AQShning Venesuela rahbarini qo‘lga olgani Rossiya va Xitoy siyosatiga qanday ta’sir qilishi mumkin?

- Author, Shon Yuan
- Role, Global Xitoy bo‘limi
- O'qilish vaqti: 6 daq
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Nyu-Yorkda giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ savdosi bo‘yicha ayblovlarga nishon bo‘ldilar. Ayni paytda, tahlilchilar AQShning Venesuela rahbarini qo‘lga olgani xalqaro tartibot uchun qanday oqibatlarga olib kelishi va boshqa davlatlarni ham ayni turdagi amallarga ruhlantirishi mumkinligini aytmoqdalar.
Prezident Donald Tramp AQSh hokimiyat "xavfsiz, to‘g‘ri va oqilona" almashgunga qadar Venesuelani "boshqarishi"ni aytdi. U yana Grenlandiyani qo‘shib olish chaqiriqlarini takrorladi va g‘arbiy yarim sharda AQSh hukmronligini ta’kidlaydigan 1823-yilgi Monro doktrinasini esladi.
Venesuelaning qo‘shnilari va uzoq muddatli ittifoqchilari bo‘lgan Rossiya va Xitoy AQShning harakatlarini qoraladilar.
Ular bu xalqaro huquqni buzadi va boshqalar uchun pretsedent yaratadi deb hisoblamoqda.
Biroq Vashingtonning ittifoqchilari munosabat bildirishda ehtiyotkor bo‘ldilar, Buyuk Britaniya, Germaniya va Frantsiya qoralashdan o‘zlarini tiydilar.
Xo‘sh, Xitoy va Rossiya vaziyatni qanday baholamoqda va bu ularning harakatlariga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Bu Xitoy uchun nimani anglatishi mumkin?
"Agar Qo‘shma Shtatlar jinoiy xatti-harakatlarda ayblagan xorijiy rahbarlarni qo‘lga olish uchun harbiy kuch ishlatish huquqiga da’vo qilsa, Xitoyni Tayvan rahbariyatiga nisbatan xuddi shunday huquqqa da’vo qilishdan nima to‘sadi?" dedi AQSh Demokratik partiyasi senatori Mark Uorner o‘z bayonotida. "Bu chegara buzilgach, global tartibni saqlab turgan qoidalar qulay boshlaydi va avtoritar rejimlar bundan avvalo foydalanadi."
Xo‘sh, senator haqmi, Vashingtonning harakatlari Xitoyni Tayvanga, ya’ni Xitoy o‘ziniki deb hisoblaydigan va zarur bo‘lsa kuch bilan qaytarib olmoqchi bo‘layotgan demokratik o‘z-o‘zini boshqaradigan orolga qarshi shunday harakat qilishga undashi mumkinmi?
Muqarrar emas, deydi Singapurdagi Nanyang Texnologiya universiteti dotsenti Xu Tyan Bun. "Xitoyliklar bu ikki masala o‘rtasida parallel ko‘rmaydilar... Xitoyning Trampdan namuna olishi ehtimoli juda oz."
Ta’kidlash joizki, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Vashingtonning kuch ishlatishini xalqaro huquqni buzish va Venesuela suverenitetiga tajovuz sifatida qoralab: "Biz hech qachon biror davlat xalqaro politsiya vazifasini bajarishini ma’qullamaymiz", dedi.

Surat manbasi, Reuters
Boshqa ekspertlar ikki mintaqa o‘rtasida asosiy farq borligini qo‘shimcha qiladilar.
Pekin uchun Tayvan – provintsiya, Venesuela esa suveren davlat, shuning uchun u Tayvanga nisbatan har qanday harakatni ichki ish deb hisoblaydi.
Tahlilchilar fikricha, Xitoy uchun Tayvanga bostirib kirishni oqlab o‘tirish shart emas, unga faqat imkoniyat kerak.
Tayvan parlamenti a’zolari ham Tayvan hukumati rahbarini qo‘lga olish Pekinning rejasida yo‘q deb hisoblaydilar.
"Xitoy hukumat rahbarini majburan chetlatish yoki butun Tayvan orolini bombalab, keyin tashlab ketishni emas, balki birlashish va boshqarishni istaydi," dedi tayvanlik deputat Xou Xan-ting CTi News'ga. "Demak, faqat shu nuqtai nazardan, AQSh hozir Venesuelada qilayotganini takrorlash Pekinning Tayvanga munosabatiga mos kelmaydi."

Biroq ba’zi kuzatuvchilar AQSh Karib dengiziga muhim dengiz kuchlarini joylashtirganini Pekin Vashington diqqat markazidagi vaqtinchalik o‘zgarish sifatida qabul qilishini ta’kidlashmoqda. Bu hol AQShning boshqa mintaqalardagi harbiy tezkorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ammo Bi-bi-si bilan suhbatlashgan ekspertlar bu Pekinning Tayvanga nisbatan hisob-kitobini o‘zgartirmasligini ham aytishdi – orol hali ham AQSh bilan keng ko‘lamli shartnomalarga ega va Vashingtondan katta miqdorda qurol-yarog‘ sotib olmoqda.
Biroq Xitoy AQSh hatti-harakatlari haqida global tasavvurlarni shakllantirishdan naf ko‘rishi mumkin.
Bu xitoylik diplomatlar va OAVga Qo‘shma Shtatlarni xalqaro me’yorlarni buzadigan beqaror kuch sifatida, Xitoyni esa suverenitet muhofizi sifatida ko‘rsatish imkonini beradi.
Shunga qaramay, tanqidchilar Xitoyning Janubiy Xitoy dengizi kabi bahsli hududlardagi faolligini ta’kidlaydilar. Bu joylarda sun’iy orollar qurilgan, harbiylashtirilgan, qirg‘oqni qo‘riqlash va harbiy-dengiz kuchlaridan foydalanilgan.
Xitoyning Venesuela bilan munosabatlariga kelsak, bu yigirma yildan ortiq vaqt davomida rivojlangan, chuqur ittifoqdan ko‘ra ko‘proq imkoniyatlarga asoslangan edi.

Surat manbasi, Miraflores Palace/ Reuters
Avval Ugo Chaves, keyin Nikolas Maduro davrida Karakasning Vashington bilan munosabatlari yomonlashgani sababli Pekin bilan yaqinlashdi. Xitoy Venesuelaning eng yirik kreditoriga aylandi; qarzlar asosan neft bilan to‘landi va buning evaziga Pekin energiya ta’minoti va siyosiy dastak berdi.
Vaqt o‘tishi bilan Xitoyning Venesueladagi faoliyati uning butun Lotin Amerikasidagi kengroq ishtiroki ramziga aylandi. Xitoy qit’ada bozorlar, tabiiy resurslar va diplomatik qo‘llab-quvvatlov izladi, ayni paytda, o‘zini suverenitet va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyilini hurmat qiladigan hamkor sifatida ko‘rsatdi.
Biroq Xitoyning Lotin Amerikasiga kirib borishi tobora ko‘proq to‘siqlarga duch kelmoqda – yaqinda Panama Xitoyning "Bir makon, bir yo‘l" infratuzilma loyihasidan chiqdi va Gondurasda bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovlarda Tramp qo‘llab-quvvatlagan nomzod Nasri Asfura g‘alaba qozondi.
2023 yilda Taypeydan uzoqlashib, Pekinga yaqinlashgan bu mamlakat Tayvan bilan diplomatik aloqalarni qayta tiklashi mumkin.
Bu Rossiya uchun nimani anglatishi mumkin?

Surat manbasi, Reuters / Alexander Zemlianichenko
AQSh senatori Mark Uorner Xitoy vaziyatni qanday baholashi mumkinligiga e’tibor qaratish bilan birga, AQShning harakatlari Moskvaning o‘z strategik maqsadlariga diplomatik emas, balki harbiy yo‘l bilan erishish istagini kuchaytirmaydimi deb savol qo‘ydi: "Ukraina prezidentini o‘g‘irlash uchun shunga o‘xshash bahona keltirmaslikdan Vladimir Putinni nima to‘sadi?" dedi u.
AQShning Venesueladagi operatsiyasiga Rossiyaning munosabati Yangi yil bayramlari tufayli hozircha ehtiyotkor. Garchi Rossiya diplomatlari Qo‘shma Shtatlarni qoralab, prezident Maduroni ozod etishni talab qilgan bo‘lsa-da, prezident Vladimir Putin hali jamoatchilik oldida izoh bergani yo‘q.
Shunday bo‘lsa-da, Kreml voqealar rivojini diqqat bilan kuzatayotganiga shubha yo‘q.
Vaziyat Putinni murakkab ahvolga solmoqda. Ehtimol, u AQShning Venesueladagi operatsiyasidan Ukrainaga bosqinni oqlash uchun foydalanishi mumkin – u bir necha bor G‘arbni ikki tomonlama standartlarda ayblab, masalan, Iroqdagi urush va NATOning Yugoslaviyani bombalaganini eslagan edi.
Putin avvaldan AQShga ishonmagan va Vashingtonni boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashgani uchun bir necha bor tanqid qilgan, bu strategiyani Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazgan omillardan biri deb hisoblagan. Maduroning o‘z yotog‘idan olib ketilgani Kremlning AQSh boshchiligidagi rejim o‘zgartirish harakatlaridan xavotirini yanada kuchaytirishi mumkin.
Biroq Amerikaning "o‘zi joylashgan yarim sharda" yetakchilikka da’vosi Kremlning o‘z mafkurasi bilan hamohang. Putin ham Rossiya o‘z chegaralari bo‘ylab manfaatlarini faol himoya qilishga haqli, deb hisoblaydi.
Bir paytlar Kreml Ukrainada oson g‘alabani ko‘zlagan edi, ammo keng ko‘lamli bosqindan deyarli to‘rt yil o‘tibdi hamki, Rossiya hamon Ukraina sharqida depsinib turibdi – bu Trampning Venesueladagi tezkor operatsiyasidan keskin farq qiladi.

Surat manbasi, Getty Images
O‘tgan yil davomida Putin Vashingtonni Moskva tomonga og‘dirishga va Kievga xalqaro qo‘llab-quvvatlovni zaiflashtirishga umid qildi. Bu ohangning sezilarli o‘zgarishi bilan kechdi: Putin rahbarligidagi Rossiya amaldorlari odatda prezident Trampni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanqid qilishdan o‘zlarini tiydilar.
Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarning muhim pallasida Moskva Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarni yanada murakkablashtirishni xohlamaydi.
Venesuela bilan munosabatlarga kelsak, Rossiya mamlakatning asosiy ittifoqchilaridan biri, uzoq yillik aloqalar energetika sohasidagi hamkorlik, neft loyihalari va qurol-yarog‘ yetkazib berishgacha qamrab oladi.
2005-2017 yillar oralig‘ida Moskva Karakasga Su-30 uchoqlari va S-300 havo mudofaasi tizimlarini o‘z ichiga olgan 11 milliard dollardan ortiq qiymatdagi qurollarni sotdi va qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Biroq "Rossiyaning havo mudofaasi tizimlari unchalik yaxshi ishlamagan ko‘rinadi, shunday emasmi?" dedi 5 yanvar kuni AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset.
2006 yildan beri Moskva, Reuters axborot agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, taxminan 17 milliard dollarlik kreditlar va kredit liniyalarini taqdim etgan.
Bular iqtisodiy emas, siyosiy sarmoyalar edi. Maduro 2014 yilda Moskva Qora dengizdagi Qrim yarim orolini o‘ziga qo‘shib olganida Qrimni Rossiyaning bir qismi deb tan olgan va Putinning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlagan kam sonli rahbarlardan biri bo‘lgan edi.
Venesuela Rossiyaning eng so‘nggi so‘zsiz ittifoqchilaridan biri. Uning avtoritar rahbari chetlatilgani Moskva Ukraina bilan mashg‘ulligida Rossiyaga do‘stona rejimlar uchun yana bir zarba bo‘ldi.
Shunga o‘xshash vaziyat boshqa joylarda ham kuzatilgan. Suriyada muxolifat kuchlari 2024 yilda Rossiyaning ittifoqchisi Bashar Asadni ag‘dardi. Moskvaning yana bir yaqin hamkori bo‘lgan Eronning yadroviy dasturi AQSh zarbalari ostida qoldi, Rossiya esa bunga deyarli qarshilik ko‘rsatmadi.
Ushbu holatlar yig‘ilib, Rossiya bilan do‘stlikning siyosiy va harbiy qiymati haqida noqulay savollarni tug‘diradi. O‘tgan yili Moskva va Karakas strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi, ammo AQSh Maduroga qarshi harakat qilganida, Moskva o‘z ittifoqchisini himoya qilish uchun hech nima qilmadi.
Moskvada AQShning Venesueladagi harakatlari oxir-oqibat barbod bo‘lishiga umid bor, chunki uzoq muddatli rejaning aniq tafsilotlari va bunday rejimni muvaffaqiyatli o‘zgartirish uchun ishonchli misollar yo‘q.
Moskva 1979 yilda saroyni egallash bilan boshlangan, ammo o‘n yillik urushga aylangan Sovet-Afg‘on urushini eslashi mumkin.












