"Yetti yil o‘tib onam bilan gaplasha oldim" – Londondagi uyg‘ur hikoyasi

Surat manbasi, Aziz Isa Elkun
Shimoliy Londonlik Aziz Iso Elkun yetti yil davomida onasining tirik yoki yo‘qligini bilmay yashadi. O‘tgan yil aprelida tasodifan u onasidan anonim video qo‘ng‘iroq qabul qildi. Uning aytishicha, bu qo‘ng‘iroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi kuzatuvi ostida bo‘lgan.
54 yoshli Azizning aytishicha, uning uyg‘ur musulmon onasi Hafizaxon 2018 yilda Shinjon viloyatidagi Xitoy lageriga joylashtirilgan va keyinchalik ozod etilgan.
Xitoy 2016 yildan beri Shinjonda milliondan ortiq uyg‘ur musulmonlarni qamoqqa olganlikda ayblanmoqda, ammo hukumat ularni "qayta tarbiyalash lagerlari" deb atab, barcha ayblovlarini rad etadi.
Aziz hukumatdan 82 yoshli onasiga Buyuk Britaniyaga kelishga ruxsat berishni so‘ramoqda, chunki u yerda onasiga g‘amxo‘rlik qila oladi.
Xitoy elchixonasidan izoh so‘ralganda, ular javob bermadi.

Surat manbasi, Aziz Isa Elkun
2017 yildan beri ilk bor gaplashgan paytni eslayotib, Aziz shunday dedi: "Onam juda ko‘p yig‘ladi, men bilan gaplashganidan nihoyatda minnatdor edi.
Menimcha, qo‘ng‘iroq Xitoy politsiyasi tomonidan kuzatilgan, shuning uchun aytayotgan gapimizga ehtiyot bo‘lishimiz kerak edi.
Men undan sog‘lig‘ini, so‘radim, u esa oilam haqida so‘radi."
U 2024 yil aprelidan beri onasi bilan to‘rt marta gaplasha olgan, so‘nggi qo‘ng‘iroq 2025 yil yanvarida bo‘lgan.
Uning fikricha, Xitoy politsiyasi qo‘ng‘iroqlarni kuzatib borgan.
"Har kuni onam bilan bemalol gaplasha olmaganim uchun tushkunlikka tushaman, – deydi Aziz. – Bu holat menga qanday ta’sir qilayotganini ifodalashga so‘z topolmayman."
Besh yil oldin Bi-bi-si Aziz bilan suhbatlashganida, u onasining lagerdagi taqdiridan bexabar ekanini aytgan edi.
Shinjondan surgun qilingan olim Aziz Xitoy hukumatining uyg‘ur musulmonlariga munosabati haqida yozgan va bunga qarshi norozilik bildirgan.
U 1999 yilda faolligi tufayli Shinjonni tark etishga majbur bo‘lgan va 2001 yilda Londonga ko‘chib kelgan. Hozirda Aziz Britaniya fuqarosi bo‘lib, xotini va uch farzandi bilan poytaxtda yashaydi.
U shunday dedi: "Bizning yurtimizda 20 million uyg‘ur bor va Xitoy hukumati uyg‘urlarning o‘z vatani bilan aloqasini yo‘q qilishga urinmoqda.
Британия ҳукуматидан онамга паспорт беришларини сўрайман, токи мен унга ғамхўрлик қила олай. Унинг қанча умри қолганини билмайман, шунинг учун овозимни баланд кўтаришим керак.
Bu insoniyat tarixida hech qachon sodir bo‘lmagan, aqlim bovar qilmaydi bu vaxshiylikni."
Bi-bi-sining 2022 yildagi surishtiruvi Shinjondagi lagerlarda uyg‘urlarni islomiy e’tiqodidan voz kechirish uchun zo‘ravonlik va qiynoqlar qo‘llanganini aniqladi.
Nyukasl universitetining xitoyshunoslik bo‘yicha o‘qituvchisi doktor Joan Smit Finli shunday deydi: "Azizning holati katta muammoning bir parchasi.
Biz ko‘rgan narsa men «davlat terrorizmi» deb atagan kampaniyadir.
Davlat uyg‘ur musulmonlari uchun ommaviy qamoq, hibsga olish va majburiy mehnat kabi terror tizimidan foydalanib, hamma qo‘rqishi va Xitoy Kommunistik partiyasiga sodoqat ko‘rsatishi uchun dahshat muhitini yaratdi.
Odamlar Qur’onlarini yoqib, chet eldagi dindor qarindoshlari bilan aloqani uzishga majbur bo‘lishdi."
2022 yilda BMT hisobotida Xitoyni Shinjon viloyatida "insoniyatga qarshi jinoyatlar" va "inson huquqlarini jiddiy buzish"da ayblash uchun "ishonchli dalillar" mavjudligi aytilgan edi – Xitoy buni rad etgan.
Aziz yolg‘iz emas. U Londondagi ko‘plab uyg‘ur musulmonlarini biladi, ularning bir nechta oila a’zolari lagerlarda saqlanmoqda.
"Ularning qarindoshlari xitoy tilini, Xitoy kommunistik partiyasi haqida harbiy intizom bilan o‘rganishga majbur qilingan, – deydi Aziz. – Hatto bir ayol lagerdagi sharoitlar tufayli vafot etdi.
Har bir xonada kameralar va mikrofonlar o‘rnatilgan, ular doimiy kuzatuvda. Uyg‘urlar jismonan va ruhan tahqirlanmoqda. Bu lagerlar hozir ham bor."
"Buni oshkor qilishim kerak"
Aziz Ichki ishlar vazirligidan onasini Buyuk Britaniyaga olib kelib, unga g‘amxo‘rlik qilishiga ruxsat so‘radi.
Ichki ishlar vazirligi Bi-bi-si bilan suhbatdan bosh tortib, shunday izoh berdi: "Alohida holatlar bo‘yicha izoh bermaslik hukumatning uzoq yillik siyosatidir."
Vazirlik vakili qo‘shimcha qilishicha, Britaniya fuqarolari uchun kengaytirilgan oila a’zolarini Buyuk Britaniyaga olib kelish uchun avtomatik huquq yo‘q, lekin: "Ular oila qoidalari, jumladan, katta yoshli qarindoshlari bo‘yicha murojaat qilishlari mumkin."
Aziz bu yo‘l unga to‘g‘ri kelmasligini, chunki Xitoy hukumati onasiga pasport berishdan bosh tortishini aytdi.

Surat manbasi, Aziz Isa Elkun
"Men Britaniya hukumatidan onamga pasport berishlarini iltimos qilaman, toki men unga g‘amxo‘rlik qila olay," dedi u.
"Uning qancha umri qolganini bilmayman, shuning uchun ovozimni baland ko‘tarishim kerak."
Aziz Buyuk Britaniyadagi o‘zi kabi ko‘plab uyg‘urlar nomidan gapirayotganini aytadi.
"Bu oilalarning ko‘pchiligi gapirishga qo‘rqadi, chunki ular oila a’zolari ta’qib ostiga olinishidan xavotirda, – dedi u. – Mana bu asosiy muammo."












