Uch yillik: G‘arb rahbarlari Kievda yig‘ildi. Ular Ukrainaga qanday va’dalar bermoqda?

Surat manbasi, Reuters
Bugun Rossiyaning Ukrainaga nisbatan keng ko‘lamli bosqin boshlaganiga uch yil to‘ldi. Ko‘pchilik ukrainaliklar uchun kun shunchaki odatdagidek boshlangan: tun davomida Rossiya dronlar bilan bir qancha hududlarni nishonga olgan. Shunday bir manzarada, o‘ndan ortiq G‘arb yetakchilari Kievga yig‘ilgan.
Bundan roppa-rosa uch yil avval – 2022 yil 24 fevral kuni erta tongda Rossiya Ukraina hududiga keng miqyosda bostirib kirgan edi.
2025 yil 24 fevral tongida esa Rossiya odatdagidek Ukrain shaharlariga dronlar bilan hujum qilgan.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiyaga tegishli 185 ta drondan 113 tasi urib tushirilgan.
Urush shiddat bilan davom etayotgan ana shunday bir vaziyatda o‘ndan ziyod G‘arb davlatlari rahbarlari poezdda Kievga yetib kelgan.
Ular orasida Kanada, Ispaniya, Daniya, Norvegiya, Estoniya kabi davlatlar yetakchilari bor.
Shu vaqtgacha Ukrainaning asosiy ittifoqchilaridan sanalgan AQSh tashqi siyosati Donald Tramp hokimiyatga qaytgach keskin o‘zgarib, Kievga bosim ortgan bir paytda kelgan bu yetakchilar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ahdida sobit ekanliklarini yana bir bor takrorlagan.
Nimalar va’da qilinmoqda?

Surat manbasi, Reuters
Dushanba kuni Kievda o‘tgan sammitda ishtirok etgan G‘arb yetakchilarining chiqishlari, asosan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash mazmunida bo‘lgan.
Bir qator yetakchilar Kiev kelajakdagi har qanday tinchlik bitimida o‘z so‘ziga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidlashgan hamda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishini e’lon qilishgan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Kievdagi sammitda Amerika Qo‘shma Shtatlaridan hech kim so‘zga chiqmagan – Tramp prezidentlikka qaytganidan beri Vashingtonning Ukrainaga nisbatan munosabati keskin o‘zgargani kuzatilmoqda.
Kiev sammitidagi chiqishida Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo xalqaro munosabatlarda "kuchi bor haq" yondashuviga qaytilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Keyr Starmer esa Donald Trampning o‘tgan hafta aytgan gapiga qarshi chiqib, "barcha qartalar Rossiyaning qo‘lida emas"ligi, Moskva iqtisodiy jihatdan muammolar girdobida ekanini tilga olgan.

Surat manbasi, Reuters
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyaen "Ukrainaga qurol-yarog‘ va o‘q-dori yetkazib berishni tezlashtirishimiz kerak", deya ta’kidlagan va urushni "Yevropa kelajagi uchun eng muhim va ta’sirchan inqiroz" deb atagan.
"Bu yerda nafaqat Ukraina, balki butun Yevropaning taqdiri hal bo‘lmoqda," degan u.
Fon der Lyaen, shuningdek, Ukrainaga yordam sifatida 3,5 milliard yevro ajratilishini e’lon qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘ avvaldan va’da qilingan 135 milliard yevroga qo‘shimcha ravishda beriladi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Ispaniya tomonidan 1 milliard yevro ajratilishini e’lon qilar ekan, "Ispaniya harbiy yordam va zarur texnik vositalar bilan ta’minlashni ilgarigidan ham ko‘ra katta qat’iyat bilan davom ettirishi"ga va’da bergan.
Tryudo esa Rossiya tajovuzini "G‘arbcha turmush tarzi, demokratiya, qonun ustuvorligi, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi va adolatga" qaratilgan urush, deb atab, Ukrainani kurashni davom ettirishga chaqirgan.
Tryudoning so‘zlariga ko‘ra, Kanada yana o‘nlab harbiy texnika vositalari, qiruvchi samolyotlar uchun qo‘nish tizimlari va millionlab o‘q-dorilar ajratadi.
Bu orada, Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini "xalqaro tartib asoslarini ostin-ustun qiluvchi xunrezlik" deya baholagan.

Surat manbasi, Reuters
Sammit ortidan jurnalistlar savollariga javob qaytargan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushning shu yil tugashidan umid qilayotganini tilga olgan.
Shuningdek, u AQSh prezidenti bilan sovuqlashib borayotgan munosabatlar haqidagi savolga atroflicha javob bermaslikka intilgani ko‘zga tashlangan.
U "Qo‘shma Shtatlar ham barcha boshqa ittifoqchilar kabi yordamni davom ettirishidan umid qilishi"ni aytish bilan cheklangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Donald Tramp Zelenskiyni "diktator" deb atab, yordamni davom ettirish evaziga Ukraina yerosti foydali qazilmalarining 50 foiziga egalikni talab qilgan edi.
Zelenskiy "o‘z mamlakatini sotib yubora olmasligi"ni ta’kidlab, bunday bitimni imzolashdan bosh tortgan, ammo 24 fevral kuni Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Olga Stefanishina Vashington va Kiev ushbu bitim bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichida turganini xabar qilgan.
O‘tgan haftada Saudiya Arabistonida AQSh va Rossiya Ukrainadagi urushni tugatish borasida ilk bor yuzma-yuz muzokara o‘tkazgan edi. Ushbu muzokara tafsilotlari va unga bog‘liq boshqa xabar-tahlillarni quyida o‘qishingiz mumkin.
19 fevral: Putin Tramp bilan "jon deb" uchrashishini aytdi

Surat manbasi, Reuters
Ushbu sahifa AQSh va Rossiya Ukrainadagi urushni to‘xtatish yo‘lida Saudiya Arabistonida o‘tkazgan yuzma-yuz muzokaralarga oid so‘nggi xabar va tahlillar bilan to‘ldirib borilmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Tramp bilan "mamnuniyat ila" uchrashishga tayyor ekanini aytgan. Shu bilan birga u Ukrainaning bevosita muzokaralarga jalb etilishi masalasiga ham munosabat bildirgan.
Ammo Sankt-Peterburgda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Kreml rahbari AQSh prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tishi uchun puxta tayyorgarlik zarurligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Putin Tramp bilan "yaqin aloqada emasligi"ni tilga olib, ikki prezident "anchadan beri ko‘rishmagan"ini aytgan.
Rossiya prezidenti Tramp ham u bilan uchrashish istagida ekaniga ishonishi haqida gapirgan.
"Ammo bu yetarli emas", degan u.
Putinning ta’kidlashicha, bo‘lajak uchrashuv oldidan har ikki yetakchining jamoalari bir qator muhim masalalar ustida ishlashi zarur.
"Bu oson vazifa emas," qo‘shimcha qilgan Putin.
Hech kim Ukrainani muzokaralardan chetlamayapti – Putin
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonida o‘tgan Rossiya-AQSh muzokaralaridan asosiy maqsad ikki tomonlama munosabatlarni "tiklash" bo‘lgan.
U Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida "ishonch darajasi oshmasdan turib" ko‘plab masalalarni, shu jumladan, Ukrainadagi inqirozni hal etish "imkonsiz" ekanini ta’kidlagan.
Kreml rahbari Moskva "hech qachon yevropaliklar bilan aloqa qilishdan bosh tortmagani, Ukraina bilan ham muzokaralar jarayonidan voz kechmagani"ni yana takrorlagan.
Putinning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan hafta bo‘lgan telefon so‘zlashuvi vaqtida Donald Tramp urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga Ukraina ham jalb etilishi rejalashtirilishini aytgan.
"Hech kim Ukrainani bu jarayondan chetlatmayapti," qayd etgan Putin.
Putin nima demoqchi bo‘ldi?

Surat manbasi, Kremlin.ru
Vitaliy Shevchenko
BBC Monitoring'ning Rossiya bo‘yicha muharriri
Putinning ar-Riyoddagi muzokaralarni "ijobiy baholashi"ni hamma kutgandi.
Rossiya prezidenti Saudiya Arabistoniga yuborgan odamlari ham xuddi shunday kayfiyatda edi.
Donald Trampning Ukraina haqidagi so‘nggi gaplari ikki davlat prezidentlari o‘rtasida ko‘plab mushtarak nuqtalar borligiga dalolat qiladi.
Ammo bu muloqotlardan nega Ukraina va Yevropa chetda tutilganiga oid savolga kelganda, Putinning ohangi amerikalik hamkasbinikiga qaraganda keskinroq bo‘ldi.
U e’tiborlarini Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muloqotlarni qayta tiklashga qaratishgani, buning uchun "vositachilar"ga ehtiyojlari bo‘lmaganini aytdi.
Tramp Ukrainani urushni boshlashda aybladi, Rossiya esa qat’iy shart qo‘ymoqda. Ar-Riyod muzokaralari ish bermadimi?

Surat manbasi, Getty Images
Saudiya Arabistonida o‘tgan AQSh va Rossiya vakillari uchrashuvi ortidan prezident Donald Tramp Ukrainani nishonga olgan – u urushni go‘yo Ukraina boshlagandek ma’noda gapirgan.
Avvalroq, prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina 18 fevral kuni Rossiya bilan urushni tugatish bo‘yicha Saudiya Arabistonida o‘tgan muzokaraga taklif etilmaganini "kutilmagan holat" deb aytgan edi.
Muzokaralar ortidan jurnalistlar bilan gaplashgan Tramp Ukrainaning bunday munosabatidan "hafsalasi pir bo‘lgan"ini tilga olgan.
AQSh prezidenti urushni go‘yo Ukraina boshlagandek gapirgan va Kiev "ilgariroq kelishuvga erishishi mumkin edi," deya da’vo qilgan.
Bir vaqtning o‘zida, Rossiya Ukrainaga Yevropa davlatlaridan tinchlikparvar kuchlar kiritilishi g‘oyasiga qat’iy qarshi ekanini ta’kidlagan.
Kreml va Oq uy Ukraina taqdirini hal etishga kirishgan bir vaqtda, Rossiya Ukraina energoinfratuzilmasini yana dronlar bilan nishonga olgan.
"Kelishishingiz mumkin edi"
Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini deyarli uch yil avval Ikkinchi Jahon Urushidan beri Yevropada kuzatilgan eng yirik urush boshlanib ketishiga turtki bergan edi.
Seshanba kuni Rossiya va AQSh vakillari urush boshlanganidan beri ilk bor yuqori darajada muzokara olib borgan.
Ammo qurolli mojarodagi asosiy tomonlardan biri – Ukraina bu jarayonga taklif etilmagan.
Mara-Lagodagi qarorgohida jurnalistlar bilan uchrashgan Trampdan BBC News muxbiri uning 'o‘zini xiyonat qilingandek his qilayotgan ukrainaliklar' borasidagi fikrini so‘ragan.
Ular muzokara stolida oʻzlariga joy ajratilmaganidan ranjiyotganini eshityapman, lekin ular uch yil va undan avval ham oʻz joyiga ega boʻlgan. Buni juda oson hal qilish mumkin edi.
"Ular muzokara stolida o‘zlari uchun joy ajratilmaganidan ranjishayotganini eshityapman, lekin ular uch yil davomida va undan avval ham o‘z joyiga ega bo‘lishgan. Buni juda oson hal qilish mumkin edi," degan Tramp.
"Sizlar buni hech qachon boshlamasligingiz kerak edi. Kelishuv tuzishingiz mumkin edi," deya qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti.
U, doimgidek, agar prezidentlikda bo‘lganida, bu urush boshlanmagan bo‘lishi haqidagi gapini takrorlagan.
Shuningdek, Tramp Ar-Riyodda Rossiya bilan o‘tgan muzokaradan so‘ng o‘zini "anchayin ishonchliroq" his qilayotganini aytgan.
"Ular o‘zini juda yaxshi tutdi. Rossiya nimadir qilishni istamoqda. Ular bu vahshiyona yovvoyilikni to‘xtatmoqchi."
"Reytingi 4 foiz"
Rossiya Ukrainada saylov o‘tkazishni talab qilsa, buni Qo‘shma Shtatlar qo‘llaydimi, deya so‘ralgan savolga Tramp Ukrainada saylov o‘tkazilmaganiga ancha vaqt bo‘lganini tanqid qilgan.
Shuningdek, u 2019 yilda besh yillik muddatga saylangan Zelenskiyning "ma’qullov reytingi 4 foizga tushib ketgan"ini ham da’vo qilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Haqiqatan, Volodimir Zelenskiyning prezidentlik vakolati muddati 2024 yil may oyida nihoyasiga yetgan. Ukraina rasmiylari esa saylov o‘tkazilmayotganini sababini Rossiya boshlagan urush va uning ortidan mamlakatda joriy etilgan harbiy holat bilan izohlaydi.
Shunga qaramay, o‘tgan dekabrь oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan ukrainaliklarning 52 foizi Zelenskiyga "ishonishini" aytgan.
Tramp dezinformatsiya makonida yashamoqda – Zelenskiy
Volodimir Zelenskiy Trampning "4 foizlik reyting" da’vosiga javoban uning ma’qullov reytingi yuqori ekanini aytgan.
Ukraina prezidenti o‘zi nomini tilga olmagan so‘rovnoma natijalarini keltirib, "ukrainaliklarning 58 foiz qismi uni davlat rahbari sifatida qo‘llab-quvvatlashini bildirgani"ni ta’kidlagan.
Prezident Donald Trampni rahbar sifatida hurmat qilgan holda... u Rossiyadan kelayotgan dezinformatsiya makonida yashayapti.
Shuningdek, u Ukraina Rossiyadan kelayotgan "ko‘plab dezinformatsiya"ga guvoh bo‘layotganini qo‘shimcha qilgan.
"Prezident Donald Trampni rahbar sifatida hurmat qilgan holda... u shu dezinformatsiya makonida yashayapti".
"Mutlaqo qabul qilib bo‘lmas"
Ukrainani dastaklash ahdida sobit ekanini aytayotgan NATOga a’zo Yevropa davlatlari ham Trampning bir tomonlama tinchlik tashabbusi ularni chetda qoldirganidan norozi.
Dushanba kuni Parijda alohida bo‘lib o‘tgan NATO a’zolari uchrashuvida Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborish masalasi ilgari surilgan edi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov esa, Moskva har qanday tinchlik bitimi doirasida bunga mutlaqo rozi bo‘lmasligini ta’kidlagan.
AQSh prezidenti esa NATOning bu tashabbusiga qarshi emasligini bildirgan.
"Agar ular shuni xohlashsa, juda yaxshi, men buni to‘liq qo‘llayman".
Ammo Tramp AQSh qo‘shinlari Ukrainaga jo‘natilmasligi haqida gapirgan.
"Bizning u yerga hech kimni yuborishga ehtiyojimiz yo‘q, chunki bilasiz, biz juda uzoqdamiz".
Rossiya hech qanday murosa niyatini namoyon etmayapti – tahlil

Surat manbasi, t.me/truonline
Sara Reynsford,
Sharqiy Yevropa bo‘yicha muxbir
Ar-Riyodda to‘rt soatdan ortiq davom etgan muzokaralardan so‘ng, AQSh davlat kotibi Marko Rubio matbuot oldiga chiqib, muzokaralar bo‘yicha birinchi qadamlar kelishilgani, hamda har ikki tomondan ishchi guruhlar tuzilishi to‘g‘risida e’lon qildi.
U Rossiya urushni tugatish bo‘yicha "jiddiy jarayon"ga kirishishga tayyor, degan xulosani ilgari surdi. Ammo nega bunchalik ishonch bilan gapirdi?
Stolning narigi tarafida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘tirdi. U hanuzgacha Amerika Moliya vazirligi tomonidan qo‘yilgan sanksiyalar ostida turibdi.
Lavrov Rossiya matbuoti bilan muloqotda AQSh Ukrainaning energetika infratuzilmasiga hujum qilmaslik bo‘yicha "moratoriy" taklif qilganini aytdi.
"Biz aslo tinch aholining energiya ta’minotini xavf ostiga qo‘ymaganimizni va faqat Ukrainaning harbiy kuchlariga bevosita xizmat qiladigan ob’ektlarni nishonga olishimizni tushuntirdik," dedi vazir.
Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zim Rossiya raketalar bilan bevosita nishonga olgan fuqaro elektr stantsiyalari vayronalari orasida yurganman.
Garchi unga ishonish mumkin emasligini tasdiqlovchi yetarlicha dalillar mavjud bo‘lsa ham, AQSh aynan shu davlat bilan muloqot qilishga harakat qilmoqda
Rossiya, shuningdek, biror murosaga ko‘nishga tayyorligini hali ko‘rsatgani yo‘q.
Axir Tramp ma’muriyati, Moskva talab qilganidek, Ukraina hech qachon NATOga qo‘shilmasligi va bosib olingan yerlarni qaytarib olmasligiga allaqachon rozi bo‘lgan bir vaqtda, Moskva nega biror murosaga ko‘nishi kerak?
18 fevral
AQSh-Rossiya muzokaralari yakunlandi. Ukraina urushi bo‘yicha murosaga kelishildimi? Video

Surat manbasi, EPA
Ar-Riyodda to‘rt soatdan ko‘proq vaqtga cho‘zilgan muzokaralar ortidan ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan muloqot tafsilotlari chiqa boshlamoqda.
Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi rahbari Kirill Dmitrievning ma’lum qilishicha, muzokara "yomon o‘tmagan".
Ammo yuqori darajadagi muloqotda bevosita qatnashmagan Dmitriev AQSh va Rossiya bir-birini tinglay boshlagan bo‘lsada, "murosa haqida gapirishga hali erta" ekanini bildirgan.
Shunga qaramay, matbuotda dunyo e’tiborida bo‘lgan muzokaralarning ayrim tafsilotlari ma’lum.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Muzokara natijalari AQSh talqini bo‘yicha
Ar-Riyodda o‘tgan muzokaralar natijalari haqida AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus jurnalistlarga quyidagilarni ma’lum qilgan:
- Ikki tomonlama munosabatlardagi "bezovta qiluvchi" omillarni bartaraf etish uchun maxsus maslahatlashuvlar mexanizmini yaratish hamda diplomatik missiyalar faoliyatini normallashtirish yo‘lida zarur choralarni ko‘rishga kelishib olindi.
- Ukrainadagi urushni imkon qadar tezroq tugatish ustida ishlash uchun yuqori darajadagi ishchi guruhlar tuzishga qaror qilindi — shunda mojaroga yakun yasash barqaror, mustahkam va barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lishi kerak.
- Ukrainadagi mojaro muvaffaqiyatli tugagan holda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘zaro geosiyosiy manfaatlar, iqtisodiy va investitsion imkoniyatlar bo‘yicha kelgusidagi hamkorlikka tayyorgarlik ko‘rishga kelishildi.
- Jarayonni o‘z vaqtida va samarali tarzda ilgari surish uchun hamkorlikni davom ettirishga va’dalashildi.
Bryusning ta’kidlashicha, Donald Tramp — Rossiya va Ukrainani urushni to‘xtatishga majbur qila oladigan yagona jahon yetakchisi.
Ukraina va YeI muzokaralarda qatnashmadi, biroq "hech kim chetda qolayotgani yo‘q" – Rubio
Bugun uzoq, mashaqqatli jarayonga ilk, ammo muhim qadam tashlandi. Prezident Tramp jarayon mustahkam, 2-3-yildan soʻng yana boshqa bir urushga yetaklamaydigan boʻlishini istaydi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio bugungi muzokaralarni "mojaroni tugatish bo‘yicha oldindan kelishuv" sifatida ko‘rmaslikka chaqirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan Putinning o‘tgan haftadagi telefon orqali so‘zlashuvi ortidan tashkillangan bu uchrashuv asosiy aloqa kanallarini qayta o‘rnatish maqsadida o‘tkazilgan.
"Bugundan uzoq va mashaqqatli jarayonga ilk, ammo muhim qadam tashlandi. Prezident Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasida tilga olganidek, bu mojaroga chek qo‘yish ahdida sobit. Va u ushbu jarayon adolatli, mustahkam va ikki-uch yildan so‘ng yana boshqa bir urushga yetaklamaydigan bo‘lishini istaydi", degan Rubio.
Rubio, shuningdek, Yevropa va Ukrainaning muzokarada ishtirok etmaganiga izoh o‘laroq "hech kim chetda qolayotgani yo‘q", degan.
Muzokara natijalari Rossiya talqini bo‘yicha
Uchrashuvdan keyin o‘tgan matbuot anjumanida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kreml va Oq uy "to‘liq miqyosda hamkorlikni tiklash uchun sharoit yaratishga" kelishganini aytgan.
Shuningdek, Lavrov uchta asosiy kelishuvni sanab o‘tgan:
- Zudlikda elchilarni qayta tayinlash va diplomatik missiyalar ishiga to‘sqinlik qilayotgan holatlar, shu jumladan elchixonalar bank to‘lovlari bilan bog‘liq cheklovlarga barham berish.
- Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha jarayonni boshlash. "Ukrainadagi urushni to‘xtatish" bo‘yicha alohida yuqori darajali ishchi guruh tuziladi va AQSh o‘z vakilini tayinlagach, Rossiya ham o‘z vakilini tanlaydi.
- Turli sohalarda to‘liq va keng ko‘lamli hamkorlikni qaytadan yo‘lga qo‘yish.
Lavrov jurnalistlarning muzokarada Ukraina tomoni qatnashmaganiga oid savolga javob bermagan.
Ukrainaning NATOga qo‘shilishi Rossiya uchun bevosita tahdid — Lavrov
Har qanday qurolli kuchlarning boshqa bayroq ostida paydo boʻlishi hech narsani oʻzgartirmaydi. Albatta, bu mutlaqo qabul qilib boʻlmaydigan holat.
Lavrov, shuningdek, Donald Tramp G‘arb davlatlari orasida birinchi bo‘lib "Ukrainani NATOga tortish – prezident Baydenning eng katta xatosi" deb aytganini eslatib, Putin NATOning sharqqa kengayishi va Ukrainaning alyansga kiritilishini Rossiyaga "to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid" deb bilishini ta’kidlagan.
"Har qanday qurolli kuchlarning boshqa bayroq ostida paydo bo‘lishi hech narsani o‘zgartirmaydi. Albatta, bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat," degan u.
Ma’lumot o‘rnida: Ukraina NATO a’zosi emas. Rossiya esa Ukrainaning harbiy alyansga qo‘shilishiga doim qarshi chiqib kelgan.
Kreml bu holat NATO kuchlarini uning chegaralariga haddan tashqari yaqinlashtirishi mumkin, deb hisoblaydi.
2008 yilda alyans Ukraina kelajakda NATOga qo‘shilishi mumkinligini bildirgan, prezident Zelenskiy esa Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini tufayli ushbu jarayonni tezlashtirishni so‘ragan edi.
Tramp ma’muriyati esa buni "real natija bilan tugamaydigan qadam" deya baholagan.
Zelenskiy nima deydi?

Surat manbasi, AFP
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy seshanba kuni Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an bilan birgalikda matbuot anjumanini o‘tkazgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ular bugun urushni tugatishga olib kelishi mumkin bo‘lgan xalqaro jarayonlarni batafsil muhokama qilgan, turli istiqbollarni ko‘rib chiqqan.
Zelenskiy "har qanday muzokaralar bevosita tomonlarni chetlab emas, balki ularning ishtirokida o‘tishi muhim"ligini ta’kidlagan.
U barqaror tinchlikka erishish uchun "hech qanday xato qilish mumkin emasligini" aytib, muzokaralar stolida Amerika, Yevropa va Ukraina taraflari o‘tirishi shartligini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq: Kreml Putinning Zelenskiy bilan gaplashishi mumkinligini aytmoqda

Surat manbasi, TASS
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonida muzokaralar o‘tkazayotgan rossiyalik va amerikalik rasmiylar qisqa tanaffusga chiqqanini ma’lum qildi.
Vazirlik matbuot kotibi Mariya Zaxarova muzokaralar yakunlangach, Tashqi ishlar vazirligi matbuotga ma’lumot berishini qo‘shimcha qildi.
Bu orada Rossiyadan muzokaralarga oid munosabatlar kela boshlagan.
Moskva: Kievning YeIga qo‘shilish huquqi bor, ammo…
Kremldan matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish masalasida e’tiroz bildirayotgani yo‘q, chunki buni o‘z xavfsizligiga tahdid deb ko‘rmaydi.
"Bu har qanday davlatning suveren huquqi. Biz bu yerda iqtisodiy va integratsiya jarayonlari haqida gapiryapmiz, albatta, hech kim biron-bir davlatga nimanidir buyura olmaydi. Biz bu ishni qilmoqchi ham emasmiz", degan Peskov.
"Ammo xavfsizlik, mudofaa yoki harbiy alyanslar bilan bog‘liq masalalarda bizning pozitsiyamiz butunlay boshqacha. Bunda boshqa masalalar bor va u hammaga yaxshi ma’lum", deya qo‘shimcha qilgan u.
Peskov, shuningdek, Tramp va Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan uchrashuv borasida hozircha yangi ma’lumot yo‘qligi, biroq bugungi muzokaralar bu masalaga aniqlik kiritishi mumkinligini tilga olgan.
Kreml: Zarur bo‘lsa, Putin Zelenskiy bilan gaplashadi
Kremlning bayonotiga ko‘ra, Vladimir Putin zarur bo‘lgan taqdirda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muloqot qilishga tayyor.
"Ammo kelishuvlarning huquqiy asosi muhokamaga muhtoj, chunki Zelenskiyning qonuniylik masalasi shubha ostida bo‘lishi mumkin", degan Peskov jurnalistlarga.
Peskov nega bunday demoqda?
Putin avval ham bir necha bor Zelenskiyning legitimligi savol ostida ekanini ta’kidlab kelgan.
Chunki Zelenskiyning joriy prezidentlik muddati o‘tgan yilning may oyida tugagan edi.
Ukraina rasmiylari esa Rossiyaning davom etayotgan bosqini va Ukrainadagi harbiy holat tufayli prezidentlik saylovi o‘tkazish deyarli imkonsizligini aytadi.
So‘nggi yangiliklar haqida qisqacha:
18 fevral kuni AQSh va Rossiya Saudiya Arabistonida Ukrainadagi urush bo‘yicha muzokara boshladi – bu Moskvaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan keyin ikki davlat o‘rtasidagi birinchi yuzma-yuz uchrashuvdir. Bir vaqtning o‘zida, ayrim tahlilchilar urushni tugatish Kreml dolzarb masala ekaniga ishonmayotir.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ar-Riyodda AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashmoqda, biroq muzokaralarga na Ukraina va na Yevropa davlatlari taklif etilmagan.
AQSh mazkur uchrashuvni Rossiyaning urushni tugatish borasida niyati "jiddiy yo yo‘qligi"ni aniqlash uchun dastlabki qadam sifatida baholamoqda, Rossiya esa maqsad Amerika bilan munosabatlarni iliqlashtirish ekanini bildirmoqda.
Biroq prezident Volodimir Zelenskiy Ukrainaning o‘zi qatnashmagan muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni tan olmasligini ta’kidlagan.
Yevropa yetakchilari ham ushbu jarayonda qatnashishni istamoqda – kecha ular favqulodda sammit o‘tkazgan.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Keyr Starmer mustahkam tinchlik kelishuvi imzolangan taqdirda Britaniya qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish ehtimolini ko‘rib chiqishini bildirgan, ammo boshqa davlatlar bu g‘oyaga unchalik xayrixoh emas.
Bir vaqtning o‘zida, Rossiya davlat propagandasi rossiyaliklarga Kreml urushni tugatishga tayyor, degan qarashni singdirishga harakat qilayotgani ko‘zga tashlanmoqda.
Ammo ba’zi tahlilchilar Kremlning yakuniy maqsadi boshqacha bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Muzokaralar stolida kim bor?
Rossiya tomoni:

Surat manbasi, Reuters
• Sergey Lavrov – Rossiya tashqi ishlar vaziri. 72 yashar Lavrov 20 yildan ortiq vaqtdan beri Vladimir Putin boshqaruvidagi Rossiyani xalqaro maydonda tamsil etib keladi.
• Yuriy Ushakov – Putinning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi. Ilgari Rossiyaning AQShdagi elchisi sifatida faoliyat yuritgan.
AQSh tomoni:

Surat manbasi, Reuters
• Marko Rubio – AQSh davlat kotibi. Tashqi siyosat masalalarida keskin qarashlarga ega siyosatchi hisoblanadi. U yanvarь oyida ushbu lavozimga tasdiqlangan.
• Mayk Uolts – milliy xavfsizlik maslahatchisi. U harbiy tajribaga ega va uzoq yillar beri Tramp tarafdori sifatida tanilgan.
• Stiv Vitkoff – Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchi. Trampning shaxsiy do‘sti, birga golf o‘ynaydigan o‘rtog‘i va ko‘chmas mulk sohasida milliarder tadbirkor.
Zelenskiy qaerda?

Surat manbasi, EPA
Amerika va Rossiya delegatsiyalari muzokara boshlar ekan, bu jarayonda qatnashishi eng muhim bo‘lgan davlat – Ukraina vakillari stol atrofida ko‘rinmaydi.
AQSh bu g‘alati manzaraga o‘ziga xos sabab keltirgan – "bu hali tinchlik muzokaralarining boshlanishi emas".
Shunga qaramay, Ukraina prezidenti Ar-Riyoddagi muzokaralar natijalarini tan olmasligini ochiq ta’kidlagan.
"Biz ishtirokimizsiz bo‘lgan [tinchlik] bitimlarini tan olmaymiz", degan u kecha jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida.
Ayni AQSh va Rossiya vakillari muzokara qilayotgan bir vaqtda Zelenskiy Turkiyada – bugun u prezident Rajab Tayyip Erdo‘g‘an bilan uchrashishi kutilmoqda.
"Putin g‘alaba qozondi"
Saudiya Arabistonidagi muzokaralar natijasini bilishga hali erta, ammo Kreml propagandasi allaqachon rossiyaliklarga g‘alaba nashidasini singdirish harakatini boshlab yuborgani ko‘zga tashlanmoqda.
O‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Tramp va Putinning telefon so‘zlashuviga qadar rus matbuotida bunday ko‘tarinki kayfiyat u qadar sezilmayotgan edi – materiallar ba’zan umid va hayajon bilan, ba’zan esa ehtiyotkorona hamda shubhalarga to‘la bo‘lgan.
"Zelenskiy vahimada: Tramp Ukrainani seledka kabi bo‘laklashga hozirlanmoqda", "Putin G‘arb o‘rnatgan 'temir parda'ni yorib chiqdi", "Putin diplomatik g‘alabaga erishdi", deyiladi Ar-Riyodda muzokaralar boshlanishi arafasida chop etilgan Rossiyaning ommabop gazetalari sarlavhalarida.

Surat manbasi, Getty Images
Propaganda, shuningdek, qurolli mojaro faqat AQSh va Rossiya o‘rtasida hal etilishini ham "taxmin qilgan".
Shunga qaramay, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 13 fevral kuni "Birinchi kanal"ga bergan intervyusida "qanday bo‘lmasin, albatta, Ukraina muzokaralarda qatnashishi"ni tilga olgan.
Ammo uning qo‘shimcha qilishicha, Saudiya Arabistonidagi muloqot hozircha AQSh va Rossiya o‘rtasida bo‘ladi.
Maqsad vaqtdan yutishmi?

Surat manbasi, Getty Images
Urushni boshlaganidan beri Rossiya tinchlik muzokaralariga tayyor ekanini bot-bot takrorlagan.
Biroq muzokaralarda o‘z talab va strategik manfaatlari inobatga olinishi shartligini ta’kidlagan.
2024 yilga kelib, frontdagi ayrim muvaffaqiyatlar ortidan bu ritorika yanada kuchaygan.
Bunga qadar prezident Vladimir Putin o‘zi oldin ilgari surgan "denatsifikatsiya" hamda "demilitarizatsiya" kabi mujmal talablardan biror jo‘yali izohsiz voz kechgan edi.
Kremlning hozirda ilgari surayotgan talablari nisbatan aniq – o‘zi bosib olgan Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlaridagi yerlar, shuningdek 2014 yilda noqonuniy qo‘shib olingan Qrimni Rossiya tarkibidagi hududlar deya, tan olinishi, Ukrainani NATOdan voz kechishga majbur qilish va G‘arb sanksiyalarining bekor qilinishi.
Rossiyaning talqiniga ko‘ra, bu "Moskvaning tinchlikka bo‘lgan intilishi"ni o‘zida namoyon etadi.
Ukraina bu talablarni "Gitler uslubidagi ultimatum" deya rad etib keladi.
Putin ilgari surayotgan bu talablar hamda Rossiyaning "Zelenskiyning vakolat muddati tugagan" degan iddaolari, ba’zi tahlilchilar fikriga ko‘ra, Moskvaning "tinchlik taklifi" aslida urushni cho‘zish uchun bahona bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Tahlilchi Aleksandr Baunov Kreml "ekzistentsial" ritorikadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainani nazorat qilish talablariga o‘tayotganini ta’kidlaydi.
Siyosatshunos Tatyana Stanovaya esa Rossiya va AQSh muzokara boshlagan bo‘lsa ham, Kreml "G‘arbdan butunlay ajralgan" Ukrainani xohlashini tilga oladi
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu talabga na Ukraina, na Vashington ko‘nishi ehtimoldan yiroq.
Shunga qaramay, ayni paytda, ayrim siyosatshunoslar Rossiyaning taktik ustunligi uzoqqa cho‘zilmasligi haqida ham gapirmoqda.
Masalan, rossiyalik siyosatshunos Dmitriy Oreshkin o‘zining "Mojem Ob’yasnitь" nashriga bergan intervyusida Putinning hujumlari o‘z cho‘qqisiga yetib, harbiy va texnik zaxiralar kamayarkan, Kreml hozirgi vaziyatdan "g‘olib bo‘layotgandek" ko‘rinishda chiqib ketishni ma’qul ko‘rishi mumkinligini tilga olgan.












