Isroilning G‘azoga hujumlari ortidan qurbon bo‘lganlar soni 400 nafardan oshdi. Urush qaytadan boshlanyaptimi?
Isroilning havodan zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 400 nafardan, yaralanganlar esa 600 dan oshgani xabar qilinmoqda. Isroil va Hamas ikki oy avval otashkesimga kelishgan edi.

Surat manbasi, Getty Images
Isroil G‘azoni tongda hujumga tuta boshlagan.
18 mart kuni ertalab Isroil Mudofaa kuchlari bo‘lgada yangidan evakuatsiya e’lon qilgan.
Kun davomida chiqqan rasmiy bayonotda esa G‘azo bo‘ylab "terror nishonlari"ga zarba berishda davom etilishi tilga olinadi.
Bosh vazir Benyamin Netanyahu ofisi Hamasni asirlarni ozod etish va otashkesimni davom ettirish takliflarini rad etishda ayblab, Isroil "guruhga qarshi kuchaytirilgan harbiy qudrat qo‘llashi"ni ta’kidlagan.
Hamas, o‘z navbatida, Isroilni "qurolsiz tinch aholi"ga hujum qilishda ayblagan va yanvarь oyida ikki tomon o‘rtasida erishilgan otashkesimga vositachilik qilgan tomonlarni Tel-Avivni "sulhni buzishda to‘liq javobgar qilish"ga chaqirgan.
Shuningdek, Hamas Isroil G‘azoga zarba berishdan oldin bu haqida AQShni xabardor qilganini da’vo qilgan hamda G‘azodagi "qirg‘in" uchun mas’uliyat "AQSh zimmasida" ekanini ta’kidlagan.
Insonparvarlik tashkilotlari g‘azoliklar "aql bovar qilmas darajadagi iztirob"ni boshdan kechirayotganini urg‘ulagan.
Shu bilan birga, G‘azoda garovda saqlanayotgan isroillik asirlarning oilalari ham Isroil zarbalarini qoralab chiqqan.
Ularning fikricha, Isroil hukumati "so‘nggi zarbalar orqali garovdagilarni qutqarishdan voz kechdi".
Isroil nega hujumlarni qayta boshladi?

Surat manbasi, Getty Images
Isroil ko‘plab g‘azoliklar saharlikka tayyorlanayotgan payti hududni artilleriya va uchoqlar bilan o‘qqa tuta boshlagan.
Guvohlar bo‘lga ustidan 20 dan ortiq harbiy uchoq uchib o‘tgani haqida xabar bergan.
Isroil hujumlari G‘azo shahri, Rafah, Xon Yunisni qamrab olgan.
Bu otashkesim kuchga kirgan 19 yanvardan beri kuzatilgan eng yirik havodan zarbalardir.
Isroil Mudofaa kuchlari o‘zi Hamasga tegishli deb atagan "terror nishonlari"ga zarba berayotganini ma’lum qilgan.
Isroil Bosh vaziri idorasi hujum ortidan bayonot bilan chiqqan.
"Bu, avvalo, Hamas bizning garovdagilarni ozod qilishdan qayta-qayta bosh tortgani, shuningdek, Amerika prezidenti maxsus vakili Stiv Vitkoff hamda vositachilar tomonidan taqdim etilgan barcha takliflarni rad etgani ortidan qilinayotgan amallardir. Isroil, endilikda, Hamasga qarshi harbiy kuchni orttirgan holda harakat qiladi", deyiladi bayonotda.
"Isroil endilikda Hamasga qarshi harbiy kuchni orttirgan holda harakat qiladi", — deya qo‘shimcha qilingan.
Isroil Mudofaa kuchlari va Isroil Xavfsizlik xizmati tomonidan seshanba kuni tushda berilgan qo‘shma bayonotga ko‘ra, G‘azo sektorida "terror nishonlari"ga zarba berish ishlari davom ettirilmoqda.
Hamas nima demoqda?

Surat manbasi, Getty Images
Hamas keskin norozilik bildirib, Isroilni erishilgan sulhga xiyonat qilganlikda ayblab chiqqan.
Shuningdek, u G‘azoda ushlab turilgan isroillik asirlar "nom’alum taqdirga" duchor bo‘layotganini ta’kidlagan.
Biroq guruh hozircha urushni qayta boshlab yuborganini e’lon qilgani yo‘q, buning o‘rniga vositachilar va BMTni aralashishga chaqirmoqda.
Hamas yaqinda e’lon qilgan bayonotida Isroil hujumlarni boshlashdan avval bu haqda AQShni xabardor qilgani va G‘azodagi "qirg‘in" uchun to‘liq mas’uliyatni Amerika zimmasiga yuklashini bildirgan.
"Xalqaro hamjamiyat darhol chora ko‘rib, bosqinchi davlat hamda uni qo‘llab-quvvatlayotgan tomonlarni insoniyatga qarshi ushbu jinoyatlar uchun javobgarlikka tortishi lozim," deyiladi Hamas bayonotida.
Hamas nazorati ostidagi sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning 18 mart kundagi aviazarbalari natijasida 400 dan ziyod inson halok bo‘lgani va qariyb 700 odam jarohat olganini ma’lum qilgan.
Ikki kun avval Isroil va Hamas yanvarь oyida erishgan otashkesimni birinchi bosqichini uzaytirish yoki ikkinchi bosqichiga o‘tish bo‘yicha Dohada kechgan muzokaralar 72 soat davom etib, besamar yakunlangan edi.
Shundan so‘ng ko‘plab kuzatuvchilar ikki tomon o‘rtasida ziddiyatning navbatdagi bosqichi boshlanishi ehtimoli kuchayganini taxmin qilgan edi.
Ikki oylik nisbatan tinchlik nihoyasiga yetdi
Yolande Nell
Yaqin Sharq bo‘yicha muxbir
Ikki oy davom etgan nisbiy tinchlik tunda tezda yakun topdi.
Isroil Hamasning o‘nlab nishonlariga zarba berayotganini e’lon qildi. Rasmiylar bu amaliyot muddatiga cheklov qo‘yilmagani va kengayishi kutilishini ta’kidlashdi.
"Isroil endilikda Hamasga qarshi harbiy kuchni orttirgan holda harakat qiladi", deyiladi Bosh vazir matbuot xizmati bayonotida.
Bugun halok bo‘lgan ichida Hamasning xavfsizlik va siyosiy doiralaridagi yuqori lavozimli a’zolari borligi aytilmoqda. Shifokorlar esa havo hujumlarida ko‘plab bolalar ham halok bo‘lganini bildirishmoqda.
Hamas Isroilni "hech bir sababsiz ziddiyatni kuchaytirganlikda" ayblab, sulhni bir tomonlama buzganini va garovdagilarning taqdirini xavf ostida qoldirganini ta’kidladi.
AQSh ko‘magi bilan Isroil garovdagilarni qaytarib olish evaziga uzoq muddatli sulh tuzish va G‘azoga yordam kirishini tiklashga harakat qilib kelayotgandi.
Hamas esa urushni to‘liq to‘xtatish va dastlabki sulh kelishuvi shartlari asosida Isroil qo‘shinlarini G‘azodan butunlay olib chiqish masalasini muhokama qilishni talab qilmoqda.
Oq uyning bildirishicha, Isroil bu oxirgi hujumlar haqida ularni oldindan xabardor qilgan va Hamas yangi kelishuvga erishish o‘rniga "urushni tanlagan".












