Sartaroshdan jihodchiga: Krokus Siti Holl hujumida ayblanganlarning tarjimai holi “Islomiy davlat” ning tiklanishi haqida nima deydi?

Muhammadsobir Fayzov "Krokus Siti Holl" dagi hujum ishi boʻyicha ayblanayotganlarning eng yoshi hisoblanadi.

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Muhammadsobir Fayzov "Krokus Siti Holl" dagi hujum ishi boʻyicha ayblanayotganlarning eng yoshi hisoblanadi.
    • Author, Grigor Atanesyan
    • Role, BBC
  • Ўқилиш вақти: 10 дақ

Muhammadsobir Fayzov zamonaviy Rossiya tarixidagi eng qonli teraktlardan biri - konsertga kelganlarni oʻldirish va Krokus Siti Holl binosiga oʻt qoʻyishda ayblanib hibsga olinganida endigina 19 yoshda edi.

"Ziyoli oiladan chiqqan, dinga qiziqmaydigan, mudhish jinoyatga qodir boʻlmagan bola" - qarindoshlari, qoʻni-qoʻshnilari u haqida shunday deyishadi. Ammo vatanidan uzoqda jihodchilar safiga jalb qilingan oʻnlab Tojikistonliklarni ham yaqinlari shunga oʻxshash soʻzlar bilan taʼriflashgan.

2010-yillarning boshidan beri bu kichik postsovet mamlakatining minglab fuqarolari jihodchi guruhlar, xususan, Afgʻoniston va Markaziy Osiyoda faol boʻlgan "Islomiy davlat" jangchilari safini kengaytirib kelmoqda. Ularning aksariyati guruhga yollanish vaqtida Rossiyada ishlagan.

Aloqador mavzular:

Guruh joriy yilda Rossiya va Eronda sodir etilgan hujumlar uchun javobgarlikni allaqachon oʻz zimmasiga olgan va ekspertlar uning navbatdagi nishoni Yevropa boʻlishidan ogohlantirmoqda.

gumonlanuvchilar

Сурат манбаси, Reuters

Usta, taksi haydovchisi, quruvchi va sartarosh

Fayzov, 22 — mart kuni Moskvada sodir etilgan terakt ijrochisi sifatida koʻrsatilgan toʻrt nafar ayblanuvchining eng yoshi hisoblanadi. Uni sud zaliga zambilda olib kelishar ekan, tanasiga ulangan siydik xaltasi koʻrinib turardi. Hibsga olish chogʻida uni shunchalik kaltaklashganki, koʻzi chiqib ketgan.

Qolgan uch gumonlanuvchilarning ham kaltaklangan ligi ahvolidan koʻrinib turgan edi. Rossiya xavfsizlik kuchlari 30 yoshli Saidakrami Murodali Rachabalizoda va 25 yoshli Shamsidin Fariduni qiynoqqa solishda olgan tasvirlari Telegram kanallariga tarqab ketdi.

Bu uch kishining Fayzov bilan yagona aloqadorligi — teraktda gumon qilib hibsga olinganligi.

iqtibos

Shamsidin Fariduni vatani Tojikistonda jinsiy zoʻravonlikda uchun uzoq muddat qamoq jazosini oʻtab chiqqanida 25 yoshda edi.

Qamoqdan chiqqanidan soʻng u uylanib, qishlogʻiga yaqin boʻlgan Hisor shahridagi novvoyxonada ishladi. Yosh bolasi bor. Soʻnggi tashrifidan avval Shamsidin ilgari Rossiyaga uch marta ishlashga kelib ketgan edi.

Dalerjon Mirzoyevning qishlog'i
Сурат тагсўзи, Dalerjon Mirzoyevning qishlog'i

Hujum ijrochisi sifatida koʻrsatilgan yana bir ayblanuvchi, 33 yoshli Dalerjon Mirzoyev 2010-yillarning boshidan beri Rossiyaga borib kelgan. Bi-Bi-Si bilan suhbatda uning qarindoshlari Mirzoyevning akasi Rossiyaga koʻchib ketib, bedarak yoʻqolgani haqida OAVda tarqalgan maʼlumotni tasdiqladi.

Tojikiston rasmiylari u 2016-yilda Suriyaga IShID safida jang qilish uchun ketganini aytmoqda, oilasi bu maʼlumotni tasdiqlagan emas. Yaqinlarining aytishicha, Dalerjon akasi bilan aloqani uzgan.

Rajabalizoda 18 yoshidan beri Rossiyaga ishlash uchun borib yurgan. 2018 yilda migratsiya qonunchiligini buzgani uchun deportatsiya qilinganicha qurilishda ishlab kelgan. Deportatsiya sabab 5 yilga mamlakatga kirishi taqiqlangan. Qishlogʻiga kelgach, eng yaqin viloyat markazi Vahdatga hammol boʻlib ishga kirgan.Ikki farzandi bor.Onasi ham Rajabalizoda bilan bir uyda yashaydi.

Ўтказиб юборинг YouTube пост
Google YouTube контентига рухсат бериш

Айни мақолада Google YouTube томонидан тақдим қилинган контент мавжуд. Биз бу контент юкланмасидан аввал сизнинг розилигингизни сўраймиз, чунки улар куки ва бошқа технологиялардан фойдаланган бўлиши мумкин. Сиз Google YouTube ҳаволасида кукиларга доир ва шахсий маълумотларга оид қоидалар ҳақида аввал ўқиб, кейин қабул қилишга рози бўлишингиз мумкин. Кўриш учун “қабул қилиш ва давом этиш”ни танланг.

Огоҳлантириш:Учинчи манба материалида реклама бўлиши мумкин

Охири YouTube пост

Shu yilning yanvar oyida taqiqi tugagach, Rajabalizoda yana Rossiyaga ishlashga qaytgan . U 9-yanvar kuni ukasiga qoʻngʻiroq qilib, eson-omon yetib kelganini maʼlum qilgan. Keyingi safar qarindoshlari uning xabarini yangiliklardan oldi.

Mirzoev ham, Rajabalizoda ham, Fariduni ham eng oddiy ishlarda - taksi haydovchisi, zavod ishchisi, quruvchi boʻlib ishlashgan.

Mahalliy masjid imomi Fayzovlar ziyoli oila ekanligini aytdi

Сурат манбаси, SOHRAB ZIA/BBC

Сурат тагсўзи, Mahalliy masjid imomi Fayzovlar ziyoli oila ekanligini aytdi

Muhammadsobir Fayzovning tarjimai holi boshqa gumonlanuvchilardan farq qiladi. Poytaxt Dushanbe yaqinidagi Maxmadshoy-Poyon qishlogʻida tugʻilgan. Oiladagi beshinchi va kenja farzand. Otasi mahalliy maktabda rus tili oʻqituvchisi boʻlib ishlagan, biroq oilasini boqish uchun savdo-sotiq bilan shugʻullangan va keyin Rossiyaga ishlashga ketgan. Onasi ham mahalliy maktabda dars bergan va maktab kutubxonachisi edi.

Mahalliy masjid imomi Bi-Bi-Si bilan suhbatda Faizovlar oilasini ziyoli oila deb, ulardan hech kim ekstremistlarga xayrixohlik bildirmaganini aytadi.

Muhammadsobirning onasi Tojikiston Ichki Ishlar Vazirligidan keladigan savollardan hadiksirab, Bi-Bi-Si bilan gaplashishni istamadi. Akalaridan biri faqat ukasi dindor emasligini aytdi.Buvisi bolaning futbolni yaxshi koʻrishini qoʻshimcha qildi.

Muhammadsobir 2022 yilda maktabni tamomlagan. U tibbiyotga qiziqqan va tibbiyot universitetiga kirishni xohlagan, dinga alohida qiziqish bildirmagan. Namozlarda qatnashmagan. Bu maʼlumotlarni esa Bi-Bi-Si ga maktab direktori oʻrinbosari berdi.

Qisqasi, nimagadir Fayzov tibbiyot universiteti oʻrniga Rossiyaga ishlashni tanlagan. VKontakte sahifasidagi maʼlumot va qarindoshlarini aytishicha u Rossiyada sartarosh boʻlib ishlay boshlagan.

Bizga maʼlum boʻlgan soʻnggi ish joyi — Ivanovo viloyati, Teykovo shahridagi "My Style" sartaroshxonasi.

Krokus Siti Hollda sodir boʻlgan voqeadan koʻp oʻtmay, sartaroshxona nafrat toʻla xatlar yogʻilib kelishni boshlaganidan soʻng, yopilib ketgan.

Yoʻldan ogʻib ketishga qulay zamin

Tojikiston postsovet hududida rekord darajada qashshoqlik, repressiv ichki siyosat va uzun Afgʻoniston chegarasi bilan ajralib turadi

Сурат манбаси, AFP

Сурат тагсўзи, Tojikiston postsovet hududida rekord darajada qashshoqlik, repressiv ichki siyosat va uzun Afgʻoniston chegarasi bilan ajralib turadi

"Dinga qiziqmaydigan yaxshi bolalar" haqidagi hikoyalarni tadqiqotchilar terrorizmda ayblanayotgan boshqa tojikistonliklarning oilalaridan eshitgan, deydi Tojikiston va Markaziy Osiyoni oʻrganuvchi Texas universiteti professori Edvard Lemon.

"Agar siz soʻnggi yillarda Iroq va Suriyaga "Islomiy davlat" safida jang qilish uchun ketganlarning yaqinlarining koʻrsatmalariga eʼtibor qaratsangiz, bir ovozdan aytadiganlari — u yaxshi bola edi, hech qachon muammo chiqarmagan va dindor boʻlmagan."

Mutaxassis amin boʻlib taʼkidlashicha, yaqinlarining soʻzlari ortida faqat inkor qilish yoki yaqinini himoya qilish istagidan koʻra koʻproq narsa yotadi. Tojikistonlik muhojirlarni ekstremistik guruhlar safiga jalb qilinishi uchun koʻpgina sabablar mavjud: postsovet hududidagi rekord qashshoqlik, aholi sonining tez oʻsishi, Afgʻoniston bilan uzun chegara, SSSR parchalanganidan beri uzoq davom etgan fuqarolar urushi va diniy uygʻonishni bostirib kelayotgan oʻzgarmas boshqaruv.

Birgina Tojikistonning rasmiy maʼlumotlariga koʻra, Suriya va Iroqda IShID safida ikki mingdan ortiq tojikistonlik jang qilgan. Bu guruh magʻlubiyatga uchragach, uning Afgʻonistondagi boʻlimi ID-Xuroson (yoki Viloyat Xuroson) tojikistonliklarni jalb qiluvchi yangi tashkilot boʻlib qoldi.

Endilikda tojikistonliklar undagi jangarilarning yarmidan koʻpini tashkil qilishi mumkin, deb yozadi New York Times. Edvard Lemonning aytishicha, aniq raqamlar yoʻq, ammo bu nafaqat Tojikiston fuqarolari, balki Afgʻoniston shimolidagi etnik tojiklar ham hisobga olingan raqam desa, haqiqatga yaqin boʻladi.

Krokus hujumidan tashqari, shu yil Eronning Kirman shahrida 94 kishining hayotiga zomin boʻlgan portlashlar va Turkiyadagi katolik cherkoviga uyushtirilgan hujum ishtirokchilari orasida Tojikiston fuqarolari ham bor.

Radikallashuv sabablaridan biri, Tojikistonda dinning davlatga bo'ysunishidir.Insonlarga islomning davlat tomonidan senzura ostida talqin qilinishidan koʻra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan taqiqlangan, mustaqil, siyosiylashgan va radikal talqini koʻproq qiziqish uygʻotyapti.

Bu qashshoqlik va keng tarqalgan migratsiya bilan bogʻliq. Tojikistonning iqtisodiy koʻrsatkichlari barcha postsovet davlatlarinikidan yomonroq. Mamlakat aholisi oʻsib bormoqda va yechim chet elga, birinchi navbatda, Rossiyaga ishlash uchun ommaviy migratsiyaga aylandi.

Qogʻozda Tojikiston Rossiyaning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi. Ikkala davlat ham KXShT — postsovet davlatlardan NATOga javob sifatida yaratilgan harbiy blok aʼzodir. Rossiya hududidan tashqaridagi eng yirik rus harbiy bazasi ham Tojikistonda joylashgan (Ukrainaning bosib olingan hududlarini hisobga olmaganda).

Ammo tojikistonliklar ittifoqchilarinikiga kelganlarida kamsitish va ekspluatatsiyaga duchor boʻlishadi, baʼzida firibgarlar qurboniga aylanib, qul holatiga tushib qolishadi. Bu vaqtda adolatsizlik haqida gapirib, umidsiz muhojirlarni oʻz saflariga tortmoqchi boʻlgan jihodchilarning tashviqoti taʼsiriga tushib qoladilar. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ekstremistik guruhlarga aʼzo boʻlgan tojikistonliklarning aksariyati Rossiyada yollangan.

Islomga qarshi Oriylar sivilizatsiyasi

Tojikiston hukumati islomiylikka muqobil variantlarni taklif qilmoqda

Сурат манбаси, AFP

Сурат тагсўзи, Tojikiston hukumati islomiylikka muqobil variantlarni taklif qilmoqda

SSSR parchalanganidan keyin, Tojikiston Islom Uygʻonish partiyasi boshchiligidagi muxolifat va Imomali Rahmon (oʻsha paytda Rahmonov) boshchiligidagi markaziy hukumat oʻrtasida fuqarolar urushi avj oldi.

Urush yarashish bilan yakunlandi. Rahmon mamlakat prezidenti boʻlib qoldi va lavozimini hech qachon tark etmadi. Muxolifat parlamentdagi oʻrinlarni qoʻlga kiritdi — ammo 2015 yilda hatto moʻtadil islomiylik ham nihoyat taqiqlandi. Islom Uygʻonish partiyasi terrorchi tashkilot deb eʼlon qilindi.

Rossiyadagidek, Tojikiston konstitutsiyasi prezidentlik muddatini chetlab oʻtish uchun bir necha bor oʻzgartirildi, oxir-oqibat Rahmon "Tinchlik va milliy birlik asoschisi - Millat yetakchisi" unvoniga sazovor boʻldi. Ushbu unvon egasiga konstitutsiyaviy cheklovlarga kor qilmaydi.

"Millat Peshvosi" siyosiy islom butunlay man etilgan va din davlatga boʻysundirilgan, uning jamiyatdagi oʻrni qatʼiy tartibga solinadigan tuzum qurdi.

Boshqa tomondan esa, islom davlat dini sifatida tan olingan va Rahmonning oʻzi toʻrt marta Haj qilgan. Dushanbe shahrida Markaziy Osiyodagi eng yirik masjidlardan biri qurilgan boʻlib, u 100 mingdan ortiq kishiga moʻljallangan.

1990-yillarda Tojikistonda nafaqat erkaklar, balki ayollar madrasalari ham ochilgan, ammo oʻshandan beri ikkalasi ham yopilgan.

Сурат манбаси, TASS ARCHIVE

Сурат тагсўзи, 1990-yillarda Tojikistonda nafaqat erkaklar, balki ayollar madrasalari ham ochilgan, ammo oʻshandan beri ikkalasi ham yopilgan.

Shu bilan birga, davlat dunyoviy turmush tarzi, tashqi koʻrinishi va xatti-harakatlarini talab qiladi. Hatto hijob yoki uzun soqol qoʻyish ham qonunga zid.

Jamiyatda dinning oʻrni doimiy ravishda pasayib bordi. Yuzlab masjidlar yopildi, ayollar va voyaga yetmaganlarning masjidga borishi taqiqlandi, maʼruza mavzulari rasmiylar tomonidan tasdiqlandi. Imomlar maoshi esa davlat tomonidan beriladi.

Hukumat jamiyatni islomlashtirishga qarshiligini namoyon qilishga ijodiy yondashadi. 2000-yillarning oʻrtalarida Rahmon oʻzining milliy gʻoyasini taklif qildi: Tojikistonning buyuk oriy oʻtmishi. U 2006 yilni "Oriylar sivilizatsiyasi yili" deb eʼlon qildi.

Koʻchalar tojiklarning oriy ajdodlariga bagʻishlangan plakatlar bilan bezatilgan. Prezident hatto oʻz ismini dekolonizatsiya qildirdi: ruslashtirilgan "Rahmonov" oʻrniga Rahmonni qaytardi. Shu bilan bir qatorda, "qadimgi Aryan" bayramlarini nishonlashga qaror qildi.

Hozirgacha davlat islomi "oriy sivilizatsiyasi" bilan birgalikda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan dinning konservativ va siyosiylashgan talqiniga qaraganda kamroq qiziqish uygʻotdi. Tojikistondagi taniqli islom dini targʻibotchisi blogerlarning millionlab obunachilari bor va ular butun islom olami uchun muhim mavzularni, masalan, Isroilning XAMAS bilan urushini muhokama qilishadi.

Ularning eng radikallari hukumatning konservativ musulmonlarga qarshi repressiyalari haqida gapirib, Rahmonni haqiqiy din dushmani deb ataydi.

"Tojikistonda dinning davlatga qattiq boʻysunishi teskari natija berdi va koʻproq fuqarolarni radikal guruhlar qoʻliga tushishiga sabab boʻldi. Tojikiston jangchilarining hikoyalarini oʻrganar ekanmiz, ular Suriya va Iroqqa begonalashish, oʻzlarini qadrsiz sezish va kuchsizlashishlari taʼsirida otlanganliklari aniq boʻladi", — deb yozgan edi Lemon 2015 yilda.

Xalifalikni tiklash jihodchilarning azaldan orzusi boʻlib kelgan va uning eʼlon qilinishi butun dunyodan IShIDga, Yaqin Sharq, Gʻarbiy Yevropa va postsovet mamlakatlari, jumladan Tojikistondan minglab koʻngillilarni jalb qilgan.

2019-yilga kelib, oʻzini "xalifalik" deb eʼlon qilgan davlat IShIDga qarshi koalitsiya kuchlari tomonidan magʻlubiyatga uchradi va uning oliy rahbari "xalifa" Amerika maxsus kuchlarining reydi paytida oʻz joniga qasd qildi. Gʻarbda koʻpchilik uchun terror tahdidi oʻtib ketgandek tuyuldi.

Ammo IShIDning Afgʻonistondagi boʻlimi omon qoldi va postsovet hududidan yollangan erkaklar, jumladan, tojikistonliklar uchun yangi manzilga aylandi.

Rahmon Makkani bir necha bor ziyorat qilgan

Сурат манбаси, Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Сурат тагсўзи, Rahmon Makkani bir necha bor ziyorat qilgan

Qashshoqlik Rossiya orqali Afgʻonistonga qanday yoʻl boshlaydi

Tojikiston barcha postsovet davlatlari ichida eng qashshogʻi boʻlib qolmoqda va yuz minglab tojikistonliklar har yili Rossiyaga ishlash uchun boradilar. U yerda ular ogʻir mehnat sharoitlari, tajanglik va kamsitish kabi muammolarga duch kelishadi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Rossiyada bir milliondan ortiq Tojikiston fuqarolari mehnat qiladi. Rossiya Federatsiyasidagi mehnat muhojirlarining umumiy soni 12-14 million kishini tashkil etadi, ulardan toʻrt milliontasi kerakli hujjatlarga ega boʻlmasligi mumkin, deydi tadqiqotchilar.

Kambagʻal va patriarxal mamlakatda tojik yigitlari pul topish va topganini butun oilasi bilan baham koʻrishga majbur. Rossiyaga ishlashga kelib, ishsiz qolib ketishsa, ular qaramogʻida boʻlgan qarindoshlari qiynalib qoladi. Oiladagi qariyalarga baʼzan doimiy tibbiy yordam zarur boʻladi. Bunday katta masʼuliyatlar uyidan uzoqda boʻlgan muhojirni qiyin ruhiy holatga soladi.

Bunday inqirozlardan chiqib ketish, oson kechirish uchun odamlar dinga beriladi. Davlat din tarqalishini cheklab qoʻygan Tojikistonda toʻlaqonli islomiy taʼlim yoʻq ekan, yigitlar ekstremistlar taklif qilayotgan eng sodda talqin - "yomonlikka qarshi yaxshilik kurashi" ni inkor qila olishadi, na bunga qarshi salmoqli fikr aytaolishadi.

Rossiya kuchlari 1990-yillardan beri Tojikistonga Afgʻoniston bilan chegarani nazorat qilishda yordam berib keladi.

Сурат манбаси, TASS ARCHIVE

Сурат тагсўзи, Rossiya kuchlari 1990-yillardan beri Tojikistonga Afgʻoniston bilan chegarani nazorat qilishda yordam berib keladi.

Afsuski, radikallashuvga nafaqat mehnat muhojirlar, shuningdek, kambagʻal qishloqlardagi yoshlar ham moyil. Edvard Lemon va uning hamkasblari Tojikistondan IShIDga yollanganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini yuritadilar. Unga koʻra, IShID domiga tushganlar orasida hukumat amaldorlarining farzandlaridan tortib, oʻrta sinf tibbiyot talabalari, Dushanbe va mamlakatning ikkinchi katta shahri boʻlmish Xoʻjand yoshlari ham bor.

Lemonning soʻzlariga koʻra, boʻlajak jihodchilarning aksariyati Rossiyada yollanadi va u yerdan asosan Turkiya orqali bazalarga yuboriladi.

Kobul Tolibon tomonidan bosib olingandan keyin endi bu tarz bazalarning toʻplanish joyi Afgʻoniston boʻlib qoldi. Mamlakatda Islom amirligi tashkil etilgan, BMT ekspertlari mamlakat yana "Al-Qoida" terrorchilari boshpanasiga aylangani haqida ogohlantirmoqda.

Tolibon "Islomiy davlat" bilan hamkorlik qilmaydi, aksincha, ular orasida kelishmovchilik bor. Diniy mafkuralari farq qilgani sabab, Tolibon IShIDni Afgʻonistondan siqib chiqarishga harakat qilmoqda. Ammo Tolibon hududni toʻliq nazorat qilolmayapti. Shuningdek, Suriya va Iroqda IShIDga qarshi koalitsiya foydalanayotgan uchuvchisiz samolyotlar va boshqa resurslarga ega emas.

Tojikistonni ham oʻz ichiga olgan Moskva boshchiligidagi harbiy ittifoq boʻlgan KXShT ham Afgʻonistondan kelayotgan terrorchilik tahdidi kuchayib borayotgani haqida xabar berdi. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, Afgʻoniston shimolida, Tojikiston chegarasi yaqinida ekstremistlarni tayyorlash lagerlari tarmogʻi kuchaymoqda.

"Shahid boʻlish orzusi"

Xuroson viloyatidagi "Islomiy davlat" (ID-K) guruhi nazorat qilmoqchi boʻlgan tarixiy mintaqa: hozirgi Afgʻoniston, Tojikiston va Pokiston nomi bilan atalgan.

Yaqin vaqtgacha IShID yetakchilaridan biri Tojikiston fuqarosi Sayvali Shafiev edi, deb yozadi BMT ekspertlari. U 2023 yilda Turkiyada hibsga olingan. BMT Bosh kotibining yanvar oyida eʼlon qilgan hisobotida yana bir tojikistonlik guruhning eng faol targʻibotchilari va yuqori martabali yollovchilaridan biri sifatida qayd etilgan.

Joriy yilning mart oyida telegram kanallarda tojik tilidagi "Xuroson ovozi" targʻibot jurnalining birinchi soni bosilib, odamlarni jihodga, guruh safiga qoʻshilishga chaqirgan edi.

"Sizda shahid boʻlish orzusi bormi?!" deya oʻquvchilarni jihodchilar safiga qoʻshilishga chaqiradilar.

Jurnal prezident Rahmonni "shayton" deb ataydi va uning "xudosiz tuzumi"ni dunyoviy qonunlar va "islomga xiyonat" uchun tanqid qiladi.

Bir rasmda u Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qoʻgʻirchogʻi sifatida tasvirlangan va Rossiyani mustamlakachi bosqinchi deb atagan.

Rossiyadan qasos olishga chaqiriqlar guruh tashviqotida tez-tez uchraydigan mavzudir. U Moskvani Afgʻoniston, Checheniston va Suriyadagi urushlarda begunoh musulmonlarni oʻldirishda ayblaydi. Bundan tashqari, targʻibot videolarida Rossiya rasmiylari va IShIDning ashaddiy dushmanlari boʻlmish "Tolibon" harakati oʻrtasidagi uchrashuvlarning tasvirlari berib boradi.

Jihodchilik tashviqoti Rahmonni Putinning qoʻgʻirchogʻi, Putinni esa musulmonlarni taʼqib etuvchisi sifatida tasvirlaydi.

Сурат манбаси, KREMLIN.RU

Сурат тагсўзи, Jihodchilik tashviqoti Rahmonni Putinning qoʻgʻirchogʻi, Putinni esa musulmonlarni taʼqib etuvchisi sifatida tasvirlaydi.

Mart oyi oxirida eʼlon qilingan IShID tashviqoti suratida nomaʼlum shaxs ekranlarga qaraydi: London, Madrid, Parij, Rim.

"Moskvadan keyin kim?" — sarlavha arab va xatolar bilan ingliz tilida oʻqiladi.

Bu shunchaki qoʻrqitish emas. ID-X allaqachon Yevropada teraktlar uyushtirishga harakat qilgan. 2023-yil iyul oyida Germaniya va Gollandiya huquq-tartibot idoralari xodimlari Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolarini teraktlar tayyorlashda gumon qilib qoʻlga oldi.

Va oʻtgan yilning dekabrida va joriy yilning yanvar oyida Kyoln soboriga hujumga tayyorgarlik koʻrayotgan yana bir guruh hibsga olingan.

Ammo Yevropani jihodchilarning iyun va iyul oylarida Germaniyada boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha Yevropa chempionati va ayniqsa, keyingi Parij Olimpiadasi vaqtida hujumlar uyushtirishga vaʼda bergani eng koʻp xavotirga solyapti.

Krokus hujumidan soʻng Fransiya prezidenti Emmanuel Makron favqulodda yigʻilish oʻtkazdi va terrorchilik hujumi xavfi darajasini "favqulodda vaziyat" darajasiga koʻtardi. Uning aytishicha, ayni guruh allaqachon uning davlatiga qarshi teraktlar uyushtirishga harakat qilgan.

Parij Olimpiada xavfsizligini taʼminlash uchun 45 mamlakatdan politsiya va fuqarolik mutaxassislarini jalb qilgan. Chet ellik harbiylar ham fransuzlarga yordam beradi.

Guruh faoliyatidan amerikalik siyosatchilar va xavfsizlik rasmiylari ham xavotirda.

"Afgʻonistondan hujum qilish xavfi ortib bormoqda", dedi AQSh Markaziy qoʻmondonligi rahbari general Maykl Kurilla Krokus Siti Holl hujumidan bir kun oldin.

Tolibon IShIDga qarshi kurashmoqda, ammo ularni Afgʻonistondan haydab chiqarib boʻlmaydi

Сурат манбаси, AFP

Сурат тагсўзи, Tolibon IShIDga qarshi kurashmoqda, ammo ularni Afgʻonistondan haydab chiqarib boʻlmaydi

"Mening fikrimcha, IShID-Xuroson keyingi olti oy ichida bizga va Gʻarb mamlakatlariga deyarli hech qanday ogohlantirishsiz hujum qilish qobiliyati va istagida boʻladi", deb taʼkidlashdi Amerika harbiylari.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi aprel oyida IShIDga masalasini muhokama qilish uchun maxsus yigʻilish oʻtkazdi, deb yozadi Washington Post gazetasi sharhlovchisi Devid Ignatius. Uning maʼlumotlariga koʻra, Amerika razvedkasi Yevropada terror xuruji sodir boʻlishidan qoʻrqadi. Bu ular oʻzi yollagan Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar qoʻlidan foydalangan holda amalga oshirishi mumkin.

Amerikalik isteʼfodagi admiral Jeyms Stavridisning yozishicha, terrorizmga qarshi kurashish uchun Qoʻshma Shtatlar oʻz raqiblari - Rossiya, Xitoy va hatto Afgʻonistondagi Tolibon rejimi bilan ham faolroq hamkorlik qilishi kerak.

"NATO qoʻshinlarining Oliy qoʻmondoni boʻlganimda Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari, jumladan, qurolli kuchlar rahbariyati bilan terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlik qilish boʻyicha samarali muzokaralar olib borganman", deb eslaydi harbiy.

Ammo zamon oʻzgardi. Stavridis Yevropadagi NATO kuchlarini "qayta tiklash" davrida, Prezident Barak Obama Dmitriy Medvedev orqali yana bir bor Moskva bilan doʻstona munosabatda boʻlishga uringan paytda boshqargan. Bu urinish Putinning uchinchi muddatga saylanishi va Amerikani ayblagan noroziliklari bilan yakunlandi. Buning ortidan Qrim Rossiyaga qoʻshildi va Donbassning bir qismi bosib olindi.

Ammo muloqot kanali saqlab qolindi va aynan Amerika razvedkasi maʼlumotlari tufayli 2017-yilda IShIDning Sankt-Peterburgdagi teraktining oldi olindi.

Joriy yilning boshida Markaziy razvedka boshqarmasi Rossiya razvedka xizmatlarini Moskvada hujumga tayyorgarlik koʻrishi haqida ogohlantirgan va taxminiy nishonlar orasida Krokus Siti Holl nomini ham boʻlgan, deb yozadi Amerika gazetalari yuqori martabali amaldorlarga tayanib.

Ammo Moskva hamkorlikni davom ettirish tarafdori emas. Bu hujumda AQSh va Ukrainani ayblashga urinib, u Gʻarb bilan ziddiyatli tus olganini va hamkorlik borasida boshqa gapirishga hojat yoʻqligini aniq koʻrsatmoqda, deydi ekspertlar.

"Rossiya AQSh IShID va uning afgʻon boʻlinmasini Rossiya va uning ittifoqchilarini zaiflashtirish uchun homiylik qilgani haqidagi hikoyalarni targʻib qilmoqda, shuning uchun AQSh bu guruhlarga qarshi kurashdan manfaatdor ekaniga ishonmaydi", — deydi Edvard Lemon.

AQSh razvedkasiga aloqasi boʻlgan xalqaro aloqalar boʻyicha ekspertning Bi-Bi-Siga aytishicha, Qoʻshma Shtatlar Rossiya razvedka idoralari Krokusga ehtimoliy hujum haqidagi ogohlantirishga javob berishini xohlaydi. Ammo Rossiya hali IShIDga oid maʼlumotlarini baham koʻrmadi. Suhbatdosh maxfiy xizmatlardan olingan maʼlumotlarni muhokama qilish huquqiga ega emasligi sababli, anonimlik sharti bilan gapirdi.

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002