Suriyadan kim nima istaydi? Turkiya, AQSh, Rossiya, Eron, Isroil va arablar manfaatlari to‘qnashuvi

Surat manbasi, Getty Images
Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad al-Sharaa hukumati 13 yillik fuqarolar urushidan keyin mamlakatni birlashtirish uchun nazoratni qo‘lga olishga urinyapti.
Ayni damda u Turkiya va AQSh kabi Suriyada o‘z manfaatlarini saqlab qolishga intilayotgan davlatlarning siyosiy bosimi bilan ham hisoblashishi kerak.
Suriya hozir qanday bo‘lingan?

2023 yil dekabrida Hayyat Tahrir al Shams (HTS) Islomiy qurolli guruhi va uning ittifoqchilari Suriya poytaxti Damashqni egallashdi va sobiq Prezident Bashar al-Assadning Rossiyaga qochishga majburlashdi. HTS ning rahbari Ahmad al-Sharaa muvaqqat prezident bo‘ldi.
Ammo, HTS hali butun mamlakat bo‘ylab o‘z nazoratini o‘rnata olmagan.
Vashingtonda joylashgan Yaqin Sharq instituti tadqiqot markazidan Doktor Pol Salem: "HTS Suriya g‘arbida, Idlibdan Damashqqacha bo‘lgan bir yo‘laksimon hududni nazorat qiladi. Mamlakatning katta qismlarida u to‘la nazorat qilmaydigan hududlar bor".
Turkiya Suriyaning ichida, asosan o‘zaro chegara hududida 10 ming askariga ega ekani taxmin qilinadi. Turkiya, shuningdek, Suriya shimolidagi, asosan Suriya Milliy armiyasi (SNA) nomi ostida amal qiluvchi jangari guruhlarga harbiy dastak beradi. Bu kuchlar Assad hukumat tepasida bo‘lganida unga qarshi kurashishgan.
Ba’zi chamalarga ko‘ra, SNA safida 70 000 – 90 000 jangchilar bor.
AQSh Suriyaga 900 atrofida askar olib kirgan va kurdlar boshchilik qiluvchi Suriya Demokratik kuchlari (SDF)ni qo‘llab-quvvatlagan. SDF Suriyaning shimoli-sharqi va sharqini nazorat qiladi. Bu guruhga kurdlar boshqaruvchi Xalq himoyasi bo‘linmalari (YPG) ham kiradi.
SDF safida, ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, 40 000 – 60 000 jangchi bor. Ulardan 20 000 – 30 000 nafari YPG askarlaridir.
Suriya janubidagi ko‘p sonli druz aholisi yashaydigan hududlarni "Janubiy front" va "Janubiy faoliyatlar xonasi" kabi jangari guruhlar nazorat qiladi.
Ammo, Doktor Salemga ko‘ra, druz qishloqlari hukumatdagi HTS nazoratiga deyarli rozi bo‘lishdi.
Suriyada Turkiyaga nima kerak?

Surat manbasi, Getty Images
HTS Idlib viloyatini boshqarayotganida Turkiya u yerni elektr quvvati va telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlab HTS ga yordam berdi.
HTS Damashqda o‘z nazoratini o‘rnatganida u yerga o‘z vakillik guruhini yuborgan ilk davlat Turkiya bo‘ldi. Bu guruhda Turkiya xavfsizlik xizmatlari rahbari Ibrohim Qalin ham bor edi.
Bryusselda joylashgan Xalqaro inqiroz guruhi tadqiqot markazidan Doktor Nanar Havachga ko‘ra, Turkiya Suriyada ikkita narsani maqsad qiladi.
"U Turkiyadagi uch million suriyalik qochqinlar vatanlariga qaytishi uchun Suriya yetarlicha barqaror bo‘lishini istaydi. Shuningdek, u kurd qurolli kuchlarini o‘z chegarasidan uzoqlashtirishni istaydi, chunki uning ishonishicha, bu kuchlar uning dushmani hisoblanmish PKK (Kurd ishchilar partiyasi) bilan hamkorlik qiladi", - deydi Doktor Havach.
"Turkiyaning xohishi shuki, Suriya barcha SDF jangchilarini davlat armiyasiga birlashtirishi kerak va kurdlarga avtonom hududni bermasligi kerak. Sharaaning maqsadi ham shu", - deydi Doktor Salem.

Surat manbasi, Getty Images
AQShga Suriyada nima kerak?
AQShning Suriyadagi asosiy maqsadi Islomiy davlat (IS) (IShID) jihodchi qurolli guruhini bostirish bo‘lgan. Amerikaliklar 2014 yilda Suriyada IShIDga qarshi jang qilishgan va bunda kurd qurolli guruhlariga ham yordam berishgan.
AQSh kurdlarga yordam berishiga sabablardan biri shuki, kurdlar Suriya shimoli-sharqida IShIDga a’zolikda ayblangan minglab jangchilar saqlanuvchi turmalarni qo‘riqlaydilar.
"Bu o‘ta tajribali va mafkurali jangchilar ozod bo‘lishsa, Suriyani beqarorlashtirishi mumkin", - deydi Doktor Havach.
Саудия Арабистони ва Бирлашган Араб Амирликлари каби Кўрфаз давлатлари HTS га шубҳа билан қарашади, чунки у жиҳодчи ўтмишга эга.
Assad Suriya tepasida bo‘lganida, AQSh uning rejimini inson huquqlarini toptashda ayblab unga qarshi kuchli sanksiyalarni kiritgandi. Bu jazo choralari hanuz kuchda.
"Suriya xalqaro hamjamiyat u yerga yana sarmoya kirita boshlashi uchun AQSh bu sanksiyalarni bekor qilishini istaydi", - deydi Doktor Havach.
Arab davlatlariga Suriyada nima kerak?
Suriyaning muvaqqat prezidenti qilgan ilk xorijiy safar Saudiya Arabistoniga bo‘ldi.
Londonda joylashgan Qirollik birlashgan xizmatlari instituti tadqiqot markazidan Doktor Ha Hellyer: "Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kabi Ko‘rfaz davlatlari HTS ga shubha bilan qarashadi, chunki u jihodchi o‘tmishga ega. Lekin, ular ham Suriyaning qayta qurilishiga tilakdoshlar. Ular Suriya arab davlatlari bilan birlashishi va Eronga endi bo‘ysunmasligini istaydilar".

Surat manbasi, Getty Images
"Fuqarolar urushidan chiqqan Suriyani qayta qurishga Turkiya o‘z yordamini taklif qildi, lekin Ko‘rfaz davlatlarida pul ko‘proq", - deya qo‘shimcha qiladi Doktor Salem.
Rossiyaga Suriyada nima kerak?
Rossiya 2015 yilda Assad rejimini qo‘llab-quvvatlagani uchun Suriyada o‘z harbiy bazalarini joylashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Tartusdagi dengiz bazasi bilan Rossiya O‘rta Yer dengiziga joylashdi, hamda Hmeymimdagi havo bazasi bilan Afrikaga yaqinlashdi. Rossiya qator Afrika davlatlariga xavfsizlik kuchlarini yuborgan.
Kreml hozirda Suriyadan harbiy kemalar va uchoqlar kabi texnikasini olib chiqqan. U hozirda bu bazalardan kelajakda qanday foydalanishi mumkinligini HTS bilan muhokama qilyapti.

Surat manbasi, Getty Images
"Suriya uchun Rossiyani hafa qilish qimmatga tushishi mumkin, chunki Rossiya u yerdagi turli etnik guruhlar orasida tanglikni keltirib chiqarib muammolar yarata oladi", - deydi Doktor Havach.
Boshqa davlatlar Suriyada muammolarni keltirib chiqarishlari mumkinmi?
Doktor Salem: "Sharaa uchun manfaatli tomoni shuki, ko‘p davlatlar Suriya barqaror bo‘lishini istashadi va davlat ichidagi ko‘p taraflar muvaqqat hukumatni qo‘llab-quvvatlayapti."
Ammo, Turkiya dastaklovchi Suriya Milliy armiyasi (SNA) kurdlar boshqaruvchi SDF bilan Halab viloyatining sharqida to‘qnashib kelyapti, deydi AQShdagi Urush tadqiqotlari instituti.
Doktor Salemga ko‘ra, xavf shuki, agar SDF qurolsizlanishdan bosh tortsa, Turkiya SNA ni unga qarshi janglarni kuchaytirishga chaqirishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images
"Bu Turkiya uchun eng birinchi tanlov emas, lekin tanlovlardan biri", - deydi Doktor Salem.
"Hozirgacha AQSh Turkiyaning kurdlar bilan yirik to‘qnashuvini bartaraf qilib kelayotgandi. Lekin, Prezident Donald Tramp Suriyada amerikalik askarlarni qoldiradimi-yo‘qmi, hech kim bilmaydi. Dekabrda u Suriyadagi vaziyat "bizning jangimiz emas", degandi", - deydi Doktor Havach.
Suriyada Isroilning harbiy kuchlari ham bor.
Assad rejimi qulashidan ko‘p o‘tmay, Isroil o‘z qo‘shinlari bilan G‘o‘lon tepaliklariga yanada chuqurroq kirib bordi va u yerda suriyaliklarni Isroil kuchlaridan ajratib burgan bufer hududini egalladi.

Surat manbasi, Getty Images
U, shuningdek, o‘z qo‘shinlarini bufer hududdan ham ichkariroqqa kiritib, Suriya qurolli kuchlarining bazalariga 500 dan ortiq havo zarbalarini berdi va ko‘plab texnikani yo‘q qildi.
Eron ham Suriyaga aralashishidan xavotirlar bor.
Erondagi 1979 yilgi Islomiy inqilobdan beri Suriya uning ittifoqchisi bo‘lib kelgan va fuqarolar urushida Assadning mavqeini kuchaytirish uchun ko‘p ishlar qilgani ishoniladi.
"Assadning qulashi Eron uchun katta zarba bo‘ldi, chunki Eron Suriya orqali o‘z ittifoqchisi Hizbullohga qurol yetkazib berayotgandi", - deydi Doktor Salem.
"Hozirda Eron Suriyadagi o‘z ta’sirini qayta tiklash uchun yo‘l topolmayapti, lekin agar muvaqqat hukumat qulasa va Suriyadagi taraflar o‘zaro urusha boshlasa, Eron ba’zi qurolli guruhlarga yordam berib u yerga qayta kirib olishi mumkin. Eron qulagan davlatlarni juda sevadi", - deya qo‘shimcha qiladi u.












