Yechintirilgan erkaklar orasidagi falastinlik qizaloq taqdiri nima bo‘ldi?

Isroil tomonidan qo‘lga olingan bir guruh G‘azolik erkaklar orasida kichik qizaloqni ko‘rish mumkin (aylana ichiga olingan). Bi-bi-si tanish oson bo‘lgan yuzlarni yashirdi

Surat manbasi, Supplied

Surat tagso‘zi, Isroil tomonidan qo‘lga olingan bir guruh G‘azolik erkaklar orasida kichik qizaloqni ko‘rish mumkin (aylana ichiga olingan). Bi-bi-si tanish oson bo‘lgan yuzlarni yashirdi
    • Author, Fergal Kin
    • Role, Maxsus muxbir
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Bir guruh erkaklar orasidan qizaloqni payqab olish unchalik ham oson emas. Uni suratning orqarog‘idan topish mumkin.

Askarlar erkaklarga ich kiyimigacha yechinishni buyurishgan. Bunda hatto ba’zi qariyalarni ham ayab o‘tirishmagan. Mahbuslar suratni olgan kishiga qarab turishibdi. Aniqki, surat isroillik harbiy tomonidan olingan.

Surat birinchi bo‘lib, Isroil Mudofaa Kuchlari orasida asosli manbalarga ega jurnalistning Telegram akkauntida e’lon qilingan.

Suratda erkaklar xotirjamligini yo‘qotgan, dahshatga tushgan va allaqachon holdan toygan kayfiyatda ko‘rinadi. BBC prodyuseri payqagan kichik qizaloq esa butkul boshqa tomonga qaramoqda. Ehtimol, kamera ko‘rmagan biror narsa uning e’tiborini tortgandir. Ehtimol, u askarlar va ularning qurollariga qarashni shu qadar xohlamayotgandir.

Harbiylar mahbuslarga uzoq masofalarga cho‘zilgan va allaqachon bombalar ostida qolgan binolar qarshisida to‘xtashni buyurishgan. Hamda erkaklarning qurollari, hujjatlari va Hamasga bo‘lgan qaysidir ma’nodagi aloqadorliklarini tekshira boshlashgan.

Urushning asl dahshati ko‘pincha oddiy insonlarning hayotlarida bo‘y ko‘rsatadi. Bir guruh erkaklar orasida qizaloqning borligi va uning tobora harbiylarga qaramaslikka intilayotgani ko‘pdan-ko‘p savollarni vujudga keltiradi.

BBC
Har tomondan tasodifiy o‘qlar yog‘ilib turardi. Biz Jabaliya qochqinlar lagerining markaziga, nazorat punktiga olib boradigan yo‘lga chiqdik.
Muhammad, 3 yashar Juliyaning otasi
Ga’zo (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Eng avvalo, u kim edi? Uning taqdiri qanday kechdi? Vaholanki, surat yaqinda olingan edi.

Bir vaqt ichida yuzlab odamlar o‘ldirildi, ko‘plari yaralandi va yana qanchadan qanchasi o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishdi. Bolalar havo hujumlari ostidagi vayronalar tagida yoki dori-darmonlar va tibbiyot xodimlari yetishmasligi tufayli vafot etdilar.

BBC Arabicdagi "Bugun G‘azo" dasturi bilan hamkorlikda biz qizaloqni izlashni boshladik. Isroil BBC yoki boshqa xalqaro OAVning mustaqil ravishda G‘azoga kirishiga ruxsat bermaydi. Shu sababdan ham BBC ishonchli frilanser jurnalistlar tarmog‘iga tayanadi. Bizning hamkasblarimiz suratda tasvirlangan hududda joylashgan yordam tashkilotlari bilan bog‘landilar.

48 soat ichida javob xabarini olishga muvaffaq bo‘ldik: "Biz uni topdik!"

Uch yoshli Juliya Abu Varda hali ham tirik edi. Jurnalistimiz G‘azo shahrida Jabaliyadan qochib kelganlar joylashgan hududga yetib borganida Juliya otasi, bobosi va onasi bilan birga edi.

Juliya qushlarga o‘xshash qahramonlar qo‘shiq aytayotgan multfilmni tomosha qilar, biroq Isroil dronining qo‘rqinchli ovozi shaharni qoplagan bir mahalda qo‘shiq ovozlarini eshitish qariyb imkonsiz edi.

Juliya birdaniga notanish odamning e’tiboriga tushganidan hayron bo‘ldi.

"Sen kimsan?" otasi, hazillashib so‘radi undan.

«Juuliiyaaa» deb javob berdi u, so‘zni cho‘zib.

Bi-bi-si Juliya va uning otasi Muhammadni G‘azo shahrida izlab topdi
Surat tagso‘zi, Bi-bi-si Juliya va uning otasi Muhammadni G‘azo shahrida izlab topdi

Juliya jismoniy jihatdan hech bir jarohat olmagan. Jemper va jinsi kiyib olgan qizaloqning sochlari esa yorqin ko‘k gulchalar bilan bezatilgan edi. Ammo uning yuz ifodasi shubhali ko‘rinardi.

Shundan so‘ngra uning otasi, Muhammad surat ortidagi voqealarni aytib bera boshladi.

So‘nggi 21 kun ichida oila besh marta yashash joyini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelgan. Har safar ular havo hujumlari va otishmalardan qochishadi.

Surat olingan kuni esa ular Isroil droni tomonidan evakuatsiya qilish haqida ogohlantirishni eshitishgan edi.

Bu voqea IMK Hamasga qarshi harakat qilayotgan Al-Xalufa tumanida sodir bo‘lgandi.

"Har tomondan tasodifiy o‘qlar yog‘ilib turardi. Biz Jabaliya qochqinlar lagerining markaziga, nazorat punktiga olib boradigan yo‘lga chiqdik."

Oila o‘zlari bilan kiyim-kechaklar, bir nechta bankali konservalar va shaxsiy buyumlarini olib olishgan edi.

Dastlab hamma birga edi: Juliyaning otasi, onasi Amal, 15 oylik ukasi Hamza, bobosi, ikki amakisi va amakivachchasi.

Ammo betartiblikda Muhammad va Juliya boshqalardan ajralib qolishdi.

"Men olomon va yuklarimiz sababli uning onasidan ancha ortda qoldim. U chiqib keta oldi, men esa joyimda qoldim," deydi Muhammad.

Ota va qiz oxir-oqibat odamlar oqimi bilan birga harakat qiladilar. "Biz vayronalarni va yerda yotgan jasadlarni ko‘rdik," deydi Muhammad. Tabiiyki, Juliya ham bu manzalarni ko‘rmasligi imkonsiz edi. Bir yildan ortiq vaqtdan beri davom etayotgan urushda bolalar bu kabi dahshatli o‘lim manzaralariga allaqachon odatlanib qolgandek.

Ular Isroil nazorat punktiga yetib kelishadi.

"Harbiylar tanklar va yer bo‘ylab joylashtirilgan edi. Ular ommaga yaqinlashar va tinch aholining boshlari uzra o‘q yog‘dirishni boshlar ekan, odamlar bir-birlarini itarib, biri boshqasini pana qilishga intilardi."

Alaloqibat, erkaklarga ich kiyimigacha yechinishni buyurishgan edi. Bu IMK tomonidan yashirin qurollar yoki xudkush bombalarni topish uchun odatiy tartib sifatida belgilangan buyruqlardan biri hisoblanadi. Muhammad aytganidek, ularni nazorat punktida olti-etti soat davomida ushlab turishgan. Suratda Julia xotirjam ko‘rinadi. Biroq, otasi uning keyinroq qattiq bezovtalanganini eslaydi.

"U baqirdi va onasini so‘ray boshladi."

Oila qayta birlashdi. Ko‘chirilganlar kichik joylarga to‘planishgan. Oila aloqalari yana mustahkam. Jabaliyadan kelgan qarindoshlar haqidagi xabar G‘azo bo‘ylab tez tarqaldi. Juliya o‘zi yoqtirgan odamlar bilan ovundi. U uchun saqlab kelingan shirinliklar va chipslar bor edi.

Keyinroq Muhammad Jabaliyadan G‘azo shahriga qochishdan avval Juliya qattiq ruhiy jarohat olganini hikoya qilib berdi. Uning sevimli Yahyo ismli amakivachchasi bor edi. Uning yoshi yettida edi. Ular ko‘chada birga o‘ynashardi. Taxminan ikki hafta oldin Isroil dron hujumi paytida Yahyo ko‘chada edi: U halok bo‘ldi.

"Avval hayot yaxshi edi. U yugurar va o‘ynardi," deydi Muhammad. "Ammo endi, o‘t ochish ovozdari eshitilarkan , u barmog‘ini ko‘tarib, ʻsamolyot!ʼ deya qichqiradi. Biz qamalib qoldik, u esa yuqoriga qarab, ustimizdagi dronni ko‘rsatadi."

Juliyaning suyukli amakivachchasi Yahyoni ko‘chada Isroil droni o‘ldirdi
Surat tagso‘zi, Juliyaning suyukli amakisi Yahyoni ko‘chada Isroil droni o‘ldirdi

Unicef — Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, urushda 14 ming bola halok bo‘lgan.

"Kun sayin bolalar o‘zlari boshlamagan urushning hisobini to‘lashmoqda", deydi Unicef vakili Jonatan Krikx.

"Ko‘rgan bolalarimning aksariyati dahshatli sharoitlarda o‘z yaqinlarini yo‘qotishgan."

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi deyarli barcha bolalar — taxminan bir million bola — ruhiy yordamga muhtoj.

Juliya kabi bolalarni omadi chopgan deb atash mushkul. U ko‘rgan va yo‘qotgan narsalar va u qamalgan joyni ko‘z oldingizga keltirsangizchi. Kim biladi, u kelajakdagi tushlarida nimalarni ko‘rarkin va xotiralarida nima muhrlanib qolarkin. U hayot istalgan payt dahshatli tarzda tugashi mumkinligini allaqachon bilib olgan bo‘lsa ham kerak.

Juliyaning omadi — urush, janglar, ocharchilik va kasalliklarga qaramay, uni himoya qilish uchun bor kuchlarini sarflayotgan oilasining yonidaligida.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002