Jinsini o‘zgartirganlar ismini o‘zgartirmasinmi? Qirg‘izistonda hujjatlardagi ismni o‘zgartirishga taqiq qo‘yish taklif qilinmoqda

Jins o‘zgarishini tasvirlovchi grafik rasm.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Jinsni o‘zgartirishni taqiqlash tarafdorlariga ko‘ra, bu amal jamiyatining urf-odatlari va qadriyatlariga to‘g‘ri kelmaydi.
O'qilish vaqti: 5 daq

Qirg‘izistonda jinsni o‘zgartirish bilan bog‘liq qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda jinsini o‘zgartirganlarning pasportdagi ma’lumotlarini almashtirishga taqiq qo‘yish taklif etilmoqda. Ushbu tashabbusni ilgari surganlar jinsni o‘zgartirish qirg‘iz jamiyatining urf-odatlari va qadriyatlariga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblashadi. Shu bilan birga, loyihadan xavotirlanib, unga qarshi fikr bildirayotganlar ham yo‘q emas.

Kamera o‘ngida gapirayotgan Damir.
Surat tagso‘zi, Damir (ismi o‘zgartirilgan) bolaligidan beri o‘z xayoliy dunyosida yashab kelgan.

"Damir" hikoyasi

Hozirda Damirni eng ko‘p tashvishga solayotgan narsa — hujjati. Uning avvalgi va hozirgi qiyofasi o‘rtasida osmon bilan yerdek farq bor. Ilk bor hujjat olganida chiroyli bir qiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda erkak qiyofasida.

"Hujjatimda avvalgi ism-familiyam yozilgan. Jinsim ayol deb ko‘rsatilgan. Shu sababli ishdan quvilgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Hozirgi ishimda ilojsizlikdan o‘zimni qiz bola deb tanishtirib ishlab yuribman. Eng oddiy holat — barga kirganda yoki pivo sotib olayotganda ham ba’zan pasport so‘rashadi. Aeroportga borganda vahimaga tushaman. "Janjal chiqib ketmasa edi, indamay o‘tkazib yuborishsa edi" degan xayol meni qiynab yuboradi. "Bu sening pasporting emas" deb ushlab olgan holatlar ko‘p bo‘lgan. Bu juda qo‘rqinchli", — deydi Damir.

Damir bolaligidan beri o‘z xayoliy dunyosida yashab kelgan. Ulg‘aygani sari uning xatti-harakatlari bilan birga ichki dunyosida ham qandaydir o‘zgarishlar boshlangan. Qizlar bilan aralashib, til topishishga harakat qilsa-da, ularga to‘liq moslashib keta olmagan. Oxiri u jinsini o‘zgartirish haqidagi og‘ir qarorni qabul qilgan.

"Biz ham boshqalar kabi tinch yashashni xohlaymiz. Qo‘rqmasdan, do‘stlar bilan birga vaqt o‘tkazishni, sayohat qilishni istaymiz. Ammo voqelik bunday emas", — deydi Damir (ismi o‘zgartirilgan).

"Aleksey" hikoyasi

Ofisda o‘tirgan Aleksey.
Surat tagso‘zi, Aleksey hujjatlardagi ismini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo hozirda taklif etilayotgan taqiqdan xavotirda.

Hozirda taklif etilayotgan qonun borasida Aleksey (ismi o‘zgartirilgan) ham xavotirda. Uning aytishicha, 2020 yildan beri transgenderlar uchun hujjatdagi gender markerini yoki shaxsiy identifikatsiya raqamini (ShIR) almashtirish deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan. Agar yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, ahvol bundan ham og‘irlashadi deb hisoblaydi. Aleksey uchun ham ish topish katta muammo. Hozirda u doimiy ishga joylasha olmay, turli joylarda vaqtinchalik mardikorlik qilib yuribdi.

"Ba’zida yashirin, noqonuniy ishlayotgan joylardan ish chiqib qolsa, shunga ham rozi bo‘laman. Chunki rasmiy ishga kira olmayman. Hujjatingni ko‘rishlari bilan shubhalana boshlashadi. Savol ustiga savol berishadi va ishga olishmaydi. Bunday holatlar hayotimda juda ko‘p uchraydi", — deydi u.

Aleksey 2020 yilgacha ayrim boshqa hujjati bilan birga ism-familiyasini, gender markerini o‘zgartirishga ulgurib qolganini aytadi. Ularning ayrimlari bugun 60 yoshga yaqinlashib qolgan.

Loyihaning mazmun-mohiyati

Jogorku Kenesh deputati Marlen Mamataliev tomonidan taklif etilgan qonun loyihasi kelajakda har kim o‘z xohishiga ko‘ra shaxsiy identifikatsiya raqamini almashtirishiga yo‘l qo‘ymaslikni ko‘zda tutadi. Mamatalievning aytishicha, zamon o‘zgarib, tibbiyot rivojlangani sari jinsni korrektsiya qilish protseduralari ommalashmoqda. Biroq qonunchilik bu texnologiyalardan orqada qolib, huquqiy bo‘shliq yuzaga kelmoqda.

"Shu sababli ayrim fuqarolar hujjatlarini almashtirishga harakat qilishmoqda. Ilgari tariximizda bunday hodisa bo‘lmagani uchun qonunlarda aniq yozilmagan edi. Biz buni faqat aniqlashtirish uchun kirityapmiz. Bundan buyon inson o‘z a’zosini o‘n marta almashtirsa ham, hujjati o‘zgarishsiz qoladi", — dedi deputat.

Qirg‘iziston Konstitutsiyasida oila erkak va ayoldan iborat ekani aniq yozilgan. Xuddi shu norma Oila kodeksi va boshqa qonunlarda ham mavjud.

Biroq amaldagi qonunchilikda fuqarolarning jinsini va bunga bog‘liq ravishda hujjatlarini o‘zgartirishi taqiqlanishi haqida aniq ko‘rsatma berilmagan.

Yaqindagina "Xizmat" davlat muassasasi direktorining o‘rinbosari Ernes Dosaliev parlamentdagi chiqishi chog‘ida, ularga bir fuqaro shaxsiy identifikatsiya raqamini o‘zgartirish istagi bilan murojaat qilganini aytgan edi.

Rasmiy
Jamiyat qabul qilmaydigan narsaga nuqta qo‘yish muhim.
Marlen Mamataliyev
Qirg‘iziston Parlamenti deputati (BBC.COM/UZBEK)

Ushbu bayonot jamiyatda transgenderlarga oid bahs-munozaralarni kuchaytirib yuborgan. Ko‘p o‘tmay muassasaning matbuot xizmati ma’lumot tarqatib, Dosaliev parlamentda yanglishib gapirib yuborganini va yaqin yillar ichida bunday murojaatlar bo‘lmaganini tasdiqlagan.

Shunga qaramay, Mamataliev har bir davlat o‘z urf-odatlaridan kelib chiqib yashashi kerak deb hisoblaydi:

"Agar tariximizda bunday hodisa bo‘lmagan bo‘lsa va jamiyat uni qabul qilmasa, buni ochiq aytish kerak. Jamiyat qabul qilmaydigan narsaga nuqta qo‘yish muhim. Ular avvalgi hujjatlari bilan yuraversin, hech kim ularni kamsitayotgani yoki taqiqlayotgani yo‘q. Biroq bizda aralash holatlar bo‘lmasligi kerak. Bu mening printsipial qarashim. Agar biz uchun bu yot bo‘lsa, yot deb aytishimiz kerak. Men erkak erkakligicha, ayol esa ayolligicha qolishi kerak degan qarash tarafdoriman".

Mamataliev, shuningdek, xavfsizlik masalasini ham ko‘tardi. Uning ta’kidlashicha, yuridik hujjatlardagi jins ko‘rsatkichlarining o‘zgartirilishi jinoyatchilikka qarshi kurashda to‘siqlar yaratishi mumkin.

Xalq vakilining aytishicha, agar jinoyat sodir etishda gumonlangan yoki sudlangan fuqaro jinsi va shaxsiy ma’lumotlarini (ismini, PIN-raqamini) o‘zgartirib olsa, bu qidiruv va shaxsni identifikatsiya qilish jarayonlarini qiyinlashtiradi.

Bundan tashqari, loyihada voyaga yetmaganlarni tarbiyalash bo‘yicha ota-onalarning huquqiy majburiyatlari ham ko‘zda tutilgan. Unda ota-onalar bolalarni tug‘ilganda berilgan biologik jinsiga muvofiq tarbiyalashlari shart ekani ko‘rsatib o‘tilgan.

"Ular o‘zgarmaydi"

Shifokor Nurbek Monolov

Surat manbasi, Social media

Surat tagso‘zi, Shifokor Nurbek Monolovning aytishicha, jinsni o‘zgartirish istagi kasallik emas, aksincha, davlat tomonidan himoya qilinishi lozim bo‘lgan insonning o‘ziga xos xususiyatidir.

Mutaxassislar zamonaviy tibbiyot va fan transgenderlik holatini kasallik yoki patologiya sifatida ko‘rmasligini ta’kidlashadi.

Shifokor Nurbek Monolov qayd etganidek, bu kasallik emas, aksincha, davlat tomonidan himoya qilinishi lozim bo‘lgan insonning o‘ziga xos xususiyatidir.

Ba’zan stress, zo‘ravonlik yoki travmalar (ruhiy jarohatlar) bilan kechgan bolalik davri ham shunday holatga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.

"Ularning muayyan qismi zo‘ravonlik oqibatida shunday bo‘lib qolgan. Boshqacha aytganda, bunda jamiyatning ham aybi bor. Biz ularga psixologik yoki jismoniy zo‘ravonlik qilib, shunday holatga tushishiga sababchi bo‘lgan bo‘lishimiz mumkin. Shu bois ularga tushunish bilan munosabatda bo‘lishimiz kerak. Chunki ular o‘zgarmaydi. Ayniqsa, bizning jamiyatda ular ruhiy jihatdan juda og‘ir sharoitda yashashadi. Ko‘p hollarda yaqinlari, hatto ota-onalari ham ularga dushmanga aylanib qoladi", — dedi shifokor.

Jahon tajribasi

Jinsni o‘zgartirish tasvirlangan grafik rasm.

Surat manbasi, Getty Images

So‘nggi yillarda dunyoning bir qator mamlakatlarida jinsni o‘zgartirish operatsiyalarini o‘tkazish va unga bog‘liq hujjatlarni almashtirishga nisbatan cheklovlar kuchaydi. Ayrim davlatlar bu yo‘nalishda to‘liq taqiqlovchi qonunlarni qabul qilgan bo‘lsa, boshqalarida bu masala faol muhokama qilinmoqda.

Masalan, 2023 yilda Rossiyada jinsni o‘zgartirish operatsiyalarini bajarish va jinsni yuridik jihatdan o‘zgartirishni taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Bundan tashqari, jinsini o‘zgartirgan shaxslarga Rossiyadan bola asrab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yana bir qator qonunchilik tashabbuslari ilgari surilgan.

Qo‘shni Qozog‘istonda ham jinsni o‘zgartirish yo‘nalishida qonunchilik cheklovlarini kuchaytirish bo‘yicha takliflar tez-tez yangrab turibdi.

Jinsni o‘zgartirish tasvirlangan grafik rasm.

Surat manbasi, Getty Images

AQShda federal darajada umumiy taqiq mavjud bo‘lmasa-da, ayrim shtatlarda jinsni o‘zgartirish bo‘yicha tibbiy yordamni jinsini o‘zgartirish istagida bo‘lganlarning yoshiga qarab cheklovchi qonunlar qabul qilingan. Bu asosan gormonal terapiya va jarrohlik amaliyotlariga taalluqlidir. Ayniqsa, o‘smirlarga jinsni o‘zgartirish yo‘lida ko‘rsatiladigan tibbiy yordam masalasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan yili Massachusets shtatida pasportdagi jinsni o‘zgartirish masalasi sud jarayonigacha yetib bordi. Aniqrog‘i, pasportda insonning jinsi tug‘ilganda berilgan biologik jinsiga qarab yozilishi kerakligi haqidagi talab kuchaytirilgan.

Yevropaning ayrim mamlakatlarida ham bu masala bo‘yicha cheklovlar bor. Xususan, Vengriya va Bolgariyada jinsni yuridik jihatdan o‘zgartirish, ya’ni pasportdagi gender belgisini almashtirish qonun bilan taqiqlangan.

Shunga qaramay, Qirg‘iziston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konventsiyani qabul qilgan davlat hisoblanadi. Mamlakat ushbu konventsiyani qo‘llab-quvvatlash bilan birga, uning normalariga rioya qilish majburiyatini ham olgan.