O‘zbekiston: Lavrov Samarqandda – Rossiya Tashqi ishlar vaziri 'oson bo‘lmagan geosiyosiy vaziyat'da O‘zbekiston bilan nimalarni gaplashib olmoqchi yoki bu yerda "ruscha yozuvni ko‘rmayapman"

Surat manbasi, rasmiy
Bu – so‘nggi bir necha haftaning o‘zida rossiyalik yuqori martabali mulozimning O‘zbekistonga ikkinchi tashrifi bo‘ladi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash – har ikki tashrif manzarasida kun tartibidagi asosiy masalalardan biri o‘laroq tilga olindi.
Shu oy boshida Toshkentda ekan, Rossiya Federal majlisi Federatsiyasi Kengashi raisi Valentina Matvienko Rossiya va O‘zbekistonni "haqiqiy ittifoqchilar", deb ham atadi.
Bu o‘sha paytda Rossiyaning ayrim yetakchi nashrlarida alohida urg‘u berilgan nuqtalardan biri ekani ham ko‘rildi.
Boshqa tomondan, har ikki tashrif ham Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarining Samarqandda bo‘lib o‘tgan ilk tarixiy sammitidan qisqa vaqt o‘tmay amalga oshayotgan bilan o‘ziga e’tibor tortdi.
Samarqanddagi sammit chog‘ida Yevropa Ittifoqining prezidenti Antoniu Koshta Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini "ayni paytdagi eng dolzarb tahdid", - deb atagan.
U Markaziy Osiyoni Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga qarshi birgalikda ishlashga chaqirgan.
O‘zbekiston esa xuddi shu sammitda Ukraina mojarosiga tinch yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan so‘nggi xalqaro sa’y-harakatlarga ilk bor o‘zining rasmiy munosabatini bildirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev muzokaralar boshlanganini olqishlashlari va to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bayon qilgandi.
Yevropa AQSh prezidentining Putin bilan imkon qadar tezlikda kelishib, Ukraina urushiga chek qo‘yish sa’y-harakatlari manzarasida har tomonlama rasmiy Kiev himoyasida turgan tomon bo‘ladi.
Neytral Turkmaniston istisno qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari Ukraina urushi masalasida betaraf mavqe’da, Rossiyaning tajovuzini na-da oshkora yoqlashgan va na-da qoralashgan.
Samarqand sammiti fonida Yevropa Ittifoqi prezidentining Markaziy Osiyo davlatlariga qilgan da’vatiga esa, Rossiya tomonining rasmiy munosabati noayon qolgandi.
Ammo O‘zbekistonga ikki kunlik rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha qilgan nutqida Sergey Lavrov "Markaziy Osiyo+Rossiya" formati AQSh va Yevropa Ittifoqiniki bilan qiyoslanganda qanchalik ish berishi mumkinligi savoliga bergan javobida bu masalaga e’tibor qaratgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri javob bergan savolda "Darhaqiqat, hozir Markaziy Osiyo uchun haqiqiy kurash boshlandi", degan jumlalarni ham ko‘rish mumkin bo‘lgan.
Sergey Lavrov, o‘zlarining, "hamkorlik jarayonlarini siyosiylashtirish, u yoki bu guruh mamlakatlarning shu va boshqa geosiyosiy makonlarda hukmronlik o‘rnatishga urinishlari bilan bog‘liq mafkuraviy elementlarni kiritishga mutlaqo qarshi" ekanliklarini bildirgan, buni mavqe’larining muhim nuqtalaridan biri sifatida tilga olgan.
"Afsuski", derkan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri, "bunday urinishlar g‘arblik hamkasblarining Markaziy Osiyo "beshligi" bilan o‘zaro munosabatlariga bo‘lgan yondashuvlarida yaqqol ko‘zga tashlanishi, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi a’zolari va Yevropa Komissiyasining Bryusseldagi rahbariyati alohida ajralib turishi, ular mintaqada o‘z kun tartibini Rossiyaga qarshi ochiqcha kayfiyat bilan olg‘a surishga harakat qilayotganligi"ni ta’kidlagan.
Sergey Lavrovning ayni mazmundagi bayonotlariga mintaqa davlatlari poytaxtlari, Yevropa Ittifoqi va Yevropa Komissiyasining munosabati hozircha ma’lum emas.
Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi esa, Samarqandda strategik sheriklik deklaratsiyasini qabul qilgan.
Deklaratsiyada global va mintaqaviy geosiyosiy landshaftni hisobga olgan holda munosabatlarni yaxshilashga qaror qilingani qayd etilgandi.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Rossiya Tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston prezidenti bilan aynan Samarqandda ko‘rishib, muzokaralar olib borgan.
Xuddi shu tashrif manzarasida Rossiya nashrlarida bo‘y ko‘rsatgan ayrim xabarlarga ko‘ra, Sergey Lavrov gulchambar qo‘yarkan, o‘zining e’tiborini Samarqanddagi "Motamsaro ona" haykalidagi ingliz tilidagi yozuvga qaratgan.
"Bu yerga inglizlar qanday kelib qolishdi? Ko‘rishimcha, yozuv ingliz tilida", - deb so‘ragan.
Bunga javoban O‘zbek tomoni vakili u yerda "barcha tillarda yozuvlar borligi"ni ta’kidlagan.
Lavrov esa, "men ruscha hech narsa ko‘rmayapman", - deya javob qaytargan.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati hozircha bu xabarlarni rasmiy va mustaqil manbalar orqali tasdiqlay olganicha yo‘q.
Yangilik maqola chop etilayotgan paytda O‘zbekistondagi aksariyat mahalliy nashrlarda ham sarlavhalarga chiqqan, ular ham ba’zi Rossiya axborot agentliklariga tayanishgan.
O‘zbekiston nashrlari xabarida mazkur voqea O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hozirligida yuz bergani ham aytilgan.
Ammo ayni mazmundagi xabarlarga hozircha rasmiy Toshkent va Moskvaning munosabati ko‘zga tashlanmaydi.
Voqealarning bu kabi rivoji, boshqa tomondan, o‘zbekistonlik mas’ullarning mamlakatda O‘zbek tilining mavqe’ini kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari va til masalasi ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon qizg‘in munozaralar mavzusiga aylanib bo‘lgan bir manzarada ham kuzatildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga ikki kunlik tashrifi chog‘idagi uchrashuvlaridan olingan rasmiy suratlar esa, "chehralarning mamnun emasligi" talqinida ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekzabon segmentida xos e’tibor topgan yana bir mavzuga aylangan.

Surat manbasi, t.me/MariaVladimirovnaZakharova
Kun tartibi

Surat manbasi, rasmiy
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Sergey Lavrovning O‘zbekistonga ikki kunlik rasmiy tashrifi yuzasidan ommaviy axborot vositalariga bergan axboroti qanchalik qamrovli ekani bilan chetdagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan.
Vazirlikning rasman ta’kidlashicha, Samarqanddagi muzokaralar chog‘ida asosiy e’tibor "murakkab geosiyosiy vaziyatda Moskva va Toshkentning o‘zaro hamkorligiga qaratiladi".
"Moskva va Toshkentni do‘stlik, suveren tenglik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan amaliy, hurmatga asoslangan va o‘zaro manfaatli aloqalar bog‘lab turadi".
Rossiya tomoniga ko‘ra, O‘zbekiston bilan muloqotlarining mazmunan boy ekaniga oliy va yuqori darajadagi aloqalarning o‘ta faolligi ham dalolat qiladi.
Ayni o‘rinda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi keltirib o‘tgan raqamlarga tayanilsa, birgina o‘tgan yilning o‘zida davlat rahbarlarining turli formatdagi oltita uchrashuvi va to‘qqizta telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan.
Vazirlik xuddi shu axborotida, hattoki, Rossiyada O‘zbekistonning oltita Bosh konsulligi borligiga alohida to‘xtalib o‘tgan.
Rossiyaning O‘zbekiston – Samarqanddagi birinchi Bosh konsulligini ochishga tayyorgarlik ishlari esa, yakuniy bosqichda ekanini ham ma’lum qilgan.
O‘zbekiston bilan munosabatlari keng qamrovli shartnoma-huquqiy baza, ya’ni 300 dan ortiq hujjatlar bilan tartibga solinganini ta’kidlagan.
Rossiya tomonining rasman bildirishicha, geosiyosiy beqarorliklar, G‘arb davlatlari tomonidan qo‘llangan noqonuniy cheklovchi choralar, ularning do‘stlariga bo‘lgan tahdidlariga qaramay, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi $10 milliard AQSh dollaridan ortgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘zining axborotida energetika sohasini o‘zaro hamkorliklarining muhim sohasi, deya tilga olgan.
Shunday derkan, vazirlik 2024 yil may oyida imzolangan shartnomaga muvofiq, O‘zbekistonda birinchi atom elektr stantsiyasini qurish – Rossiyaning asosiy loyihasi ekanini aytgan, ammo kattasimi yoki kichigi ekaniga oydinlik kiritmagan.
Rossiyaning mazkur loyihasi O‘zbekistonda keng jamoatchilikning oshkora e’tirozlariga sabab mavzulardan biri ham bo‘ladi.
Rossiya tomoniga ko‘ra, gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham belgilangan. 2023 yil iyun va 2024 yil oktyabr oylarida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi va Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi doirasida imzolangan o‘z gazlarini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun energiya xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Millalararo uyg‘unlikni qo‘llab-quvvatlash, rus tili mavqeini asrash, respublikadagi Rossiyaning madaniy va tarixiy ishtirokini hamda bir millionga yaqin yurtdoshlarimizning o‘ziga xosligini saqlash yo‘lida O‘zbekiston hukumati sa’y-harakatlarini ham Rossiya tarafi yuksak baholaydi.
Samarqanddagi muzokaralar chog‘ida asosiy e’tibor murakkab geosiyosiy vaziyatda Moskva va Toshkentning o‘zaro hamkorligiga qaratiladi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning YevroOsiyo Iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat sifatida hamkorligini ham olqishlashlarini bildirgan.
Vazirlik, o‘z o‘rnida, mazkur ittifoqqa to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishi Toshkentga katta afzalliklar berishi, ko‘plab cheklovlarni avtomatik ravishda olib tashlashi, tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi harakatini sezilarli darajada soddalashtirishini ham qo‘shib o‘tgan. Rossiya tomoniga ko‘ra, joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonning YevroOsiyo Taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishi bu yo‘lda muhim qadam bo‘lgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasman ma’lum qilishicha, Samarqanddagi muzokaralar chog‘ida mehnat migratsiyasi masalalariga ham e’tibor qaratiladi.
Vazirlik tomoni xuddi shu o‘rinda keltirib o‘tgan rasmiy raqamlarga tayanilsa, hozir Rossiya iqtisodiyotining turli tarmoqlarida 1,1 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda.
Samarqanddagi uchrashuv esa, o‘tgan yili Moskvaning Krokus Siti Hollida yuz bergan va Markaziy osiyolik migrantlar aloqadorlikda ko‘rilayotgan qonli hujum ortidan Rossiyaning kuchayib borayotgan aksilmigratsion siyosati hanuz O‘zbekiston ilova mintaqaning aksariyat davlatlari poytaxtlarida jiddiy xavotirlarga sabab bo‘layotgan bir manzarada bo‘ladi.
O‘zbekiston tomoni esa, o‘zining rasmiy xabarida tashrif doirasida ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi, shuningdek, O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan.
Aynan Rossiya, mustaqilliklarini e’lon qilishlari ortidan, ko‘pchilik Markaziy Osiyo davlatlarining yuz minglab fuqarolari uchun eng yirik mehnat bozori vazifasini o‘tab keladi, ular ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar esa, bu mamlakatlar hukumatlari uchun har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib, ta’bir joiz, himoya kamari vazifasini bajarib keladi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, Afg‘oniston masalasini hal etishda ham O‘zbekiston bilan yagona mavqe’dan turib ish olib borayotganliklarini qo‘shib o‘tgan.
Afg‘oniston tahdidi, migratsiya masalasi, Rossiya boshchiligidagi ittifoqlarga a’zolik va so‘ngi yillarda energetika sohasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining har tomonlama bosimini o‘tkazishida Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalari sifatida ko‘riladi.
Sergey Lavrov so‘nggi bor mintaqada shu yilning 9 aprel kuni bo‘lgan, Qozog‘istonning Olma-ota shahrida MDH davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida ishtirok etgan.
O‘shanda Ikkinchi Jahon urushining 80 yillik sanasi alohida muhokama etib olingani ham xabar berilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari Ukraina urushi fonida ham Moskvadagi ayni sana munosabati bilan uyushtirilayotgan tadbirlarda ishtirok etib kelayotgan oz sondagi davlat rahbarlari sirasiga kirishadi.
Ulardan aksariyatining bu yilgisida ham ishtirok etishlari tasdiqlanganiga oid xabarlar allaqachon mintaqaviy nashrlarda bo‘y ko‘rsatib bo‘lgan.
Ayrim yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, 9 may Rossiya prezidenti uchun eng muhim bayram va unga bormaslik, Putin bilan konfliktga ariza berishga teng sifatida ko‘riladi.
"Shuning uchun ham, Markaziy Osiyo liderlarining barchasi 9 mayda Putinni yupatib, tinchlantirib kelish uchun, biz Rossiyaga qarshi emasmiz, aksilRossiya bo‘lish niyatimiz yo‘q, Rossiya bilan do‘st yoki ijobiy munosabatlarni saqlab qolish tarafdorimiz deyish uchun ham boradi".
Sergey Lavrovning Samarqandga ikki kunlik rasmiy tashrifi manzarasida O‘zbekiston yaqinda AQSh bilan mineral resurslarga oid Vashingtonda imzolagan bitim ayrim Rossiya nashrlarida xos e’tibor topgan nuqtalardan biri ekani ham ko‘rilgan.
Markaziy Osiyo esa, postsovet hududidagi eng katta geografik va demografik mintaqa bo‘ladi, tabiiy energiya zaxiralari, uran va boshqa noyob, qimmatbaho ma’danlarga boy, paxta ham yetishtiradi.
Mintaqa so‘nggi ikki asrda aynan Rossiyaning ta’siri ostida bo‘lib kelgan.
Rossiya mustaqilliklaridan o‘ttiz yildan ortiqroq vaqt o‘tib ham, mintaqa davlatlarining eng yirik savdo-iqtisodiy, harbiy, harbiy-texnik hamkori, eng yaqin strategik sherigi va ittifoqchisi.












