Rossiya O‘zbekiston va Ozarbayjonda ham rus tilini targ‘ib qilish samaradorligini baholamoqchi

MDH davlatlari

Surat manbasi, Rasmiy

O'qilish vaqti: 3 daq

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi (TIV) xorijda, xususan, Ozarbayjon va O‘zbekistonda rus tilini targ‘ib qilish bo‘yicha sotsiologik tadqiqot o‘tkazadi. "Vedomosti" gazetasining yozishicha, 34,8 million rubllik ushbu tenderda Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi g‘olib chiqqan.

Aloqador mavzular:

Buni qanday amalga oshirishmoqchi?

Tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad rus tilidan foydalanish ko‘rsatkichlarini ekspertizadan o‘tkazish va ushbu mamlakatlarda uning jozibadorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdir.

Tadqiqotda har bir davlatda kamida 1500 respondentdan onlayn so‘rovnoma o‘tkazish, shuningdek, telefon orqali va shaxsiy intervyular yo‘li bilan kamida 1000 kishini so‘rovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tadqiqot natijalari bo‘yicha Moskvada mavzuga oid davra suhbati o‘tkaziladi.

Mazkur yangilikka mintaqa davlatlari munosabati hozircha imkonsiz.

Rus tilining sobiq sovet mamlakatlaridagi holati

BBCuzbek

Surat manbasi, BBCuzbek

"Vedomosti"ning yozishicha, Rossiyaning xorijdagi gumanitar ta’sirini yoyo‘vchi agentlik "Rossotrudnichestva" sobiq Sovet Ittifoqi tarkibidagi mamlakatlarda rus tilining hozirgi holatiga alohida e’tibor qaratgan holda o‘rganib chiqqan.

Agar, nashr keltirgan ma’lumotlarga tayanilsa, Ozarbayjondagi holat quyidagicha: 2025 yilda Rossotrudnichestvoning Bokudagi yagona bo‘limi faoliyati to‘xtatilgan, bu rasmiy ro‘yxatdan o‘tmaslik bilan izohlangan. So‘nggi 10 yil ichida rus tilida ta’lim beriladigan maktablar soni o‘zgarmagan yoki biroz kamaygan – hozirda 4000 dan ortiq umumta’lim muassasasidan 300 ga yaqini rus tilida dars beradi. Ekspertlarning fikricha, 40-45 yoshdan oshgan avlod rus tilidan faol foydalansa-da, yoshlar orasida unga bo‘lgan ehtiyoj pasaymoqda.

O‘zbekistonda esa, mingdan ortiq rus tilida ta’lim beriladigan maktablar (shu jumladan aralash turdagi maktablar) mavjud. Biroq, ekspertlarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda rus tilini o‘rganishga haftasiga atigi ikki soat ajratilishi yetarli emas. Shunga qaramay, rus tilini o‘rganishga katta ehtiyoj borligi qayd etilgan. Toshkent kabi yirik shaharlarda vaziyat yaxshi, ammo viloyatlarda ahvol murakkabroq, deyiladi mazkur maqolada.

Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida rus tilida maktablar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lib, rus tilida ta’lim beradigan 3606 ta maktabi bor.

Qirg‘izistonda 751 ta rus tilida ta’lim beriladigan maktab mavjud.

Tojikistonda 200 ta maktab rus tilida ta’lim beradi.

Turkmanistonda 71 ta maktabda rus tilida dars beriladi.

Maqolada mutaxassislarning fikriga tayanib yozilishicha, Ozarbayjon va O‘zbekistonda rus tilini jiddiy targ‘ib qilish emas, balki mavjud pozitsiyalarni saqlab qolish haqida gap bormoqda.

Lavrov Samarqandda

Surat manbasi, t.me/MariaVladimirovnaZakharova

SOTA Telegram kanalida berilgan xabarga ko‘ra esa, Rossiya rus tilini MDH davlatlari orasida millatlararo muloqot uchun targ‘ib qilish maqsadida chora-tadbirlar ishlab chiqish qarorini olgan. Va yuqorida aytib o‘tilgan rus tilining o‘rnini baholash tadqiqotlari haqidagi xabar ham bir xil vaqtga to‘g‘ri kelyapti.

Mazkur xabar mintaqada ham e’tibordan chetda qolmagan, ayrim nashrlarida allaqachon o‘zining ifodasini topgan.

Eslatib o‘tamiz , shu yilning aprel oyida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Samarqandga tashrifi davomida rus tilining o‘rni tushib ketganiga ishora qilgani o‘zbekistonlik ba’zi rasmiylar, faollar orasida katta e’tiroz va muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.