«Krokus Siti Xoll»ga hujumni amalga oshirgan to‘rt nafar shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Surat manbasi, Reuters
- Author, Muxbirlar bo‘limi
- Role, Bi-bi-si rus xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq
Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudida «Krokus Siti Xoll»ga hujum ishi bo‘yicha ayblanuvchilarga hukmlar e’lon qilindi. Bu hujumda kamida 147 kishi halok bo‘lgan. 15 nafar ayblanuvchi umrbod qamoq jazosiga, yana to‘rt kishi 19 yildan 22 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi.
Sud, shuningdek, tergov baholashiga qo‘shilib, hujumning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokchilari: Dalerjon Mirzoev, Saidakrami Rachabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsobir Fayzov «Islomiy davlat - Xuroson» guruhi a’zolari bo‘lganini tan oldi*.
Yopiq sud
Terrorizm bo‘yicha bu ish yuzasidan sud jarayoni olti yarim oy davom etdi. Shu vaqt ichida rossiyaliklar taraflarning ko‘rsatmalarini eshitish, ekspertizalar yoki hujjatlarni ko‘rish imkoniga ega bo‘lmadi. Mahkama majlislari yopiq tartibda o‘tkazildi. Shu sababli matbuotda faqat jabrlanuvchilar advokatlarining izohlari va tergovning rasmiy bayonotlari chiqib turdi.
Hozirgacha kontsert zaliga qilingan hujum qurbonlarining aniq soni ma’lum emas. Davlat ayblovchilari sudda 147 kishi halok bo‘lganini aytgan, Tergov qo‘mitasi esa 149 kishi deb ma’lum qilgan. Keyingi paytlarda ayrim OAVlarda 150 kishi vafot etgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. O‘tgan yil sentyabrida «Krokus»dagi otishma paytida orqasidan jarohat olgan va uzoq davolangan musiqa prodyuseri Dmitriy Saraev ham vafot etgan.
2024-yil 22-mart kuni voqealar quyidagicha rivojlangan: tomoshabinlar (jami olti mingdan ortiq chipta sotilgan) «Piknik» guruhi kontsertiga to‘planayotgan edi. Soat taxminan sakkizlarda hukm qilingan to‘rt kishi avtomashinada «Krokus Ekspo» ko‘rgazma markazi paviloniga kelgan, binoga kirib, kirish joyidagi qo‘riqchilar va odamlarga o‘q uzgan. Keyin ular kontsert zaliga kirib, tomoshabinlarga qarata o‘q ochgan va o‘rindiqlarga o‘t qo‘ygan.
Butun hujum 18 daqiqa davom etgan: soat 20:15 da hujumchilar jinoyat joyini tark etgan, shundan keyin yong‘in binoga tez tarqalgan. Qurbonlar soniga ko‘ra bu hujum Rossiyaning yangi tarixidagi eng qonli hujumlardan biri bo‘lib, faqat 2004-yildagi Beslan teraktidan keyingi o‘rinda turadi.
Sud Dalerjon Mirzoev, Saidakrami Rachabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsobir Fayzovni terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlik ko‘rish, qurol-yarog‘ni noqonuniy aylanmasi, terrorchi tashkilot faoliyatida ishtirok etish va terakt sodir etishda aybdor deb topdi.
Shu bilan birga, ularning tarjimai hollarida radikallashuvning aniq belgilarini ko‘rish qiyin: kattaroq uch nafari oilasi va ishi bo‘lgan (taksida, zavodda va qurilishda ishlagan), eng yoshi Fayzov esa Ivanovo viloyatida sartarosh bo‘lib ishlagan va Tojikistondagi oilasiga pul yuborib turgan.

Surat manbasi, Getty Images
Jinoiy sheriklar
Sud tergov tomonidan jinoiy sherik deb hisoblangan yana 15 kishining aybini ham tasdiqladi. Ayblov tomoni talab qilganidek, ularning 11 nafariga umrbod qamoq, yana to‘rt nafariga 19 yildan 22 yilgacha jazo tayinlandi.
Ayblov xulosasida ayblanuvchilar bir nechta guruhga bo‘lingan. Ingushetiyalik ikki kishi o‘q otmas qurolni jangovar qurolga aylantirishda ayblangan. Yana besh kishi hujumchilarga avtomat va o‘q-dorilarni yetkazib berishda ayblangan (ular hujumdan ko‘p o‘tmay Dog‘istonda qo‘lga olingan). To‘rt kishi moliyaviy ta’minot, jumladan ijara xonadoni uchun pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda ayblangan. Tergovga ko‘ra, ayrim shaxslar aloqa va pul o‘tkazmalarini (jumladan kriptovalyutani rublga aylantirishni) ta’minlagan.
Bu guruhdagi ayrim ayblanuvchilar aybni qisman tan olgan.
Sud hujumning to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘rtta ishtirokchisini «Islomiy davlat - Xuroson» guruhi a’zolari bo‘lganini tan oldi
Ushbu o‘n besh kishi orasida, tergovga ko‘ra, xonadon nima maqsadda ijaraga olinayotganini tushungan uy egasi ham bor. Shuningdek, hujumdan bir necha kun oldin «Krokus»dan qochishda ishlatilgan «Reno» avtomobilini sotgan oila ham bor: ular mashinani televizordan tanib, o‘zlari politsiyaga murojaat qilgan, ammo keyin uchalasi ham yordamchilikda ayblangan. Hukm chiqishidan oldin ham barcha ayblanuvchilar terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
«Krokus»ga hujum uchun javobgarlikni darhol «Islomiy davlat - Xuroson» guruhi o‘z zimmasiga olgan: ID* bilan bog‘liq Amaq agentligi bu hujumni «kofirlarga qarshi qasos amali» deb atagan.
«Islomiy davlat - Xuroson» uchun bu Rossiya hududidagi birinchi hujum bo‘lgan, ammo avval ham uning jangarilari xorijda Rossiya ob’ektlariga hujum qilgan. 2022-yilda Kobuldagi Rossiya elchixonasiga hujum qilingan.
«Islomiy davlati» ideologlari Vladimir Putinni «islom dushmani» sifatida ko‘rsatib kelgan. Ular SSSRning Afg‘onistondagi urushidagi ishtiroki, ikki chechen urushi, Rossiyaning Suriya va G‘arbiy Afrikada IDga qarshi operatsiyalarini sabab sifatida keltirgan.
Moskva va «Tolibon» o‘rtasidagi aloqalar ham ID tarafdorlarini asabiylashtirgan, chunki ular «Tolibon»ni o‘zlarining asosiy dushmanlaridan biri deb hisoblaydi.
Narkotiklar haqidagi versiya
Sud yopiq tartibda o‘tgan bo‘lsa-da, ayrim ma’lumotlar jurnalistlarga yetkazilgan. Masalan, sudda Shamsidin Faridunini shaxsan bilgan maxfiy guvohning ko‘rsatmalari o‘qib eshittirilgan.
Guvohning aytishicha, Fariduni unga Turkiyadan bir «kurator» bog‘langanini va u Qirg‘izistonlik Alisher Kasimovning aloqalarini berganini aytgan. Kasimov Moskva viloyatida xonadon ijaraga berishga yordam berishi kerak bo‘lgan, hujumchilar shu yerda yashagan.
Fariduni sudda aybini tan olgan, ammo o‘z harakatlarini to‘liq anglamaganini aytgan.
Yanvarda TASS agentligi ish materiallariga tayanib, Fariduni hujum oldidan boshqa ijrochilarning ichimligiga yashirincha narkotik qo‘shgani, shu orqali ularni nazorat qilmoqchi bo‘lgani haqida xabar bergan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
«Nima uchun Faridunining qonida narkotik topilmagan? Chunki aynan u boshqa uch kishining suv shishalariga mefedron qo‘shgan va ularga ichishni aytgan», degan sudda qatnashgan manba.
Bu ma’lumotlar sudda rasman isbotlangani yoki yo‘qligi haqida rasmiy bayonot berilmagan.
Shuningdek, «Ukraina izi» haqidagi versiya ham bahsli bo‘lib qolmoqda. 2025-yil martgacha bu versiya protsessual hujjatlarda bo‘lmagan va faqat amaldorlar bayonotlarida tilga olingan. Keyinchalik u ish materiallariga rasman kiritilgan.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, hujumchilar «Ukrainaning yuqori rahbariyati manfaatlari uchun» harakat qilgani va ID guruhi go‘yoki ukrain maxsus xizmatlari bilan muvofiqlashtirilgani aytilgan. Ukraina va G‘arb davlatlari bu ayblovlarni rad etgan.
Bu ayblovlarga hatto ID ham javob qaytargan: jangarilar Rossiya G‘arb va Ukrainani ayblash orqali «Islomiy davlat» zarbasini oldini olishga qodir emasligini tan oldi, deb bayonot bergan.
Ish materiallarida ehtimoliy ijrochilardan biri so‘roqda shunday degani ham keltirilgan: «Men bizni boshqa bir davlat - Ukraina manfaati uchun ishlatishayotganini tushundim. Uning musulmon dunyosiga aloqasi yo‘q, u Rossiya hududida o‘z vazifalarini boshqalar qo‘li bilan hal qilmoqchi».
Huquq himoyachilari bu ko‘rsatmalarga shubha bilan qaramoqda: qo‘lga olinganlar sudga birinchi marta olib kelinganda ularda og‘ir jarohatlar bo‘lgan, bu esa ularga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Ammo bu holat yuzasidan hech qanday rasmiy tergov boshlanmagan.
* «Islomiy davlat» va uning guruhlari Rossiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarda terrorchi tashkilot deb tan olingan.






























