Tanklar, turizm va fotosessiya: Kim Chen In va Putin Pekinga nega yo‘l oldi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Shimoliy Koreya bayrog‘i oldida bir-birlariga qizil vino bilan tostlar qilishayotganda tabassum qilishmoqda.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

O'qilish vaqti: 5 daq

Chorshanba kuni Pekinning Tyananmen maydonida yadroviy raketalar va tanklar namoyish etiladi, beshinchi avlod harbiy uchoqlari osmonda parvoz qiladi. Bu tadbir Xitoyning ulkan harbiy qudratini namoyon etishi kutilmoqda.

Biroq "G‘alaba kuni" paradida ko‘pchilikning diqqati qurol-aslahalarga emas, balki Xitoy rahbari Si Szinpin taklif etgan ikki maxsus mehmon – Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qaratilgan.

So‘nggi yillarda bu ikki davlat rahbari xorijga juda kam chiqqan. Shu bois ularning Ikkinchi jahon urushi yakunlanishining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda birga ishtirok etishi – mazkur uch muhim davlatning o‘zaro munosabatlari va kelajakdagi yo‘nalishlari haqida muhim ishora sifatida qabul qilinmoqda. Bi-bi-sining Koreya, Rossiya va Xitoy xizmatlari mutaxassislari bu haqda o‘z tahlillarini bayon qildi.

Koreya nufuzi va turizm

Xitoy armiyasining ayol a'zolari yaqindan, hammasi jiddiy iboralar bilan bir tomonga qaraydi

Surat manbasi, AFP via Getty Images

«Kim va Sining uchrashuvi deyarli olti yil ichida ilk marotaba bo‘ladi», deydi Bi-bi-si Koreys xizmati muxbiri Juna Mun.

«Kim oxirgi bor 2019 yilda Xanoy sammitida Donald Tramp bilan ko‘rishishdan oldin Xitoyga tashrif buyurgan edi. Shu yili Si ham Pxenyanga borgan edi».

Bu galgi marosimda bir nechta tarixiy «ilk» voqealar qayd etiladi. Masalan, Shimoliy Koreya, Xitoy va Rossiya yetakchilari ilk bor birgalikda sahnada namoyon bo‘ladi. Bu – noodatiy hol, chunki ham Kim Chen In, ham uning otasi Kim Chen Ir asosan ikki tomonlama uchrashuvlar bilan cheklanib kelgan. Shuningdek, 1959 yildan beri birinchi marta Shimoliy Koreya rahbari Xitoy harbiy paradida qatnashmoqda.

«Shimoliy Koreya iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan va muhim siyosiy sanalarga tayyorlanayotgan bir pallada, Xitoy yordami hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda», deydi Mun. Uning aytishicha, mamlakatda sholi narxlari keskin oshib bormoqda.

Getty Images
Xitoydagi harbiy namoyish dunyoga muhim xabar yetkazadi: Global Janub davlatlari Si va Putin atrofida birlashgan va ular bepisand qarab bo‘lmaydigan kuchga aylanmoqda.
Aleksey Kalmikov
BBC Rus xizmati (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Kim Chen In Xitoy ko‘magi bilan oktyabr oyida Ishchilar partiyasining 80 yilligini hamda kelasi yili bo‘lib o‘tishi kutilayotgan to‘qqizinchi partiya qurultoyini kambag‘allik ichida emas, balki katta dabdaba bilan nishonlashni ko‘zlamoqda.

Shu bilan birga, yana bir iqtisodiy omil ham bor: Pxenyan yaqinda ochilgan Vonsan-Kalma sohil kurort hududiga ko‘p sonli xitoylik sayyohlarni jalb qilishni istaydi. Bu esa Xitoy Kommunistik partiyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llovisiz amalga oshmaydi.

Kim Chen In va Si Szinpin ba'zi bayroqlar oldida turib, yuzlarida jiddiy ifodalar bilan qo'l siqishmoqda.

Surat manbasi, Gamma-Rapho via Getty Images

Biroq Kimning Pekinga tashrifi faqat iqtisodiy manfaatlar bilan chegaralanmaydi. U odatdagidek Moskva va Pekin bilan munosabatlarni muvozanatda ushlashga intilmoqda. Bu marosim unga ikki yetakchi bilan bir vaqtda bir sahnada turish imkoniyatini bermoqda.

«Si va Putin bilan bir qatorda chiqish orqali Kim o‘zini yirik davlatlar yetakchilari bilan teng ko‘rsatish, shuningdek, ehtimoliy Xitoy-Rossiya-Shimoliy Koreya mehvarida markaziy o‘rin egallash istagini namoyon qilmoqda», deydi Mun.

Kim, shuningdek, Si Szinpinni oktyabr oyida Pxenyanda bo‘lib o‘tadigan tantanalarga taklif qilishga ham umid qilmoqda. Agar bu amalga oshsa, uning nufuzi ham mamlakat ichida, ham xalqaro maydonda sezilarli oshishi mumkin.

«Kimning tashrifi AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rtasida kuchayib borayotgan hamkorlikka qarshi strategik javob sifatida ko‘rilmoqda», deydi Mun.

Agar bu tashrif Shimoliy Koreya-Xitoy-Rossiya munosabatlarini mustahkamlasa, bu Janubiy Koreya xavfsizlik muhiti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

«Qurol tizimlari, harbiy texnologiya, razvedka va logistika sohalarida Pxenyan, Pekin va Moskva o‘rtasida rasmiy bo‘lmasa-da, chuqur hamkorlik ehtimoli ortib bormoqda», deya ogohlantiradi Mun.

Rossiyaning yana sahnaga chiqishi

Putin va Tramp bir-birlarining gaplarini eshitish uchun egilib, jilmayib gaplashib yurishadi

Surat manbasi, Getty Images

Bi-bi-si Rus xizmatidan Aleksey Kalmikovga ko‘ra, yaqinda Alyaskada Donald Tramp bilan bo‘lgan sammitdan so‘ng Pekinga taklif «Putin uchun yoqimli xabar».

«Ukrainaga bosqin sababli yillar davomida Rossiya dunyodan tobora ajralib qoldi», deydi u.

«Bir paytlar G7 sammitida teng ishtirok etgan Putin hozir Xalqaro jinoyat sudi orderi bilan qidiruvdagi shaxsga aylandi».

Biroq endi ketma-ket ikki yirik davlat uni qizil yo‘lakcha bilan qarshi olmoqda.

«Yaqingacha Rossiya rahbariyati xalqaro sahnada bunday muvaffaqiyat haqida orzu ham qilolmas edi. Endi bu – haqiqat», deydi Kalmikov.

Pekindagi paradda qatnashish Putinning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlaydi va rossiyaliklarni mamlakatning nufuziga ishontirishi mumkin.

«Ko‘plab qo‘l berib ko‘rishishlar, samimiy quchoqlashishlar va qizil yo‘laklar – bularning barchasi Rossiya jamoatchiligiga Moskva Pekinning kichik sherigi emas, balki teng maqomdagi hamkor ekanini ko‘rsatish uchun xizmat qiladi», deydi Kalmikov.

Shaxsiy munosabatlardan tashqari, Xitoyning «G‘alaba kuni» paradi yana bir muhim ma’no kasb etadi. U Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushida taslim bo‘lgani va urush yakun topganining 80 yilligiga bag‘ishlangan.

«Xitoydagi harbiy namoyish dunyoga muhim xabar yetkazadi: Global Janub davlatlari Si va Putin atrofida birlashgan va ular bepisand qarab bo‘lmaydigan kuchga aylanmoqda», deydi Kalmikov.

Yana bir muhim signal Oq uyga yo‘naltiriladi: Moskva va Pekin o‘rtasida nizo solish urinishlari behudadir.

«Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi "chegarasiz do‘stlik" hanuz kuchli va barqaror», deydi Kalmikov.

Xitoy harbiy qudrati namoyishi

To'rtta raketa majmuasi e'tibor qaratilayotgan mashinalarda askarlar bilan olomon oldida parad qilmoqda

Surat manbasi, Getty Images

Parad orqali Xitoy o‘zini zamonaviy va global harbiy davlat sifatida namoyon etmoqchi.

«Rasmiylar 70 daqiqa davom etadigan paradda Xalq ozodlik armiyasining yangi avlod qurollari – ilg‘or gipertovushli tizimlar, havo va raketa mudofaa vositalari, strategik raketalar namoyish etilishini ma’lum qildi. Ular Xitoyning asosiy jangovor arsenalidagi eng muhim qurollardan tanlab olingan», deydi Bi-bi-si Xitoy xizmati.

Tadbir oldidan hukumat vakili katta miqdorda yangi harbiy texnika birinchi marta namoyish etilishini ta’kidladi.

Bu dunyo hamjamiyati diqqatini albatta o‘ziga jalb qiladi. Chunki "Bulletin of the Atomic Scientists"ga ko‘ra, hozirda Xitoy yadroviy qurollarini dunyodagi barcha davlatlardan tezroq sur’atda kengaytirayotgan va yangilayotgan mamlakat hisoblanadi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Bu safar Xitoy mehmonlar ro‘yxatida avvalgidek qiyinchilikka duch kelmaydi. Xalqaro jinoyat sudi (XJS) prezidenti Putinga qarshi hibsga olish orderini chiqargan, Pekin esa oldin ham qidiruvdagi shaxslarni marosimlarga taklif qilgani uchun tanqidga uchragan.

Biroq, bir necha hafta oldin Donald Tramp Putinni Alyaskaga taklif etgani va amerikalik harbiylar uni qizil yo‘lak bilan kutib olgani – Xitoyni bu safar tanqid qilishni qiyinlashtiradi, deydi Bi-bi-si Xitoy xizmati.

Faqat kimlar qatnashishi emas, kimlar qatnashmasligi ham ahamiyatli.

Xuddi shu paradda 10 yil oldin Tayvandagi o‘sha paytda hukmron bo‘lgan Gomindan partiyasi raisi asosiy mehmonlardan biri bo‘lgan.

«Bu qit’a va orol munosabatlarining asal oyi edi», deydi Bi-bi-si Xitoy xizmati.

Ammo 2016 yildan beri Tayvanni Demokratik progressiv partiya boshqarmoqda, ularning Pekin bilan munosabati ancha sovuq.

Xitoyning Honkongda muxolifatga qarshi bosimiga javoban, «Tayvan rasmiy shaxslarni Pekinga harbiy paradda ishtirok etish uchun borishini taqiqladi», deydi Bi-bi-si Xitoy xizmati.

Shu bois, bu yilgi marosimda kutilgan 26 davlat rahbaridan farqli o‘laroq, Tayvandan hech qanday vakil qatnashmaydi.