"Eng oson nishon – migrantlar". Rossiyada yangi "nazorat ostidagi shaxslar reestri" qanday ishlayapti?

Novosibirskdagi migrantlarga qarshi reyd

Surat manbasi, Kirill Kukhmar/TASS

    • Author, Muxbirlar bo‘limi
    • Role, Bi-bi-si Rus xizmati
  • O'qilish vaqti: 10 daq

Rossiyada, eng kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra, olti milliondan ortiq muhojir yashaydi. Rossiya iqtisodiyotining butun tarmoqlari – qurilish, uy-joy kommunal xizmatlar, logistika, maishiy xizmat ko‘rsatish va yetkazib berish sohalari, shuningdek, o‘z kelgan vatanlari iqtisodiyoti ularning mehnatiga bog‘liq: muhojirlarning pul o‘tkazmalari Markaziy Osiyo mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining sezilarli ulushini tashkil etadi. Shunga qaramay, ular Rossiyadagi eng zaif ijtimoiy guruhlardan biri va doimiy kamsitishlarga duch kelmoqda. Bu yil esa "nazorat ostidagi shaxslar" reestri, noqonuniy muhojirlarni hisobga olish tizimi ishga tushirildi. Unga tushib qolgan odam bir zumda ishdan, universitetdagi o‘rnidan va o‘z pullaridan mahrum bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik "noqonuniy" tamg‘asini xatolik tufayli oladi.

Aloqador mavzular

500 rubl naqd pul bilan

Arsen* * 5 aprel kuni ertalab soat to‘qqizlarda hali ham charchog‘i bosilmay uyg‘ondi. O‘tgan kuni kechqurun u do‘stlari bilan barga borgan, keyin birgalikda fastfudga kirishgan va u yerdan Arsen uyiga taksi chaqirgan edi. 25 yoshli yigit uchun odatiy Moskva kechasi.

Rossiyada 25 yoshli Arsen besh yildan beri yashaydi: asli qozog‘istonlik, 2020 yilda ko‘chib kelgan.

To‘liq uyg‘onmagan Arsen "Sberbank" ilovasini ochib, do‘stiga ozgina pul o‘tkazmoqchi bo‘ldi.

Qizil fonda yozuv paydo bo‘ldi – "Rad etildi".

Quyida izoh keltirilgan: "RF IIV sizni nazorat ostidagi chet el fuqarolari ro‘yxatiga kiritdi. Sizga quyidagilardan tashqari barcha bank operatsiyalari taqiqlanadi: kiruvchi pul o‘tkazmalari; davlat (RF) foydasiga majburiy to‘lovlar; oyiga 30 ming rubldan ortiq bo‘lmagan naqd pul yechib olish."

Avvaliga Arsen buni qandaydir nosozlik deb o‘yladi. Bankka qo‘ng‘iroq qildi, lekin u yerda bunday masalalar bilan shug‘ullanmasliklarini aytishdi va IIVga murojaat qilishni maslahat berishdi.

Skrinshot prilojeniya Sberbanka s otklonennoy operatsiey po perevodu deneg
Surat tagso‘zi, Arsen reestrga tushganini Sberbank ilovasi xabaridan bildi

Ko‘pchilik yoshlar singari Arsen ham barcha pullarini kartada saqlardi, endi esa karta to‘satdan bloklandi. Kvartirada amallab 500 rubl naqd pul topdi – shu pul bilan politsiya bo‘limiga yetib bordi. U yerda yelka qisib, "Zigzag"ga jo‘natishdi.

Moskvaning Dmitrovskiy tumanidagi shu nomdagi savdo markazida mahalliy migratsiya punkti joylashgan bo‘lib, u yerda odatda ro‘yxatdan o‘tish, migratsiya hisobini uzaytirish va ishlashga ruxsat berish masalalari bilan shug‘ullanishadi. U yerga "Davlat xizmatlari" portali orqali yozilish mumkin. Eng yaqin bo‘sh vaqt 10 kundan keyinga edi. Arsen horib-charchab uyiga qaytdi.

Ijara haqini to‘lash muddati yaqinlashmoqda edi. Oziq-ovqat sotib olish kerak. Arsen bir necha yurist bilan bog‘landi, biroq maslahat uchun puli yo‘q edi.

Arsen so‘nggi puli bilan Saxarovoga borishga qaror qildi.

Saxarovo

Moskva markazidan 60 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Saxarovo deb nomlangan ko‘p funktsiyali migratsiya markazi muhojirlar uchun juda tanish joy. U katta navbatlar va "ijtimoiy xavfli kasalliklar va infektsiyalar" – OIV, zaxm va silni aniqlash uchun qon va siydik topshirish kabi kamsituvchi tartib-qoidalari bilan mashhur. "Xuddi jinoyatchilarga qilinganday," deydi Arsen.

"U yerdagi sharoit chidab bo‘lmas darajada. Ko‘chada yuzga yaqin odam navbatda turibdi. Ichkariga esa soatiga bir necha kishini kiritishadi. U yerda ayollar ham, bolalar ham, keksalar ham bor. Tiqilinch. Hamma yoqda qurollangan OMON, atrofi o‘rab olingan. Va bu OMON hammaga «hey, sen» deb murojaat qiladi, so‘kadi. Xuddi qandaydir terrorchilar lageriga tushib qolgandekman. Hamma joyda temir panjara. Bir ayol panjaraga suyanib turgan edi, OMONchi tayoq bilan panjaraga urib, uni chetlatdi. Hayvonga qilinganday munosabat."

Ocheredь v migratsionnыy sentr Saxarovo
Surat tagso‘zi, Saxarovo migratsiya markazidagi navbat

"Uch soat ko‘chada, qor ostida navbatda turdim. Ichkariga isinib olish uchun ham hech kimni qo‘yishmaydi. 0,5 litrlik suv kamida 150 rubl (1,8 dollar) turadi. Snikers – 200 rubl. Ichkarida yana bir necha soat navbatda turdim. Kimdir shundoqqina polda o‘tirar, bolalar burchaklarda buyumlar ustida uxlashardi."

Arsen Saxarovoga tushga yaqin yetib bordi va faqat kechqurun soat sakkiz yarimda qo‘liga qog‘oz raqam oldi – klublarga kiraverishda beriladiganga o‘xshash. Hujjatlarni rasmiylashtirish davom etayotganda bu raqamlarni olib tashlash, yo‘qotish mumkin emas. Arsen ertasi kuni Saxarovoga qaytishi kerak edi, shuning uchun u "tamg‘a" bilan, o‘zi aytganidek, jamoat transportida yurdi, kechqurun dushda ehtiyotlab saqladi va ertasi kuni barmoq izlari topshirish va tahlillar uchun bordi.

U iflos tibbiy xonalar va yo‘laklarni, suv tortgichi ishlamaydigan va siydik namunasini yig‘ish kerak bo‘lgan iflos hojatxonalarni, polda yotgan qonli paxtalarni eslaydi.

Arsen, har kuni markaz oldida navbatda turgan ko‘plab odamlar singari, Rossiyada qonuniy asosda ishlaydi va ijarada turadi. Biroq bir kunda bank hisobiga kira olmaydigan "nazorat ostidagi shaxs"ga aylanib qoldi.

Nazorat ostidagi shaxslar

Nazorat ostidagi shaxslar reestri – Rossiyada noqonuniy bo‘lgan chet elliklar (va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar) kiritiladigan ma’lumotlar bazasidir.

Uni yaratish uchun qonun loyihasi o‘tgan yil iyun oyi oxirida Davlat Dumasiga kiritilgan edi. Atigi bir yarim oy ichida u barcha o‘qishlardan o‘tdi va mart oyining birinchi kunlaridayoq uni Federatsiya Kengashi ma’qulladi. Deputatlar tushuntirishicha, "nazoratni kuchaytirish" va migratsiya qoidalarini buzuvchilarni hisobga olishning markazlashtirilgan tizimini yaratish zarurati mavjud edi.

Rossiya rahbarlari ham migrantlar sodir etayotgan jinoyatlar soni ko‘pligi haqida bot-bot gapirishadi. Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin o‘tgan yili migrantlar sodir etgan og‘ir jinoyatlar soni bir yil ichida 32 foizga, o‘ta og‘ir jinoyatlar 26 foizga, ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar esa 147 foizga oshganini ta’kidlagan edi. Biroq, bu ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining rasmiy statistikasiga to‘g‘ri kelmaydi – vazirlik chet elliklar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar soni, aksincha, kamayganini qayd etmoqda.

Reestr tashkil etilganidan beri bir oy ichida unga 685 ming xorijlik kiritilgan. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 6,2 milliondan sal kamroq muhojir yashaydi. Demak, har to‘qqizinchi migrant "nazorat ostidagi shaxs"ga aylangan, ya’ni go‘yo Rossiyada noqonuniy yurgan hisoblanadi.

Dunyoda noqonuniy migrantlar deb odatda mamlakat hududiga migratsiya qoidalarini buzib kirgan shaxslarga aytiladi. Rossiyada esa ko‘p mehnat migratsiyasi manbalari bo‘lgan mamlakatlar bilan vizasiz rejim bor va noqonuniy kirgan odamlar deyarli yo‘q.

"Noqonuniylar" deganda, amaldorlar yashash shartlarini buzgan odamlarni nazarda tutishadi. Masalan, agar migrant o‘qish maqsadida mamlakatga kirib, ruxsatsiz ishlay boshlagan yoki yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa.

Amaldorlar Rossiyadagi migrantlarning haqiqiy soni haqida hali ham tortishmoqda: masalan, Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin bu raqam 13-14 million atrofida ekanligiga ishonishini aytgan.

Rossiyadagi xorijliklar orasida O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p. fuqarolari eng ko‘p. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Armaniston, Ozarbayjon va Belarus turibdi.

Butun boshli mamlakatlar iqtisodiyoti bu odamlar Rossiyada ishlashiga bog‘liq. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari Tojikiston Yalpi Ichki mahsulotining

49%ini, Qirg‘iziston YaIMining 18,59 foizini, O‘zbekiston YaIMining 14%ini tashkil etgan.

Kommunalnыe slujbы Moskvы raschiщayut sneg. Foto 2022 goda

Surat manbasi, Stanislav Krasilnikov/TASS

Surat tagso‘zi, Moskva shahar kommunal xizmatlari xodimlarining katta qismini migrantlar tashkil etadilar

Ammo mehnat muhojirlari Rossiya iqtisodiyotida ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, poytaxtda qurilish sohasidagi migrantlar ulushi 50 foizdan oshadi, transport, savdo, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish sohalarida esa migrantlar ishchilarning uchdan bir qismini tashkil etadi, deb hisoblaydi "Oliy iqtisodiyot maktabi" milliy tadqiqot universiteti.

Shu bilan birga, bozor shunday tuzilganki, mahalliy aholi va muhojirlar bir-biri bilan raqobatlashmaydi, chunki ular iqtisodiyotning turli sohalarida ishlashadi. "Moskvani migrantlar quradi, qo‘riqlaydi va tozalaydi, degan fikr mubolag‘a emas," deb xulosa qilishadi tadqiqot mualliflari va migratsiya siyosatining qattiqlashishi kadrlar tanqisligini keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlashadi.

"Reestrlar – bosim, izolyatsiya va jazolash vositasi," deydi Volgograd viloyatidan migratsiya masalalari bo‘yicha yurist K.R. (u bu mavzuda ochiq gapirishdan xavotirlanib, bosh harflar bilan cheklanishni so‘radi). "Ushbu reestrlarga tushish ommaviy tamg‘aga teng bo‘lib, u jiddiy huquqiy oqibatlarni ham keltirib chiqaradi. Davlatimiz tartib o‘rnatish zarurati niqobi ostida hisob-kitob va nazorat modelidan faol foydalanmoqda."

Iqtibos

Surat manbasi, .

Agar kimdir reestrga tushsa, unga yashash joyini o‘zgartirish taqiqlanadi, u o‘zi turgan hududdan tashqariga chiqa olmaydi, ko‘chmas mulk yoki mashina sotib olish yoki sotish, nikoh tuzish, mashina haydash, bankda hisob raqami ochish, kompaniya yoki YaTTni ro‘yxatdan o‘tkazish, kredit olish va o‘z pullarini tasarruf etish huquqidan mahrum bo‘ladi – oyiga ruxsat etilgan 30 ming rubldan tashqari.

"Rasman bu odamni «nazoratda» ushlab turishning bir usuli, chunki hozircha qandaydir sabablarga ko‘ra deportatsiyani tashkil etib bo‘lmaydi: yoki hujjatlar yo‘q, yoki shunchaki deportatsiyani tashkil etish uchun pul va resurslar yetishmaydi, yoki odamning qaerdaligi noma’lum, yoki qaror sudda ko‘rib chiqilmoqda," deya tushuntiradi huquqshunos.

Xatolik tufayli

Aslida, reestrga faqat noqonuniy muhojirlar emas, boshqalar ham kiritilmoqda, deydi migrantlar huquqlarini himoya qilish markazi asoschisi Valentina Chupik. U 2005 yilda O‘zbekistondan Rossiyaga qochib, u yerda siyosiy boshpana olgan va muhojirlarga bepul yuridik yordam ko‘rsata boshlagan. Ammo to‘rt yil oldin Rossiya uni maqomidan mahrum qildi va va keyingi 30 yil davomida mamlakatga kirishini taqiqladi. Chupik bu IIVdagi korruptsiyani va uning huquqni himoya qilish faoliyatini tanqid qilgani uchun jazo ekaniga ishonadi.

Valentina Chupik aytishicha, reestr tuzilgan dastlabki ikki kunning o‘zida unga 30 dan ortiq odam murojaat qilgan va ular ro‘yxatga xatolik tufayli kiritilganini ta’kidlagan. Bi-bi-si Rossiya Ichki ishlar vazirligiga bunday xatolar soni haqida savol bergan, biroq javob olmagan.

Hozir Valentina Chupik Rossiyada uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan va rasmiy ravishda ishlayotgan yosh ayol Olesya*ga yordam bermoqda. Arsen singari, Olesya ham bank hisobi bloklanganini va u to‘liq hujjatlari bo‘lsa ham, "noqonuniylar" reestriga kiritilganini aniqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, rasmiylarning o‘zlari xatoga yo‘l qo‘ygan: uning migratsiya kartasida – Rossiyaga kirayotgan har bir xorijlik olishi shart bo‘lgan hujjatda – qizning familiyasidagi "o" harfi "a" harfiga o‘xshash yozilgan.

"Buni aniqlashi bilanoq, u darhol migratsiya masalalari bo‘limiga bordi. Avvaliga uni deportatsiya bilan qo‘rqitishdi. Biz arizalar yozdik, yuqori boshqarmaga qo‘ng‘iroq qildik, nihoyat ular hujjatlarni ko‘rib chiqishdi, muammoni tushuntirdik. Oxir-oqibat undan uzr so‘rashdi, bazaga tasodifan kiritib qo‘yganliklarini aytishdi va hammasi to‘g‘rilanguncha kutishni buyurishdi," deydi Chupik. Olesya hanuz kutayapti.

Pasport grajdanina Tadjikistana

Surat manbasi, Vladimir Gerdo/TASS

"Xatolik" tufayli u ishini yo‘qotishi mumkin: amaldorlar vaziyatni o‘rganib chiqqunicha, agar ish beruvchi qizni ishdan bo‘shatmasa, "noqonuniy muhojir" bilan hamkorlik qilgani uchun million rubllik jarimaga tortilishi xavfi bor.

Ba’zi mutaxassislar dastlabki oylardagi tartibsizlikni "turli idoralar o‘zaro harakatlarini muvofiqlashtirish uchun urinayotgan o‘tish davri" deb tushuntirishdi va biroz sabr qilishni maslahat berishdi. Ammo bu kelajak rejalari bir kunda barbod bo‘lgan odamlarni tinchlantirmaydi.

Ikkita jarima

Chet el fuqarosi ro‘yxatga tushishining ko‘plab sabablari bor. Kimdadir viza muddati tugagan, vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma yoki patent (ishlash uchun ruxsatnoma – ular Dmitriy Medvedev prezidentligi davrida berilishni boshlagan) muddati tugagan, boshqalarning mamlakatda vizasiz bo‘lish muddati tugagan, ya’ni migratsiya qonunchiligi ko‘p marotaba buzilgan. Ammo bu yagona sabab emas.

Rossiyada ma’muriy chiqarib yuborish kabi jazo mavjud – bu qonunni buzgan chet ellik mamlakatni tark etishga majburlanishi mumkinligini anglatadi.

"Ma’muriy kodeksda bunday choralarni nazarda tutuvchi bir qator moddalar mavjud. Masalan, kutilganidek, noqonuniy mehnat faoliyati. Ya’ni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida kodeksning har qanday buzilishi ham ma’muriy chiqarib yuborishga olib kelavermaydi. Lekin bu nazariyada. Amalda esa har qanday mayda huquqbuzarlik asos bo‘lishi mumkin," deydi migratsiya masalalari bo‘yicha yurist K.R.

Mirat* Rossiya oliy o‘quv yurtlaridan birining to‘rtinchi kurs talabasi. U Turkmanistondan kelgan. Fevral oyida u, talaba yo‘l chiptasi bo‘lishiga qaramay, yo‘l haqini to‘lamagani uchun jarima oldi.

Mirat federal sudga murojaat qilib, qaror kutilayotgan paytda to‘lamagan jarimasiga e’tiroz bildirishga harakat qildi. Shu bilan bir vaqtda Mosgortrans pul ololmagach, mirovoy sudьyaga murojaat qildi.

Huquq himoyachisi Valentina Chupikning ishonishicha, bu atay qilingan: "Ular jarima to‘lanmasa, federal sudga apellyatsiya berilganini bilishadi. Mirovoy sudda esa sudьya Moskva shahar sudi tizimini tekshirmasligi va shaxsning apellyatsiya berganini ko‘rmasligi ehtimoli bor."

Inostranыe grajdane moyut ruki pered daktiloskopicheskoy registratsiey na territorii Mnogofunktsionalnogo migratsionnogo sentra

Surat manbasi, Artyom Geodakyan/TASS

Mirovoy sudьya Mosgortransning dalillarini qabul qildi va Mirat bergan shikoyatni e’tiborsiz qoldirdi. Endilikda u go‘yoki ikkita ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgani – yo‘l haqini to‘lamagani va jarimani o‘z vaqtida to‘lamagani asosida ro‘yxatga kiritildi.

Ikkita ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma beradigan qonun yo‘q. Biroq, agar odam qonunlarni "muntazam ravishda" buzsa, Ichki ishlar vazirligi chet ellikning mamlakatda bo‘lishini nomaqbul deb tan olish huquqiga ega. IIV esa bu tizimlilikni ikki va undan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik sifatida talqin qilmoqda. Bu kichik jarimalar bo‘lishi mumkin: masalan, avtomobilni noto‘g‘ri to‘xtatganlik, yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tganlik, tezlikni oshirganlik, yo‘l haqini to‘lamaganlik.

Nazorat ostidagi shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan Mirat hozir universitetdan chetlashtirilmoqda.

"Konduktorlar o‘z rejasini bajarmoqda: ular ma’lum miqdorda jarima bayonnomalari tuzish rejasini bajarishi kerak. Bu bosqichda ham eng oson nishon – muhojirlar, – deydi mutaxassis Valentina Chupik. – Bular huquqsiz odamlar, ularni talash juda oson, ulardan pora undirish juda oson, ularni yerga urish oson, ularni, misol uchun, biror hodisa yuz bersa, urushga jo‘natish oson."

"Irqchilik qarashlari hali ham bartaraf etilmagan"

Rossiyadagi muhojirlar qattiq nazorat qilinadigan tizimda yashashga majbur, ularning qonuniy maqomi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash uchun ruxsatnoma, ro‘yxatdan o‘tish, migratsiya kartasi va boshqa hujjatlarga bog‘liq: har qanday kichik xato maqomning bekor qilinishi va mamlakatdan chiqarib yuborilishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘chmas mulk egalari ko‘pincha uylarni muhojirlarga ijaraga bermaydi, ba’zilari esa e’lonlarda kamsitishga qarshi qonunlarni mensimasdan, ochiqchasiga "faqat slavyanlarga" deb yozib qo‘yishadi. Ijaraga bersalar ham, ko‘pincha odamlarni rasman ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortadilar, vaholanki qonun shuni talab qiladi. Ro‘yxatdan o‘tmagan muhojirlar qonunni buzadi, shuning uchun soxta hujjatlarni tayyorlaydigan xususiy shaxslar va bir kunlik firmalarga qaram bo‘lib qoladi.

Ularning huquqlari poymol etilganda, haq talab qilishlari qiyin bo‘ladi. Har kuni ko‘pchilik ksenofobiyaga duch keladi, ularning farzandlari "joy yetishmasligi bahonasida" bolalar bog‘chalari va maktablarga qabul qilinmaydi, o‘zlari esa bevosita ish joylarida "reydlarga" duchor bo‘lishadi. Huquq himoyachilari huquq-tartibot idoralari muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborish bilan doimiy qo‘rqitib, ulardan pora undirishi haqida gapirishadi.

Reyd v Novosibirske

Surat manbasi, Kirill Kukhmar/TASS

Hatto Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ham muhojirlarga bosim o‘tkazish vositasiga aylandi: ularga kirish taqiqini bekor qilish, tezroq fuqarolik berish yoki chiqarib yuborishni bekor qilish kabi va’dalar evaziga urushda qatnashishga majburlashmoqda. Mayda jinoyatlar uchun hibsga olingan muhojirlarga Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish evaziga ozod qilish taklif etilgan holatlar ma’lum.

Rossiyadagi muhojirlarga qarshi choralarning bir qismi o‘tgan yilning mart oyida "Krokus Siti Xoll"ga uyushtirilgan hujumdan keyin qabul qilingan edi. Hujum qilganlar Tojikistonning to‘rt fuqarosi.

Bunga javoban hokimiyat vakillari keng ko‘lamli reydlar va tekshiruvlar uyushtirdi – migratsiya qoidalarini buzganlikda gumon qilinib, minglab muhojirlar qo‘lga olindi. Tojik diasporasi vakillari kundalik hayotda kamsitish avj olgani haqida xabarlar berishdi, Tojikiston hukumati esa Rossiyadagi fuqarolariga o‘z xavfsizligi uchun iloji boricha uydan chiqmaslikni maslahat berdi.

Politseyskiy reyd

Surat manbasi, Kirill Kukhmar/TASS

Surat tagso‘zi, 9 aprel kuni Rossiya kuchishlatar tizimlari Novosibirsk shimolidagi savdo maarkazida migrantlarning "harbiy ro‘yxatga olinishini ta’minlash" maaqsadida reyd uyushtirdilar

So‘nggi bir yil ichida Rossiya hukumati nikoh asosida yashash uchun ruxsatnoma olishni chekladi: soddalashtirilgan tartib bekor qilindi va chet elliklar nafaqat nikohning o‘zini, balki uzoq muddat birga yashashni ham tasdiqlashlari kerak bo‘ldi. Shuningdek, endi rus tilini belgilangan darajada bilmaydigan bolalarni maktablarga qabul qilish taqiqlandi. Boshqa o‘zgartirishlar esa Ichki ishlar vazirligiga muhojirlarni sudsiz Rossiyadan chiqarib yuborish huquqini berdi.

Rossiya hukumati ko‘pincha boshqa davlatlarni rusiyzabon fuqarolar huquqlarini poymol qilishda ayblaydi – Ukrainadagi urush ham ularni himoya qilish bahonasida boshlangan edi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi esa o‘tgan yilgi hisobotida G‘arbda "odamlarni o‘zimiznikilar, "yaxshilar" va boshqalar – "yomonlar"ga bo‘lish, irqchilik, mustamlakachilikdan meros bo‘lib qolgan qarashlar va yondashuvlar hali ham yo‘q qilinmagani" haqida aytilgan edi.

Ayni paytda, rossiyalik siyosatchilar va amaldorlarning muhojirlar "bu yerda bizning o‘rnimizga yashashni xohlashlari", Moskva viloyatini esa "xorijiy fuqarolar tomonidan qorayib ketmasligi" uchun "oqartirish" kerakligi haqidagi so‘zlari rasmiy darajada qoralanmaydi.

Saxarovoda ikki kecha-kunduz qolib ketgan, burchak-burchaklarda naqd pul yig‘ib, navbatda och-nahor turgan, 200 rubllik "snikers"larga ko‘z tikkan Arsenning hikoyasi yaxshilik bilan tugadi: uni to‘satdan ro‘yxatga olishganidek, ko‘plab tahlillarni topshirgandan so‘ng bir necha kun o‘tgach, uni "noqonuniylar" ro‘yxatidan o‘chirishdi. Hech kim undan kechirim so‘ramadi va xato sababini tushuntirmadi.

*Matndagi hamma qahramonlaar o‘z shaxsi anonim qolishini so‘radilar.

**IShID — Rossiya va boshqa mamlakatlarda taqiqlangan terrorchi tashkilot.