Trampning G‘azo rejasi xalqaro huquq yuziga tarsakidir

Donald Tramp

Surat manbasi, EPA

O'qilish vaqti: 3 daq

AQSh Prezidenti Donald Trampning "G‘azoni Amerika qo‘liga olish" rejasi falastinliklarning o‘zlari, Saudiya Arabistoni, Misr va boshqa ko‘plab mamlakatlar rahbarlari tomonidan rad etildilar, hatto Buyuk Britaniya bosh vaziri falastinliklar G‘azoning o‘zida qolishlari kerak deb aytdi.

Ramallohdagi Bi-bi-si muxbiri xabar qilishicha, G‘arbiy Sohildagi falastinliklar Trampning so‘nggi bayonotidan xavotirga tushganlar, bu quruq gap emas, nimadir yanada dahshatli narsaning boshlanishi bo‘lmasa edi, deb o‘ylanib qolganlar.

Chunki Iordan daryosi G‘arbiy Sohilidagi hududlarga oxirgi haftalarda Isroil harbiy reydlari ko‘paygan, Trampning oxirgi gapi bu yerdan ham odamlarni yashab turgan joylaridan quvib solish, bu yerlardan falastinliklarni to‘liq siqib chiqarib Isroil kelgindilari hududlarini kengaytirish, ko‘proq hududlar anneksiyasiga rag‘batlantiradi, degan qo‘rquv paydo bo‘lgan.

Aloqador mavzular

4 fevral kuni Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishganidan buyon ilk xorijiy mehmon - Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuni Oq Uyda qabul qildi.

Ikki rahbar muzokaralaridan keyingi matbuot anjumanida Tramp aytgan so‘zlar jurnalistlarni hayratga soldi.

"AQSh G‘azo bo‘lgasi ustidan nazoratni qo‘lga oladi. Biz unga egalik qilamiz va u yerda portlamay qolgan xavfli bombalar hamda qurollarni yo‘q qilish, vayron bo‘lgan binolarni butunlay buzib, tekislab tashlash mas’uliyatini ham o‘z zimmamizga olamiz. Biz u yerda iqtisodiy taraqqiyot va sanoqsiz ish joylari, mintaqa odamlari yashashlari uchun turar-joy barpo etamiz", dedi Donald Tramp.

Xarobalar infografikasi

Surat manbasi, .

U G‘azoni "Yaqin Sharq Riverasi"ga aylantirishni istashini aytdi.

Donald Tramp bundan oldin ham G‘azoni "buzilishga tushgan hudud" deb atagan edi.

Uning fikricha, G‘azo bo‘lgasida yashayotgan insonlarni boshqa joyga ko‘chirish kerak.

Falastinliklar Iordaniya yoki Misrga, yoki Yaqin Sharqdagi boshqa biror mamlakatga ko‘chib o‘tishlari mumkin, buning uchun ketadigan xarajatlarni AQSh bo‘yniga olishi mumkin.

Bunga javoban falastinliklar "vatan savdolashadigan matoh emas" deya g‘azabnok munosabat bildirdilar, ayrim g‘azoliklar boshqa joyga ko‘chgandan shu yerda o‘lishni afzal ko‘rishlarini aytdilar.

Bi-bi-si muxbirlari Tramp taklifi haqida oddiy isroilliklarning ham fikrini o‘rganishga harakat qildilar.

Kimgadir bu g‘oya ma’qul kelgan, yana bir boshqa isroillik ayol buni hayotga tatbiq etib bo‘lmaydigan reja deb atagan.

Xarita

Surat manbasi, .

Tramp taklifi haqida Isroil Bosh vaziri Netayanhudan so‘ralganida, "e’tiborga molik g‘oya" deb munosabat bildirdi.

G‘azo bo‘lgasini nazorat qiladigan Hamas guruhi Trampning g‘azoliklar hududni tark etishlari kerak degan gapi "mintaqada boshboshdoqlik va taranglikni yuzaga keltirish retsepti" deb ta’rifladi.

"G‘azo sektoridagi bizning xalqimiz bu rejalarni hayotga tatbiq etilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Okkupatsiyaga va xalqimizga qarshi tajovuzga yakun yasash kerak, xalqimizni o‘z yeridan quvish o‘rniga", deb aytgan Xamas so‘zchisi Sami Abu Zuhriy.

Infografika

Surat manbasi, .

Muxbirlarning yozishicha, Trampning "G‘azo bo‘lgasini Amerika qo‘liga olish" rejasi qandayligi va uni qanday hayotga tatbiq etmoqchi bo‘layotganlari haqida Oq Uy tushuntirish berishi talab qilinadi.

G‘azo qirg‘ini bo‘yicha tutgan pozitsiyasi uchun AQShdagi ko‘p saylovchilar Jo Bayden yoki Kamala Harrisga emas, Trampga ovoz bergan edilar, Trampning ushbu so‘zlari uni dastaklagan saylovchilarni ham tashvishga solib qo‘ydi.

Demokratik partiya vakillari Tramp taklifiga keskin qarshilik bilan munosabat bildirdilar.

Bi-bi-si tahlilchisiga ko‘ra, Tramp g‘oyasi xalqaro qonunchilik yuziga tarsakidir.

Chunki AQSh uzoq yillar mobaynida yonma-yon ikki davlat yechimini qo‘llab-quvvatlab kelgan.

"Ikki davlat yechimi"ni dunyoning ko‘p mamlakatlari dastaklaydi, bunda Falastin va Isroil yonma-yon tinch yashashi ko‘zda tutiladi.

Biroq Isroil ikki davlat yechimini rad etadi.

Bi-bi-sining Shimoliy Amerika bo‘yiyaa muxbiri Entoni Zurker yozishicha, ko‘chmas mulk quruvchisi prezident bo‘lib qolganida, uning bunday takliflaridan hayratlanish kerak emas.

Bu birinchi marta emas, u 2018 yili Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan uchrashganida, bu mamlakatning "buyuk plyajlarida" bir kun kelib "eng zo‘r mehmonxonalar" qurilib qolar, deb aytgandi.

"Trampning G‘azo bo‘yicha taklifi Amerikaning Falastin muammosini ikki davlat yechimi bilan hal qilish mavqe’sida ko‘zga ko‘rinarli siljish bo‘lganini anglatadi.

Ushbu Amerika strategiyasining talqini shuki, Yaqin Sharq davlatlarini silkib tashlab, ularni G‘azodagi vaziyatning uzoq muddatli yechimiga ko‘proq o‘z resurslari va siyosiy irodasini sarflashga majburlashdir", deb yozadi muxbirimiz.