Mubashshir Ahmad qamoq jazosiga hukm etildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahrining Uchtepa tumani sudida chorshanba kuni taniqli diniy olim Mubashshir Ahmadga hukm o‘qildi. Asl ismi Alisher Tursunov bo‘lgan faol 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Tursunov Jinoyat kodeksining 156-moddasi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish); 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244−3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor topildi.
U jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Shuningdek, Tursunovning Facebook, Instagram sahifalari, Telegram kanali, hamda YouTube dagi Mubaşşir Ahmad va Azon Global — Muqobil axborot-tahliliy kanali nomli sahifalari bloklanishi buyurildi.
19 avgust - Toshkentda Mubashshir Ahmad mahkamasi boshlandi
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
O‘zbekiston poytaxtining Uchtepa tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudida diniy bloger va ulamo Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) ustidan kutilgan mahkama jarayoni boshlangan.
Sudlanuvchi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlardan biri, ya’ni 243.1 moddasi bo‘yicha ifodalanadigan va diniy materiallar tarqatishga oid ayblovni tan olgan.
U so‘nggi ikki yil davomida Turkiyada yashagani va bu davr davomida O‘zbekistondagi Diniy Qo‘mita tasdiqlamagan diniy materiallarni tarqatganini aytgan.
Ayni paytda, unga nisbatan 243.1 moddasi qatorida 244.1 va 156.2 moddalari bo‘yicha ham ayblovlar ilgari surilmoqda.
Uning himoyachilari ushbu ayblovlar bo‘yicha guvohlarning fikrlarini talab qilishgan.
Biroq ayni sud majlisiga so‘ralgan guvohlar kelmagan va shu bois jarayon kelasi 8 Sentyabrga qoldirilgan.
Mubashshir Ahmadning himoyachisi Abdulloh Sodiqqa ko‘ra, Azon Global Turkiyada faoliyat yurituvchi OAV sifatida O‘zbekiston Diniy qo‘mitasidan diniy mazmundagi materiallari uchun ruxsat olishga majbur emas.
Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) Azon vaqfi kengashi raisi va Azon Global tahliliy axborot portali asoschisi hamdir.
Sudni kuzatgan Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, 19 avgustda boshlangan mahkama jarayoni ochiq o‘tgan. Unda sudlanuvchining yaqinlari, faollar, kuzatuvchilar va jurnalistlar doxil 50 chog‘li odam qatnashgan.
Hakam jarayon davomida eslatmalar yozishga ruxsta bergan, biroq videokamera, telefon va ovoz yozish moslamalari taqiqlangan.

Mubashshir Ahmad kim?
Mubashshir Ahmad O‘zbekistonda diniy voiz sifatida tanilgan. U islom diniy ta’limoti, Qur’on tafsiri, xanafiy mazxabi fiqhi va naqshbandiya tasavvufi bo‘yicha chuqur bilimlarga ega olim sifatida bilinadi.
Turli qatlamlar orasida zamonaviy media vositalari orqali diniy ta’limni xalq orasida tarqatishni yoqlashi bilan mashhur. Diniy jamoatchilik orasida esa, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning shogirdi sifatida e’tirof etilgan.
Yoshlar orasida diniy bilimlar ulashadigan Azon TV orqali mashhur.
Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) joriy yil 8 may kuni Istanbuldagi o‘z uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgandi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV 13 may kuni - Turkiyada 8 may kuni qo‘lga olingandan keyin10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini ma’lum qilgandi. Shundan keyin u bir qator ayblovlar bilan hibsga olingan edi.
18 iyul - Mubashshir Ahmad tergovi yakunlanib, unga yangi ayblov qo‘shilgani aytilmoqda

Surat manbasi, Azon Global
Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy olim Alisher Tursunov tergov ishi yakunlandi. Tergov so‘nggida Mubashshir Ahmadga yangi modda qo‘shilgani aytilmoqda.
U asos solgan Azon Global jamoasining BBCga yuborgan bayonotida aytilishicha, Mubashshir Ahmadning tergov ishi yakunlanib, Tergov idorasi ishni ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga yubordi.
"Bosh prokuraturadagi manbamizga ko‘ra, Tursunovning ishiga JKning 156-moddasi – Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish bo‘yicha yangi ayblov qo‘shilgan. Bunga esa, Mubashshir Ahmadning so‘nggi vaqtlarda Xitoyning O‘zbekistonda sezilarli faollashgani va Milliy bog‘da o‘z bayroqlari bilan namoyish o‘tkazganidan norozi bo‘lib Facebook tarmog‘ida yozgan posti dalil qilib ko‘rsatilgan", deyiladi bayonotda.
Azon Global loyihalari bosh direktori No‘’mon Abdulmajid Alisher Tursunovning advokati ham ushbu modda qo‘shilganini tasdiqlaganini aytdi.
Bungacha IIV bergan rasmiy xabarda Alisher Tursunovga "nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244 prim 1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244 prim 3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi", deyilgandi.
BBC holatga izoh berishni so‘rab, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga murojaat qildi.
Azon Global DXXdagi boshqa bir manbasiga tayanib, Tursunovga yangi modda qo‘shilgani yuqoridan kelgan "ta’limot" asosida bo‘lganini aytgan.
"10 kunlar avval Alisher Tursunovni o‘zi saqlanayotgan Davlat xavfsizlik xizmati markaziy tergov hibsxonasi (Gvardeyskiy)dagi tergov davomida uning faoliyatida hech qanday jinoyat alomatlari topilmagani uchun ishni yakunlab, ozod etishmoqchi bo‘lgan, biroq yuqoridan kelgan qat’iy ta’limot asosida yangi 156-modda qo‘shilgan, Tursunovga avval qo‘yilgan moddalar bo‘yicha ayblov ham o‘z kuchida qoldirilgan", deyiladi xabarda.
Azon Global Tursunovni Turkiyadan "olib kelgan kuchlarning niyati jiddiyligini, uni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish rejasi borligini" taxmin qilgan.
Dorilar Turkiyadan yuborilmoqda
Azon Global loyihalari bosh direktori No‘’mon Abdulmajidning BBC ga aytishicha, Mubashshir Ahmadning sog‘lig‘i yaxshi emas.
"Biz oxirgi murojaatda aytdik, domlani oldin bizga aytishganidek, alohida sharoitli joyda emas, umumiy kamerada saqlashyapti. Umumiy kamerada atayin hamma chekuvchilar bilan birga saqlashyapti. Dorilar vaqtida yetkazilayotganiga shubha bor", deydi u.
No‘’mon Abdulmajidning aytishicha, Mubashshir Ahmad uchun dorilarni yaqinlari Turkiyadan olib keltirmoqda.
Bayonotda aytilishicha, 51 yasharli diniy ulamo Alisher Tursunov qandli diabetning og‘ir turidan aziyat chekadi. Muttasil yuqori qon bosimi, buyrak yetishmovchiligi unga yondosh kasalliklar bilan yuradi.
Turkiyadan deportatsiya
Azon vaqfi kengashi raisi va Azon Global axborot-tahliliy portali asoschisi diniy ulamo Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) joriy yil 8 may kuni Istanbuldagi o‘z uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgandi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV 13 may kuni Turkiyada 8 may kuni qo‘lga olingandan beri xabari chiqmagan Alisher Tursunovning 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini ma’lum qilgandi.
Xabarda Alisher Tursunovning nisbatan jinoiy ish ochilgani va hozir u O‘zbekistonda qamoqqa olingani aytildi.
Rasmiy xabardan Tursunovga ochilgan jinoiy ish uning jurnalistik faoliyatiga bevosita bog‘liqligini anglash mumkin.
"A.Tursunovning ta’sisligidagi axborot platformalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotlarda, tegishli ekspertiza xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid axborot mavjud bo‘lganligi sababli, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244 prim 1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244 prim 3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi", deyiladi IIV xabarida.
Rasmiylar bir muddat uning qaerda saqlanayotgani haqida yaqinlariga xabar bermagan.
O‘shanda ayrim huquqshunoslar, Mubashshir Ahmadga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilayotgan organ xodimlarining O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunchilik talablarini buzayotganlari aniqlagandi.
Huquqshunoslar bunday keskin bayonot bilan chiqishga O‘zbekiston Jinoyat-Protsessual kodeksining 48-bandining o‘zi yetarli deyishgan.
Gap qandaydir jinoyat sodir etishda gumon qilinib o‘z ixtiyoriga zid ravishda tutqunlikda ushlab turilgan shaxsning mamlakat bosh qonuni va boshqa qonunchilikda aniq-tiniq belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklari haqida bo‘lib, fuqaro Alisher Tursunovning Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayhontohur tuman sudining qamoqqa olish haqidagi qaroridan keyinoq tergov organi uning qarindoshlarini qaerda saqlab turilganligidan ogoh etishi shart edi.
Ammo Mubashshir Ahmad Turkiyadagi uyidan olib ketilganidan keyingi 11 kun davomida na Turkiyadagi advokati, na O‘zbekistondagi qarindoshlari va "Gulyamov, Sadikov and Partners" advokatlik firmasining advokatlari "Mubashshir Ahmad qaerda?" degan savolga javob berisha olyapti.
O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi tizimi sobiq xodimi
Mubashshir Ahmad 2023 yilning 21 dekabrida Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan jamoat xavfsizligiga tahdid gumoni bilan olib ketilgandi.
U 55 kun davomida deportatsiya markazida ushlab turilgan, unga qo‘yilgan ayblovlar isbotini topmaganidan so‘ng, 2024 yil fevral oyida qo‘yib yuborilgan.
Keyinchalik uning advokatlari 2023 yil noyabr oyida Alisher Tursunovga nisbatan Toshkent shahar Shayxontohur tuman prokurorining sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash haqidagi iltimosnomasi JIB Shayxontohur tuman sudi tomonidan rad qilingani haqida xabar berdi.
Mubashshir Ahmad o‘z vaqtida 20 yildan ortiq O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi tizimida ishlagani aytiladi. Avval u Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom Institutida o‘qituvchi, keyinroq o‘sha vaqtdagi muftiy Usmonxon Alimovning matbuot kotibi bo‘lgan.












