida poytaxt Moskvada yangragan qo‘shma bayonoti esa, aksariyat tahlilchilarning diqqatini o‘ziga jalb etmay qolmagan.

Tomonlar o‘z bayonotlarida har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni chuqurlashtirish istagini bayon etishgan.

Shu bilan bir qatorda, o‘zlarining qo‘shma bayonotlarida Markaziy Osiyoni ham xosan tilga olishgan, mintaqa davlatlari "suvereniteti va milliy taraqqiyotini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirishni kuchaytirishga tayyor" ekanliklarini ta’kidlashgan.

"Rangli inqiloblar"ni import qilishga urinishlar va mintaqa ishlariga tashqi aralashuvni qabul qilmasliklari"ni ham urg‘ulashgan.

Xitoy prezidenti Rossiyaga xuddi shu tashrifi chog‘ida Pekin va Moskvaning ishonchli hamkorlar ekanligini yana bir bor rasman va oshkora bayon qilgan.

Rossiya va Xitoyni mustahkam rishtalar bog‘lab turishi, ikki davlat yetakchilarining doimiy muloqotda ekanliklariga oid bayonotlar yangragan.

Ikki o‘rtada imzolangan hujjatlar Rossiya va Xitoy o‘rtasida shu paytgacha misli ko‘rilmagan o‘zaro munosabatlari darajasini o‘zida aks ettirishini aytishgan.

Siandagi tarixiy uchrashuv esa, barcha Markaziy Osiyo davlatlari liderlari Putin bilan birdek ko‘rinish bergan va G‘arb buni Rossiya prezidentining mintaqa ustidan nazoratini namoyish etish istagi bilan izohlagan Moskvadagi G‘alaba kuni paradidan sanoqli kunlar bo‘lib o‘tgan.

Ayrim yetakchi mintaqaviy siyosiy tahlilchilar o‘shanda bu ikki davlat o‘rtasidagi geosiyosiy hamkorlik, geostrategik yaqinlashuv Markaziy Osiyo ustidan Rossiya monopoliyasining qaytarilishiga sababchi bo‘lmasligini aytishgan.

Ular o‘z baholari sababini Rossiya va Xitoy joriy paytda bitta narsani - mintaqaga kollektiv G‘arbni qo‘ymaslikni istashi, Amerika Qo‘shma Shtatlarining kuchayishini xohlamasligi bilan izohlashgan.

"Lekin ayni paytda bittasi ikkinchisining to‘laqonli monopoliya qilib olishi va mintaqani yutishiga ham rozi bo‘lib qarab turmaydi", - deb aytgandi, jumladan, Toshkentdan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Ayrim g‘arblik tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya Markaziy Osiyoda Xitoy ta’sirining kuchayishi muqarrar ekanini tushunib yetgan va bunga anchayin xotirjam qaraydi.

Bu ikki an’anaviy sherikdan hech biri mintaqada vaziyatning keskinlashishi va Markaziy Osiyodagi ta’sirlari masalasi, deb, bundan-da muhimroq bo‘lgan geosiyosiy hamkorliklariga putur yetishini istamaydi.

G‘arbning Ukraina urushi bois Rossiyaga ustma-ust qo‘llayotgan keskin iqtisodiy va moliyaviy jazo choralari ham joriy paytda Rossiyani energiyaga chanqoq Janubiy Osiyo, ayniqsa, Xitoy va Hindistonga yanada yaqinlashtiruvchi omil sifatida o‘rtaga chiqqan, mavjud holat ham har ikki tomon uchun mintaqaning ahamiyatini yanada oshirgan.

Xuddi shu manzarada G‘arbning Markaziy Osiyoga nisbatan ikkilamchi sanksiyalarga oid tahdidlari kuchayarkan, aynan Xitoy ular qo‘llov ilinjida yuz burishlari mumkin bo‘lgan davlat sifatida tilga olingan.

Ammo Xitoyning G‘arbning ziddiga ularning bu so‘roviga qanchalik labbay, deb javob berishi allaqachon tahlilchilar doirasida savol ostiga olib ham bo‘lingan.

Bu bir imkoniyatmi?

Xarita

Surat manbasi, .

Mavjud holat, boshqa tomondan, ikki an’anaviy ittifoqchi o‘rtasidagi zimdan borayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy kurashning tobora oshkora tus olishiga oid talqinlarga ham zamin yaratmay qolmagan.

Rossiya va Xitoy do‘st, degan bilan, kim birinchi bo‘lishi masalasida bu ikki davlat kelajakda albatta raqobatchilarga aylanishadi, degan fikrlar ham allaqachon yangrab bo‘lgan.

Voqealarning so‘nggi rivojiga o‘z bahosini bergan ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy bilan hamkorlik Markaziy Osiyoda yanada kuchayish harakatida bo‘lgan Rossiyaga qarshi bir muvozanat vazifasini bajara oladi.

Ularning aytishlaricha, Xitoy ham hozir Rossiya tomonidan Ukraina stsenariysi asosida Markaziy Osiyo, shu jumladan, Qozog‘istonni beqarorlashtirishga bo‘lgan har qanday urinish o‘zining xavfsizligiga berilajak kuchli zarba bo‘lishini aniq anglab turgan davlat.

Xitoy prezidenti Si Szinьpin 2022 yilda Qozog‘istonga qilgan safari buni yaqqol ko‘rsatgan.

Xitoy prezidenti xuddi shu tashrifi chog‘ida Qozog‘istonga hududiy yaxlitligi, suvereniteti va yana boshqa qator masalalarda ko‘mak berishga tayyorliklarini bayon qilgan.

Si Szinьpin o‘zining bu bayonoti bilan ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan, bu - Putinga bir ishora ekaniga oid izohu talqinlarga ham sabab bo‘lgan.

Yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, hozir ham transport-logistika va ham o‘z kun tartiblarini shakllantirish nuqtai nazaridan Markaziy Osiyoda YevroOsiyo hududida muhim o‘yinchiga aylanish, mintaqada Rossiyaning kuchsizlanganidan foydalanib, bahamjihatlikda iqtisodiy, siyosiy va diplomatik jihatdan kuchayish imkoniyati bor.

Ammo mintaqadagi ikki yirik va qudratli hamkorlarining o‘zaro yaqinlashuvi ulardan qay birining "ko‘nglini olish" - manyovr qilish masalasida Markaziy Osiyo davlatlarini qiyin ahvolga solib qo‘yishiga oid xavotirlar ham yo‘q emas.

"O‘zbekiston kim tomon?"

Шавкат Мирзиёев
rasmiy
Bir tomonman - millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman.
Шавкат Мирзиёев
O‘zbekiston prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Shavkat Mirziyoyev orada "Bugun O‘zbekiston kim tomon?", degan "og‘ir savol"ga shaxsan o‘zi javob bergan.

Bu esa, dunyoning global geosiyosiy va geoiqtisodiy qudratlari raqobati yanada kuchaygan mintaqada bugun xalqaro e’tiborda bo‘lgan savol ham bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidenti o‘shanda "zamon juda murakkab" ekani va hozir"katta, katta davlatlar" tomonidan xuddi shu kabi savol qarshisida qolganliklarini aytgan.

Shavkat Mirziyoyev, shunday derkan, O‘zbekistonni o‘z tomonlariga o‘tishga "qattiq, qattiq da’vat qilayotgan" mamlakatlar nomiga to‘xtalmagan.

Ammo O‘zbekiston prezidentining so‘nggi bayonoti mintaqada geosiyosiy tanglikni yanada kuchaytirgan Rossiya Ukrainaga ochgan urush manzarasida yangragan.

Rossiya, G‘arb, Yevropa vakillarining O‘zbekiston, Markaziy Osiyoga tashriflari o‘ta faollashgan, har ikki tomonning ham mintaqa davlatlariga yanada yaqinlashish va ular bilan aloqalarini har tomonlama kuchaytirish ilinji, harakatida bo‘lgan, mintaqani o‘zlarining muhim hamkorlari, deya atayotgan, + formatidagi muloqotlariga zo‘r berayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Putin O‘zbekistonni ham qolgan Markaziy Osiyo davlatlari kabi Rossiyaning siyosiy orbitasiga tortmoqchi, degan jiddiy xavotirlar bo‘y ko‘rsatib turgan bir fonda kuzatilgan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning xuddi shu kabi tashriflar manzarasida rasman aksar noayon qolayotgan mavqeiga shaxsan o‘zi va qat’iy aniqlik kiritgan.

O‘zbekiston prezidenti bu savolga javob faqat "bitta" ekanini ta’kidlagan.

"Bir tomonman - millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob berishi"ni bayon qilgandi.

Mintaqaviy kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti o‘zining ayni mazmundagi javobi bilan "taraf talashayotgan" qudratlarga nisbatan tashqi siyosatda o‘zlarining milliy manfaatlariga sodiq qolishlarini ta’kidlagan.

Aynan mustaqil O‘zbekiston mintaqaning ko‘pqutbli tashqi siyosat yuritish harakatida bo‘lgan davlati bo‘ladi.

Hali-hanuz Rossiya shamsiyasi ostida bo‘lgan va rasmiy Kremlning geosiyosiy, geoiqtisodiy loyihalari sanaluvchi aksariyat harbiy, siyosiy, iqtisodiy tashkilot va ittifoqlarga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirmagan.

O‘zbekiston mintaqaning aholisi eng katta davlati, agar, rasmiy statistikaga tayanilsa, bugun mamlakat aholisining soni 37 million kishidan ko‘proqni tashkil etadi.

O‘zbekiston Qozog‘iston bilan birga mintaqaning eng yirik ikkita davlatidan bittasi.

Muhim tranzit yo‘li sanaluvchi Afg‘onistonga chegaradosh va tabiiy energiya zahiralariga boy Markaziy Osiyo shundoq ham dunyoning yadroviy global qudratlari - Rossiya, AQSh va Xitoy geosiyosiy raqobatda bo‘lgan mintaqalaridan biri sanaladi.

Dunyoning nisbatan kambag‘al deb ko‘riluvchi aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga esa, jahonning biror bir davlati Xitoy kabi yirik moliyaviy loyiha va sarmoyalar bilan chiqmagan.

Dastlabkisi dunyoning qudratli yettilik davlati sammiti arafasiga to‘g‘ri kelgan Siandagasi kabi formatning endi doimiy tus olishiga oid fikrlar yangragan bir manzarada o‘shanda rasmiy Pekinning global tartibga muqobil o‘zining G‘arbsiz yangi tartibini taqdim etish, mintaqa davlatlarini o‘zining tartibi yaxshiroq ekaniga ishontirish istagida ekaniga oid qarashlar ham bo‘y ko‘rsatmay qolmagan.

Ammo dunyoning qudratlari bilan + formatidagi sammitlarning qanchalik amaliy ekani Ukraina urushi fonida ayrim mintaqa davlatlari tomonidan oshkora tanqidga tutilgan, jumladan, Tojikiston prezidentining bu xususda Putinga oshkora ketgani yaqinda butun dunyoning e’tiborini o‘ziga tortgan yangilikka ham aylangani ham bor gap.