Turkiyaga bir million ishchi yetishmayapti, bu O‘zbekistonga qulay imkoniyatmi?

Quvurlar ustida borayotgan ishchi

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 3 daq

Turkiya rasmiylari turli sohalarda bir million malakali ishchi yetishmayotgani haqida xabar qildilar.

Turkiya matbuoti xabar qilishicha, shu kecha-kunduzda po‘lat va cho‘yan ishlab chiqarish kabi metallurgiya, og‘ir sanoat sohalarida, qurilish, qishloq xo‘jaligida xodim yetishmasligi inqirozi yuzaga kelgan.

Hatto Turkiya turizm sohasiga ham 100 mingcha ishchi yetishmayapti.

Tahlillarga ko‘ra, Turkiya sanoat sohalari hamda qurilishda yaxshi maosh to‘lanadi.

Ammo ana shu sohalar bo‘yicha ixtisosligi bor yoshlar ham bunday ishlarda ishlashni xush ko‘rmayotganlari kuzatilmoqda.

Misol uchun, Turkiya qurilish tashkilotida ekskvatorchi yoki ko‘tarma kran boshqaruvchisi taxminan 120 ming Turkiya Lirasi(3500 AQSh dollari) oladi.

Metallurgiya zavodidagi quyuvchi maoshi 2300 dollarni tashkil etadi.

Malakali oshpaz yoki cho‘ponning oylik ish haqi 1500 dollargacha borishi mumkin.

Turkiyada minimal ish haqi miqdori 17000 Lira yoki $500ni tashkil etadi va shundan kelib chiqib, qurilish yoki sanoatdagi maosh qanchalar yuqoriligini anglash mumkin.

Sohalarda maoshlar yuqori ekaniga qaramasdan, ishlab chiqarish korxonalari malakali ishchilarni jalb etish muammolariga ro‘para kelmoqdalar.

Bu muammo sabablarini tahlil etarkan, ekspertlar Turkiya ijtimoiy muammoga duch kelganini aytadilar.

Bu o‘zbekona ta’rifda "ishdan qochgan yoshlar"ga to‘g‘ri keladi.

Bu muammoga bugun nafaqat Turkiya, balki butun dunyo, xususan, O‘zbekiston ham duch kelayotganini qayd etib o‘tish zarur.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, biror kasbni o‘rganganiga qaramasdan, yoshlar og‘ir jismoniy mehnat, katta mas’uliyat va diqqat-e’tiborni jamlashni talab qiladigan murakkab kasblarda ishlashni xohlamayaptilar.

Misol uchun, Turkiyada ko‘p yoshlar xizmat ko‘rsatish sohalarini afzal ko‘rayaptilar.

Mehnati va mas’uliyati kam kassirlik, sotuvchilik, mehmonxonada eshik og‘alik singari minimal ish haqiga ko‘nayaptilar.

Turkiya mehmonxonalar assotsiatsiyasi rahbari Muberra Eresin aytishicha, hozir Turkiya turizm sohasida 1,7 million kishi ish bilan ta’minlangan.

Ularning orasida 22000 chet ellik ham faoliyat yuritayapti.

Shu sohada ishlaydigan turkiyaliklar o‘zlari uchun asosiy raqobatchilar o‘zbekistonliklar bo‘layotganini tan oladilar.

"Chunki ular bizdan farqli o‘laroq, rus va ingliz tilini biladilar", deydi Istanbul shahridagi mehmonxonalardan biri xodimi.

Ammo Muberra Eresin xonim so‘zlariga ko‘ra, Turkiya yiliga mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonini 100 millionga yetkazishni reja qilgan, buning uchun mehmonxona va turistlarga xizmat ko‘rsatish sohasiga 100 ming xodim kerak.

Turkiya hukumati va biznes rahbarlari taqchillik kuzatilayotgan sohalarga xorijdan malakali ishchi jalb qilish yo‘llarini izlamoqdalar.

Odam yetishmayotgan sohalarda ishlash uchun keladiganlarga Turkiyada ishlash va vaqtincha yashash tartiblarini osonlashtirish yo‘llari ko‘rib chiqilayapti.

Bir necha ishlab chiqarish korxonalari va qurilish shirkatlari chet ellik xodimlari uchun uy va yotoqxona qurishgan va qurishni davom ettirayaptilar.

Mavsumiy ishchi sifatida afg‘on va suriyalik cho‘ponlar chorvachilik sohasiga ishga olinayotgani xabar qilinadi.

Til yaqinligi va vizasiz tartib tufayli ko‘plab o‘zbekistonliklar uzoq yillardan buyon Turkiyada mehnat qilib oilalariga mablag‘ yuborib turadi.

Turkiya Migratsiya harakati idorasi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 4,4 million xorijlik yashab mehnat qilayapti, ularning 70000 i o‘zbekistonlik ekani aytiladi.

O‘zbekiston Bandlik vazirligi tarkibida bo‘lgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘zbekistonliklarga xorijda ish topib berishda ko‘maklashib keladi.

Shu yil oktyabr oyida O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligi tashkil etildi.

Telegram kanalimiz