Uch yildan keyin Ukrainaning yo‘q bo‘lib ketish xavfi yana qaytdi - Video

Putin va Zelenskiy
    • Author, Jeremi Bouen
    • Role, Xalqaro muharrir
  • O'qilish vaqti: 11 daq

Bugun Kiev uch yil oldingi urush shahriga o‘xshamaydi. Do‘konlar ochiq, ishga borayotganlar ko‘pligidan ko‘chada avtomashinalar tirbandligi yuzaga kelib, yo‘lovchilar "ushlanib qoladilar". Biroq 12 fevral kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, bir yarim soatlik suhbatda Kremlni Oq Uy "siyosiy quchog‘iga olgani"dan keyin 2022 yilgi mamlakat yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi borasidagi qo‘rqinchli tushlar yana ortga qaytdi. Ukrainaliklar Prezident Jo Baydenning o‘zlariga qurollarni qanday berayotgani va berganidan keyin qo‘llashga cheklov kiritganidan g‘azabda edilar. Ammo o‘shanda ham ular Bayden kim tarafida ekanini yaxshi bilardilar.

Donald Tramp esa urush haqida Prezident Putin qarashlarini aks ettiradigan "ko‘pirtirish", chala haqiqat va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yolg‘onlarni qalashtirib tashladi. Bularning ichiga Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukrainaning taqdirini hal qilayotgan Amerika va Rossiya bilan bir stolda o‘tirishga haqqi yo‘q diktator deb atagani ham kiradi. Trampning eng katta yolg‘oni, urushni Ukraina boshladi, degani bo‘ldi.

Trampning muzokara strategiyasi hali muloqot boshlanmasdan turib yon bosishni talab qilishni o‘z ichiga oladi. Qo‘shni mamlakatga bostirib kirib, ulkan vayronagarchilik, yuz minglab inson o‘limi va majruh bo‘lishiga sababchi bo‘lgan, xalqaro qonunlarni poymol etgan mamlakatga bosim qilish o‘rniga Tramp Ukrainaga "tashlandi".

Trampning ommaviy bayonotlari Rossiyaga muhim yon bosishni, Ukraina NATOga qo‘shilmasligini va kuch bilan bosib olingan yerlarini tan olishni talab qiladi. Vladimir Putin kuchni hurmat qiladigan, yon bosishni ojizlik sifatida qabul qiladigan siyosatchi deb tanilgan.

Putin hozir o‘zining harbiylari bosib olganidan ham ko‘ra ko‘proq Ukraina zaminini qo‘lga kiritish qaroridan qaytgan emas. 2022 yil bosqinidan keyingi Rossiya va AQSh o‘rtasidagi Saudiya Arabistonidagi ilk muzokaralardan so‘ng darhol Putinning tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Ukraina xavfsizligini kafolatlaydigan NATO qo‘shinlari Ukrainaga joylashtirilmasin, degan talabini yana takrorladi.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

Bundan oldin rossiyaliklar va amerikaliklar bilan ko‘p muloqotda bo‘lgan yevropalik veteran diplomatning menga aytishicha, keksa, tajribasi katta Lavrov Trampning endi tetapoya qilayotgan Davlat Kotibi Marko Rubioni "yumshatib qaynatilgan tuxumdek yeb tashlaydi".

Mushkulliklar vaqti

Qor ostida qolgan urushda halok bo‘lgan Ukraina fuqarolari foto suratlari va ular xotirasiga qo‘yilgan gullar
Surat tagso‘zi, 2022 yil fevralidagi Ukraina mustaqilligini yo‘qotishi mumkin degan qo‘rquv yana qaytdi

Bir necha kun oldin Tramp Ukraina prezidentiga yangidan-yangi ayblovlarni ilgari surgan vaqt men Kievning qattiq qo‘riqlanadigan hukumat kvartalida Ihor Brusilo bilan uchrashdim. U Prezident Zelenskiy bosh maslahatchisi va prezident ma’uriyati rahbari o‘rinbosari hisoblanadi. Brusilo Tramp o‘zlariga naqadar bosim qilayotganini tan oldi.

"Bu juda, juda qiyin. Bu juda qiyin, mushkul vaqt. Men hozir 2022 yildagiga qiyoslaganda osonroq demagan bo‘lardim. B xuddi o‘sha kunlarni qayta boshingdan o‘tkazishga o‘xshaydi", deydi Ihor Brusilo.

Uning aytishicha, ukrainaliklar, ularning prezidenti xuddi 2022 yildagidek o‘z mustaqilliklari uchun turish qarorida qat’iylar.

"Biz suveren mamlakatimiz. Biz Yevropaning bir qismimiz va shunday bo‘lib qolamiz".

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

So‘nib borayotgan ranglar

AQSh Prezidenti Donald Tramp

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Oq Uyga yana qaytganidan keyin Donald Tramp Ukrainaga "tashlandi", Rossiyaga muhim yon bosishlar taklif qildi

Vladimir Putin Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlash farmonini berganidan bir hafta o‘tib jang ovozlari deyarli bo‘shab qolgan Kiev ko‘chalarida eshitilardi.

Kievning keng xiyobonlarida tekshirish nuqtalari va barrikadalar tashkil etilgan, qum qoplaridan devorlar qurilib, temir to‘sinlardan tank "qopqon"lari o‘rnatilgan edi. Temir yo‘l vokzalida rossiyaliklardan qochayotgan aksari ayollar va bolalarning 50 mingi har kuni xavfsiz joyga jo‘natilar edi.

2022 yil 24 fevral kuni Chuguev shahriga bombardimondan keyin shifoxonada ilk tibbiy yordam olib tashqariga chiqqan o‘qituvchi ayol.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2022 yil 24 fevral kuni Chuguev shahriga bombardimondan keyin shifoxonada ilk tibbiy yordam olib tashqariga chiqqan o‘qituvchi ayol. Ukraina o‘shandan buyon urushda.

Vokzal platformalari to‘lib-toshgan, har safar poezd kelganda, vahima boshlanar, odamlar bir-birini itarib, urib-surib, tezroq poezda chiqib olishga shoshilar edilar. O‘sha ayozli, shafqatsiz shamol va qor bo‘ronlari esib turgan kunlarda XXI asrning ranglari so‘nib borayotgandek, yevropaliklar "endi bo‘ldi, tarixga aylandi" deb javonga qo‘ygan eski oq-qora kino kadrlariga aylanayotgandek edi.

Prezident Zelenskiy, Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, bosqin muqarrar ekani haqidagi Amerika ogohlantirishlarini "eshitishni istamagan edi". Rossiya qilichini sirmayotgan Putin bir hol. Ammo o‘n ming askar va zirhli texnika kolonnalari bilan to‘lqonli bosqin, albatta, o‘tmishda qolgan narsa bo‘lishi kerak edi.

Putin Rossiyaning kuchli va modernizatsiya qilingan armiyasi o‘jar, mustaqil qo‘shnisi va uning itoatsiz prezidentini tezda "ishi hal qilib qo‘yishiga" ishongan edi. Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilari ham Rossiya tez fursatda g‘alaba qozonadi deb o‘ylagan edilar. Televideniedagi yangiliklar kanallarida pensiyaga chiqqan general­lar G‘arb sanksiyalar joriy etib, "oxiri baxayr bo‘lsin" deb kutib turgan vaqtda ukrain isyonchilarini qurollantirish uchun yengil qurollarni yashirincha olib kirish yo‘llarini maslahat bergan edilar.

Kiev shahridagi vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uy

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Kiev shahri ham 2022 yil fevralidan buyon urush ichida yashaydi

Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegaralarida to‘plangan paytda, Germaniya hujum qurollari o‘rniga 5000 ta ballistik jang kaskasini yubordi. Kiev shahrining hokimi va og‘ir vazn toifasidagi jahon chempioni Vitaliy Klichko nemis gazetasiga shunday dedi: "bu hazil... Germaniyaning keyingi yordami nima bo‘ladi, yostiqlarmi?" deb shikoyat qilgan edi.

Zelenskiy poytaxt Kievni tark etish, tashqarida qochqin hukumat tashkil etish taklifini rad etdi. U prezidentlik qora kostyumini harbiy kiyimga almashtirdi, o‘zining videolari va ijtimoiy tarmoqlarida ukrainaliklarga ular bilan birga jang qilishini aytdi.

Ukraina Rossiyaning poytaxtga hujumini bartaraf etdi. Ukrainalik­lar yaxshi jang qila olishlarini namoyish etganlaridan keyin amerikaliklar va yevropaliklarning munosabatlari o‘zgardi. Qurol yetkazib berish ko‘paydi.

Ukraina Prezidenti Zelenskiy va unga hisobot berayotgan harbiy

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Zelenskiy prezidentlik kostyum-shimini harbiy kiyimga almashtirdi

"Putinning xatosi shunda ediki, u urushga emas, parad uchun tayyorgarlik ko‘rgan edi", - dedi Ukrainaning o‘z ismi-sharifi oshkor etilmasligini istagan yuqori martabali rasmiysi. "U, Ukraina qarshilik ko‘rsatmaydi, bizni ukrainaliklar nutqlar va gullar bilan kutib oladilar, deb o‘ylagan edi".

2022 yil 29 mart kuni rus­lar Kievdan chekinishdi. Ular ketganidan bir necha soat o‘tib, biz Kievning yo‘ldosh shaharlari - Irpin, Bucha va Hostomelga kirib borar ekanmiz, qarshimizda betartib, vayronagarchilikka bo‘lgan to‘la manzara gavdalanardi. Ruslar Kievga g‘alaba bilan kirishni mo‘ljallagan yo‘llarda men odamlarning jasadlarini ko‘rdim, ular o‘ldirilgan joylarida qoldirilgan. Ba’zilarining atrofiga kuygan shinalar to‘plangan, bu urush jinoyatlarining dalillarini yo‘q qilishning muvaffaqiyatsiz urinishi edi.

Tirik qolganlar rus bosqinchilarining shafqatsizligi haqida gapirishdi. Bir ayol menga o‘g‘li yo‘ldan o‘tayotganida otib o‘ldirilganini aytib berdi, o‘g‘lining jasadini o‘z qo‘li bilan ko‘mgan qabrni ko‘rsatdi. Rus askarlari uni uyidan chiqarib yuborishgan. Bog‘da askarlardan o‘g‘irlab ichgan aroq, viski va jinlarining bo‘sh shishalaridan to‘plangan axlat uyumini qoldirishgan. Yo‘llar yaqinidagi o‘rmonlarda shoshilinch ravishda tashlab ketilgan rus lagerlari ham askarlar shu holida uloqtirgan chiqindilar bilan to‘lib toshgan edi.

Professional, intizomli armiyalar o‘z chiqindilarining chirigan uyumlari yonida ovqatlanmaydilar va ux­lamaydilar.

Uch yil o‘tgach, urush o‘zgardi. Kiev tiklangan bo‘lsa-da, har tun havo himoyasi Rossiya raketalari va dronlarining uchib kelayotganini aniqlaganda ogohlantirish sirenalari yangraydi. Rossiya bilan chegaradan boshlanib, sharqqa va janubga, Qora dengizgacha 1000 kilometrdan ortiqroq masofaga cho‘zilgan jabha chizig‘iga esa urush yanada yaqin va yanada halokatli. Cheti bo‘ylab esa deyarli bo‘shab qolgan qishloq va shaharlar yoyilgan. Sharqda, Kievning sanoat markazi bo‘lgan Donetsk va Luhanskda, rus qo‘shinlari odam va texnikadagi katta talofatlari bilan sekin-asta ilgarilayapti.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 3
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 3

O‘tmish aks-sadolari

O‘tgan avgustda Ukraina Rossiyaga qo‘shin yuborib, Kursk chegarasidan o‘tib, bir bo‘lak yerni egallab oldi. Ular hali ham u yerda jang qilishmoqda, Zelenskiy kelishuvda garov sifatida foydalanishni umid qilayotgan yer uchun jang qilishmoqda.

Kursk bilan chegarada, Ukrainaning shimoli-sharqidagi qor bilan qoplangan o‘rmonlarda, Donald Tramp boshlagan geosiyosiy bo‘ron hali ham xavfli, uzoqdan eshitiladigan gumburlashdan boshqa narsa emas. Bu yerga ham yetib keladi, ayniqsa, Tramp Zelenskiyga qarshi qattiq va masxarali so‘zli hujumlarini davom ettiraversa, harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini o‘rtoqlashishni to‘xtatish tahdidini qilsa va Ukraina nuqtai nazaridan yanada yomoni, Rossiya foydasiga xizmat qiladigan sulh bitimini imzolashga majburlasa.

Hozircha, uch yillik urush davomida shakllangan ritm davom etmoqda va o‘rmon yigirma asrning qonga belangan davriga qaytish bo‘lishi mumkin. Jangchilar daraxtlar orasida, okoplar bo‘ylab va muzlagan yer qa’rida chuqur qazilgan bunkerlar bo‘ylab ohista harakatlanishadi. Ochiq yerlarda beton va po‘latdan yasalgan tankka qarshi himoya qurilmalari o‘rnatilgan.

XXI asrni ko‘proq quruq va isitilgan yer osti bunkerlarida ko‘rish mumkin. Generatorlar va quyosh panellari noutbuklarlarni quvvatlaydi va ekranlardan yangiliklar oqimini olib keladi.

Sumi viloyatidagi o‘rmon
Surat tagso‘zi, Hozir janglar Ukrainaning Sumi viloyatidagi o‘rmonlarda boradi

Yomon xabar kelishi askarlar uni darrov o‘qib chiqishini anglatmaydi. Mahalliy yog‘och kesish omboridan keltirilgan qo‘pol taxtalardan yasalgan, qurol va qishki kiyimlarni osish uchun mix qoqilgan chuqur okopda, 30 yoshli kapral Yevhen o‘n oy avval qo‘shilgandan beri uyda qolgan xotini va ikki kichkina bolasi haqida o‘ylashi kerak bo‘lgan muhimroq masalalar borligini aytadi.

Kursk fronti chizig‘ida bu juda uzoq vaqt. U jangchi veteranga o‘xshab gapiradi. U Putinning ittifoqchisi Kim Chen In buyrug‘i bilan jangga yuborilgan Shimoliy koreyaliklar bilan to‘qnash kelgan.

"Koreyaliklar oxirigacha jang qiladilar. Hatto jarohatlansa ham, siz uning oldiga borsangiz, bizdan yana ko‘proq odamni o‘zi bilan olib ketish uchun o‘zini portlatib yuborishi mumkin".

Ukraina askari Yevhen
Surat tagso‘zi, Yevhen janglarda shimoliy koreyalik askarlarga duch kelgan

Biz suhbatlashgan barcha askarlarni o‘z xavfsizligi uchun faqat ismlari bilan atalsin deb so‘rashdi. Yevhen amerikaliklarsiz jang qilishga to‘g‘ri kelishi haqida beparvo so‘z yuritadi.

"Yordam doimo davom etadigan narsa emas. Bugun bor, ertaga yo‘q".

"Ukraina o‘z qurollarini ko‘proq ishlab chiqarayapti. Bu to‘g‘ri, ayniqsa hujum dronlariga kelganda, ammo AQSh taqdim qiladigan murakkab tizimlari ruslarga jiddiy shikast yetkazadi", deydi u.

Eng achchiq qusur chizig‘i

Mikola havodan hujum bo‘limi qo‘mondoni.
Surat tagso‘zi, Mikola havodan hujum bo‘limi qo‘mondoni. U Putinga ishonmaydi

Uch yil oldin qo‘liga qurol olgan ko‘ngillilarning ko‘pi yo o‘ldirilgan, yo mayib bo‘lgan yoki jang qilishga yaramaydigan darajada holdan toygan. Ukrainaning eng achchiq qusur chizig‘i jang qilayotganlar bilan harbiy xizmatdan qochish uchun pora beradiganlar o‘rtasida o‘tadi. Yevhen ular bo‘lmagani yaxshiroq, deydi.

"Ular bu yerga kelib, bizni yiqitib, qochib ketganidan ko‘ra, jang qilmaslik uchun pul berganlari yaxshiroq. Bu meni uncha tashvishlantirmaydi. Agar ular bu yerga kelsa, shunchaki qochib ketishardi... ular dezertirlar".

Urush ortiqcha fikrlarni yo‘q qiladi. Kurskda jangga qaytishga tayyorlanayotgan askarlar uchun hayot va o‘lim masalasi aniq. Havo hujumi qo‘shinlari rotasi qo‘mondoni Mikola amerikaliklar tomonidan yetkazib berilgan Stryker bronetransportyorlarining imkoniyatlari haqida mehr bilan gapirdi.

"Kursk dushmanni, yadroviy qurol egasi davlatni, kichik aholisi va kichik armiyasi bo‘lgan noyadroviy davlat kelib, yerini bosib olishi mumkinligini va rus­larning bunga qarshi qo‘lidan hech narsa kelmaganini ko‘rsatadi", deydi Mikola.

Putinning maqsadlari aniq, deydi u.

"Uning maqsadi butun Ukrainani egallab olish, uning huquqiy maqomini o‘zgartirish va prezident hamda hukumatni almashtirish. U bizning siyosiy tizimimizni yo‘q qilishni va Ukrainani o‘z vassaliga aylantirishni xohlaydi".

Men amerikaliklar va boshqalar Vladimir Putinga ishonishlari kerakmi deb so‘raganimda, u kuldi.

"Yo‘q! Putin necha marta yolg‘on gapirganini sanash uchun menda barmoq yetarli emas. Hammaga! Rus­larga, bizga va G‘arb sheriklarimizga. U hammaga yolg‘on gapirdi".

Urushda voyaga yetgan

Bosqinning dastlabki kunlarida Kievdagi ko‘ngillilar markazida men 19 yoshli Maksim Lutsik va 18 yoshli Dmitro Kisilenko degan ikki yosh talaba bilan tanishdim, ular jangga qo‘shilish uchun ro‘yxatdan o‘tayotgan edilar.

Ular otalari yoshidagi erkaklar va boshqa o‘smir ko‘ngillilar bilan birga safar jihozlarini tayyorlashar, o‘zlarini festivalga ketayotgan do‘stlardek tutishardi, aslida ularning qo‘llarida hujum vintovkalari bor edi. O‘shanda men shunday deb yozgandim: "18 va 19 yoshli yigitlar har doim urushga ketishgan. Men Yevropada bundan o‘tib ketdik deb o‘ylagandim". Bir necha hafta o‘tgach, Maksim va Dmitro Kiev fronti ortidagi nazorat punktida forma kiyib, xizmat qilayotgan edi, ular hali ham talaba edilar va ota-onalari haqida hazillashib turardilar.

Armiyaga yozilayotgan yosh ukrainalik

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Urush tufayli Ukrainaga harbiy safarbarlik qaytdi

Ikkalasi ham Kiev jangida qatnashdi. Dmitro o‘zining ko‘ngilli talabalik huquqidan foydalanib, janglar sharqqa ko‘chganidan keyin armiyadan ketishni ixtiyor qildi. U ehtiyoj tug‘ilsa yana jang qilishga tayyor, hozir Milliy Harbiy Universitetda ofitser bo‘lish uchun o‘qiayapti. Maksim esa harbiy kiyimda qolib, sharqdagi front chizig‘ida ikki yildan ortiq vaqt janglarda qatnashdi. Hozir u harbiy razvedkada ofitser bo‘lib ishlayapti.

Men ular bilan aloqada bo‘lib turdim. Chunki bu yerdagi millionlab boshqa yoshlar kabi, urush ularning voyaga yetgan hayotlarini o‘zlari kutmagan tarzda o‘zgartirib yubordi. Trampning Moskva tomon qilayotgan harakatlari yoshlarni hamma narsani yana boshidan boshlashga to‘g‘ri keladigandek holatga solmoqda.

"Biz safarbarlik e’lon qildik", deydi Dmitro. "Biz resurslarimizni, xalqimizni safarbar qildik va men buni yana bir bor takrorlashimiz kerak deb o‘ylayman".

O‘tmish bilan parallellar

Kursk chegarasidagi o‘rmondagi erkaklardan farqli ravishda, ular yangiliklarni kuzatib borishadi. Atigi 10 kun oldin Myunxen xavfsizlik konferentsiyasida boshlangan Donald Trampning diplomatik va strategik portlashlari yoshlarga 1938 yilda Myunxenda Britaniya bosh vaziri Nevill Chemberlen tomonidan Chexoslovakiyani Adolf Gitlerning talablariga bo‘ysunishga majbur qilgan mashhur kelishuvni eslatadi.

"Bu o‘shanga o‘xshash", deydi Maksim. "G‘arb agressorga yanada ko‘p hududlarni egallash imkoniyatini berayapti. G‘arb bosqinchi bilan kelishuv tuzayapti, faqat avvalgi Buyuk Britaniya rolida bugun AQSh".

"Bu faqat Ukraina uchun emas, butun dunyo uchun juda xavfli vaziyat," deb davom etadi Maksim. "Yevropa uyg‘ona boshlaganini ko‘rishimiz mumkin... lekin agar ular urushga tayyor bo‘lishni xohlasalar, ular bir necha yil oldin boshlashlari kerak edi".

Dmitro oldinda tahdidlar borligi haqidagi fikrga qo‘shiladi.

"Men Donald Tramp yangi Nevill Chemberlen bo‘lishni xohlayapti deb o‘ylayman... Janob Tramp ko‘proq Uinston Cherchilga o‘xshashga e’tibor qaratishi kerak".

Tramp effekti

AQSh va Rossiya vakillari Saudiya Arabistonidagi muzokarada

Surat manbasi, Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi/Getty Images

Surat tagso‘zi, Tramp qaytishi Oq Uy va Rossiyani yana muzokara stoliga qaytardi

Agar siz Donald Tramp kabi ko‘chmas mulk qurib stouvchisi bo‘lsangiz, televizion shoular va prezidentlik siyosatiga kirishdan oldin, buzish asosiy pul topish manbangiz bo‘ladi. Mulkni sotib olasiz, buzasiz, qayta qurasiz va g‘olib chiqasiz. Tashqi siyosatdagi bu strategiyaning muammosi shundaki, suverenitet va mustaqillikning narxi yo‘q. Tramp, AQShni birinchi o‘ringa qo‘yaman, deb maqtanadi, lekin u boshqa davlatlar fuqarolari ham o‘z mamlakatlari haqida shunday his qilishlari mumkinligini qabul qilolmaydi.

Tramp AQSh prezidenti sifatida ikkinchi marta qasamyod qilganidan beri buzish boltasini ishlatmoqda. U o‘g‘irlangan yoki isrof qilingan deb da’vo qilayotgan milliardlab dollarni qaytarib olishni maqsad qilib Ilon Maskni federal hukumatga yubordi. Chet elda buzg‘unchi Tramp AQSh bilan Yevropa demokratiyalari o‘rtasidagi 80 yillik ittifoq asoslarini buzishni boshladi.

Donald Tramp bashorat qilib bo‘lmas odam, lekin hozirgi qilayotgan ishlarining katta qismi haqida u yillar davomida gapirib kelgan. U AQShning Yevropa ittifoqchilari AQSh mudofaa byudjeti ortida yashirinib, pul tejaganlari uchun g‘azablangan birinchi AQSh prezidenti emas. Uning mudofaa vaziri Pit Hegset NATO sheriklariga aytgan "Prezident Tramp hech kimga Sem Amakini So‘riladigan Amakiga aylantirishiga yo‘l qo‘ymaydi" degan iborasi Prezident Duayt D. Eyzenhauerni eslatib turadi.

1959 yil 4 noyabrdagi AQSh hukumati hujjatida uning g‘azabi qayd etilgan. Unda shunday yozilgan: "Prezident besh yildan beri Davlat departamentini yevropaliklar oldiga hayot haqiqatlarini qo‘yishga undab keladi. U yevropaliklar "Amaki Semni so‘rib yotadigan odamga aylantirishga yaqinlar", deb o‘ylaydi".

Tramp qayta to‘lovni qo‘lga kiritishni xohlaydi. U Ukrainadan yarim trillion dollarlik mineral resurslar huquqlarini talab qildi. Zelenskiy bu kelishuvni rad etib, mamlakatini sotish mumkin emasligini aytdi. U har qanday imtiyozlar evaziga xavfsizlik kafolatlarini xohlaydi.

Yevropa siyosatchilari va diplomatlari xususiy suhbatlarda, Jo Bayden bilan birga, Rossiyaga yutqazmaslik uchun Ukrainaga yetarli harbiy va moliyaviy yordam berganlarini, lekin bu yordamlar g‘alabaga erishish uchun yetarli emasligini tan olishadi. Shuningdek, sanksiyalar bilan zaiflashgan va generalllari o‘z askarlarining hayotini isrof qilayotganligi sababli, Rossiya inson kuchini yo‘qotib, so‘nggida holdan toyib urushda yutqazishi mumkin degan da’vo ham bor, ammo buni aniq emas.

Urushlar odatda kelishuvlar bilan tugaydi. 1945 yilda Germaniyaning shartsiz taslim bo‘lishi kamdan-kam holat edi. Trampga qarshi shikoyat shundaki, uning haqiqiy rejasi yo‘q, shuning uchun u o‘ziga yoqqan Vladimir Putinga yaqinlashish uchun instinktiga ergashdi. Tramp kuchli davlatlarning kuchli rahbarlari dunyoni o‘zlari xohlagan shaklda o‘zgartirishga qodirlar deb ishonadiganga o‘xshaydi. Tramp Putinga allaqachon taklif qilgan yon bosishlarning asosiy maqsadi uning uchun asosiy ustuvorlik Rossiya bilan munosabatlarni normallashtirish degan fikrga undaydi.

Putinga qarshi borish

Eng ishonarli reja Putinning geostrategik DNKsiga kirib g‘oyani hayotga tatbiq etish bo‘ladi. Bu g‘oyalardan eng kuchlisi - Ukraina suverenitetini parchalash va mamlakat nazoratini Kremlga qaytarish, chunki Sovet zamonida va undan oldin Chor Rossiyasi zamonlarida shunday bo‘lgan.

Bunday bo‘lishi dargumon. Chunki Ukraina o‘z mustaqilligini Moskvaga taslim qilib berishni istamaydi. Ukraina urushi tufayli Yevropa xavfsizligining oyog‘i osmondan keldi. Shu oy eshitgan va ko‘rgan narsalaridan Yevropa rahbarlari shu qadar xavotirga tushganlaridan hayratlanmaslik kerak.

Bu rahbarlar yuzma-yuz kelgan mushkullik yechimi Maksim Lutsik singari 22 yoshli urug faxriysidek boshqa yoshlarni ham urushning kutilmagan dunyosiga ro‘para keltirmaslikdadir.

"Hamma narsa o‘zgardi. Va men ham o‘zgardim. O‘ylaymanki, shu uch yil ichida har bir ukrainalik ulg‘aydi. Harbiyga kirgan har bir odam va shuncha uzoq vaqtdan beri jang qilayotgan har bir odam keskin o‘zgardi", deydi Maksim.